Home / FOTO LAVHALAR / OKSFORDDAGI BUXORO HAQIDA BILASIZMI?

OKSFORDDAGI BUXORO HAQIDA BILASIZMI?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Butun dunyoga mashhur boʻlgan Angliyaning Oksford universiteti 1096 yilda tashkil etilgan boʻlib, qadimiy universitetlardan biri hisoblanadi. Universitetda toʻrtta akademik boʻlim, 36 ta kollej va uchta hamjamiyati mavjud. Universitet tarkibida bogʻlar, kutubxonalar va muzeylar barpo etilgan. Bu uch turli maskanlar GLAM nomi bilan mashhur boʻlib, dunyodagi eng katta universitet toʻplamlaridan birini tashkil qiladi. Yaʼni, Gardens, Libraries And Museums – GLAM. 

Universitetning Oxford University Press nashriyoti ham bugungi kunda keng koʻlamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu nashriyot har yili dunyo boʻylab yuzdan ortiq tillarda minglab kitoblarni katta adadda chop qilib kelmoqda. 


Shu bilan bir qatorda Universitetning Oksford Islom tadqiqotlari markazi alohida ahamiyatga ega. Bu tadqiqot markaziga 1985 yilda asos solingan. 


1991 yilda qirol Charlz III (oʻsha paytda Uels shahzodasi) uning homiysi boʻldi. Bu roʻyxatdan oʻtgan taʼlim dargohi xayriya tashkiloti hisoblanadi. 2012 yilda qirolicha Yelizaveta II tomonidan unga Qirollik Xartiyasi maqomi berilgan. Markaz boshqaruvini butun dunyo olimlari va davlat arboblari hamda Kengash tomonidan tavsiya etilgan Oksford universiteti vakillaridan iborat Vasiylik kengashi boshqaradi.

Markaz Islom madaniyati va sivilizatsiyasining barcha jabhalarini hamda zamonaviy musulmon jamiyatlarini koʻp tarmoqli jihatlarini oʻrganishga yoʻnaltirilgan. Markazning koʻplab aʼzolari Universitetning turli boʻlimlari va fakultetlari kollejlarda faol ishtirok etib keladi. Koʻplab talabalar va katta ilmiy xodimlar markazning stipendiyalar va tashrif stipendiyalari dasturlari orqali yillar davomida Oksfordga kelib taʼlim olib kelishmoqda. Markazda oʻquv yili davomida maʼruzalar, seminarlar, mahorat darslari, konferensiyalar, koʻrgazmalar va boshqa akademik tadbirlar oʻtkazib kelinadi. 
1993 yil Uels shahzodasi tomonidan tashkil qilingan dasturda koʻpgina taniqli davlat arboblari va olimlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etganlar. Maʼruzachilar orasida davlat va hukumat rahbarlari, musulmon dunyosidagi va undan tashqaridagi xalqaro miqyosdagi taniqli olimlar, BMT, IHT, Arab Ligasi, YUNЕSKO va Hamdoʻstlik kabi xalqaro tashkilotlarning bosh kotiblari nutq soʻzlashgan.  
Markaz avval Sent-Kross yoʻlidagi oddiy binoda faoliyatini boshlagan boʻlsa, keyinchalik 2016-2017 oʻquv yiliga kelib alohida binoga koʻchib oʻtdi.


Markazning yangi binosida zamonaviy oʻquv jihozlari, anjumanlar saroyi, seminar va oʻquv xonalari, koʻrgazmalar maydoni, kutubxona, markaz xodimlari uchun ofislar, ovqatlanish zali va talabalar uchun yotoqxonalar hozirlangan. 


Koʻrgazmalar maydonida Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qabrlari ustiga yopiladigan matodan bir boʻlak va Kabaning eshik qismiga oʻraladigan kabapoʻsh ham joy olgan.

Eʼtiborga molik boʻlgan jihati shundaki, markazning kutubxonasiga Buxoro nomi berilgan boʻlib, u yerda turli tillardagi yuzlab kitoblar oʻrin olgan. 

 Shuningdek markazda besh vaqt namoz ibodatini ado etish uchun ham masjid barpo etilgan.

Qirol Charlz III markaz haqida quyidagilarni aytadi: “Oksford Islom tadqiqotlari markazi Islom dunyosi haqidagi tushunchamizni targʻib qilish va yaxshilash uchun juda koʻp ishlarni amalga oshirdi. Bu jarayon hayotimiz davomida katta ahamiyatga ega. Islom va Gʻarb oʻrtasidagi munosabatlar bugun har qachongidan ham muhimroqdir”.

Manba: islom.uz

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …