Home / YANGILIKLAR / Akademiyada “Sahihi Buxoriy” asarining taqdimoti oʻtkazildi

Akademiyada “Sahihi Buxoriy” asarining taqdimoti oʻtkazildi

Buyuk mutafakkir va allomalarimizning islom madaniyatini ravnaq toptirishga qoʻshgan beqiyos hissasi toʻgʻrisida soʻz yuritganda, eng avvalo, musulmon olamida “muhaddislar sultoni” deya ulkan shuhrat qozongan Imom Buxoriy bobomizning muborak nomlari hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi.

Bu moʻtabar zot merosining gultoji boʻlmish eng ishonchli hadislar toʻplami – “Al-Jomeʼ as-Sahih” kitobi islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba boʻlib, islom eʼtiqodiga koʻra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulugʻi hisoblanadi.

Quvonarlisi, soʻnggi yillarda yurtimizda yashab ijod etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning bebaho ilmiy-maʼnaviy merosini tadqiq qilish, ular qoldirgan asarlarni ilmiy-izohli tarjima qilib, xalqimizga yetkazish dolzarb masalalarga aylanmoqda.

Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Imom Buxoriy qalamiga mansub “Sahihi Buxoriy” asarining oʻzbek tilidagi sharhi kitobining taqdimoti oʻtkazildi.

Tadbir Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda “Hilol-nashr” matbaa nashriyoti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda dinshunoslar, olimlar, ekspertlar, professor-oʻqituvchilar,talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov Oʻzbekiston – dunyo tamadduni va islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozonganini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ajdodlarimiz merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilayotgani alohida eʼtirof etildi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar buyuk allomaning ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, tadqiq etish, keng ommaga, xususan, yoshlarga yetkazish muhim ekanini taʼkidladilar.

Darhaqiqat, manbalarga koʻra, Imom Buxoriy “Sahih al-Buxoriy” asarini jamlash, muqaddas islom dinining asl mohiyatini targʻib etish uchun oʻzining butun umrini baxshida etgan moʻtabar zot edi.

Tadbir nihoyasida qatnashchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Manba: OʻzA

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …