Home / FOTO LAVHALAR / Markaz direktori Turkiyadagi yirik simpoziumda

Markaz direktori Turkiyadagi yirik simpoziumda

11-13 noyabr kunlari Turkiyaning Denizli shahridagi Pamukkale universitetida “XXI asrda yoshlar va imon masalalari: tavofutlar” mavzusida Xalqaro simpozium boʻlib oʻtdi.

Universitetning ilohiyot fakulteti va islom ilmlari instituti tomonidan tashkil etilgan simpozium ishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov ishtirok etib, tegishli shoʻba yigʻilishida “Yangi Oʻzbekistonda yoshlarga qaratilgan eʼtibor va yaratilgan shart-sharoitlar” mavzusidagi maʼruza qildi.

Maʼruzachi nutqida Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli amaliy tadbirlar xususida soʻz olib, keyingi yillarda yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalashga oid shakllantirilayotgan tizim haqida maʼlumot berdi. Nutqda, shuningdek, mamlakatimizda faoliyatining asosini aholining yoshlar qatlami tashkil etuvchi davlat va nodavlat tashkilotlar, yosh avlodning jismonan sogʻlom oʻsishi, sifatli taʼlim olishi va har tomonlama barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishini taʼminlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va mutolaaga qiziqishini keng qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “besh muhim tashabbus” doirasidagi samarali ishlar tilga olindi.

Notiq Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari bilan birga belgilangan vazifalarni moliyalashtirish manbalari, faoliyatning mazkur yoʻnalishiga tegishli erishilgan yutuq va koʻrsatkichlar hamda davlatimiz tomonidan yoshlar masalasida xalqaro darajada ilgari surilayogan tashabbuslar haqida toʻxtaldi.

Simpozium nihoyasida Sh.Ziyodovga tashkilotchilarning tegishli sertifikati topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …