Home / ALLOMALAR / MOVAROUNNAHR FIQH ILMI RIVOJIDA NASAF OLIMLARINING TUTGAN OʻRNI

MOVAROUNNAHR FIQH ILMI RIVOJIDA NASAF OLIMLARINING TUTGAN OʻRNI

Mustaqillikning ilk kunlaridanoq milliy qadryatlarimiz bilan birga, yurtimizdan chiqqan allomalarning ulugʻ nomlari qayta tiklashga davlatimiz tomonidan katta eʼtibor berilmoqda. Yurtimiz allomalari jahon tamadduniga beqiyos hissa qoʻshganini butun dunyo tan olmoqda.

Movarounnahr faqihlarning aksariyati Buxoro va Samarqand shaharlarida toʻplangan edi. Lekin, ularning safi turli viloyatlardan kelgan yangi kuchlar hisobiga toʻlib borgan. Bu esa oʻz navbatida Movarounnahr kichik shaharlarida ham diniy-maʼrifiy hayotning yuqori darajada boʻlganidan darak beradi. Bu kabi shaharlar orasida Margʻilon, Nasaf, Koson, Ustrushana, Isfijob, Axsikat, Oʻzgand, Rishton, Oʻsh kabilarni sanab oʻtish mumkin.

Movarounnahrning mashhur shaharlaridan biri Nasaf shahri islomning turli ilmlarini oʻzida mujassam etgan zabardast olimlarni voyaga yetkazdi. Nasaf shahri oʻzining faqihlari bilan koʻproq shuhrat topgan. Najmiddin Abu Hafs Nasafiy, Burhon Nasafiy, Qozi Abu Ali Nasafiy, Abul Barakot Nasafiy kabi yetuk faqihlar  Movarounnahrda fiqh ilmini rivojlanishida xizmatlari beqiyosdir.

Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy (461-537 h.) hanafiy mazhabining yirik namoyondalaridan biri, fiqh, usulul-fiqh, tafsir, hadis, kalom, arab tili va adabiyoti boʻyicha salohiyatli va iqtidorli olim edi. U fiqh ilmini mashhur hanafiy faqih hisoblangan Abul-Yusr   Muhammad ibn Muhammad Pazdaviydan (v.493/1099-1100 y.) olgan. Shuningdek, oʻgʻli Abul-Lays Ahmad Nasafiyni faqih darajasiga yetkazib tarbiyalagan.

Tarixchilarning taʼkidlashicha, u yuzga yaqin kitob taʼlif etgan. Jumladan, “Al-Qand fi zikri ulomoi Samarqand”, “Buxoro tarixi”, “Kitobul-mavoqit”, “Tafsirut-taysir”, “Aqoidun-Nasafiya”, “Tilbatut-talaba” (hanafiy mazhabida ishlatiladigan fiqhiy atamalarni izohlash maqsadida yozilgan) kabilarni keltirish mumkin. Uning mashhur asari “Al-Qand fi zikri ulomoi Samarqand” hisoblanadi. Unda XI asrgacha yashagan Samarqandlik muhaddislar haqida qimmatli maʼlumotlar berilgan.

Nasaflik yana bir faqih Muhammad ibn Muhammad Abdul-Fazl Nasafiy atoqli imom, yuksak fazilatlar egasi, tafsir, hadis usul va kalom ilmlari sohasidagi yirik olim edi. Uning “Muqaddima” asari xilof ilmi boʻyicha yozilgan mashhur asarlardan sanaladi. Shuningdek, Laknaviyning taʼkidlashicha aqoid boʻyicha Umar Nasafiyning kitobini uning qalamiga mansub. U hijriy 600 yilda vafot etgan. Uni Abu Hanifaning qabri yoniga dafn etilganligi haqida rivoyatlar mavjud.

Husayn ibn Xizr Qoziy Abu Ali Nasafiy ham Nasafdan chiqqan yetuk faqihlardan sanaladi. U fiqh ilmini Abu Bakr Muhamma ibn Fazldan olgan. Qozi Abu Ali oʻz davrining imomi boʻlib, fiqhiy masalalarga oid “Favoid” hamda “Fatavo” nomli asarlar yozgan. Olim juda koʻp shogirdlar chiqargan hamda undan koʻp kishilar rivoyat qilgan. 424 hijriyda Buxoroda vafot etib, Kalaboz qabristonida dafn etilgan.

Samarqandda “qoziul-quzzot”, “xojalar xojasi”, “Movarounnahr shayxi” nomlari bilan mashhur boʻlgan Abul-Yusr Qoziy Sadr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Muso ibn Mujohid Pazdaviy Nasafiy (421-493/1030-1100) Movarounnahrning yirik faqihlaridandir. Abul-Yusr Samarqandda hanafiy fiqhining rivojlanishida katta xizmat qilgan. Koʻplab asarlar mualliflarining bergan maʼlumotlariga qaraganda Abul-Yusr koʻp qirrali olim boʻlgan. U fanning anchagina sohalarida faoliyat olib borgan. Fiqh ilmining keng aql-zakovat, zukkolik talab etuvchi usul va furuʼ sohalarida ilmiy izlanishlar olib borgan. Buni Bagʻdodiy bergan maʼlumotga koʻra, uning fiqhga oid “Kengaytirilgan” (Al-Mabsut) va “Voqealar” asarlaridan koʻrish mumkin. Bu har ikki asar ham furuʼ sohasida yozilgan boʻlib, asosan oʻsha davrda mavjud boʻlgan fiqhiy muammolarni oʻz ichiga olgan. Chunki bu asarlarning tarkibiy mazmuni manbalardan maʼlum boʻlsa-da, har ikkisi ham, afsuski, bizgacha yetib kelmagan. Shuningdek uning yana bir “Qorilar tomonidan yoʻl qoʻyiladigan xatolar” (Zillatul-qori) nomli Qurʼonni toʻgʻri oʻqish qoidalariga doir asari ham mavjudligi haqida manbalarda maʼlumotlar mavjud.

Abul-Yusr mashhur Pazdaviylar sulolasiga mansub boʻlib, Abu Muhammad Abdulkarim ibn Muso Pazdaviyning (vaf 390/999 y.) avlodlaridandir. Shunga koʻra Samarqandiy Abul-Yusrdan fiqhning furuʼ va usul fanlaridan hamda yana aqoid ilmidan ham tahsil olgan deyish mumkin.

Umuman olganda Abul-Yusr fiqh va aqoid ilmlari borasida yetuk olim boʻlgan. Bir kitobida u oʻz bobosini eslab, uning (bobosining) Moturidiy haqidagi hikoyalari avloddan-avlodga oʻtib kelganligini yozgan.

Abul-Yusr Pazdaviy 493/1099-1100 yili Buxoroda vafot etgan. Pazdaviy faqihlar. Bu avlodda bir necha faqihlar boʻlib, aksariyati qozilik va mudarrislik faoliyatida, din va davlat ishlarida katta mansablar sohibi boʻlganlar. Bu sulolaning yirik namoyondalaridan “Faxrul-islom” nomi bilan mashhur boʻlgan Abul-Usr Ali ibn Muhammad Pazdaviydir. Abul-Usr Pazda[1] shahrida yashagan, bir oiladan yetishib chiqqan ikki aka-uka faqihning biridir. U 400/1009 yilda tugʻilgan boʻlib, fiqhning furuʼ va usul borasida ilmiy faoliyat olib borgan va shu sohada qoʻllanma asarlar sohibi boʻlganligi sababli “usuliy” deya tanilgan.

Uning vafoti toʻgʻrisida 482/1089, 483/1090, 484/1091 va 557/1161 sanalari keltiriladi. Toʻgʻrirogʻi 482/1089 yil boʻlib, Keshda vafot etgan. Manbalarda uning jasadi Samarqandga keltirilib, masjid eshigi yoniga dafn etilgan, degan xabar beriladi.

Pazdaviyning fiqhga oid koʻplab asarlari bizga qadar yetib kelgan. Jumladan, “Kanzul-vusul ila maʼrifatul-usul”, Kitabul-mabsut», “Risala fi qiroʼatul-musalli”, “Sharhul-jomiʼus-sagʻir”, “Az-Ziyodot” va “Ziyodotuz-ziyodot” kabilarni sanash mumkin.

Nasaflik yana bir buyuk mufassir va faqih Abul-Barakot Nasafiydir. Uning toʻliq ismi – Hofiz  Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy al-hanafiy boʻlib, Muhammad Shafiq Gʻirbolning taʼkidlashicha 1232 yilda Nasaf shahrida tavallud topgan[2].

Olimning yoshligi Buxoro shahrida oʻtgan. Keyinchalik, ilm olish maqsadida juda koʻp shaharlarni kezadi va shuhrat qozonadi. Taxminan 1280 yillarda Kirmon shahridagi madrasada mudarrislik qilgan. Soʻng, oʻsha davrda yirik ilm markazlaridan hisoblangan, Bagʻdodga borib, u yerda ilm majlislari tashkil qilib, talabalarga taʼlim bergan. Olim haqida Ibn Kamol Bosho shunday deydi: “U bilan ijtihod davri tugagan, undan keyin mazhabda ijtihod qiladigan mujtahid qolmagan.” Nasafiy 1310 yilda vafot etgan va Bakiristonning Ayjaz shahrida dafn etilgan[3].

Tadqiqotchilar muallifning asarlari faqat diniy ilmlarga oid boʻlganini quyidagicha izohlaydilar: Mugʻillar davrida hamma soha singari diniy sohada ham inqiroz kuzatildi. Shuning uchun Nasafiy singai olimlar din ilmlarini jonlantirish ehtiyojidan kelib chiqib shunday asarlar taʼlif etganlar. Nasafiyning umumiy hisobda 13 ta ilmiy asari borligi va ularning barchasi bizgacha yetib kelgani aniqlangan. Ulardan 5 tasi fiqhga, 4 tasi kalomga, 3 tasi usulul fiqhga va bittasi tafsirga bagʻishlangan. Bu asarlarning 6 tasi nashr etilgan[4].

Nasafiyning eng mashhur asari “Madorikut tanzil va haqoiqut taʼvil” (Qurʼon mohiyati va taʼvil haqiqatlari)dir. Asar Bazoviy va Zamaxshariyning tafsirlaridan qisqartirib olingan. Lekin muallif “Al-Kashshof”dagi moʻtazila eʼtiqodiga muvofiq masalalarni chiqarib tashlab, uni ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga mos ravishda yozgan. Asarni bosma nusxalari Hindiston, Misr, Turkiyadagi kutubxonalarda mavjud. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondida ushbu moʻtabar tafsirning oʻnlab nusxalari saqlanadi. Hind olimlaridan Muhammad Abdulhaq asarga hoshiya yozgan va 4 jildda Hindistonda bosib chiqarilgan. Asar raʼyga oid tafsir hisoblanib, unda lugʻat imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Qurʼon soʻzlarini ochib berishga harakat qilingan.

Muallifning fiqhiy asari ham tafsiri singari shuhrat qozongan. Aksar mualliflar va xalq orasida “Kanz” deb tanilgan “Kanzud-daqoqiq” (nozik masalalar xazinasi) asari furuʼ masalalariga bagʻishlangan. Asarda Abu Hanifa va uning shogirdlari, Imom Molik, Imom Shofeʼiy singari mujtahidlarning qarashlarini keltirgan. Eʼtiborli jihati shundaki asarda uchraydigan mashhur mujtahidlarning ismlari belgi sifatida berilgan xolos. Masalan, Abu Hanifa “ح”  “ha”, Abu Yusuf “س”  “sin”, “م” imom Muhammad  “mim” kabi harflar bilan berilgan. “Kanzud-daqoqiq” olimlar naznida “Muxtasarul-Quduriy”dan keyingi ikkinchi moʻtabar kitob hisoblanadi. Bu asar Abdulloh ibn Abdurahim tomonidan urdu tiliga, Muhammad ibn Jammod tomonidan esa fors tiliga tarjima qilingan. Asarning qoʻlyozma nusxalari Britaniya (30 ta), Pokiston (1 ta) kutubxonalarida saqlanmoqda. Shuningdek, OʻzR FA SHIda 7 ta qoʻlyozma nusxalari saqlanmoqda. Nasafiyning shuningdek, “Manor” (Usulul-fiqh), “Al-Kafi”, “Al-Musaffa fi sharh al-manzumat an-Nasafiya fil-xilaf” kabi asarlari ham mavjud.

Movarounnahr, xususan Nasaflik olimlar umumislom nazariy mafkurasini rivojlantirishdagi roli beqiyos xizmatlari isbot talab etmaydigan masaladir. Ayniqsa bunda Nasaf faqihlarini alohida taʼkidlash oʻtish lozim. Bu haqda ularning yuzlab asarlarining jahon qoʻlyozma xazinalaridagi minglab nusxalari, eng zamonaviy matbaalarda bu asarlarning qayta-qayta ilmiy nashr etishlari soʻzlashi mumkin.

Oʻz davrida nasaflik olimlar din ilmlarini qaytadan jonlantirishga harakat qildilar. Ularning asarlari nafaqat oʻz davrining masalalariga balki, bugungi kundagi oʻta dolzarb muammolarga ham kalit boʻla oladi. Globallashuv sharoitida dinni niqob qilib olib, mamlakatimiz hududiga turli oqimlarni kirib kelishi kuzatilmoqda. Shunday sharoitda qadimdan Movarounnahrda rivoj topgan hanafiy mazhabini oʻrganish va uning manbalarini tahlil qilish orqali ana shunday oqimlarga qarshi maʼnaviy immunitet hosil qilish ayni maqsadga muvofiq deyish mumkin.   

[1] “Pazda” (بزده) ismli joy manbalarda keltirilishicha, Nasafdan olti farsax uzoqlikdagi mustahkam bir qalʼadir. Qarang: Le Strange G. The Lands of the Eastern Caliphate: Mesopotamia, Persia, and Central Asia from the Muslim Conquest to the time of Timur. – Cambridge, 1930. – B. 471.
[2] Maxsudov. D. Abul-Barakot Nasafiyning tafsir ilmida tutgan oʻrni. Tar.fan.nom….dissert. –T.: 2008. –B. 62.
[3] Obidov R. Oʻrta Osiyo olimlarining tafsir sohasidagi xizmatlari. –T.: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2009.  –B. 21.
 [4] Yusupov J.I. Abul Barakot an-Nasafiy hayoti va ijodi. “Barkamol avlod kelajak poydevori” maqolalar toʻplami. –T.: Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2009. –B 25.
Nurulloxon MUKARAMXONOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita bosh mutaxassisi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …