Home / ALLOMALAR / ABUL QOSIM AZ-ZAMAXSHARIY

ABUL QOSIM AZ-ZAMAXSHARIY

Hijriy 5-6 asrlardagi mashhur yozuvchilardan biri.  Mahmud ibn Umar ibn Ahmad ibn az-Zamaxshariy hijriy 538 yilda vafot etgan. Biz uni arab tilidagi eng ulugʻ mualliflardan deb hisoblaymiz. Ilmiy va diniy taʼlifotlari juda koʻp va juda mashhur. Zamaxshariyning shuhrati faqatgina tafsir ilmiga xos emas balki Zamaxshariy arab tili, balogʻat va fasohat, arab tili mutaxassisi va shoirlikda ham tan olingan. Bu olim haqida gap boshlashdan oldin, men uni arab tili ilmlari borasida qanchalik fazli ulugʻligini bayon qilib oʻtsam, shu bilan birga Zamaxshariy adiblarga (tilshunoslarga), muhaddis va fuqaholarga ham ustozlik qilganini alohida eslatib oʻtsam[1].

Zamaxshariyning ilmi, fazli va odobiga zamondoshlari guvohlik berishadi va oʻsha zamondagi tarixchilar maqtab ulugʻlab yozishgan. Yoqut Hamaviy[2] u haqida aytadi: “Tafsir, nahv va odob ilmlarida imom boʻlgan. Ilmi keng fazli katta, turli xil ilmlarda itqon bilan oʻrgangan”[3]. Samʼoniy[4] aytadi: “Zamaxshariy adab va nahv ilmida zarbul masal qilinadi(oʻrnak olinadi)”. Ibn Xalkon[5]: “Hech bir eʼtirozsiz oʻz zamonasining mutlaq imomi boʻlgan. Odamlar unga safarbar boʻlishgan”.

Qoftiy[6] u kishi haqida aytadi: “Har bir ilm unga bir uchini tashlab qoʻydi, har bir tillarni yumshata oldi, uning makonati va zamonati bilan hamma zamon va makonlar musharraf boʻldi. U yashagan davrda nazm va nasr boʻyicha unga yetadigan odam boʻlmadi. Odob va sheʼr borasida qilichlarni charxlaydigan charxga aylandi. Uning fazli bilan kishilar hidoyatga boshlandi, uning aqlining rostgoʻyligiga koʻpchilik ishondi”.

Imom Suyutiy[7] ham Zamaxshariy haqida: “Ilmi koʻp, fazli keng, aql zakovatda tengi yoʻq edi. turli ilmda ijod qilgan. Moʻtazila mazhabida boʻlgan va shu mazhabida qattiq turgan”.

Boshqa olimlar ham fikrlarini bildirgan: Bu fikrlarga asoslanib bemalol ayta olamizki, Zamaxshariy oʻta teran fikrlagan. Oʻziga xos namunaga ega boʻlgan.

Imom Zamaxshariyning maqomatlari va maqolalari[8] bizni zamonimizgacha juda kam yetib kelgan. Asosan bizga Zamaxshariyning umrining ikkinchi qismi yaʼni tavba qilgandan keyingi davridagi sheʼrlari yetib kelgan.

Va uni turli xil maqolalari, “Kalimatun navobigʻ” degan asari yoki keng tarqalgan matnlariga qaraydigan boʻlsak, uni adabiy yozuvchi boʻlganini anglaymiz. Ammo uni har bir ilmga alohida yozgan risolalarini, dissertatsiyalarini eslaydigan boʻlsak, ularning nomi qandaydir kitoblarda zikr qilinganku, ammo biz u kitoblarga ega boʻlmadik, negaki ular hali hanuz topilmagan, qidirilayotgan kitoblar hisoblanadi.

Yuqorida zikr qilingan risolalari bizgacha yetib kelmagan boʻlsada, biz yetib kelgan sheʼrlari matnlari orqali biz u kishi qanday zot boʻlganliklari haqida bemalol xulosa qila olamiz. Zamaxshariy oʻzidan oldingi adabiyotshunos insonlardan alohida ajralgan uslubi shulki, u yolgʻiz nasihat qiluvchi uslubi bilan ajralib turadi va Bidiyuzzamon degan maqomatidan anglasak boʻladi. Bu maqomat unga taniqli shaxsiyatni bergan. Bu shaxsiyat Iso ibn Hisham degan odam boʻlgan. Haririy qilgani kabi qilgan. Abu Zayd  bir maqomatga bir shaxsiyat qilgan boʻlsa, Zamaxshariy u qilgan ishni qilmagan, balki oʻzi alohida bir obraz yaratgan va oʻzining yaxshi koʻrgan laqabi bilan xitob qilgan. Masalan maqomotlarini “Ey Abul Qosim!” degan xitob bilan boshlangan.

Zamaxshariyning oʻzidan oldingi shoirlardan ajralib turadigan xususiyati bu uning ijodidagi maʼruzaviylik yoʻsinidir. Ushbu ijod namunalarida shorining tavba va nadomatlari eng yuksak holatda aks etgan va bu orqali oʻzining gunohlariga kafforat olish umidi bevosita ifodalangan. Jarulloh Zamaxshariy asar muqaddimasida zamonasi podsholari sharafiga tahsin aytardi va ularning eʼtirof-u eʼtiboriga, mukofotlariga sazovor boʻlardi. Maʼlum vaziyatdan soʻng esa shoir podsholarga qilinadigan bunday maqtovlar, soxta xushomad va takalluflarni butkul tark etadi va ularning eʼtiboriga halol yoʻl bilan, oʻz mehnati, izlanishlari orqali erishishni afzal koʻradi. Endi Zamaxshariy zamonasining hokimlariga mulozamatga toʻla ortiqcha eʼtiboru ehtirom koʻrsatishdan qaytdi. Aksincha, zamonasi, zaminidagi zolim hokimlar oʻrniga xalq orasidagi oddiy,  kamtarin kishilarni koʻtarishga qatʼiy azm qildi. Shuning taʼsirida allomaning bizga yetib kelgan sheʼrlari mavʼiza — eslatma, nasihat yoʻnalishida boʻlgan. Sheʼrlaridagi nasihatlar shunchaki oddiy gaplar emas, balki chuqur maʼnoga ega boʻlgan teran mushohadalardan iborat. Xususan, sheʼrlarining biridan shunday maʼno anglashiladi: “Ey Abulqosim, dunyo seni tark qilishidan oldin sen dunyoni tark qil! Seni ishqalab tushirishidan oldin sen uni tushirib tashlagin”. Bundan anglanadiki, Zamaxshariy dunyoning oʻtkinchi hoyu-havaslariga berilib,  pand yemaslikni targʻib qilgan. Maqomat kitobi umrining ikkinchi yarmida yozilgan va bunda podsholar va amirlarga tahsin aytib oʻtgan umriga achinish, afsus qilish, nadomat chekish, oʻz-oʻzini malomat qilish,  gunohlariga tavba qilish gʻoyalari aks etgan sheʼrlar jamlangan. Yana bir sheʼri quyidagicha mazmunga ega:

“Ey, dinoru-dirhamning quli!
qachongacha bularga qaram boʻlib yurasan.
Ey, dunyoga xaris boʻlgan ochkoʻz banda! 
qachongacha shu yoʻsinda yurasan.
Ey, ochkoʻzlikning quli!
Qachon sen oʻz talogʻing undan olasan.
Qani edi sen tezroq ozod boʻlsang,
Va yirtilgan qarzingni tezroq uzsang.”

Zamaxshariyni lugʻat boyligi nihoyatda keng boʻlgan olim sifatida eʼtirof etishimiz mumkin. Ushbu olim arab tili leksikasini juda yaxshi boʻlgan va soʻzlarning eng nozik jihatlari hamda sinonimlarning maʼnolarini ham teran anglagan.

Olim, oʻz navbatida, Haririyning maqomatlariga juda yuksak baho bergan va unga teng keladigan ashʼor (sherlar) bitish mushkulligini oʻz ijod namunalarida taʼkidlagan. Bundan tashqari, Zamaxshariy Joxiz degan olimning ijodidan ham taʼsirlanganligini aytib oʻtgan, uning uslublariga eʼtibor berib oʻtgan.

[1] Zamaxsharda Abu Amr Omir ibr al-Hasan as-Samir, Tabaristonda Abul Mahosin Ismoil ibn Abdulloh Tuliy, Abyurtda Abul Mahosin Abdurrohim ibn Abdulloh al-Bazzoz, Samarqandda Abu Saʼd Ahmad ibn Mahmud ash-Shoshiy va boshqalar. Koʻrib turganingizdek, haqiqatda shogirdlari koʻp boʻlgan va ular turli yurtlardan boʻlgan. Doktor Hufiy oʻzining “Az-Zamaxshariy” nomli kitobidan  katta bir boʻlimni Zamaxshariyning shogirdlariga bagʻishlagan. Kim ular haqida yana koʻproq maʼlumot olmoqchi boʻlsa qarasin 52 S.
[2] “Moʻjam ul adboʼ” 19:126
[3] “Muqaddimatul adab” 1:11-18
[4] “Al-Ansob” 277 varaqa
[5] Vafiyatul Ayon 1:108
[6] Roviylarnig ogohlantirish nahvchilarning  ogohlantirishidir 3:265
[7] “Bugʻiyatul Viaʼa” 2:279.
[8] Bu bilan Atvoquzzahab kitoblarini nazarda tutdim
Ikrom ROʻZIQULOV,
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti mudarrisi,
Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili
 va adabiyoti universiteti magistranti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …