Home / YANGILIKLAR / “AL-AZHAR” VAKILI BILAN HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISH MUHOKAMA QILINDI

“AL-AZHAR” VAKILI BILAN HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISH MUHOKAMA QILINDI

Shu kunlarda Qohira shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Misrning “Al-Azhar” majmuasi huzuridagi Islom tadqiqotlari akademiyasi Bosh kotibi Nazir Muhammad Ayyod janoblari bilan uchrashdilar. Muloqotda Oʻzbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston va Misr xalqlarining mushtarak urf-odatlarini Islom dini qadriyatlari bir-biriga bogʻlab turadi. Ming yillar davomida Samarqand, Buxoro va Xivadagi madrasalar kabi Misrning qadimiy “Al-Azhar” diniy taʼlim dargohi ham Sharq va Gʻarb xalqlari uchun yetakchi ziyo maskani hisoblanadi.

“Al-Azhar” majmuasi rahbari Shayx Ahmad at-Toyyib hazratlarining 2018 yil oktyabr va 2020 yil mart oylarida Oʻzbekistonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar diniy-maʼrifiy muassasalar oʻrtasida ilm-fan, taʼlim va din sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Muloqotda Nazir Muhammad Ayyod janoblari ikki mamlakat xalqlarini imoniy birodarlik, bir din, bir mazhab va goʻzal muomala kabi rishtalar chambarchas bogʻlab turishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, bosh kotib Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi bilan hamkorlikda maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilayotgani, xususan, Imom Moturidiy merosi boʻyicha musobaqa tashkil etilgani, qoʻlyozmalarni oʻrganish ishlari olib borilayotgani, oʻzbekistonlik tadqiqotchilar maqolalarini Misr nashrlarida chop etish, Azhari sharif nashrlarini Oʻzbekistonga joʻnatish kabi yoʻnalishlarga alohida urgʻu qaratdi.

“Al-Azhar”ning Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qator jabhalarda, xususan diniy va dunyoviy taʼlim hamda ilm-fan rivojiga yoʻnaltirilgan islohotlarni yuqori baholadi. Oʻtgan qisqa vaqt ichida ushbu yoʻnalishlarda erishilgan muhim natijalar va koʻzlangan istiqbolli rejalar barchada katta qiziqish uygʻotayotganini maʼlum qildi.

Muftiy Nuriddin domla hazratlari “Al-Azhar” majmuasi vakillari bilan diniy-maʼrifiy, ilmiy tadqiqot va diniy soha vakillari malakasini oshirish borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Uchrashuvda Nazir Muhammad Ayyod janoblari tomonidan ushbu majmua kutubxonalarida saqlanayotgan jami 49 ming 361 qoʻlyozma adabiyot roʻyxati keltirilgan 28 kitobdan iborat yangilangan jamlanma hamda aynan shu noyob nashrlar boʻyicha tafsilotlarni oʻz ichida olgan 50 GB hajmidagi elektron fayllar 8 ta CD-diskda tegishli dasturiy taʼminot ilovasi bilan birga Oʻzbekiston elchixonasiga taqdim etilgani bildirildi.

Manba: muslim.uz

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …