Home / ALLOMALAR / IMOM SULAYMON JAMZURIYNING HAYOTI VA FAOLIYATI

IMOM SULAYMON JAMZURIYNING HAYOTI VA FAOLIYATI

Toʻliq ismi Shayx Sulaymon ibn Husayn ibn Muhammad ibn Shalabiy al-Jamzuriy. Afandiya kunyasi bilan mashhur boʻlgan bu kishi 1160-hijriy yillar (1747- milodiy) robiʼul avval oyida Jamzur shahrida ziyoli oilada duyoga kelgan. Jamzur shahri hozirgi kunda Misrning Tonto shahridan 7-8 km uzoqlikda joylashgan.

Hijriy XII asrning eng katta Qurʼon ulamolaridan biri boʻlgan bu olim shofeʼiy mazhabiga mansub boʻlgan. Boshlangʻich ilmlarni oʻz qishlogʻida oldi. U kishi avval fiqh ilmi bilan shugʻullanib keyin Qurʼon ilmiga kirishgan va koʻplab shayx ustozlardan taʼlim olgan.

Ulardan biri Nuriddin Aliy ibn Umar ibn Hamd ibn Umar ibn Najiy ibn Faniysh Al-Miyhiy boʻlib, 1139 – 1204 yillarda yashagan. Mazkur shayx Azhar universitetida bir muddat ilm bilan mashgʻul boʻlib Tandata (hozirgi kunda Tanta)ga koʻchib kelgan va tolibi ilmlarga Qurʼon hamda tajvid ilmidan dars bera boshlagan. Shayx Jamzuriy mazkur ilmlarni aynan shu zotdan olgan. Demak, Shayx Miyhiyni Sulaymon Jamzuriyning xos ustozi deb atasak mubolagʻa boʻlmaydi. Jamzuriyning ustozlaridan yana biri  shayx Muhammad Abu Najo Mujohid boʻlib, Ahmadiy nomi bilan mashhurdir. Bu kishi ham hijriy XII asrning mashhur Qurʼon ulamolaridandir. Aynan Shayx Mujohid Sulaymon Jamzuriyga “Afandiy”[1] deb murojaat qilgan. Shundan keyin Afandiy nomi Sulaymonning kunyasiga aylangan.

Shayx Sulaymon Jamzuriy yillar davomida koʻplab shogirdlar yetishtirish bilan bir qatorda ilmiy asarlar ham bitdi. U qiroat va tajvid ilmida yirik ulamolardan sanalishiga qaramay, bolalarga dars berishni yaxshi koʻrgan va ularga alohida dars halqalarini tashkil etdi. 

Shayx Sulaymon Jamzuriy koʻplab asar va manzumalar taʼlif etgan boʻlib ulardan eng mashhurlari quyidagilardir:

  1. “Tuhfatul-atfol val-gʻilmon fi tajvidil-Qurʼon”

 Mazkur asar nazm yaʼni, sheʼriy baytlardan iborat boʻlib,  oltmish bir baytni oʻz ichiga oladi. Shayx Jamzuriy bu asarda Ustozi Nuriddin Miyhiydan oʻrgangan ayrim tilovat va tajvid hukmlarini bayon etgan. Bu asar haqida keyinroq batafsil maʼlumot beramiz.

  1. “Fathul-aqfol bisharhi tuhfatil-atfol”.

               Bu asar Tuhfatul-atfol kitobiga yozilgan sharh hisoblanadi. “Fathul aqfol bisharhi tuhfatil atfol”, “Tuhfatul-atfol fi tajvidil-Qurʼon” ning muallifi Shayx Sulaymon Jamzuriy. Ushbu asarning muqaddimasida Shayx Jamzuriy rahimahulloh shunday deydi: “Ushbu asrning asl manbai sifatida ustozim Nuriddin Mihiyning oʻgʻli Muhammad Mihiyning sharhini tanladim. Xos va omma bu sharhdan teng foyda olishlari uchun qoidalarni oʻzini keltirishga cheklandim. Bu sharhda qaysi maʼlumotlarni tashlab ketgan boʻlsam, u sharh (Muhammad Mihiyning sharhi) suyanib tark qildim (yaʼni, bu asarda keltirilmagan maʼlumotlarni uning asli boʻlmish ustozimning farzandini sharhidan topasizlar)…”. Sababi Muhammad Mihiy “Fathul malik al mutaʼoliy bisharhi tuhfatil atfol” nomli sharhida tajvid qoidalarini keng va mufassal keltirgan edi.

  1. “Nazm-u kanz al-maʼoniy bitahriri hirz al-amoniy”.

               Ushbu asar yetti qiroat va tajvid ilmi borasida Shayx Shotibiy tomonidan yozilgan eng mashhur va eʼtirof etilgan «Hirz al-amoniy va

vajh at-tahoniy» asarining nazmiy sharhi hisoblanadi;

  1. “Al-fath ar-rahmoniy sharh kanz al-maʼoniy bitahriri hirz al-amoniy”. Yuqoridagi asarning sharhi;
  2. “Manzuma fiy rivaya al-imam varsh”

               Yetti mutavotir qiroatning birinchisi, Nofeʼ al-Madaniyning roviysi Varsh rivoyatining qoidalari haqida yozilgan;

  1. “Jamiʼ al-masarro fiy shavahid ash-Shotibiyya va ad-Durra”

               Shayx Shotibiyning yettita mutavotir qiroat borasidagi “Hirz al amoniy va vajh at-tahoniy” asari va Shayx Jazariyning uchta mutavotir qiroat borasidagi “Ad-durra al-muziyya fil-qiroat as-salas al-mutammima lil-Bashr al-murziyya” asarlarining sharhi;

  1. “Ad-durr al-manzum fiy uzr al-maʼmum”. Fiqh borasida yozilgan asar;
  2. “At-toroz al-markum bisharh ad-durr al-manzum”. Yuqoridagi fiqhiy asarning sharhi.

Shayx Sulaymon Jamzuriy tom maʼnoda haqiqiy olim boʻlgan. Taxminlarga koʻra u kishi uzoq umr kechirmagan. Biroq shu fursat ichida juda ham koʻp asarlarning muallifiga aylangan. Ular asosan tilovat, tajvid hamda fiqhga oid boʻlgan. Shayx yozgan asarlarning koʻp qismi nazm shaklida ekanligi olimning sheʼriyatda ham mohir boʻlganini bildiradi.

Shayx Sulaymon Jamzuriyning qachon vafot etgani aniq maʼlum emas. Lekin, 1209- hijriy (1795-milodiy) yillarda ham hayot boʻlganligi manbalarda keltiriladi. Sababi, u kishi oʻzining “Al-fath  ar-rohmaniy sharhi kanz al-maoniy bitahriri hirz al-amaniy” asarini aynan shu yili taʼlif etib tugatgan. Shayx Ayman Said esa: “Imom Jamzuriy hijriy 1213-yil, milodiy 1799 yilda tirik boʻlgan” degan va ushbu gapni Jamzuriyning “Jamiʼ al-masarro fiy shavahid ash-Shotibiyya va ad-Durra” asariga nisbat bergan. Shuningdek, Shayx Ilyos Barmoviy “Imtoʼ al-fuzalo bitarojim al-kurro” kitobida shu fikrga toʻxtalgan.

Boshqa baʼzi tadqiqotchilar, xususan Abul Vafo Nasr al-Huriniy “Al-matoliʼ an-nasriyya” asarida hijriy 1227 yil, milodiy 1812 yilda Tontodagi “Ahmadiy” masjidida Shayx Jamzuriy rohimahullohning darslarida hozir boʻlganini aytgan. Shunga asoslanib baʼzilar ushbu sanada Shayx Jamzuriy rohimahulloh hayot boʻlgan deyishadi.

Xulosa shuki, Shayx Sulaymon Jamzuriy rahmatullohi alayhning vafot etgan yili haqida aniq maʼlumot yoʻq.

Alloh taolo u zotdan rozi boʻlib, keng jannatlariga doxil aylasin.

[1]  Turk tiliga oid. Hurmat va ehtiromni ifodalaydi
Xusnora MIRAXMADOVA,
Jahongir Ubaydullohning “Qiroat va tajvid fanidan qoʻllanma” kitobi asosida tayyorlandi.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …