Home / MAQOLALAR / Nima uchun Abu Hanifa rahmatullohi alayhi “Sunani Termiziy”da zikr qilinmagan?

Nima uchun Abu Hanifa rahmatullohi alayhi “Sunani Termiziy”da zikr qilinmagan?

Sunani Termiziyni Alloh nasib etib oʻqiganimizda, bir savol koʻp bezovta qilardi. Bu savolga baʼzi taʼvillar boʻlgan boʻlsada, qalbning johillikdan iborat shubha va gumon olovini butkul oʻchira olmagan edi.

Savolning kelib chiqishi shundan iboratki, bobomiz Imom Termiziy rahimahulloh hadislarni rivoyat qila turib, ularga boʻlgan faqih va mujtahidlarning  fikrlarini, ularning muborak ismlarini tilga olib zikr qiladilarda, lekin biz sevib unga ergashadigan “Hanafiya” mazhabi imomlarini, xossatan, Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimlarning ismlarini zikr qilmasdan, umumiy nom bilan, yaʼni “Kufa ahli” iborasi bilan ularning fikrlarini keltiradilar. Bu esa, oʻquvchini har xil uy va xayollarga olib boradi.

Ulugʻlar baribir, ulugʻda! Ular boʻlmaganda, bu ummat dunyosi va dinida albatta, adashib ketardi!

Ulugʻ muhaddis, ummatning faxri Hazrat Shayx Mavlono Muftiy Saʼid Ahmad Polonpuriy ʼattarallohu marqadahu bu savolga oʻzlarining mashhur “Sunani Termiziy”ga yozgan sharhlari “Tuhfatul Almaʼiy Sharhi Sunani Termiziy”da bunday goʻzal javob berganlarki, bu oʻquvchining zehnidan gumon oʻtini ildizi bilan yulib oladi va koʻproq emas, balki juda koʻp kitob mutolaa qilish lozim ekanligiga ishora qiladi. Quyida u zotning fikrlarini keltiramiz:

“Shuni bilib olmoq lozimki, dastlabki davrda, ikkita ilm maktabi bor edi. Biri «Hijoz ilmiy maktabi” boʻlsa, ikkinchisi “Iroq ilmiy maktabi”.

“Iroq ilmiy maktabi” vakillari, asosan, “nususlar” (Qurʼon va hadis)dan masalalar chiqarib olardilar va zimnan hadis ilmi bilan shugʻullanardilar. Ularni “Ahli ray” ham deyishardi.

“Hijoz ilmiy maktabi” esa, asosan hadis rivoyati va hadis ilmiga doir masala va fatvolar bilan shugʻullanardilar.

“Iroq ilmiy maktabi” deganda, faqat Imom Aʼzam va u zotning shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimlarni tushunish xatodir, balki bu maktabning vakillari juda koʻp boʻlib, ulardan: Sufyoni Savriy, Sufyon ibn Uyayna, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Abi Laylo, Ibn Shibrima rahimahumullohlar va juda koʻp boshqa imomlar shu maktab vakillaridir. Ulardan keyin kelgan maktab vakillari ularning fikrlarini qoʻllab-quvvatlab, dalil jihatidan boyitganlar. Shunday qilib, “Hanafiya” mazhabi maktabi vujudga keladi.

Bu maktab bilan bir davrda, “Hijoz ilmiy maktabi” vujudga keladi. Bu maktab boshlanishda, bir boʻlib, zamonlar oʻtishi bilan turli maktablarga va mazhablarga boʻlinib ketadi. Avvalda, bu maktabning yetakchisi: Saʼid ibn Musayyab rahmatullohi alayh boʻlib, keyinchalik esa, Imom Molik rahimahulloh yetakchi boʻladilar. Soʻng, Imom Shofiʼiy rahimahulloh alohida yoʻl tutadilar va u zotning alohida ilmiy maktabi vujudga keladi. U zotdan keyin, shogirdlari Imom Ahmad rahmatullohi alayh alohida yoʻlni ixtiyor etadilar va u zotning ham  alohida mazhablari vujudga keladi. U zotlardan tashqari, yana koʻplab  imomlar oʻzlarining alohida maktablarini tuzadilar. Masalan: Imom Avzoʼiy, Imom Jarir Tabariy rahimahumulloh. Lekin bu mazhablarga ergashuvchilar qolmaganidan keyin bu mazhablar oʻz-oʻzidan tabiiy tarzda tugaydi.

“Hijoz ilmiy maktabi” uchta asosiy maktabga boʻlinadi. “Iroq ilmiy maktabi” esa, yaxlidligicha qoladi. Hozir ham shu toʻrt ilmiy maktablar bizgacha yetib kelgan va mashhurdir. “Sihohi sitta” yozilgan davrda, hali “Hijoz ilmiy maktabi” toʻliqligigacha uchga boʻlinmagan edi. Agar bir kishi Molikiy boʻlsa, u toʻliqligicha Molikiy emas edi, balki uning rujhoni (mayli) Molikiy mazhabiga edi. Yaʼni koʻp masalalarda, Molikiylar bilan maslakdosh boʻlardi. Kim Shofiʼiy boʻlsa, koʻp masalalarda, Imom Shofiʼiy rahmatullohi alayh bilan birga edi, lekin toʻliqligicha emas.

Imom Termiziy rahmatullohi alayh “Hijoz ilmiy maktabi” talabalaridan va ergashuvchilaridan biri edilar. U zotning rujhonlari (mayllari) Imom Ahmad Ibn Hanbal rahmatullohi alayhga edi, yaʼni koʻp masalalarda, u zot bilan muvofiq edilar. Xuddi Imom Abu Dovudning rujhonlari Imom ibn Hanbalga boʻlgani kabi.

“Sunani Termiziy”ning baʼzi joylarida bunga sarih (ochiqdan ochiq) ishoralar bor. Kitobning hech qayerida, Imom Termiziy Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahullohga ochiqlab eʼtiroz bildirmaydilar, balki u zotni qoʻllab-quvvatlaydilar. Lekin Imom Abu Hanifa va Imom Shofiʼiy rahimahumullohga ochiq eʼtiroz bildiradilar. U zot, yana Isʼhoq ibn Rohavayh rahimahullohga ham eʼtiroz bildirmaganlar, chunki bu zotning mazhablari, bir-ikki masalalarni inobatga olmaganda, Imom Ahmad ibn Hanbalning mazhablaridan deyarli farq qilmaydi. Imom Termiziy shu ikki mazhabga ergashganlar.

Imom Termiziy rahimahulloh “Sunan”larida “Iroq ilmiy maktabi”ning faqihlari: Sufyoni Savriy va Abdulloh ibn Muborak rahimahullohlarning soʻzlarini, ularning ismlarini zikr qilib keltiradilar. Vaholanki, Sufyoni Savriyning 95 foiz soʻzlari va Abdulloh ibn Muborakning 98 foiz soʻzlari Imom Abu Hanifaning soʻzlaridir. Lekin Imom Termiziy rahimahulloh hech qayerda sarohatan (ochiqchasiga) Imom Abu Hanifa va ikki sohibayn Abu Yusuf va Imom Muhammad rahimahullohlarni zikr qilmaydilar, balki “Kufa ahli” iborasi bilan keltiradilar. Koʻp “Hazratlar” bu holatni: “Iroqiy va Hijoziy maktablar orasidagi oʻzaro kurash va tortishuvlar sababli, Imom Termiziy rahmatullohi alayh oʻz «norozilik”lari ifodasi sababidan u zotlarni shu tarzda zikr qilganlar», -deb tushunishadi, lekin bu fikr- notoʻgʻri. Asl gap shuki, u zamonda kitoblardan rivoyat qilish joiz boʻlmagan, balki oʻziga kelgan sanad bilan rivoyat qilishni joiz sanashgan.

Shunga koʻra, Imom Termiziy rahimahulloh “Kitobul Ilal”larida mujtahidlarning soʻzlarini sanadlari bilan keltirganlar. Mujtahidlarning bu soʻzlari hadislarning sharhi orasida bayon qilingan edi. Shunga koʻra, Sufyoni Savriy va Ibn Muboraklar hadis darsi halqasida bayon qilgan soʻzlari Imom Termiziyga sanad bilan yetib kelgan va u zot bu soʻzlarni rivoyat qilganlar. Uch Imom esa, fiqhdan dars berardilar, hadislar masalalar zimnida bayon qilinar edi. Shuning uchun ham bu fiqhiy masalalar uch imomdan u zotga sanad bilan yetib bormaydi. Agar bu soʻzlar Termiziy rahimahullohga sanad bilan yetib borganda yedi, u zot albatta, bu ulugʻ zotlarni nomini, ularning fikrlarini zikr qilardilar.

Masalan, u zotga sanad bilan yetib kelgan, Imom Abu Hanifaning Jobir Juʼfiy borasidagi jarhlarini olsak. Imom Termiziy rahimahulloh bu jarhni u zotning ismlarini zikr qilib, “Kitobul Ilal”larida keltirganlar. Agar shu kabi boshqa soʻzlar ham sanad bilan kelganida, albatta, qavlni u zotning ismlarini tilga olib keltirar edilar.

Lekin shu bilan birga, Hijoziy maktab vakillari Iroqiy maktab vakillarining fiqhga doir kitoblarini mutolaa qilar va ularning fiqhiy maslaklarini bilar edilar. Shuningdek, Iroqiy maktab vakillari ham Hijoziy maktab vakillarining hadisga oid kitoblarini mutolaa qilar va ularning hadislaridan voqif edilar. Shuning uchun ham Imom Termiziy rahimahulloh u zotlarning ismlarini zikr qilmasdan fiqhiy maslaklarini bayon qilib qoʻya qolganlar, chunki ismlarini zikr qilish uchun sanad zarur edi. Bunday holatni Imom Tahoviy rahimahullohning “Sharhi Maʼoniyul Osor” kitoblarida ham koʻrishimiz mumkin. U zot Hanafiy imomlarining fikrlarini ularning ismlarini zikr qilib keltiradilar. Boshqa imomlarning fikrlarini esa, “Zahaba qavmun” istilohi ostida keltirib, ularning maslaklarini bayon qiladilar. Bu tarzda yoʻl tutishlarining sababi Imom Termiziy rahimahullohning sabablari bilan bir xildir. Vallohu Aʼlam!

Nodirbek ODINAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi magistranti

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …