Home / MAQOLALAR / HADISLARNI OʻRGANISH VA OʻRGATISHDAGI 13 QOIDA

HADISLARNI OʻRGANISH VA OʻRGATISHDAGI 13 QOIDA

Hind sarzaminida yashab, “Sunan Termiziy”ga sharh yozgan buyuk muhaddis, hanafiy mazhabidagi ulugʻ mujtahid Anvarshoh Kashmiriy (1875-1933)ning hadislarni oʻrganish va oʻrgatishdagi beqiyos xizmatlari bor. Alloma hadislarni sharhlashda qanday yoʻllar, usullar qoʻllaganini  oʻrganadigan boʻlsak, allomaning bu borada oʻziga xos uslubi va xususiyatlari borligini guvohi boʻlamiz. Hadislarni oʻta mohirlik bilan sharhlashdagi bunday xususiyatlarni u zotdan keyin hali boshqa hadis shorihlarida koʻrilmagan. Quyida ularning baʼzisini zikr qilamiz:

  1. Shayx hadisning rijollari (sanaddagi kishilar) borasida qisqa maʼlumot berib ketganlar. Agar bobda uni keltirishga ehtiyoj tugʻilsa yo uni zikr etishda biror boshqa manfaat bor deb hisoblasa, albatta uni batafsil keltirardi. Jarhu taʼdil (roviylarni aybli yo adolatli deb bilish ilmi) da gapni koʻp choʻzmagan. Anvarshohning oʻzi bunday degan: “Men rijollar borasidagi naqllarni, hamda ular haqidagi dedi-dedi, mish-mishlarni koʻp keltirmadim. Chunki men buni adolatli deb topishdagi asosiy mezon deb hisoblamayman. Ayrimlari gap muvofiq ketayotganda sukut qilinib oʻtkazib yuboriladi. Ixtilof chiqqanda yo bahsu munozaraga chorlaganda aybli deb topiladi. Bu esa biror narsani oʻzgartira olmaydigan, unga yetarli boʻlmagan, balki bahsu munozaraga kerak boʻladigan ishdir”.
  2. Kashmiriy mazhab imomlari oʻrtasidagi ixtiloflarning kelib chiqishiga asos boʻlgan ishlarni, xususan, dalil keltirishda koʻp takror-takror keladigan masalalarni bayon qilishga alohida eʼtibor qaratgan. Bu borada koʻngilni xotirjam qiladigan darajada maʼlumot bergan.
  3. Alloma qadimgi ulamolarning gaplaridan, xossatan, ahli ilmlarning koʻpchiligiga yetib kelmagan sara maʼlumotlarni naql qilgan.
  4. Biror bir kitobni yo asarni zikr etsa, nihoyatda xolislik bilan qadrini tushirmasdan yo maqtab koʻkka koʻtarmasdan uning ilmiy darajasi, xususiyatlarini  aytib oʻtgan. Bu bilan tolibi ilmlarga osonlik yaratgan  va toʻgʻri, haqiqiy ilmga vosita qilib bergan.
  5. Alloma bahslarni va lafzlarni takror-takror keltirib muammolarga yechim topishga uringan.
  6. Kashmiriy gapni qisqa qilishga, izohlarni koʻpaytirib yubormaslikka harakat qilgan. Natijada xuddi ilmini yashirayotgan, ziqnalik qilayotgandek boʻlib koʻrinadi. Aslida bu u kishining soʻzlari fasohatli, chuqur maʼnoli ekanidan darak beradi. Hatto shayxning ayrim gaplarini sharhlash, tushuntirishga bir risola yozishga  ehtiyoj tugʻiladi.
  7. Anvarshoh mavzuga tegishli boʻlgan gaplarni zikr etish bilan qanoatlanmagan, balki gohida shunday ishlarni zikr qilganki, u bilan mavzuning orasida nozik bogʻliqlik mavjud. Buni bayon etishga intilgani va tolibi ilmlarga manfaat boʻlishini koʻzlagani uchun amalga oshirgan.
  8. Baʼzan ayrim narsalarni zikr etib, uni ilmiy tanqid qilgan va shogirdlariga ilmiy tanqid yoʻllarini oʻrgatgan, hamda ularga bu narsaning asosini bildirib qoʻygan. Soʻngra ilm ahllarining gaplaridagi xususiyat, belgilarini uqtirib, bu ishda ehtiyotkorroq boʻlish lozimligini taʼkidlagan. Buyuk ulamolarimiz qadru qiymati borasida har tomonlama pishiq oʻrganib soʻng gapirish, albatta, matlub bir ishdir.
  9. Ahkom hadislaridagi mazhablar dalil-hujjatlarini xoh foydasiga boʻlsin, xoh zarariga boʻlsin, ularni toʻliq qamrab olgan.
  10. Alloma oldiga sharh kitoblarni qoʻyib olib, istaganini aytib, istamaganini aytmay ketayotganga oʻxshab, “Sahih”ning sharhlaridan eng sara naqllarni keltirardi.
  11. Sharhlovchilarning gaplarini qisqaroq qilgach, agar tolibi ilmlar mavzuni toʻliqroq bilishni xohlashsa, oʻsha kitoblarga yoʻnaltirardi.
  12. Alloma kitobni sharhlash va dars berish mobaynida koʻpgina ilmiy muammolarga yoʻliqqan. Mana shunday vaziyatda ham ularni yechishda nozik va qimmatbaho maʼlumotlarni zikr qilgan. Xususan, kalom masalalariga chuqur eʼtibor bergan. Oʻzi bu masalaga Imom Buxoriy ham yoʻliqqan. Ayniqsa, “Tavhid kitobi”da bu holni ochiq koʻrishimiz mumkin. Alloma bunday masalalarda xuddi qadimgi muhaqqiq, mutakallim olimlardek yoʻl tutardi. Masalan: Buxoriyning tavhid borasidagi qarashlari qadim ulamolarning tutgan yoʻlidek boʻlgan. Keyingi hadislarni sharhlovchi ulamolar mutaaxxir olimlarning tavhid borasidagi fikrlariga oʻrganib qolgach, ularning aqliy qarashlari Imom Buxoriyning qarashlariga noqislik qilib qoldi. Ana shunda Buxoriyning gaplarini u istamaydigan darajada taʼvil qilishgan. Shu sababli Kashmiriy bu mavzuga chuqurroq kirishgan va bu xususda, aslida qanday yoʻl tutish kerakligini bayon qilgan .
  13. Anvarshoh darslari jarayonida oʻngu soʻliga koʻplab hadis kitoblarini, xususan hadis matnlarini qoʻyib qoʻyardi. Agar “Sahih” borasida biror muammo chiqsa, darhol kitoblarni ochib tolibi ilmlarga oʻqib berar, yuzaga kelgan muammoni yechib berardi. Agar mavzuga tegishli joylari boʻlsa, ularni lafzlari bilan zikr etardi.

Anvarshoh Kashmiriyning ilmiy merosi juda ulkan va bebaho. Uni qancha chuqurroq va atroflicha izlanadigan boʻlsa shuncha bizga duru gavharlarini taqdim etadi. Xususan, hadislarni sharhlashdagi uslub va xususiyatlari maqtovga sazovor. Biz ularni 13 bandda jamlab keltirdik. Mana shular allomaning hadislarni  oʻrganishdagi umumiy xususiyatlarning asosidir. Agar batafsil bilishni xohlasangiz allomaning “Arfush-shaziy” kitoblariga, undan tashqari ”Nafhatul  anbar fi hayati Anvar”, “Amoliy”, “Fayzul  boriy” kitoblariga murojaat qilishingiz mumkin.

 FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR:
  1. Yusuf Bannuriy. Nafhatul anbar fiy hayati Anvar. –Karotishiy: Maktabatul Bannuriyya. 2 nashr.1424.–B. 6.
  2. Anvarshoh Kashmiriy.Fayzul boriy ala sahihi Buxoriy.–Pokiston: Maktabatu Rashidiyya.1429.J.1.–B.33.
  3. Sayid Shohid Rosul Kokoxel.Allama Muhammad Anvarshoh Kashmiriy fiy zovʼi intajatihi al adabiyati val ilmiyyati. –Pokiston: Hovalanpur. 2009. –B.129.
Hoshimjon NIZOMIDDINOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …