Home / MAQOLALAR / ILMIY IJODDA INTUITSIYAGA BOʻLGAN MUNOSABAT

ILMIY IJODDA INTUITSIYAGA BOʻLGAN MUNOSABAT

Intuitsiya ratsional va irratsional tafakkur, ijod, xususan, “badiiy va ilmiy ijod”, “aql”, “xotira”, “tasavvur”, “diqqat”, “fahm-farosat”, “onglilik”, “ongsizlik”, “ong osti sohasi” va “instinkt” kabilar bilan dialektik bogʻliqlikdagi muhim tushunchadir. Intuitsiya, intuitiv bilish va tafakkur insonning nafaqat hissiy va aqliy bilish qobiliyati, balki ruhiyati bilan ham bevosita bogʻliq murakkab, serqirra va yaxlit bilish jarayoni hisoblanadi. U lotincha “intueri” soʻzidan olingan boʻlib, diqqat bilan qarash (fahm-farosat), degan maʼnoni bildiradi.

Intellektual intuitsiya aqlning hodisalarning mohiyatini bevosita anglab yetishidir. Intuitsiya insayt, mushohada, mashaqqatli ilmiy izlanish, yangi dalillarni topish va ularni ilmiy gipotezalar, tizimlar, nazariyalar va qonunlarda ratsional, mantiqiy diskursiv anglab yetishdir. Intuitiv bilish bu kishining biror bir narsa yoki hodisa haqida muayyan tasavvurlarga, bilimlarga ega boʻlishi va fikrini maʼlum muammo yoki masalani yechishga yoʻnaltirgan va shu asosda oʻz fikrini rivojlantirayotgan paytda roʻy beradigan jarayon.

Olimlarning qayd etishicha, intuitiv bilish bu hissiy va mantiqiy bilishdan farq qilib, oʻz tabiatiga koʻra hech bir vositasiz, hissiy idroksiz va mantiqiy muhokamasiz biror tasavvur yoki fikrning birdaniga, kutilmaganda tugʻilishidir. Intuitsiyani oʻrganish ilmiy bilishda hozirgi zamon konsepsiyasining yangi qirralarini ochish imkonini beruvchi bilimlarni hosil qilishda muhimdir. Falsafa tarixida intuitsiya Rene Dekartning intellektual intuitsiya gʻoyasi, Benidekt Spinozaning universal zaruratni anglash va bilishning asosi, I.Fixtening ichki harakat mahsuli irratsional bilish tarzi sifatida ifodalangani koʻrsatilgan. A.Shopengauer intuitsiyani “farosat” tushunchasi bilan bogʻlagan. Foma Akvinskiy uni aql va eʼtiqod, fan va dinning uygʻunligi, Zigmund Freyd esa ongsizlikning ijoddagi ifodasi sifatida tushungan. F.Nisshe “irratsionallik” tushunchasini “axloq” tushunchasi bilan bogʻlab quyidagicha tushuntirgan: “Axloq insondan ajralmagan, u yer yuzidan 20 ming metr balandlikda parvoz etuvchi ruh. Yangi hikmatlar aynan qalbda boʻladi” [1:34-35]. G.Zimmel intuitsiyani tariflashda “hayotdan afzal”, “hayotdan muhim” tushunchalaridan foydalanadi. Hayotning birinchi darajasi – tabiat, oila, jamiyat koʻrinishida, ikkinchisi (oliy ruh) esa madaniyatning turlari sifatida namoyon boʻladi [2:34].

Fransuz faylasufi A.Bergson oʻzining “Ongning bevosita maʼlumotlari” nomli asarida mantiqiylik va intuitivlik bilishning bir-birini toʻldiruvchi maxsus vositalari ekanini, ularni umumiy ijodiy jarayonning oʻzaro bogʻliq tomonlari sifatida tushunish va talqin etish lozimligini taʼkidlaydi [3:210] va intuitsiyani oʻrganishni falsafaning vazifasi deb hisoblaydi.

A.Bergson oʻzining materiya va xotira asarida yuqori darajadagi intuitsiya shaklini spontan obrazli fikr yuritish qobiliyati deb ataydi. U spontan obrazli fikr yuritish qobiliyatini tafakkurdan ajratadi va kosmik darajadagi ruhiy energiya shakli deb hisoblaydi. Yuqorida aytganimizdek, bu his-tuygʻuga ruhiy muhabbat xosdir. Bu tuygʻu orqali inson tabiatdagi barcha mavjudotlarni his qilishi va ulardagi hayotiy kuch-quvvatga sherik boʻlishi mumkin. Bergsonning taʼkidlashicha, insonning tabiatdan begonalashuvi uning intuitiv his tuygʻusini soʻndirib bormoqda. Faqatgina insonning hayoti katta xavf ostida qolgandagina unda intuitiv his-tuygʻu kuchayib boradi va u ogʻir vaziyatlardan chiqib ketish yoʻllarini odamzodga koʻrsatadi. Bergson inson tafakkurini zulmatda yonib turgan shamga oʻxshatsa, intuitsiyani butun borliqni yoritib turuvchi va unga hayotiy kuch beruvchi quyoshga oʻxshatadi. Tafakkur qonun-qoidalari bilan chegaralangan insonning ongi bu quyosh nurini ilgʻab olishga qodir emas.

Bergson ruhning hayoti haqida yozar ekan, tafakkurni ham ruhiy energiya oqimining bir shakli deb hisoblaydi. Lekin aynan bu shakl qolipga tushib qolgan bir mexanizmga oʻxshaydi. Unda ijodkorlik qobiliyati soʻngan. Bergson insonda ijodiy qobiliyatni kuchaytirish uchun tafakkur va intuitsiyani birlashtirish kerak deb hisoblaydi. Uning aynan shu fikri yuqorida keltirilgan J.Rumiy va Sh.A.Gxoshning fikriga oʻxshaydi. Bergson spontan obrazli koʻrish haqida yozar ekan, uni ong ostidagi timsollarga asoslangan deb hisoblaydi. Uning ong ostidagi spontan timsollari K.Yungning ong ostidagi timsollariga oʻxshab ketadi. Hind yoga taʼlimotida A.Gxosh intuitiv koʻrish haqida gapirar ekan, unga ong ostidagi spontan timsollar xos deb yozadi. U bu qobiliyatni ichki koʻrish deb ataydi.

Borliqdagi jamiki narsa va hodisalar oʻzining muayyan shakliga, xususiyatiga, belgi-alomatlari va miqdoriga ega boʻlib, shular orqali ularning sifati aniqlanadi. Bu holat miqdor oʻzgarishlarining sifat oʻzgarishlariga oʻtishi qonunida aks etgan. Ayni paytda miqdor va sifat narsa va hodisalarning oʻzaro munosabatlari haqida yaxlit bilim beruvchi falsafiy kategoriyalardir. Bilish jarayonida intuitsiya yoʻq joydan paydo boʻlmaydi, uning yuzaga kelishi uchun ijodkor izlanayotgan sohasi boʻyicha chuqur bilimga, koʻnikmaga, yetarli tajribaga ega boʻlishi kerak va bundan tashqari obyektiv va subyektiv omillar mavjud boʻlishi zarur. “Intuitsiya – toʻgʻridan toʻgʻri, dalillar bilan asoslanmasdan turib haqiqatga yetishish qobiliyatini ifodalaydi. Baʼzida inson fikri mavjud boʻlgan bilish usullari doirasidan tashqariga chiqib, muammoga yangicha yondashish usulini ilgʻab oladi va muammoga yechim topadi” [4:102]. Mantiqiylik “ong osti” darajasida ahamiyatga ega boʻlib, intuitiv bilishning tarkibiy qismidir. “Ong – inson miyasining faoliyati, mahsuli. Ong – insonning ruhiy holati” [5:106]. Ilmiy bilishda mantiqiylik va intuitivlikni bir-birini toʻldiruvchi vositalar, umumiy ijodiy jarayonning oʻzaro bogʻliq tomonlari sifatida tushunish va talqin etish lozim.

Maʼlumki, fan sohasidagi izlanishlar olimning maʼnaviy faoliyati hisoblanadi. Olim muayyan muammoning yechimi ustida ishlayotganda shu muammoga daxldor tadqiqot obyektini ilmiy oʻrganish orqali uning mohiyati, aloqa va munosabatlari majmuini aniqlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi. Bunda u ilmiy bilishning mantiqiy metodologik asosi hisoblangan dialektikaga tayanadi. Dialektika esa olamdagi barcha jarayonlar obyektiv qonunlarning roʻyobga chiqishi degan gʻoyaga asoslanadi.

Albatta, ilmiy kashfiyotlarda intuitsiyaning rolini inkor qilib boʻlmaydi. Shuning uchun ham fransuz olimi M.Zaar oʻzining “Ijod yoʻllari” nomli kitobida intuitsiya his-tuygʻular ham qodir boʻlmagan narsaga qodirligini asoslash maqsadida: “U narsalar borligʻini va ularni yashirin qiymatini (qadrini) qamraydi, zabt etadi”, deb taʼkidlaydi. Intuitsiya ilmiy gipotezaga yoʻl ochadi. Ilmiy ijodda ijodkor tasavvur va fantaziya orqali borliqdagi mavhumlikni darrov payqash mumkin boʻlgan tarzda tasvirlaydi. Ammo tasavvur va intuitsiya aqliy chegarada olimlarning ilmiy kashfiyotlar qilishida qoʻllanuvchi yordamchi vosita boʻlib qoladi.

Bir-biridan chegaralangan intuitiv maʼlumotlar yangi va haqiqiy bilimning ochilishiga vosita boʻlib xizmat qiladi. Intuitsiya yangi gʻoyani ochishda fanda metod vosita vazifasida koʻrinadi. Bu metodologik evristik bilish intuitsiyasi “kutilmagan fikr” tarzida “yorishuvdek” tasvirlanadi. Intuitiv bilish imkoniyatining muammosi (vositasiz) bilish fikrdan aynan fikrga olib boradi. Bunda bilishning mohiyati haqida savol turadi. Intuitsiyaning asosida esa bilishning mohiyati – haqiqat yotadi. Falsafa tarixida intuitiv bilish mutlaq haqiqatni, vositasiz yorishuvni va yorqin bilishni anglatadi.

Bilish jarayonida tasavvur, xotira, diqqat, fahm-farosat kabi tushunchalar intuitsiyaning asosi sifatida oʻrganilgan. “Tasavvur – bu hissiylik, mantiqiylik va intuitivlikning oʻziga xos uygʻunligi boʻlib, bunda tafakkur hissiy obrazlarni umumlashtirib ularga mazmun bagʻishlaydi” [6:133]. Ijodiy tasavvurning kuchi hosil qilingan bilimning oʻziga xosligida, muammoning oʻzgacha yechimlarining topilishida namoyon boʻladi.

Xullas intuitiv bilish jarayonida inson intihoga emas, balki ibtidoga qarab intiladi. Intuitiv bilish muammo yechimini izlash jarayonida tarixiylik va mantiqiylikka asoslanib, obyektiv xulosa chiqarish imkonini yaratadi va bu jarayon muammo haqida yangi bir fikrning paydo boʻlishiga olib keladi. Nazarimizda, intellektual intuitsiya bir vaqtning oʻzida ratsional va irratsional tafakkur birligida aks etuvchi bilish jarayonidir. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. V.Vindelband. Istoriya novoy filosofii v yee svyazi s obщyey kulturoy i otdelnыmi naukami. T. 2. Ot Kanta do Nisshe. –M.: Giperboreya; Kuchkovo pole, 2007.
  2. A.P.Kuxtenkov. Georg Zimmel i Karl Yaspers o tragicheskom polojenii cheloveka v sovremennoy kulture // Filosofiya. Nauka. Kultura. Vыp. 6: Sb. st. slushateley, soiskateley kafedrы filosofii IPPK MGU. –M.: MGU, 2003.
  3. A.Bergson. Filosofskaya intuitsiya // Put v filosofiyu: Antologiya. –M.: Nauka, 2001.
  4. M.N.Abdullayeva. Milliy gʻoyaning ilmiy-falsafiy asoslari. –T.: Falsafa va huquq instituti, 2011.
  5. B.O.Toʻrayev. Borliq: mohiyati, shakllari, xususiyati. –T.: Falsafa va huquq instituti, 2011.
  6. O.V.Stepanosova. Sovremennыye predstavleniya ob intuitsii // Voprosы psixologii, 2003. – № 4.
Zoyira NADIROVA,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
Qarshi filiali tadqiqotchisi

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …