Home / ALLOMALAR / HAKIM TЕRMIZIYNING FIQH ILMI RIVOJIGA QOʻSHGAN HISSASI

HAKIM TЕRMIZIYNING FIQH ILMI RIVOJIGA QOʻSHGAN HISSASI

Hakim Termiziyning fiqhga oid qarashlarini furuʼ va usul al-fiqh kesimida koʻrib chiqish muhim hisoblanadi. Zero, uning hanafiy fiqhiga oid oʻziga xos qarashlari fiqh ilmi taraqqiyotida munosib oʻrin tutgan.

Termiziy fiqh mavzusiga doir bir qancha kitob va risolalar taʼlif etgan. Ammo uning fiqhga doir asarlari anʼanaviy fiqhiy asarlardan uslub, bayon, maqsad, tarkib jihatidan farq qiladi: birinchidan, uning asarlarida shariat talablari doirasida biror amalni bajarishdan banda oladigan ruhiy-maʼnaviy foydalar tasviriga koʻp urgʻu beriladi, ikkinchidan, ibodatlarning buyurilish sabablari (علل) ochib beriladi; uchinchidan, qilingan amallarni behuda qiladigan maʼnaviy illat va nuqsonlar muolaja qilinadi[1].

Termiziyning fiqhiy asarlari ham tasavvufiy ruhiyat bilan yoʻgʻrilib, ularda maʼnaviy barkamollik va ruhiy kamolot masalalari ustun turadi. Termiziy biror amalni faqatgina zohiran bajarib, undan kutiladigan savoblarnigina emas, balki kishi shu amalni bajarish vaqtida maʼnaviy holatini isloh qilish bilan ulkan yutuqlarga erishishi yoki nosogʻlom maʼnaviyati bilan qilingan amal savobini yoʻqqa chiqarishi mumkinligini misollar bilan oʻz asarlarida tasvirlab beradi.

Uning shunday qarashlari tufayli hozirgi kun islom ulamolari asarlarida “tasavvufiy fiqh” atamasi muomalaga kiritilgan. Jumladan, Misr sobiq muftiysi Ali Jumʼa oʻz maʼruzalarida zohiriy fiqh va tasavvufiy fiqhni farqlagan. Tasavvufiy fiqh oʻz navbatida botiniy fiqhdan boshqa ekanini koʻrsatib bergan. Shuningdek, aynan Hakim Termiziy shu masalani oʻz davrida birinchilardan boʻlib ilmiy asoslab chiqqanligini taʼkidlagan. Masalan, “tahorat” fiqhiy jihatdan muayyan aʼzolarni poklash boʻlsa, sufiyona fiqh nuqtai nazaridan esa, u gunohlardan poklanish bosqichidan boshlanadi[2]. Ali Jumʼa Qohira shahrida Islomshunoslik va arabshunoslik va tasavvuf ilmlari oliy maʼhadida “Tasavvufiy fiqh” fanidan leksiyalar ham oʻqigan.

Tasavvufiy fiqh, yaʼni sharʼiy ahkomlarning sufiyona talqini haqida Hakim Termiziydan keyin Imom Gʻazzoliyning “Ihyo” asarida, Imom Qastaloniyning “Asror as-siyom” asarida muhokama qilingan. Ulardan keyin shu mavzuga murojaat qilganlar ham shu mazmunda oldingilar yoʻlini tutganlar.

Hakim Termiziy “al-Akyos va-l-mugʻtarrun” (Ziyraklar va oʻziga rom boʻlganlar) asarida diniy amallarning ruhiy jihatiga bepisandlarni “oʻziga rom boʻlgan kishilar oʻz ixtiyorlariga ergashib farz amallarning shakligagina qaradilar, beeʼtiborlik bilan maromiga yetkazmadilar”, deya tasvirlab, “bu nafs hiylalari” ekanini taʼkidlaydi. Shuningdek, tahorat olish misolida bu mavzuni batafsil ochib beradi: “Oʻziga rom boʻlgan kishi (mugʻtarr) tahoratini boshlashda Allohning ismidan chalgʻiydi, suv bilan oʻynaydi, suvni koʻp sarflab hammayogʻini hoʻl qilib olib, shu ishi bilan tahoratini mukammal qilmoqchi boʻladi, u tahorat odoblarini chetga surib qoʻyib, suv quyishga koʻproq ahamiyat qaratadi. Koʻngli shundan orom oladi. Allohning buyrugʻini toʻliq bajarganlik hissi uni egallab oladi, oʻz ichida gʻururlana boshlaydi… Vaholanki, Alloh taolo bundaylarni mazammat qiladi: “Dinlarini oʻyin va behuda narsa qilib olgan va bu dunyo hayoti aldab qoʻyganlar” (Anʼom, 70). Bularning bari nafs kirdikorlaridan, qalblarini gunohlari oʻrab olgani va nafslari ularni gʻururga yetaklaganidandir”[3].

Hakim Termiziyga koʻra haqiqiy fiqh – qalb fiqhidir. Dindagi fiqh esa, Allohning moʻmin bandasi qalbiga solgan nurdir. Bu goʻyoki yoʻl koʻrsatuvchi fonusga oʻxshaydi. Alloh qalbini munavvar qilgan faqih haqida Paygʻambar alayhissalom ishora qilganlar: “Alloh bandasiga yaxshilikni xohlasa uni dinda faqih qiladi”[4].

Termiziyning turli masalalar jamlangan qoʻlyozma risolasida “Ilm va fiqh farqiga oid masala” nomli mazkur ikki tushuncha farqlanadi: “Fiqh narsaning oʻzidan boshqa narsaga dalolat qiluvchi maʼnosi orqali bilishdir. Ilm esa unga narsalarning boricha namoyon boʻlishidir. Shuning uchun ham Alloh taolo ilm bilan sifatlanadi, fiqh bilan esa sifatlanmagan va bu narsaning oʻzidan boshqasi dalolat qiluvchi maʼnosi orqali bilishdir. Bu – (ilm va fiqh) uning uchun oʻxshash tushunchalar boʻlsa-da Yaratiqlarni dalolat qilayotgan maʼnosi bilan anglagan kimsa Yaratganni anglashi, dunyoni dalolat qilayotgan maʼnosi bilan anglagan kimsa oxiratni anglashi shundan boʻlmaydimi!? Shu sabab, ilm va fiqh oʻrtasida farq bor, garchi, ikkovi mohiyatan bir maʼnoga ishora qilsa ham. Chunki ilm unga narsalarning boricha namoyon boʻlishidir. Fiqh esa narsani undan boshqa narsa orqali dalillab, xulosa chiqarish orqali anglashdir. Shuning uchun, “Alloh olimdir” deyiladi, “faqih” deyish esa nojoizdir. Chunki, Alloh taolo narsalarning Unga boricha namoyon boʻlganidek biladi (yaʼni qanday boʻlsa, shundayligicha biladi, oʻylab, xulosa chiqarish orqali emas). Shuningdek, Uni hikmat bilan vasf qilish ham joizdir”[5].

Hakim Termiziy hanafiy muhitida voyaga yetib, mazhabdagi usul qoidalarini takomillashtirish boʻyicha ham oʻz takliflarini bergan. Xususan, oʻz muhitida sharʼiy hukmlarning dalillarini oʻrganib, qiyos metodologiyasi boʻyicha oʻz qarashlarini ifoda etgan. Jumladan, “Kitab al-furuq” asarining “Muqoyasa va mushokala farqi” bobida quyidagicha yozadi: “Muqoyasa qilish farosat nuri ila hikmat usullarini koʻra olgan bandaga xos. Qachonki unga farʼiy masalalar olib kelinsa, ularning ar birining aslini (oʻzagini) koʻra oladi. Masala qayerdan chiqib kelganini biladi, uni asl oʻzagiga tomon olib boradi, mana shu “muqoyis”, yaʼni qiyoschidir”. Lugʻatda قاس (oʻlchamoq, taqqoslamoq) va ساق (haydamoq, yubormoq) bir maʼnodadir. Illo ulardan biri bir oʻrinda ikkinchisi boshqa oʻrinda qoʻllanadi. Bu kabi misollar koʻp, masalan مدح va حمد, شكر va كشر, علم va عمل. Inson koʻksidagi ilm uning qalbidagi narsaning alomati, tana aʼzolarining amali esa inson koʻksidagining alomati, demak ikkovi ham alomatdir.

Xuddi shunday قاس va ساق. سائق Saʻiq (haydovchi) oʻz turdoshlaridan ajralib qolgan narsani oʻz asliy manbasiga haydaydi, قائس qois (qiyoslovchi) esa oʻz aslidan ajralib chiqqan farʼiy masalani qiyoslaydi. Bu oʻrinda u oʻz asli va manbasiga begona boʻlib koʻrinadi. Bu xuddiki, tok daraxtiga oʻxshaydi. Chirmashib ketgan novdalarning asosi qayerdan kelayotganini hamma ham koʻra bilmaydi. Shohlar oʻsib chiqqan oʻzakni mushohada qila olmagan, masalani oʻz asliga qaytarishni ham bila olmaydi.

Qiyos – farʼiy masalani asliga qaytarishdir. Bu esa, Alloh bandalariga ato etgan mukammal botiniy hikmat bilan boʻladi, zohiriy hikmat bilan emas”[6].

Hakim Termiziy “al-Akyos va-l-mugʻtarrun” kitobida qiyos masalasiga yana qaytadi. Asarda qiyosni notoʻgʻri ishlatilish holatiga baho beradi: “Ular (ayrim faqihlar) baʼzi masalalarni koʻrib, uni “qiyos” deb nomladilar vaholanki uni buzib, boshqa tomonga burib yubordilar. Aytdilarki, kishi agar namozda takbir (Allohu Akbar) aytmasdan, Allohning biror ismini yoki sifatini aytib qoʻyib boshlasa joiz. Dedilarki, Allohu Ajall, Allohu Aʼzam (bilan namozni boshlasa) barchasi joiz dedilar. Buni qurbonlik va ehrom masalasiga oʻxshatdilar va “mana shu – qiyos” deb daʼvo qildilar. Vaholanki, bularning oʻrtasida katta farq bor. Bu qiyos emas, balki bu mushokala. Qiyos – masalani oʻz asliga qaytarishdir. Kibr Allohga xos, agar banda Allohning amrini bajarmasa koʻnglida kibr paydo boʻladi. Allohning amrini kibrlanib tark etadi… Banda (namozdan oldin) “Allohu akbar” deb, kibr-buyuklikni Allohga nisbat beradi, oʻzidan nari qiladi. Agar Allohu Aʼzam, Allohu Ajall desa ham haq gapni aytgan boʻladi, ammo oʻrnida aytmagan boʻladi… Bir kishi gunoh qilib, “Alhamdulillah” deganidek. Bu gap ham haq, ammo bu joyda istigʻfor aytilishi oʻrinli boʻladi. Agar bu oʻrinda istigʻfor oʻrniga hamd aytsa, tavbasi qabul boʻlmaydi. Namoz bandaning xatolari va yomonliklariga kafforat boʻlishi uchun joriy qilingan. Agar namoz bandaning nafsidagi kibr bilan ado etilsa, u yomonlikka aylanadi”[7].

Hakim Termiziyning “Isbot al-ilal”, “al-Hajj va asroruhu”, “Sabab takbir li-s-solat”, “Sharh as-solat va maqosidiho”, “Kayfiyyat al-vuduʼ”, “al-Masail al-afina” asarlari aynan fiqhiy masalalarga bagʻishlangan boʻlsa, “al-Furuq”, “Bayon al-farq”, “al-Akyos va-l-mugʻtarrun”, “al-Huquq” va boshqa asarlarida boshqa mavzular bilan bogʻliqlikda koʻrib chiqilgan.

Hozirgi kunda Hakim Termiziyning “maqosid ash-sharia” mavzusiga doir fikrlari tobora dolzarblik kasb etib bormoqda. Maqosidiy qarashlar bugungi kunda “vasatiya” – dinda oʻrtamiyonalik tamoyilini yoyishda muhim oʻrin tutadi. Maqosid ash-sharia – islom hukmlari ortida turgan hikmat, maqsadlar, gʻoyalar, sabablarni bayon qiladi. Islom fiqhi nazariyotchilarga koʻra, “maqosid ash-sharia” – insoniyat manfaatini ifoda etishdir[8]. Hakim Termiziyning “Sharh as-solat va maqosidiha” kitobi bu boradagi ilk asar boʻlgan edi[9]. Quyidagi boshqa asarlari Termiziyning ilk tizimli “maqosidiy faqih” boʻlganini tasdiqlaydi: “al-Haj va asroruhu”, “Sabab at-takbir fi-s-sola”, “Ilal ash-sharia”.

“Isbot al-ilal” kitobida Termiziyning maqosidiy qarashlari yaqqol namoyon boʻladi. Garchi Termiziy “maqsad” soʻzini koʻp qoʻllamasa ham, aynan shu maʼnoni beruvchi “asror”, “qasd” kabi soʻzlardan unumli foydalanadi. Termiziyning “Isbot al-ilal” kitobini yozishidan maqsadi quyidagilarda namoyon boʻladi: birinchidan, dindagi har bir hukmning maqsadi, sababi (illat), hikmati boʻladi va albatta inson ularni anglab yeta oladi, shuni tushuntirish; ikkinchidan, aynan qaysi illat – sabab u yoki bu hukm (amr va nahy) orqasida turganini amaliy koʻrsatib berish[10]. Termiziy hukmlarning illatini bilishda quyidagi asoslarga tayanadi: 1) lugʻaviy, 2) naqliy, 3) zavq-irfoniy[11] hamda 4) mantiqiy-izchillik usuli.

Termiziyning shariat maqsadlari haqidagi qarashlari keyingi davrlarda shu yoʻnalishda ijod qilgan musulmon ulamolariga turtki bergan: Moturidiy, Shoshiy, Imom Juvayniy, Gʻazzoliy, Izzuddin Abdussalom, Qarofiy, Shotibiy va boshqalar. Islomning zamon bilan hamnafas boʻlishi, xalqaro huquqiy meʼyorlar bilan mutanosibligi, biryoqlama qarashlar chegarasida cheklanib qolmasligi uchun hukmlarning maqsadiga eʼtibor berish orqali tatbiq etish gʻoyasi hozirda har qachongidan koʻra dolzarblik kasb etmoqda. Hakim Termiziy ilk nazariy asoslarini qoʻyib bergan maqosid ash-sharia tushunchasi islomni yangilash, modernizatsiya qilishga intilayotgan bugungi kun musulmon olimlarining asosiy qurol-vositasi boʻlib qolmoqda.

Ibrohim USMONOV,
t.f.n., dotsenti
OʻzFA SHI doktoranti
[1] Qarang: Juyushiy M. Al-Hakim at-Termiziy: dirosa li osorihi va afkorihi. – Qohira: Dar an-Nahda al-arabiyya, 1981. – B. 179.
[2] Ali Jumʼa. Muhadorat fi-l-fiqh as-sufiy li-l-ahkam ash-sharʼiyya al-amaliyya. –Qohira: Akademiya ashiyra muhammadiya, 2006. – B.50-58.
[3] Al-Hakim at-Termiziy. Al-Akyos va-l-mugʻtarrun. – Qohira: Maktab saqofiy, 1989. – B. 37.
[4] Al-Hakim at-Termiziy. Bayon al-farq / Yusuf Marʼiy nashri. – Ammon: Muassasa Oli al-bayt, 2009. – B.30
[5] Al-Hakim at-Termiziy. Masalalar toʻplami. – Leypsig, qoʻlyozma, № 212. – V. 65b-66a. (Z.Faxruddinov tarj.)
[6] Al-Hakim at-Termiziy. Furuq va manʼ at-taroduf. Ajuza: Maktaba Iman, 2005. – B. 259
[7] Al-Hakim at-Termiziy. Al-Akyos va-l-mugʻtarrun. – Qohira: Maktab saqofiy, 1989. – B. 105-106.
[8] Jaser Avda. Maqosid ash-sharia ka-falsafa li-t-tashriʼ al-islamiy. London, Vashington: The international Institute of Islamic Thought, 2011. –B.30.
[9] Qarang: Jaser Avda. Maqosid ash-sharia: dalil li-l-mubtadiin. London, Vashington: The international Institute of Islamic Thought, 2011. –B.37.
[10] Nicholas Heer. Al-Ḥakīm al-Tirmidhīʻs Kitāb Ithbāt al-ʻIlal. 1960. A paper read at the 1960 annual meeting of the American Oriental Society held in New Haven, Connecticut.
[11] Zahriy X. Hakim Termiziyning “Isbot al-ilal” asari nashrining kirish qismi. – Rabot: Kulliyat al-adab va-l-ulum al-ijtimaiyya, 1998. – B. 48.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …