Home / MAQOLALAR / HIJRATNING II ASRIDA SUNNATNING HOLATI

HIJRATNING II ASRIDA SUNNATNING HOLATI

Hijriy II asr ikki avlod davrini oʻz ichiga oladi. Birinchisi 140/757 yildan keyin yashagan kichik tobeinlardir. Bilamizki, tobeinlar sahobalardan keyingi eng yaxshi avlod boʻlgan. Odamlarga shariatni toʻliq yetkazishga nihoyatda qattiq eʼtibor qaratgan. Sunnatni ishonchli va adolatli rivoyatlardan olishni, sunnati nabaviyaning pok, sof ekanini isbotlashni oʻz oldiga vazifa qilib qoʻygan. Bu avlod odamlarni sunnatga amal qilishga, yodlashga, yozib olishga, rivoyati va tinglanishida bardavom boʻlishga undagan.

Ikkinchisi esa, ummatga sunnatni rivoyat va dinni naql qilgan uchinchi halqa tabaa tobeinlardir. Mana shu avlod bidʼat va havoi nafs yoʻlida oʻzini olim hisoblaganlarni fosh etib, islom sivilizatsiyasining rivojlanish jarayoniga katta taʼsir koʻrsatgan. Shu asr oʻrtalarida sunnat va roviylarga qarshi chiqqan bidʼatchi zindiqlar eng yuqori choʻqqiga chiqqandi. Bu avlod oʻshalarning yolgʻon toʻqimalarini ajratib, dinni himoya qilgan. Hatto xalifa Mahdiy oʻz odamlaridan birini ularning xabarlarini kuzatish uchun xufya tarzda zindiqlar orasiga kiritgan. Lekin ular shunchalik koʻpaygan ediki, hatto kuzatishga tayinlangan odam ham pirovardida bidʼatchi zindiq boʻlib chiqardi.

Mana shunday tubanlik davrida bu avlodning imomu ulamolari bulgʻangan har bir narsadan sunnatni himoya qilishda faollik koʻrsatgan. Shuningdek, sunnatni keng qamrovli tartiblash va boʻlimlarga ajratishni boshlagan. Hadislarni tekshiruvlardan oʻtkazib, qogʻozlarga bitib jamlagan. Garchi sanadni surishtirish sahobalar asrining oxiri va katta tobeinlar davrida boshlangan boʻlsa-da, “ilmi rijol” (roviylarni bilish ilmi) ayni shu paytda paydo boʻlgan va rivojlangan. Bu avlod hadislarni bob va fasllarga ajratib tartibga solishda kashshof boʻlgani kabi ilmi rijolni tasnif etishda ham peshqadam boʻlgan. Roviylar tarixi haqida yoza boshlagan. Shu bitiklarni birinchilardan boʻlib Lays ibn Saʼd (vaf. 174/790 y.), Abdulloh ibn Muborak (vaf. 181/797 y.), Zamra ibn Robia (vaf. 202/817 y.), Fazl ibn Dukayn (vaf. 218/833 y.) kabi allomalar tasnif etgan.

Shu avlod vakillari roviylarning buyuk bilimdonlari boʻlib, pok sunnat ilmlarining asoschilari hisoblanadi. Molik (vaf. 179/797 y.), Shofeiy (vaf. 204/820 y.), Savriy (vaf. 161/778 y.), Avzoiy (vaf. 157/774 y.), Shuʼba (vaf. 160/777 y.), Ibn Muborak, Ibrohim Fazoriy (vaf. 188/804 y.), Ibn Uyayna (vaf. 198/814 y.), Ibn Mahdiy (vaf. 198/814 y.), Vakiʼ (vaf. 196/812 y.) kabi allomalar shular jumlasiga kiradi.

Ushbu asrdagi hadislarning yozilishini uch shaklga boʻlib oʻrganish mumkin. Birinchisida yozishning rivojlanishi boʻlib, bunda hadislarning tasnifida tartiblash va boblarga ajratish ustuvor boʻlgan. Shuningdek, bu davrda yozilgan kitoblarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan bir qatorda, sahobalarning soʻzlari va tobeinlarning fatvolari ham jamlangan. Bundan avvalgi sahifalarda faqat nabaviy hadislar boʻlgan, xolos.

Bu asrdagi yozish usuli shundan iborat boʻlganki, bir-biriga mutanosib hadislar bitta umumiy bobga jamlangan, soʻng kitobga tartib bilan joylangan. Asarlarning asosi sahoba va tobeinlar davridagi sahifalarga yozilgan hadislardan, shuningdek, sahobalarning ogʻizdan-ogʻizga yetib kelgan soʻzlari, tobeinlarning fatvolaridan tashkil topgan. Bu bitiklar “muvatto”, “musannaf”, “jomiʼ”, “sunan” kabi kategoriyalarga boʻlingan.

Ikkinchi oʻrganiladigan jihati hadis asarlarini tasnif etgan mashhur allomalar boʻlib, ayrimlarining nomlari yuqorida keltirildi.

Uchinchisi shu davrda tasnif etilgan har xil asarni qisqacha oʻrganishdan iborat. Namuna sifatida Imom Molikning “Muvatto”sini olsak. Oʻz zamonasining imomi boʻlgan Abu Abdulloh Molik ibn Anas Asbahiyni tarixchi Imom Zahabiy hofiz, imom, ummat faqihi va shayxulislom kabi sifatlar bilan ulugʻlagan.

Asarning “Muvatto” deb nomlanishiga ikkita sabab koʻrsatish mumkin. “Vataʼa” soʻzi lugʻatda bosish, tepsash, tekislash, tayyorlash, kelishib olish kabi maʼnolarni bildiradi. Birinchidan hadislarni oddiy odamlar tushunadigan qilib ommalashtirgani uchun, ikkinchidan Madina ulamolari Imom Molik bilan oʻzaro kelishgan, yaʼni fikri bir joydan chiqqani bois shunday nom berilgan. Bu haqda Imom Molikning oʻzi kitobini madinalik yetmishta faqihga koʻrsatgani, barchasi uni maʼqullagani va “osonlashtirilgan” maʼnosida “Muvatto” deb nom berganini aytgan.

Asardan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari, sahobalarning soʻzlari va tobeinlarning fatvolari oʻrin olgan. Muallif ularni yuz ming rivoyat orasidan tanlab olgan. Yahyo ibn Yahyo Andalusiyning rivoyatiga koʻra, asarda jami 853ta hadis keltirilgan.

Abu Bakr Abhariyning bildirishicha, Imom Molikning “Muvatto”sida 1720ta hadis boʻlib, shundan 600tasi musnad – sanadi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga koʻtarib yetkazilgan xabar, 222tasi mursal – sanadining oxirida tobeindan keyin biror roviy tushib qolgan hadis, 613tasi mavquf – sahobiyga izofa berilgan soʻz, yo feʼl, yo taqrir va 285tasi tobeinlarning soʻzlaridir.

Koʻrinib turibdiki, turli manbalarda “Muvatto”dagi hadislar soni keskin farqlanadi. Buning sababi Imom Molik asarni qirq yil davomida saralab, takomillashtirib borganidir. Kitobni kimdir oldingi nusxasini, kimdir keyingi nusxasini oʻqigan boʻlishi mumkin. Oʻsha kezlari kitobning hajmi hozirgi davrdagisiga qaraganda ancha katta boʻlgan.

Imom Shofeiy: “Muvatto” Allohning Kitobidan keyingi eng sahih asar”, degan. Allohning Kitobidan keyingi eng sahih kitoblar Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih”lari ekani haqidagi keyingi ulamolarning soʻzlari bilan bu gap oʻrtasida hech qanday ziddiyat yoʻq, albatta. Chunki Imom Shofeiyning soʻzi “Sahihul Buxoriy” va “Sahihi Muslim” vujudga kelishidan oldin aytilgan. Yuqorida koʻrsatilganidek, Imom Shofeiy 204/820 yilda vafot etgan. Bu vaqtda Imom Buxoriy hali oʻn yoshga ham toʻlmagan boʻlgan. Imom Muslim esa 204/820 yili tavallud topgan.

Baʼzi allomalar “Muvatto”ni “Sihohi sitta” (“Olti sahih kitob”)ning oltinchisiga munosib koʻrgan. Jumladan, buni Razin ibn Muoviya Saraqustiy (vaf. 353/964 y.) “Al-Jamʼu baynal kutubis sitta” va Majd ibn Asir (vaf. 606/1209 y.) “Jomiʼul usul” asarlarida taʼkidlab oʻtgan. Ammo keyingi ulamolar asarni “Kutubi tisʼa” (“Toʻqqiz kitob”) deb ataluvchi eng ishonchli hadis toʻplamlari qatoriga kiritgan.  

Shunday qilib, hijratning ikkinchi asrida hadis kitoblari yozilib, hadis toʻplamlari tuzilgan. Shuningdek, hadis ilmlari shariatning qimmatli manbasiga aylangan.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …