Home / ALLOMALAR / MOVAROUNNAHRLIK FAQIHLARNING ISLOM XALQARO HUQUQINING RIVOJLANISHIGA QOʻSHGAN HISSASI

MOVAROUNNAHRLIK FAQIHLARNING ISLOM XALQARO HUQUQINING RIVOJLANISHIGA QOʻSHGAN HISSASI

Islomiy fanlarning tarkibiy qisimlaridan biri – fiqh – islom huquqining sohalaridan biri boʻlgan islom xalqaro huquqining alohida sohasi va fan  sifatida shakllanishiga va rivojlanishiga XI-XII asrlarda Movarounnahrda yashab ijod etgan   Shamsu-Aimma Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Sahl as-Saraxsiy (1004-1096),  Alovuddin Abu Bakr ibn Maʼsud Abu Bakr Kosoniy (1191 yilda vafot etgan), Abdulmahosin Faxruddin Qozixon al-Hasan ibn Mansur Mahmud Abulaziz al-Oʻzgandiy (1196 yilda vafot etgan), Imom Abu-l-Hasan Burhoniddin Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljamil al-Fargʻoniy ar-Rishtoniy al-Margʻinoniy (1123-1197) kabilarning asarlarida xalqaro huquqqa oid nafaqat oʻrta asrlar uchun dolzarb boʻlgan, hatto hozirgi davrda ham oʻzining dolzarbligini yoʻqotmagan, muammolar koʻtarilgan va ularning yechimi haqida diqqatga sazovor fikr-mulohazalar bildirilgan.

Saraxsiy xalqaro huquq tarixida birinchilardan boʻlib islom xalqaro huquqiga taʼrif bergan va uning oʻziga xos xususiyatlarini koʻrsatib berishga harakat qilgan. Faqihning qayd etishicha, siyar – islom xalqaro huquqi – bu  “…musulmonlarning dushman hududida istiqomat qilayotgan dahriylar, shuningdek, musulmonlar tomonidan xavfsizligi kafolatlangan millatlar yoki individlar (mustaʼminlar) yoki taslim boʻlish (kapitulyatsiya) haqidagi shartnoma bilan himoya ostiga olingan hududlarda yashayotgan boshqa din vakillari (zimmiylar), murtadlar va qoʻzgʻolonchilar bilan munosabatlaridagi hatti-harakati yoki xulq-atvorini ifoda etuvchi huquqdir”[1].

Kosoniy, Burxoniddin Margʻiloniy va Qozixonlar siyarning lugʻaviy maʼnosi va shariatda qanday maʼnolarda qoʻllanishiga urgʻu berishgan. Kosoniyning fikriga koʻra: “Siyar soʻzi siyrat soʻzining koʻpligi boʻlib, lugʻatda u ikki maʼnoda qoʻllaniladi: Birinchisi: yoʻl maʼnosida Ikkinchisi:  koʻrinish maʼnosida. Biz keltirgan siyar soʻziga aynan shu soʻz maʼnodosh boʻlib, siyar –urush yoʻllari(usullari) va unda (urush ishtirokchilariga )huquq va majburiyatlaridan iborat  qoidalar   majmui”.[2]

Burxonuddin Margʻinoniyning  qayd etilishicha: “As-Siyar” soʻzi siyrat soʻzining koʻpligi boʻlib, “ishlar borasida tutilgan muayyan yoʻl” deganidir. Shariatda siyrat soʻzi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshchilik qilgan gʻazavotlaridagi (gʻazavot– “urush”, “jang” soʻzining koʻpligi), “yurish-turishlari”, “xatti-harakatlari”ga xos shaklda qoʻllaniladi.[3]

Movaronnahrlik faqihlarning  asarlarida alohida eʼtibor qaratiladigan masalalardan biri – bu urush va tinchlik masalasidir. Ularning barchasi, asosan, tinchlik tarafdori boʻlishgan. Faqihlarning qayd etishlaricha, urush (jihod) aniq maqsadga erishish uchun, qatʼiy belgilangan tartib qoidalar asosida boshlanishi va amalga oshirilishi lozim.

Jumladan, Burxonuddin Margʻinoniyning qayd etishicha: “Jihod Alloh taoloning dinini ulugʻlash va insonlardan yomonligini bartaraf qilish uchungina farz qilingan. Agar ushbu maqsad musulmon jamiyatning bir qism kishilari bilan amalga oshsa,  qolganlaridan soqit boʻladi…. Agar jihodni hech kim amalga oshirmasa, barcha(jamiyatdagi) musulmonlar jihodni tark qilganlari uchun gunohkor boʻlishadi. Chunki jihod barcha musulmonlarga farz boʻlgan. “Jihod” farzi kifoya boʻlganining sababi)  jihodga hamma safarbar qilinsa, qurol yarogʻ kabi jihodning asosiy moddalarini yetkazib berish uzilib qoladi. Shuning uchun jihod farzi kifoya oʻlaroq farz boʻlgan.”[4]

Burhonuddin  Margʻinoniy fikriga koʻra, din va vatan taqdiri xavf ostida qolganda, gʻayridinlar musulmonlarga qarshi hujum qilganda, ular islomni qabul qilishdan va jizya toʻlashdan bosh tortganlaridagina musulmonlar uchun “jihod” farzi ayn boʻladi, yaʼni urush harakatlarini dushmanga qarshi amalga oshirishda  barcha musulmonlar ishtirok etishlari shart.

Kosoniyning fikriga koʻra: “Jihod sharʼiy urfda kuch, imkoniyat va toqatni oʻzi, yoki moli, yoki tili yoki boshqa shu kabilar orqali  Alloh yoʻlidagi jangda sarflashni bildiradi”. “Jang boshlashdan oldin jang qilinayotgan tarafga islom daʼvatini yetkazish zarur. Agar  ularga daʼvat yetib borgan boʻlsa ham boʻlmasa ham til bilan islom daʼvatini qayta yetkazish joiz boʻladi. Daʼvat qilmay turib jang olib borish nojoiz”.[5] Fahruddin Oʻzgandiy yozishicha, urush boshlashdan avval dushman tarafni islomga chaqirish kerak. Agar avval  islomga chaqirilgan boʻlsalar ham takroran bu ishni amalga oshirish kerak va bu afzaldir.[6]

Faqihlarning fikricha, jangovar harakatlar harbiy obyektlarga va subyektlarga qarshi qaratilishi mumkin, bunday harakatlarni tinch aholiga qarshi qaratish mumkin emas. Jang paytida harbiy harakatlar urushda qatnashmayotgan balogʻatga yetmagan oʻgʻil bolalarga, qullarga, koʻrlarga, choʻloqlarga, qoʻli, qoʻli va oyogʻi kesilganlarga, ayollarga, qariyalarga, nogironlarga, aqli norasolarga, falajlar va rohiblarga qarshi qaratilishi va ularning oʻldirilishi mumkin emas.[7]

Islom xalqaro huquqning alohida muhim institutlaridan biri – elchilik institutidir. Faqih yurtdoshlarimiz elchilarning daxlsizligini taʼminlash borasida ham oʻzining diqqatga sazovor fikr-mulohazalarini bildirishgan. Xususan, Sarixsiyning alohida taʼkidlashicha: “Ularga (davlat fuqarolariga – J.T.) zulm qilinishining oldini olish  uning (davlat boshligʻining – J.T) burchidir. Musulmonlarning xavfsizligi haqida gʻamxoʻrlik qilgandek ularning (elchilarning) xavfsizligi haqida ham gʻamxoʻrlik qiladi”[8]. Shuningdek, boshqa bir joyda Saraxsiyning alohida qayd etishicha: “Davlat boshligʻi – imom oʻzga mamlakatlarning elchisini himoya qilishga majburdir”.[9]

Islom xalqaro huquqining oʻziga xos instituti – bu omonlikdir. Omonlik deganda islom davlati boshligʻi yoki musulmon  kishi tomonidan dushman taraf vakiliga musulmon davlati hududiga kirishga, maʼlum bir muddat davomida istiqomat qilishga va oʻz faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish tushuniladi.  Saraxsiyning fikriga koʻra, davlat boshligʻi yoki omonlik bergan musulmon, omonlik olgan va shaxsiy daxlsizlik yorligʻiga ega mustaʼmin (oʻzga din, davlat vakili) uchun uning daxlsizligini taʼminlashga birdek javobgardir.

Shuningdek faqihlarning asarlarida omonlik olgan dushman tarafi vakilining shaxsi, hayoti, sogʻligʻi, nikohi, oilasi, farzandlari, mol-mulklarning shu jumladan qullarining daxlsizligi omonlik bergan shaxs tomonidan kafolatlanishi toʻgʻrisida fikr-mulohazalar bayon etilgan.

Islom xalqaro huquqining alohida ahamiyatli instituti – bu shartnomalar huquqi institutidir. Movarounnahrlik faqihlar asarlarida  shartnoma huquqiga oid fikr-mulohazalarga ham alohida oʻrin ajratilgan, Saraxsiyning fikriga    koʻra: “shartnoma” (arab tilida “muhadana” yoki “muvadaʼa”) – aqd (kelishuv, bogʻlanish) shakli boʻlib, huquqiy oqibat tugʻdirish maqsad qilingan bitim, kelishuvni anglatadi”.[10] U bitimning sanasi va amal qilish muddatini shartnomaning muhim sharti, deb qaraydi[11]. Shartnomalar 2 ta nusxada (manbalarga koʻra Paygʻambar shunday qilardi), yozma tarzda, matn va uning moddalarida yanglish fikrlar boʻlmasligi hamda ularning sharhlari aniq bayon etilishi, shartnomaning tuzilgan sanasi, kuchga kirish va amal qilish muddati koʻrsatilgan boʻlishi, shartnoma predmeti, uning sifati va miqdori aniq koʻrsatilgan holda tuzilishi lozimligini bayon qiladi[12]. Odatda, tinchlik shartnomalarning amal qilish muddati koʻrsatilmaydi, biroq Saraxsiy asarlarida tinchlik sulh shartnomalarining uzogʻi bilan 10 yilga tuzish lozimligi eslatiladi. Shuningdek, Saraxsiy xalqaro shartnomalarda, jumladan, tinchlik va sulh shartnomalarida mahalliy yoki hududiy urf-odatlar eʼtiborga olinishi kerak, deb hisoblaydi. [13]

Burxonuddin Margʻinoniyning fikriga koʻra, islom davlati boshligʻi tomonidan dushman tarafi bilan tuzilishi mumkin boʻlgan shartnomalardan biri – bu musulmonlarning moddiy ehtiyojlarini hisobga olib tuziladigan shartnomadir.  Faqihning yozishicha: “Agar islom ahli harb bilan sulh tuzishni lozim topsa va shu sulh evaziga ulardan mablagʻ olsa, zarari yoʻqdir. Chunki sulh mablagʻisiz ham joiz boʻlganidek, mablagʻ evaziga ham joiz boʻladi. Lekin bu ish yaʼni, imomning mablagʻ olishi musulmonlar mablagʻga muhtoj boʻlgan hollarda boʻladi. Biroq, agar (musulmonlarda) ehtiyoj boʻlmasa, (sulh evaziga mablagʻ olish) joiz boʻlmaydi, … (yaʼni, “ehtiyoji boʻlmaganda mol evaziga sulh tuzish kurashni ham maʼnaviy ham amaliy jihatdan tark qilish boʻladi” degan soʻzga ishora)”[14]. Dushman bilan tuzilgan sulh uchun undan keladigan (olinadigan) mablagʻ davlatning qanday ehtiyojlari uchun ishlatilishi lozimligi  haqida oʻz qarashlarini Burxonuddin Margʻinoniy quyidagicha bayon etadi: “(Sulh evaziga) olingan mol “jizya sarflanadigan oʻrinlarga” (umum davlat xarajatlari, jangchilar maoshi, koʻprik, masjid qurilishi kabilar nazarda tutilmoqda – J.T.) sarflanadi”[15]. Masalaga bunday yondashuvni sababini tushuntirib faqih yozadi: “Bu ish (yaʼni, sulh evaziga olingan molni jizʼya (oʻrinlariga sarf qilinishi) musulmon jangchilar (jang uchun) ularning yurtiga kelib tushmagan (kirmagan), balki elchi yuborgan vaziyatlarda boʻladi. Chunki sulh evaziga olingan mol jizʼya maʼnosidadir. Biroq musulmonlar ularni oʻrab olib, keyin ulardan mablagʻ olishsa, olingan mablagʻ “gʻanimat” (oʻlja, islom jangchilari jangda qoʻlga kiritilgan dushman mol-mulki – J.T.) … boʻladi. Imom uning beshdan birini baytulmolga beradi, qolganini askar oʻrtasida taqsimlaydi. Chunki bu kuch bilan olingan moldir”[16].

Shuningdek, Movarounnahrlik faqihlarning asarlarida dushman hududiga musulmonlar nimalarni olib kirishi mumkin va mumkin emasligi, jang paytida qoʻlga kiritilgan dushman tarafning mol-mulkilari va qurol-yarogʻlari taqdiri, islom davlatining dushman hududida istiqomat qiluvchi tinch aholiga va asirlarga oid siyosati, aholidan undiriladigan soliqlarning turlari, miqdori va undirish tartibi, dindan qaytganlarga, islom hukmdoriga boʻysunishdan bosh tortganlarga va isyonchilarga nisbatan islom davlati boshligʻi tomonidan koʻriladigan chora-tadbirlar kabi masalalar ham koʻtarilib, ular haqida mualliflarning fikr-mulohazalari bayon etilgan.

Xullas, XI-XII asrlarda Movarounnahrda yashab ijod etgan faqih – yurtdoshlarimiz tomonidan “kim zoʻr boʻlsa oʻsha haq”, “davlatlararo nizolarni hal qilishning oxirgi chorasi urush”, “sen boshqalarni oʻzingga  boʻysundirmasang ular seni boʻysundiradi”, “sen boshqa mamlakatlar hududini bosib olmasang, ular seni bosib oladi” kabi qoidalar hamda turli dinlar, diniy yoʻnalishlar va mazhablar oʻrtasidagi kurashlar va nizolar  oddiy xol boʻlgan bir sharoitda xalqaro nizolarni siyosiy-huquqiy vositalar yordamida hal qilish, ularni hal qilishda urushdan oxirgi zarurat sifatida foydalanish, urushni qatʼiy belgilangan qoidalar asosida boshlash va amalga oshirish, urush harakatlarini faqat harbiy obyektlarga va subyektlarga qarshi qaratish, tinch aholini qirgʻin qilmaslik, urushni imkon boricha tinchlik sulhi bilan yakunlash, shartnoma shartlariga ogʻishmay rioya qilish, dushman hududidagi tinch aholi va asir etilganlarga insoniy munosabatda boʻlish haqida bildirilgan fikr-mulohazalar nafaqat oʻrta asrlarda, hatto hozirgi davrda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Shu munosabat bilan faqih yurtdoshlarimizning xalqaro huquqiy qarashlarini chuqur va har tomonlama ilmiy oʻrganish, ularning qarashlarini oʻtmishdoshlari, zamondoshlari, shu jumladan Gʻarb huquqshunoslarining xalqaro huquqiy qarashlari bilan qiyoslab tadqiqot ishlarini amalga oshirish ilmiy jamoatchilik oldida turgan dolzarb vazifadir.

[1]  Iqtibos olindi: Yunusov H. Saraxsiyning xalqaro – huquqiy qarashlari yoxud Oʻzbekiston – xalqaro huquq vatani. Yurist axborotnomasi. Huquqiy , ijtimoiy, ilmiy-amaliy jurnali.  5-Son, 1-Jild 2021. – B 87; Shuningdek qarang:  Kitāb al-Mabsūṭ. Li-Shams al-Dīn al-Sarakhsī. Vol.X. Beirut: Dar al-Maʻarif, 1324-1331 A.H./1905-1912 A.D.  – P. 2. Saraxsiy taʼrifining inglizcha matni Husayn Qosim asarida quyidagicha berilmoqda: “…that which describes the conduct of Muslims with the unbelievers of enemy territory as well as the ones who enjoy the promise of security from the Muslims (mustaʻmin) or the dhimmis (inhabitants of the territory protected by a treaty of surrender) in the territory of Islam and with the apostates …and the rebels…”. Qarang: Kassim, Husain. Sarakhsi – Hugo Grotius of the Muslims: The Concept of Treaties and Mutual Relations and the Doctrine of Juristic Preference in Islamic Jurisprudence. – USA, San Francisco: Austin & Winfield, 1994. – R. 4.
[2]Imom al-Kosoniy al-hanafiy. Badoiʼ us- sanoiʼ. Qohira. Darul hadis. Jild 9, S. 340.
[3] Burhoniddin Margʻinoniy. Hidoya sharhi bidoyatil mubtadiy.Ibodatlar qismi. Birinchi jild. T.: “Hilol-Nashr. 2020. – B.293
[4] Oʻsha asar, B – 294
[5] Imom al-Kosoniy al-hanafiy. Badoiʼ us- sanoiʼ. Qohira. Darul hadis. Jild 9, S. 346.
[6] Qarang: Faxruddin Abulmaxofir Hasan ibn Mansur Oʻzgandiy. “فتاوى القضيخان” (Qozixon fatvosi), 3-jild. Livan: “Darul kutub”, 2009. –  S. 495
[7] Qarang: Burhoniddin Margʻinoniy. Hidoya sharhi bidoyatil mubtadiy. Muomalot qismi. Uchinchi jild. T.: “Hilol-Nashr. 2020. – B.  306; Yunusov H. Saraxsiyning xalqaro – huquqiy qarashlari yoxud Oʻzbekiston – xalqaro huquq vatani. Yurist axborotnomasi. Huquqiy , ijtimoiy, ilmiy-amaliy jurnali. 5-Son, 1-Jild 2021.  – B. 89; Faxruddin Abulmaxofir Hasan ibn Mansur Oʻzgandiy. “فتاوى القضيخان” (Qozixon fatvosi), 3-jild. Livan: “Darul kutub”, 2009. –   S. 497
[8] Yunusov H. Saraxsiyning xalqaro – huquqiy qarashlari yoxud Oʻzbekiston – xalqaro huquq vatani. Yurist axborotnomasi. Huquqiy , ijtimoiy, ilmiy-amaliy jurnali. 5-Son, 1-Jild 2021. – B. 88.
[9] Oʻsha joyda.
[10] Iqtibos olindi: Yunusov H. Saraxsiyning xalqaro – huquqiy qarashlari yoxud Oʻzbekiston – xalqaro huquq vatani. Yurist axborotnomasi. Huquqiy , ijtimoiy, ilmiy-amaliy jurnali. 5-Son, 1-Jild 2021.  – B. 87.
[11] Oʻsha joyda.
[12] Oʻsha asar. B 88.
[13] Qarang: Oʻsha joyda.
[14] Burhoniddin Margʻinoniy. Hidoya sharhi bidoyatil mubtadiy. Muomalot qismi. Uchinchi jild. T.: “Hilol-Nashr. 2020. – B. 310-311.
[15] Oʻsha asar, B. 311.
[16] Oʻsha joyda.
Joʻraboy TOSHQULOV,
 yuridik fanlari doktori, professor

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …