Home / YANGILIKLAR / BMT 77 YOSHDA

BMT 77 YOSHDA

“Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va
shaytonning izidan ergashmangiz!
Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.
Qurʼoni Karim Baqara surasi 208 oyat

 Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlarning va millatlarning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan gʻalaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.

1971 yilda BMT Bosh Assambleyasi oʻz rezolyutsiyasida aʼzo davlatlarga bu kunni bayram sifatida nishonlashni tavsiya qilgan.

BMT Ustavida koʻrsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tenghuquqli boʻlishi va oʻz taqdirini oʻzi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar oʻrtasida doʻstlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar oʻrtasida hamkorlik boʻlishini taʼminlashni koʻzda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uygʻunlashtirib turadigan markazi hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topishi bilan inson va shaxs huquqlarini himoya qilishni xalqaro huquqiy tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratildi va BMT Ustavida taʼkidlanganidek: Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy huquqlariga, inson shaxsining qadr qimmatiga, erkak va ayollarning teng huquqlariga va katta-kichik millatlar huquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror toptirishga qatʼiy ahd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini taʼsis qilishga rozilik berdik!

Ayni mahalda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar “Barcha davlatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirish uchun taʼminlash uchun zarur boʻlgan tinchlik adovat va farovonlikning muhim ahamiyati hisoblanadigan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining hurmat qilinishi va ularning yalpi ahamiyatini tan olish” majburiyatini oʻz zimmalariga oldilar.

BMT Ustavi barcha davlatlar rioya etilishi shart boʻlgan yagona xalqaro hujjatdir.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan soʻng – 1992 yilning 2 martida BMTga aʼzo boʻldi.

Bugungi kunda yer yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud boʻlib, ulardan 193 tasi BMTga aʼzo boʻlgan. Dunyodagi eng nufuzli tashkilot boʻlmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga samoga koʻtarilgan. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkilot taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili xamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (Nyu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.

Oʻzbekiston Respublikasi BMTning tenghuquqli aʼzosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qatʼiy amal qilib kelmoqda.

Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan soʻng qoʻshilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjat boʻldi va u tufayli Oʻzbekiston BMTning tegishli konvensiyaviy organlariga oʻzining davriy milliy maʼruzalarini muntazam ravishda taqdim etish orqali inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni izchillik bilan va qatʼiy ravishda bajarib kelmoqda. Ularning tavsiyalarini bajarishda muhtaram Prezidentimizni rahnamoliklarida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolikning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va bevosita fuqarolarning oʻzlari ham ishtirok etmoqdalar. Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilishni taʼminlaydigan milliy qonunchilik meʼyorlarida oʻz ifodasini topgan.

1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasini eʼlon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy huquqlari ilk bor oʻz ifodasini topgan ushbu hujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jahondagi eng koʻp tarjima qilinadigan hujjat hisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur hujjat koʻplab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna boʻlib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik haqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi”, – deb tarifladi BMTning Bosh kotibi.

Ushbu deklaratsiya mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro hujjatdir.

1991 yil 30 sentyabr. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikki boʻlimi mazkur deklaratsiya talablariga toʻla mos boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega boʻlishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqesidan qatʼiy nazar, qonun oldida tengligi taʼminlangan. Respublikamizda inson huquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro meʼyorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.

BMT Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yoʻl-yoʻrigʻi dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qoʻshib ochib berildi. Hamda Oʻzbekistonning keng koʻlamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.

Hammamizning xabarimiz bor, muhtaram Prezidentimiz oʻz nutqlarida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar.

Davlatimiz Rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72­-sessiyasida jahonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil Oʻzbekiston tashqi siyosatining maʼnaviy yoʻnalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, hurriyat, oʻz imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida oʻz taraqqiyot yoʻliga ega boʻlishligini taʼkidlab, bayon qildilar.

Shuningdek,  davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga daʼvat etishini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Jumladan, muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: “Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qoʻllab-quvvatlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.

BMT har bir insonni huquqlarini qoʻllab-quvvatlash, kengaytirish va himoya qilish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “umumjahon parlamenti” sifatida kalendarning maʼlum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur boʻlgan masalalarga bagʻishlab qoʻygan.

“Dinlararo bagʻrikenglik haftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Xalqaro ijtimoiy adolat kuni”, “Xalqaro ona tili kuni” fevral oyida. Mart oyida “Kamsitishga nol kuni”, “Xalqaro yovvoyi tabiat”, “Xalqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik haftasi”, “Xalqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro inson huquqlari poymol boʻlishida haqiqatni oʻrnatish kuni”. Aprel oyida “xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yoʻlida kuni”, “Yoʻl harakatlarida sodir etilgan hodisalarda halok oʻlganlarni xotirlash kuni”, iyun oyida “Xalqaro atrof muhitni muhofaza qilish kuni”, “Xalqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro muruvvat kuni”, sentyabr oyida “Xalqaro tinchlik kuni” boʻlib deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini yengillashtirishda, baʼzi muammolarni yechilishida oʻz samarasini bermoqda.

BMT oʻz taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va yer yuzining barcha mintaqalarida BMTning koʻplab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkilotining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham yer yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yoʻgʻirilgan.

BMT Ustavida taʼkidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda Oʻzbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror. Jannatmakon yurtimizni tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahnamoliklarida  hukumatimiz, Diniy idoramiz rahbariyati tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiliklarida mehnatkash xalqimiz koʻp ishlarni amalga oshirdi va shu olijanob islohotlar hali hamon bajarilib kelinmoqda… Bunga dunyo tan bermoqda… 

Ibrohimjon domla INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …