Home / MAQOLALAR / DINIY KSЕNOFOBIYA VA ISLAMOFOBIYANING TURLI KOʻRINISHLARI INSON HAYOTIGA TAHDID QILAYOTGAN ASOSIY MUAMMOLARDANDIR

DINIY KSЕNOFOBIYA VA ISLAMOFOBIYANING TURLI KOʻRINISHLARI INSON HAYOTIGA TAHDID QILAYOTGAN ASOSIY MUAMMOLARDANDIR

Bugungi kunda jahon siyosatida ekstremizm, diniy ksenofobiya va mutaassibona xatti-harakatlar kundan-kunga kuchayib bormoqda. Bundan jabr koʻrib, dunyoning bir qancha nuqtalarida nafaqat rivojlanish, balki sivilizatsiyani bir necha oʻn yilliklar ortga surib, jamiyatni turli nizo va urushlar botqogʻiga tortib borayotganini guvohi boʻlishimiz mumkin.

XX asrdagi (1940-1950 yy) mojarolarning 25% foizi din omili, yaʼni eʼtiqod erkinligi normalarining buzilishi, diniy ksenofobiya bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa, XXI asrning boshida bu raqam 43% foizni tashkil qilgan. Shunga koʻra, hozirda sodir etilgan 50 dan ortiq nizo va urushlar din niqobi ostida amalga oshirilganligini qayd etish lozim. 1990 yillar boshida 500 ga yaqin terrorchi tashkilot va ekstremistik guruhlar roʻyxatga olinib, 2017-2019 yillarda 139 ta davlatda 6500 ga yaqin terakt va qoʻporuvchilik harakatlari amalga oshirilgan. Shulardan, 35 mamlakatdagi harakatlar oʻlimga, 16 tasida esa, ommaviy namoyishlar hamda diniy mutaassiblarning boshqa din vakillariga nisbatan agressiv harakatlari natijasida, oʻlim holatlariga olib kelgan. 60 ta mamlakatda esa (22%) turli aqidaparast tashkilotlar dinni niqob qilish orqali oʻz faoliyatini olib bormoqda. Shuning bilan birga, faqatgina 2017 yilning oʻzida dunyo boʻylab, 11774 ta terroristik harakatlar sodir etilib, u 28000 kishining oʻlimi va 35000 dan ziyod kishilarning jarohatlanishiga olib keldi. Mazkur teraktlar 92 mamlakatda sodir etilib, ularning 55% foizdan ortigʻi Iroq, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston, Nigeriyada sodir etilgan. Halok boʻlganlarning 74% foizi Iroq, Afgʻoniston, Nigeriya, Suriya, Pokiston hissasiga toʻgʻri keladi. Ammo barcha kelishmovchilik va mojarolarni islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan ekstremistik guruhlar bilan bogʻlash notoʻgʻri albatta. Soʻnggi yigirma yil ichida sodir etilgan qoʻporuvchilik harakatlarining aksariyati islomga aloqasi boʻlmagan sekta va oqimlar tomonidan amalga oshirilgan. Shuning bilan birga, 2015 yilning oʻzida 1 milliondan ortiq kishi Oʻrtayer dengizi orqali Yevropa mamlakatlaridan boshpana izlab muhojirga aylangan. Oqibatda, ularni qabul qilishga tayyor boʻlmagan Yevropada islomofobiyaning ortishi va u bilan bogʻliq muammolar yuzaga keldi[1].

1990 yillar boshida vijdon erkinligi haqidagi muhokamalarda, faqatgina davlat va konfessiyalar oʻrtasidagi munosabatlar kun tartibida turgan boʻlsa, hozirda bu muammo global ahamiyat kasb etmoqda. Bu nafaqat din va davlat, balki jahon miqyosidagi xavfga aylangan “ISHID”, “Jabhad an-nusra”, “Boko harom”, “Al-qoida” kabi terroristik tashkilotlarning oʻzlari dushman deb hisoblagan barchaga oʻz tazyiqlarini oʻtkazib, mamlakat va davlatlardagi inqirozli vaziyatlardan manfaatdor ekanliklari maʼlum boʻlmoqda. Hozirda, dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlari konstitutsiyalari yoki asosiy qonunlarida vijdon erkinligi toʻgʻrisidagi qonunlar qabul qilingan, yana 20% mamlakatlar bu roʻyxatga kirishga rozilik bildirgan. Ammo, bir qancha davlatlarda vijdon erkinligi qonun normalarining muhim ekanligini taʼkidlasada, amalda bu qonunlar himoyasi toʻliq taʼminlanayotgani yoʻq.

Tadqiqotchi olima I. Vershininaning fikriga koʻra, ksenofobiya jamiyatda 10 ming yillar avval ham mavjud boʻlib, XX asrgacha nafaqat barcha davlat va madaniyatlarda tarqalgan, balki kundalik hayot tarziga xos xususiyatlardan biri boʻlgan. Uni oldini olish esa, XX asrdagi jadal globallashuv tufayli dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Bagʻrikenglik tamoyillari taʼminlanishi oxirgi oʻn yilliklarda muhim ahamiyatga ega boʻlib, madaniyatlar turfaligi va global siyosiy jarayonlarning asosiy mezoni sifatida qabul qilindi, aksariyat kishilar mazkur yondashuv gʻalaba qozonib, xalqaro trendga aylangan degan fikrda edilar. “Jadal migratsiya jarayonlari, Nyu-York, London, Berlin kabi shaharlarni turli madaniyat, din, dunyoqarash, urf-odat vakillari markaziga aylantirdi[2]”.

Globallashuv davrida xalqaro makonda koʻp tarmoqli integratsiya, hamkorlik aloqalarining chuqurlashib, kengayib borishi, global ahamiyatga molik yangi umuminsoniy gʻoyalarning paydo boʻlishi va ularni targʻibot- tashviqot qilish texnologiyalarning takomillashuvi kabi omillar globallashuvning asosiy sabablari sifatida nazariy jihatdan asoslanmoqda[3].

Globallashuv bevosita ksenofobiya va uning salbiy jihatdan namoyon boʻlishiga oʻz taʼsirini oʻtkazayotganini taʼkidlash joiz.

Bagʻrikeng deya eʼtirof etilgan Yevropada soʻnggi vaqtlardagi Yaqin Sharq va shimoliy Afrika davlatlaridan muhojirlar oqimining jadallashuviga munosabatlar, mazkur eʼtiroflar oʻzini toʻliq oqlamaganligini isbotladi. Daniyadagi parlament saylovlari natijalariga koʻra, ultraoʻng Daniya xalq partiyasi gʻalaba qozonib, uning asosiy maqsadlaridan biri “muhojirlar oqimini nazorat”ga olishdan iborat. “Biz … har bir daniyalik poyezd yoki koʻchada muhojir bilan yuzma-yuz kelganda uning nigohida daniyaliklarning madaniyati va hayot tarzini qabul qilish istagi mavjudligini koʻrishni istaymiz[4]”. Bunday kayfiyat butun Yevropa boʻylab tarqalgan.

Fransiya davlati Ruminiyadan loʻli va kosovaliklarning kirib kelishiga qarshi boʻlib, Britaniya esa, oʻz mamlakatiga slavyan davlatlaridan kelgan muhojirlarning kirib kelishini xushlamaydi. Uning YEI tarkibidan chiqishi boʻyicha referendum ham aynan Bryusselning migratsion siyosatidan norozi boʻlganligi tufayli ham amalga oshirilgan. Italiya ham Lampeduza orolida saralash markazini tashkil etib, u yerda Afrika davlatlaridan muhojirlar qabul qilinadi. Germaniyada PEGIDA nomli harakat tashkil topib, mamlakatning islomlashuviga qarshi chiqmoqda, harakat butun Yevropa boʻylab tarqalib, “biz bir kuni uygʻonib oʻzimizning davlatimizda boʻlmaslikdan qoʻrqamiz” kabi fikrlar bildirilgan[5].

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda migratsiya toʻlqinining oʻsishi ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bilan birga diniy-madaniy jarayonlarga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Madaniyat, dinlar oʻrtasidagi muloqot oʻzaro bir-birini anglashga fursat qoldirmayotganligi tufayli baʼzida tushunmovchilik va keskin eʼtirozlarga ham olib kelmoqda. Muhojirlar ham oʻz navbatida, bir necha yillar avval farovon mamlakatlar qatorida boʻlgan, hozirda terrorizm, ekstremizm, ocharchilik avj olgan notinch mamlakatlarning tinchliksevar fuqarolari, boshpana izlab begona yurtlarda sarson boʻlishga majbur boʻlmoqda. Suriya, Iroq, Liviya, Yaman kabi davlatlar shular jumlasidan.

Ksenofobiyaning ortishi sabablarini tahlil qilar ekan, V. Mukomel hozirda vaziyat oʻzgarib, 1990 yillarga xos boʻlgan resurslarni boy berishdan qoʻrqish oʻrniga, madaniy, “identiklik”, “madaniy oʻziga xos”likni yoʻqotish xavfi paydo boʻlganligini taʼkidlaydi. Bunda muhojirlar urf-odatlari, tub aholining madaniy oʻziga xosligiga taʼsir etishidan xavfsiraydilar[6].

Mazkur fikrga qarshi oʻlaroq, I.Vershinina vaziyat haqiqatan ham oʻzgargan, ammo ksenofobiyaning ijtimoiy-iqtisodiy asoslari, resurslarni qoʻlga kiritishga intilish hamon davom etmoqda. 90 – yillarda jamiyatning nochorlikdan qutilish tendensiyasi kuzatilgan boʻlsa, bugungi kunda ijtimoiy yuksalishdagi raqobat, nufuzli ish oʻrinlari, sifatli uy-joy, taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi sohalarni qoʻlga kiritishga intilish koʻrinishlarida namoyon boʻlmoqda. “Taʼlim olish imkoniyatlarining pastligi, ishga joylashish kabi muammolar, migratsiya toʻlqining oʻsishi natijada ijtimoiy tarang vaziyatni yuzaga keltirmoqda….[7]”.

Albatta, inson, jamiyat hayotida iqtisodiy omil asosiy oʻrinlardan biriga aylangan. Bugungi kunda barqarorlikni taʼminlash, fuqarolik jamiyatini yaratish, iqtisodiy-ijtimoiy masalalarda oʻz yechimini kutayotgan koʻplab muammolar, diniy – maʼrifiy yoʻnalishdagi vazifalarning yechimiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Tobora globallashib borayotgan dunyoda turfalik ichida insonlarning oʻzaro hamjihatligini taʼminlash masalalari, xalqaro tashkilotlarning ham asosiy vazifalaridan biriga aylangan.

Jamiyat hayotida turli “fobiya”, yaʼni qoʻrquvlarning mavjudligi iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, siyosiy sohalarda hali ham yechimini kutayotgan masalalar bilan bogʻliq. Diniy ksenofobiya muammosi ham, davlat va jamiyat rivoji, barqarorligiga raxna soluvchi kuchga aylangan. Bugungi kunda mazkur masala turli ijtimoiy tadqiqot institutlari tomonidan oʻrganib kelinmoqda. Jahonning aksar mamlakatlari qonunchilik tizimlarida hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan ksenofobiyaning har qanday koʻrinishlari (diniy, milliy, irqiy) oldini olish boʻyicha qonun hujjatlari qabul qilinmoqda. Har qanday davlat va jamiyatning farovonlik darajasi bagʻrikenglik gʻoyalarining hayotga nechogʻlik tatbiq etilganligi bilan chambarchas bogʻliq.

Hozirda koʻplab mamlakatlar asosiy qonun hujjatlarida, davlatning diniy ksenofobiya, murosasizlik, mutaassiblik harakatlarini olib borishlari qonunan man etilgan. Misol tariqasida, AQSH konstitutsiyasi birinchi tahriri[8], Germaniyaning asosiy qonuni 4-moddasi, Irlandiya konstitutsiyasining 44, Estoniya asosiy qonunining 40-moddalari, Turkiya va Koreya respublikalari konstitutsiyalarining 36-moddalarida aynan insonlarning diniy erkinliklari borasidagi huquqlari belgilab qoʻyilgan.

Baʼzi davlatlar asosiy qonunlarida aynan din bilan bogʻliq tartib-qoidalar mavjud boʻlmasa-da, ularda diniy mansublikka nisbatan kamsitishning har qanday koʻrinishi qonunan man etilishi belgilangan. Misol tariqasida, Fransiya konstitutsiyasining 1-moddasi, Kanada va Misr qonunlarining 40 moddalarida aynan yuqoridagi masalalar taʼkidlangan[9]. Qayd etish joizki, yuqorida keltirilgan konstitutsion huquqlar diniy ksenofobiya, mutaassiblik, diniy mansublikka nisbatan kamsitish holatlarining oldini olishda barcha davlatlarda har qanday sharoitda uning toʻliq amalga oshish, oshmasligi turli mamlakatlarda oʻziga xos farqlarga ega boʻlishi mumkin.

Baʼzi mamlakatlarda, muayyan din yoki dinlar, davlat tomonidan rasmiy din sifatida eʼtirof etilishi mumkin. Jumladan, Finlyandiyaning Yevangel-lyuteran hamda Finlyandiya pravoslav cherkovlari mazkur mamlakatning davlat cherkovlari hisoblansada, din va eʼtiqod erkinligi Finlyandiya konstitutsiyasining 11 moddasida muhofaza qilingan[10].

Baʼzi davlatlarda din yoki Xudo nomini tahqirlash qonunan man etilgan boʻlib, misol sifatida 2006 yilda Germaniyalik Manfred van X. islom diniga nisbatan amalga oshirgan hatti-harakati tufayli javobgarlikka tortilgan[11] boʻlib, mutaassiblik, diniy qarash va atributlarni tahqirlash oʻrtasidagi aloqa bir dinga nisbatan qoʻllanilganda koʻproq diniy ksenofobiyaga sabab boʻlishi mumkin.

BMTning inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida eʼtiqod va din erkinligi 18 modda bilan himoya qilingan, 2-moddada esa, har qanday diniy kamsitish man etilishi qayd etilgan. Shuningdek, 18-moddada dinni oʻzgartirish huquqi ham belgilangan. Mazkur deklaratsiya yuridik jihatdan amalga oshirilishi majburiy boʻlmasada, 1998 yil AQSH da diniy erkinlik boʻyicha xalqaro hujjat qabul qilingan boʻlib, unga koʻra diniy erkinlik boʻyicha xalqaro komissiya tuzilgan. AQSH hukumatida esa, inson huquqlari Butunjahon deklaratsiyasida qayd etilgan huquqlarga qarshi boʻlgan davlatlarga nisbatan chora koʻrish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingan[12]. Yevroittifoq barcha davlatlari tomonidan qabul qilingan, inson huquq va erkinliklari Yevropa Konvensiyasining 9-moddasida kishilar diniy amaliyotlarini taqiqlash va 14-moddada diniy kamsitishning qonunan man etilganligi qayd etilgan.

YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 1995 yil 16 noyabrdagi 28-sessiyasida “Bagʻrikenglik tamoyillari toʻgʻrisida”gi Deklaratsiya qabul qilindi. Shu kundan eʼtiboran, 16 noyabr sanasi Xalqaro bagʻrikenglik kuni sifatida butun dunyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham keng nishonlab kelinadi. Bagʻrikenglikdan asosiy koʻzlangan maqsad insoniyatni tinchlik va osoyishtalikni saqlashga undashdir. Mazkur deklaratsiyada taʼkidlanganidek: “Bagʻrikenglik boʻlmasa tinchlik boʻlmaydi, tinchliksiz esa taraqqiyot va demokratiya”.

Tarixdan maʼlum, aslida barcha dinlarning asl gʻoyasi ezgulik, insonlarning bir-biriga, boshqa din vakillariga hurmat-ehtirom bilan munosabatda boʻlish, odob-axloq qoidalariga asoslanadi. Jumladan, islom dini dunyodagi xalqlarning kelib chiqishlari aslida bir ota-onadan ekanligi, ularning qarindosh va birodar ekanliklari haqidagi gʻoyani ilgari suradi. Islom diniga koʻra, dunyo aholisining turli irq, millat va xalqlar qilib qoʻyilishi, Alloh taoloning ishi ekanligi, shu tarzda yaratishdan maqsad ularning oʻzaro bordi-keldi qilishlari, hamkorlik aloqalarini oʻrnatishlari lozim ekanligi taʼkidlanadi. Qurʼoni karimning bir necha oyatlarida millatlararo totuvlik, hamjihatlik, diniy bagʻrikenglik masalalari keng yoritilgan. Jumladan, “Hujurot” surasi, 13-oyatida: “Ey insonlar, darhaqiqat Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-biringiz bilan tanishinglar (doʻst birodar boʻlishinglar) uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila elatlar qilib qoʻydik. Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlilaringiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh bilguvchi va ogohdir[13]”. Shuningdek, “Oli Imron” surasida: “Ayting (Ey, Muhammad!): “Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Qurʼon)ga va Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yoqub va (uning) avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iso hamda barcha paygʻambarlarga Parvardigorlari tomonidan berilgan narsa (vahiy)ga imon keltirdik. Ularning orasida birortasini (tasdiqlashda) farq qilmaymiz va biz Uning oʻzigagina boʻyin sinuvchilarmiz[14]”.

Qurʼoni karim oʻzidan oldingi muqaddas kitoblar Zabur, Tavrot, Injilni tan olishga, ahli kitoblarni, yaʼni, boshqa din vakillarini hurmat qilishga targʻib qiladi. Odamlarni oʻzaro mehr-muhabbat, hamkorlikka chaqirib, fitna, nifoq va nizolarning har qanday koʻrinishini yengib oʻtishga daʼvat etadi.

Muhammaddan rivoyat qilingan hadisda esa: “Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni meni oʻzining dushmani sifatida koʻradi” – deya taʼkidlagan. Aynan ana shu hadisni eʼtiborga olgan holda, hazrati Umar Amr ibn Osni Misrni fath qilishga yuborayotib: “Ehtiyot boʻling! Yana Rasulullohni oʻzingizga dushman qilib qoʻymang” – deb ogohlantirgan. Shuningdek, boshqa samoviy din manbalarida ham mehr-shafqat, muhabbat targʻib qilinib, dushmanga ham yaxshi munosabatda boʻlishga chaqiriladi[15].

Shubhasiz, jamiyatning rivojlanishi, tinch va osoyishta hayot kechirishi, totuvlik va hamjihatlik qaror topishi uchun, insonlar oʻzaro mehr-oqibatli boʻlishi, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish, qarindoshchilik va qoʻshnichilik haqlariga rioya etish, oʻzga din vakillariga bagʻrikeng munosabatda boʻlish ksenofobik kayfiyatning avj olishiga toʻsqinlik qiladi.

Taʼkidlash lozim, ksenofobiya jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikka raxna soluvchi kuch, u turli din vakillari, u bilan bogʻliq obyekt va tushunchalarga bir yoqlama, yaʼni salbiy yondashuvning natijasidir. Ksenofobiya subyektiv hodisa boʻlib, uni keltirib chiqaruvchi omillar sifatida ilmsizlik, hissiyotga berilish, omadsizlikning sabablarini notoʻgʻri anglash kabi noxolis yondashuvning oqibati, deb baholash mumkin. Ksenofobiya qaysi koʻrinishda – diniy, milliy, irqiy boʻlishidan qatʼiy nazar, normal boʻlmagan holat hisoblanadi.

Xulosa sifatida aytish lozim, hozirga qadar odamzod boshidan turli urush va mojarolarni boshdan oʻtkazdi, ammo bu kelishmovchiliklar uchinchi ming yillikda ham oʻz nihoyasiga yetgani yoʻq. Bu kabi mojarolarning aksariyati eʼtiqod erkinligi normalarining buzilishi, oʻzaro tushunmovchilik, oʻz dini va qarashlarini ustun qoʻyishdan kelib chiqadi. Baʼzi fikrlarga koʻra, iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy muammolarga barham bera oladi. Mazkur qarash ham muayyan eʼtirozga ega ekanligi, rivojlangan AQSH, Angliya, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda terrorizm, ekstremizm, ksenofobiya, islomofobiyaning turli koʻrinishlari inson hayotiga tahdid qilayotgani muammoning keng koʻlamidan darak beradi.

Behzod SOIPOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Dinshunoslik ekspertizasi boʻlimi boshligʻi
________________________________________________________________
[1] Lotman Yu.M. Sovremennost mejdu Vostokom i Zapadom//Znamya, 1997, №9; Scollon R., Scollon S.W. Intercultural Communication: a Discource Approach. Maiden, 2001; Lurye C.B. Natsionalizm, etnichnost, kultura. // Obщyestvennыye nauki i sovremennost. 1999, №4.Kymlicka W. Multicultural Citizenship: A Liberal Theory of Minority Rights. Oxford: Clarendon Press, 1995; Kymlicka W. Justice and minority Rights // Contemporary political philosophy. An anthology / Ed. by Goodin R.E. and Pettit P. – Maiden: Blackwell Publishers Inc., 1998; Walzer M. Complex equality // Contemporary political philosophy. An Anthology / Ed. by Goodin R.E. and Pettit P. -Maiden: Blackwell Publishers Inc., 1998; Uolser M. O terpimosti. – M.: Ideya-Press, Dom intellektualnoy knigi, 2000.
[2] Vershinina I.Sotsiologiya goroda: istoki i osnovnыye napravleniya issledovaniy // Vestnik Moskovskogo universiteta. Seriya 18: Sotsiologiya i politologiya 2012. № 1. ­– S. 204.
[3] Qarang: Globallashuv, milliy gʻoya va mafkura: muammolar, yechimlar, istiqbollar mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari/Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi I.Moʻminov nomidagi Falsafa va huquq instituti, 2009. ­– B.160.
[4] Yevropa posmotrit v glaza boyeviku iz “yevroIGIL”.  http:www.pravda.ru/world/europe/european/19-06-2015/1263957-igil-0/
[5] Oʻsha manba.
[6] Mukomel V. Ksenofobiya i migrantofobii v kontekste kulturы doveriya // Mir Rossii 2014.  № 1. – S. 142.
[7] Vershinina I. Pavlova V. Obrazovaniye i globalizatsiya: sotsiologicheskiy analiz // Vestnik MGU. Seriya 18: Sotsiologiya i politologiya. 2011. № 3. – S. 145.
[8] AQSH konstitutsiyasiga 27 marta tuzatish va oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlib, aynan birinchi tahrir inson huquqlari toʻgʻrisidagi Billni oʻz ichiga oladi. Unda jumladan, din va eʼtiqod erkinligiga inson huquqlarining ajralmas boʻlagi ekanligi taʼkidlanadi.
[9] https://ru.wikipedia.org/wiki
[10] https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%
[11] Germaniyada din, diniy qarashlar, cherkovga nisbatan amalga oshirilgan har qanday koʻrinishdagi jamiyat tinchligiga rahna soluvchi kamsitish va tahqirlash holatlarining namoyon boʻlishi mamlakat jinoyat kodeksining 166 moddasiga muvofiq taʼqiqlanadi va 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Mazkur modda bilan 2006 yilda 61 yoshli nafaqaxoʻr (xavfsizlik choralari tufayli sudda u Manfred van X. deb tanishtirilgan.) hojatxona qogʻoziga “Qurʼon, Muqaddas Qurʼon” soʻzlarini yozib, mamlakatdagi 22 ta masjid va bir qancha telekanallarga yuborganligi uchun 1 yil qamoq va 300 soatlik jamoat ishlariga jalb qilinish jazosi belgilangan.
[12] International Religious Freedom Act of 1998, 27 January 1998. http://usinfo.state.gov/usa/infousa/laws/majorlaw/intlrel.htm
[13] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi A.Mansurov. – T.: TIU nashriyot-matba birlashmasi, 2018. – B. 517.
[14] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi A.Mansurov. – T.: TIU nashriyot-matba birlashmasi, 2018. – B. 61.
[15]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Vasatiya – hayot yoʻli. –T.: Sharq, 2010. – B. 48.

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …