Home / FOTO LAVHALAR / OʻZBЕKISTON TAJRIBASI EʼTIROF ETILDI

OʻZBЕKISTON TAJRIBASI EʼTIROF ETILDI

Markaziy Osiyo – Islom sanʼati oʻchogʻi” nomli Xalqaro forumi doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tashkil etilgan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” mavzusidagi Xalqaro konferensiyaning I shoʻba yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda mahalliy va xorijiy tashkilotlar, universitetlar, kutubxonalar, ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishda Oʻzbekiston va xorij tajribasi” nomli mazkur shoʻba yigʻilishida mahalliy hamda Turkiya, Qozogʻiston va Tojikiston davlatlaridan 20 nafardan ortiq olim va mutaxassis maʼruza qildi.

Qoʻlyozma kitob va tarixiy hujjatlarni saqlashda muammo hamda yechimlar, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarning qoʻlyozmalar fondlari faoliyati, shaxsiy kolleksiyalardagi tarixiy manbalarning onlayn bazasini yaratish, nodir yozma manbalarni raqamlashtirish, ularning davlat reyestrini yuritish, shuningdek, nodir nashrlarni pasportlashtirishda zararlanishlarni oʻz vaqtida aniqlash kabi masalalar mulohaza va munozaralar mavzusi boʻldi.

Ishtirokchilar tomonidan koʻtarilgan mavzular yuzasidan oʻzbekistonlik olimlar tomonidan toʻplangan ijobiy tajriba eʼtirof etilib, nodir yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish borasida olib borilayotgan ishlarni keng jamoatchilik orasida targʻib etish zarurati alohida taʼkidlandi.

      

Anjuman davomida Turkiyadagi Koch universiteti kutubxonasi direktori Tubo Akbaytyurk Chanak xonim mazkur universitet kutubxonasi qoʻlyozmalarining 2 tomlik katalogini, Turon fanlar akademiyasi prezidenti va akademigi, Germaniyaning Leybnis nomidagi Yevropa tabiiy fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi, Tojikistondagi “Nuri Xoʻjand” nomli Markaziy Osiyo xalq akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor Haydarbek Bobobekov oʻz muallifligida nashr etilgan adabiyotlar toʻplamini, Tojikiston pedagogika institutining ilm va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, tarix fanlari doktori, professor Shodmon Vohidov Roʻdakiy devonining oʻzbekcha tarjimasi, Abulgʻoziy Bahodirxonning “Shajarai turk” asari va koʻplab esdalik sovgʻalarini, Qozogʻiston Qoʻlyozmalar va nodir kitoblar milliy markazi nomidan Omir Toʻyaqbayev Qozogʻistondagi qoʻlyozmalar katalogini, “Maxdumi Aʼzam Dahbediy” fondi rahbari Komilxon Kattayev ilmiy adabiyotlar toʻplamini Markazga sovgʻa qildi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov shoʻba yigʻilishi moderatori IRSIKA Bosh direktori maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Moʻminovga Markaz esdalik sovgʻasini  topshirdi.

Shoʻba yigʻilishi Markazning You tube videoxostingidagi sahifasi hamda ZOOM videokonferensiya platformasi orqali toʻgʻridan toʻgʻri namoyish etildi.

Xalqaro konferensiyaning II shoʻba yigʻilishi ertaga, 3 noyabrda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz olimi – yirik anjumanda

Bugun, 24-aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi …