Home / MAQOLALAR / HIJRIY III ASRDA HADIS ILMI

HIJRIY III ASRDA HADIS ILMI

Hijriy III asr umum islom ilmlari, xususan, nabaviy sunnati ilmlarining gullab-yashnagan davri hisoblanadi. Bu davrda ilm talabida safar qilish va hadis roviylarini oʻrganish ilmi faollashib, hadislarni yozib borish yanada kengaydi. Ummat suyangan va islom manbalari deb eʼtibor berilgan “musnad”, olti sahih kitoblar turkumiga kiruvchi “sihoh” va “sunan” asarlari yuzaga keldi.

Bu asrda hadis ilmi, jarh va taʼdil (roviylarning ishonchli va ishonchsizligini oʻrganuvchi ilm) asoschilari boʻlgan Ahmad ibn Hanbal, Isʼhoq ibn Rohavayh, Ali ibn Madaniy, Yahyo ibn Main, Muhammad ibn Muslim ibn Vora, Imom Dorimiy, Usmon ibn Said Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Zarʼa, Abu Hotim Roziyon kabi koʻplab hadis hofizlari va daho allomalar yetishib chiqqan.

Bu allomalar qoʻlida “aqida kitoblari” nomi bilan tanilgan yangi kitobat turi paydo boʻlgan. U aqidaga bogʻliq Qurʼon va sunnat matnlarini birlashtirgan. Bu matnlarni tushunishda sahobayu tobeinlarning yondashuvi va havoi nafs yoʻlida oʻzini olim hisoblaganlarga munosabatini umumlashtirgan. Bularga Ahmad ibn Hanbal “sunnat”i, oʻgʻli Abdulloh “sunnat”i, Abu Nasr Marvaziy “sunnat”i va boshqa nomlar berilgan.

Shuningdek, allomalarning kitoblarida bidʼatchi va havoi nafs yoʻlida oʻzini olim hisoblaganlarning pardalarini yirtish, sirlarini ochish, odamlarni ulardan ogoh etish va ularning xatarini ummatga bayon qilish uchun raddiya yoʻlini tutgan.  

Abbosiylar davlati xalifalari Maʼmun, Muʼtasim va Vosiq davrida moʻtazila va jahmiylar oʻz rivojlanishining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan. Ular qarashlari va aqidalari bilan xalifalikning markaziga kirib borgan. Shunda ummatning oʻsha davrdagi buyuk allomalari sobit turib, raddiyalar bilan ularga javob qaytargan. Jumladan: Ahmad ibn Hanbalning “Ar-Raddu alal jahmiya”, Usmon ibn Said Dorimiyning “Ar-Raddu alal jahmiya”, “Ar-Raddu alo Bishril Marisil Moʻtaziliy”, Imom Buxoriyning “Xalqu afʼolil ibod” kabi raddiyalari bitilgan.

Hijriy ikkinchi asrdagi kichik tobeinlarning hadislarni yozishdagi xizmati, yolgʻondan ajratib himoya qilgani, ularni bob va fasllarga ajratib tartibga solishda kashshof boʻlgani kabi uchinchi asr avlodi ham sunnatga xizmat qilish, roviylarning ishonchli va ishonchsizligini aniqlashda, havoi nafs yoʻlida oʻzlarini olim hisoblagan va bidʼatchilarni bostirishda katta saʼy-harakat qilgan.

Sunnatga xizmat qilishdagi bu saʼy-harakat, quyidagi yozilgan turli asarlarda namoyon boʻlgan. Bular matn, yaʼni musnad, sihoh, sunan kitoblari, turli mavzu va sohalardagi roviylarning holatini oʻrganadigan asarlar, shuningdek, oʻsha davrda koʻpaygan aqida kitoblaridan iboratdir.

Adashgan firqalar va bidʼatchilarni bostirish, ular bilan kurashish, sirlarini oshkor etish va odamlarni ularning yomonligidan ogohlantirishda ahli sunnaning imomlaridan biri Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbal boʻlgan. Allohning izni bilan uning va boshqa allomalarning saʼy-harakatlari sabab bidʼat bostirilgan. Bidʼatchilar magʻlub boʻlib ortiga qaytgan.   

Bu asrda hadislarning yozilishi bir necha turga boʻlingan. Birinchisi hijriy ikkinchi asrda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari sahobalarning soʻzlari va tobeinlarning fatvolari bilan qoʻshib yozilgan. Uchinchi asrga kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari boshqa soʻzlardan ajratilgan.

Ikkinchisi hadisning sahih va zaiflik darajasini koʻrsatishga eʼtibor qaratilgan.

Uchinchisi sunnatni yozishda asarlarning xilma-xilligi boʻlgan. Sunnatni yozishda asarlarning quyidagi xillari paydo boʻlgan:

Imom Ahmadning “Musnad”i kabi sahobalarning alohida toʻplangan hadislari. “Musnad” asarlar;

“Olti sahih kitoblar” kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini sahihligini aniqlab, boʻlim va boblarga ajratib yozilgan “sahih” va “sunan” asarlar;

Imom Shofeiyning “Ixtiloful hadis”, Ali ibn Madaniyning “Ixtiloful hadis”, Ibn Qutaybaning “Taʼlif muxtalifil hadis” kitoblari kabi “muxtaliful hadis”, yaʼni bir-biriga qarshi maʼnoli hadislar va ularning muammolari haqidagi asarlar.

Shunday qilib, hijriy uchinchi asr hadis ilmining eng rivojlangan davriga aylangan. Bu muvaffaqiyatga erishishda yurtimizdan yetishib chiqqan Dorimiy, Buxoriy, Termiziy kabi buyuk allomalarning hissasi beqiyos boʻlgan.  Shu asrdan keyin kelgan muhaddislar asosan avvalgilar toʻplagan hadislarni turli toʻplamlarga jamlash, tartibga solish yoki ularga sharh yozish bilan shugʻullangan.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

YOSHLARDA VATANPARVARLIK TUYGʻUSINI RIVOJLANTIRISHDA DINSHUNOSLIKKA OID FANLARNI OʻQITISHNING AHAMIYATI

Jahonda sodir boʻlayotgan globallashuv jarayonlari­da din omilining oʻrni tobora ortib bormoqda. Dunyoga xavf solayotgan ekstremistik …