Home / ALLOMALAR / BЕDIL IJODIDA INSON MOHIYATI

BЕDIL IJODIDA INSON MOHIYATI

Olimlar Bedilni Abulmaani deb atashadi, bu maʼnolar otasi degani. Bedilning otasi va bobosi asli Samarqand chekkasidan, Shahrisabzning barlos urugʻidan boʻlgan. Oʻzbek xonlari va Eron safaviylarining diniy qoʻzgʻolonlari paytida Hindistonga qochib ketgan. Bedil 1644 yilda Hindistonning Azimobod shahri yaqinidagi Patnada harbiy xizmatchi oilasida tavallud topgan. U 1720 yilning 5 dekabrida Dehlida vafot etadi. Sadriddin Ayniy “Mirzo” soʻzining Bedil va uning qarindoshlarining nomiga qoʻshib aytilishini uning ajdodlaridan biri buyuk sardor boʻlganining isboti deydi.

Bedil Hindiston boʻylab koʻp sayohat qilgan, 1685 yildan umrining oxirigacha Dehlida yashagan. Uning ijodidan namunalar faqat fors tilida saqlanib qolgan. Arab, fors, hind va urdu tillarini mukammal bilgani bois sharq adabiyoti, yunon falsafasi, xususan, Arastu falsafasini oʻrgangan.

Faylasuf aqlni ilohiy deb, uni yuksaklikka koʻtaradi, insonni ham aql bilan baholaydi. “Imoni beaql chun ҷavhari be oyina naqshest mavhum va hayoi bexirad chun obi be chashma sarobe maʼdum”. Yaʼni, aqlsiz imon xuddi oynasiz javharday asossiz, mavhum, aqlsiz hayo xuddi manbai boʻlmagan suv kabi maʼdum – yoʻqlikdir (Ibrohim Moʻminov. Mirzo Bedil, 1964:68.). Mutafakkir, shoir, faylasuf deganda donolar, hikmat yaratuvchilar tushuniladi.

Sharq donishmandlarining taʼlimotida donolik va goʻzal axloq insonning baxt-saodati bilan bogʻlanadi. Bedil taʼlimoti ham bundan mustasno emas. Masalan, Abu Nasr Forobiy ilm, donolik va aqlni baxtga erishishning asosiy vositasi sifatida talqin etadi. Uningcha, aql va fan yordamida shunday maʼnaviylik darajasiga koʻtarilish mumkinki, bu maʼnaviylik avlodlar oʻlimidan keyin ham insoniyat uchun xizmat qiladi (Oʻzbekistonda ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixidan, 1995:51).

Insonning aqliga, tafakkuriga donishmandlar bergan bunday fikrlarni koʻplab keltirish mumkin. Bulardan donolikning magʻzi aql – tafakkur va ilmdadir, degan xulosa chiqadi. Haqiqatdan ham aql – donolik, yetuklik, ezgulikning oʻzagi. Agar aql ilm bilan boyitilsa, insonning maʼnaviyatini yana bir pogʻonaga koʻtariladi. Buning isbotini biz Bedil taʼlimotida yanada ravshanroq koʻramiz. Mirzo Bedil ilmni insonning asl gavhari ekanini taʼkidlar ekan, tabiatning yashirin sirlarini inson idrok qilishi uchun odam bilimli boʻlishi, qunt bilan oʻqishi kerakligi haqidagi fikrni ilgari suradi.

“Rassom qalamsiz hech narsaning suratini chiza olmaganiday, – deydi Bedil, – odam ham ilmsiz hech bir narsaning suratini – haqiqatini bila olmaydi. Ilmsiz bilganlari nuqul jaholatdan iborat boʻladi. Ilm har yerda tadbirning kafilidir, gʻalaba taʼsirining dalilidir. Ilm insonni baxtli qiluvchi vositalardan biri. Kishi jaholatga berilsa don poʻchoqqa aylanadi, ilm-maʼrifat bilan odam poʻchoqni donga aylantira oladi. Kimki, fan sohasida sham yoqar ekan, uning nomi abadiy yashaydi” (Ibrohim Moʻminov. Mirzo Bedil. 1964:64).

Buyuk mutafakkir “Irfon” kitobida ilm – bu insoniyatning gavharidir, deydi. U insonning kamoloti va fazilati ilm bilan ekanini uqtirib, quyidagilarni yozadi:

To fazlu hunarga bezanmay inson,
Biron baxt eshigi ochilmish qachon?
Javhar bilan poʻlat boʻlur joʻn temir,
Ilmsiz oʻz jinsidan chiqmogʻi gumon. (Mirzo Abdulqodir Bedil. Ruboiylar, 1964:44.)

Bedil insonni ilm olishga chaqiradi, ilm orqali baxt-saodatga erishish mumkinligini uqtiradi. Shuningdek, ilmsiz odam oʻzining haqiqiy mohiyatini anglab yetolmasligini taʼkidlab, ilmu hikmatga yuqori baho beradi. Shoir ilm, hikmat haqida yana shunday deydi:

Gul az in bogʻi fayz agar boʻyi,

Damad az xoru xas Arastuye. (Ibrohim Moʻminov. Mirza Bedil, 1964:18)

Yaʼni, bu bogʻning (bu olamning) ilm gulini hidlasang fayzlidir, uning har bir tikani va xasidan Arastu singari faylasuf fikrining manbaini, goʻzalligini topish mumkin.

Mirzo Bedil donolik, hikmat, ilm-maʼrifatga murojaat etar ekan, “ibrat” tushunchasiga alohida urgʻu beradi. Bedil koʻz-qulogʻi boʻla turib yaxshi narsalardan ibrat olmagan kimsalarni uyning eshigiga, tomning teshigiga oʻxshatadi. U oʻzining “Chor unsur” kitobida bu haqda shunday deydi (mazmunan): “Kulfatda qolgan uygʻoq kishining koʻzi eshigi yopilgan uyga oʻxshaydi. Bunday odamni yoʻq qilishdan sal gʻaflatda qolgudek boʻlsa, jasadiga oʻt qoʻyish kerak. Bordi-yu, baʼzi donishmandlar oʻzlari guvoh boʻlib koʻrgan, bilganlarini sir tutsalar, ularning tuprogʻini yelga berish maʼquldir. Hayot hushyorlikdan iborat boʻlib uni aziz umrning xizmatiga boʻysundirish kerak. Uyqu oʻlim demakdir, u olamdan oʻtgan kishilarning yoʻldoshidir. Tiriklar harakati zamirida har xil tusdagi ranglar yashiringan. Ana shu tufayli koʻngling istagan suratlarni Behzod muyqalamidek xayolda naqsh etishing mumkin. Maqsad shu narsalarga ibrat koʻzi bilan boqishni unutma, fursat senga nasib boʻlgan ekan, olamni, uning ezguliklarini tomosha qilib, ulardan lazzatlan (Mirzo Abdulqodir Bedil. Chor unsur. 127).

Hayotdan olmasa ibrat u koʻz koʻr,
Asalda boʻlmasa shirinlik u shoʻr.
Oʻzgarib turmagan libos kafandir,
Oʻzgarish boʻlmagan xona qaro goʻr. (Mirzo Abdulqodir Bedil. Ruboiylar.1974:24)

Koʻrinib turibdiki, inson bilimining yana bir pogʻonaga koʻtarilishida ibrat tushunchasi ham muhim ahamiyatga ega. Alloma bu tushuncha orqali dunyoning oʻzgarishi, ilmlarning takomil topishi gʻoyasini ilgari surgan.

Mirzo Bedil inson va uning mohiyati masalasida ham tasavvuf taʼlimotidan unumli foydalangan. Biz Bedil falsafasini koʻproq Farididdin Attorning qarashlari bilan qiyoslar ekanmiz, bu hol inson masalasida ham koʻzga tashlanadi. Attorning “Javhar uz-zot” asarida avvalo butun ruhiy va moddiy olamning yagonaligi, yaʼni vahdat olami va mutlaq Xoliqiyat qudrati taʼriflanadi. Soʻngra shu vahdat olami ichra kishining oʻrni, inson xilqatining mohiyati tushuntirilib, oʻzni va Xoliqni tanish yoʻllari, iztirob azobi, yaʼni ruhning poklanib oʻz-oʻzini anglashi, vujud, dunyo, nafs bilan kurashi, tajridu tafrid bosqichini bosib Haqqa qoʻshilishi – tavhid asrori batafsil tushuntiriladi (Farididdin Attor. Ilohiynoma. 1994:73).

Bedil insonning koinot mavjudotlari orasida eng yuksak maqomda yaratilganini taʼkidlar ekan, kishilarning irqi, jamiyatdagi mavqeidan qatʼiy nazar shu sharafli nomga munosib koʻrishni istaydi.

Bedilning nazarida inson moʻjizakor, ayni chogʻda fitnalar manbaidir. Shuning uchun u odamdagi bu ikki xil tabiatni hisobga olish kerakligiga eʼtibor qaratadi. Bedil insonning ulugʻvorligini, aqliy layoqatini, koʻp narsalarni bajarishga qodir bir qutlugʻ zot ekanini, nutqi, ongi, aql-idroki bilan oʻzga maxluqotlardan farq qilishini koʻrsatish bilan birga nomukammal, mol-mulkka chanqoq, oʻjar insondan yaramas ishlar sodir boʻlishini ham taʼkidlab oʻtadi. Yaʼni shoir insondagi oliyjanob axloqiy-ruhiy xislatlar bilan birga salbiy illatlar ham mavjudligini yoritishga harakat qiladi.

Bedil oʻzining “Irfon”, “Chor unsur” asarida inson borligʻini tushuntirishda “bahri mutlaq” (komillik dengizi) tushunchasini kiritgan. U “Mutlaq bahr” deb ilohiy kuchga asoslangan mutlaq borliqni aytadi. Odamzod ana shu mutlaq borliqdan kuch va iroda bilan vujudga kelgan:

Bahri mutlaq issiq mavj urdi shunday,

Boʻldik oʻzimizdan aʼloga muhtoj.(Mirzo Abdulqodir Bedil, 1974:42)

Faylasuf insonda butun olamning xususiyati va mohiyatini koʻradi. Yaʼni, odam shunchalik sharafliki, Alloh bor mavjudotni inson uchun yaratib, malaklarni unga sajda qildirdi. Barcha hikmat va ilmlarni uning qalbiga jo etdi. Bedil uni shunday tariflaydi:

Kavnu makon gulest ba domoni himmatat,
Xudro agar ihota kuni, charxi digarӣ.
Olam hama musaxxari amri zamiri tust
Ey bexabar, tu az chӣ xabarho musaxxarӣ. (Shavkat Shukurov. Mirzo Bedilning poetik merosi. 1979:71)

Mazmuni:

Sening himmat va gʻayrating tufayli olam gulzor boʻldi,
Agar oʻzingni eplay olsang, oʻzgacha olam boʻlursan.
Barcha olam sening amringga tobe boʻlmishdir.
Ey xabarsiz, nechun sen xomxayollar ketidan quvib yuribsan?!

Bedil falsafasidagi yuqorida taʼkidlangan gʻoyalarni biz yana Farididdin Attorning qarashlari bilan qiyoslaymiz: “Agarchi oqibat sening joying tuproq ostidadir, lekin pok joning tuproqdan pokdir (ruhing muqaddasdir). Sening gavharing – ruhing farishtalarning sajdagohi ekanini unutma. Boshingda xalifalik toji bor, xalifa farzandisan, yaʼni Allohning yerdagi oʻrinbosarisan. Jannatdan tushgansan, oʻsha gulshan – jannat sari intilgin” (Farididdin Attor. Ilohiynoma, 1994:10).

Jabroil parvozi oshyoningda (Sharq tafakkuri xazinasidan. 1986:97).

Bedilga koʻra, inson oʻzining shunday ulugʻ kuch ekanini bilmagani uchun ojiz qoladi va butun balolar uning boshiga yogʻilishi, xatolarning manbaiga aylanishini taʼkidlaydi. Bedil insonning oʻz kuchidan xabarsizligi xatolarning manbaiga aylanib qolishining sababi sifatida taqlid tushunchasiga eʼtibor qaratadi.

Inson mohiyatini tahlil qilishdagi ikkinchi muhim jihat Bedil talqiniga koʻra, taqliddir. Bedil bir joyda taqlid haqida fikr bildirib: “Ey Bedil, tushunish bozorini axtarib ne topding, toshi vijdondan ogʻir keladigan bir tarozi topdingmi? Shuning uchun ham oʻz qudratini bilmay, taqlid bilan yashamoq bir zindondirki, chindan yashamoq istaganlar bu zax, qorongʻu zindonni buzib qutulmogʻi lozimdir, (Hamidulla Boltaboyev. Fitrat – Bedilshunos. 2005:47deydi. Bedil nuqtai nazaricha qorongʻu, zax zindon deganda taqlid tushuniladi. Bedilning nazarida, inson oʻzining ulugʻ bir zot ekanini bilmaganidan ojizlikka tan beradi.

Bedil insonlarning ongsiz, koʻr-koʻrona bir-biriga ergashishini, rasm-rusumlarga, butparastlarga boʻysunishini, uning buyuk ishlar qilishiga toʻsiq ekanini tushuntirishga intiladi. U odamlarning asl kuch-qudratini taqliddan qochib, ilm-maʼrifatga intilishida koʻradi.

Bedil insonda eng ulugʻ, eng yuqori aql – tafakkur, qalb kuchi borligini koʻrsatadi. Bedilning anglashicha, taqlidni insonlarning tabiatida paydo qilgan sabablardan yana biri dinni notoʻgʻri tushunishdir. Shuning uchun mutafakkir inson mohiyatini tahlil etishda uning uchinchi muhim jihati sifatida dinning mohiyatini tushunmaslik, diniy qarashning notoʻgʻri talqinida deb bilgan (Hamidulla Boltaboyev. Fitrat – Bedilshunos. 2005:48).

Bedil Allohning kalomini quruq targʻib qilishga va rasmiy shaklda ishlatishga qarshi turadi. Uningcha, dinning asl mohiyatini tushuntirish kerak, yaʼni insonlarni doʻzax bilan qoʻrqitish va jannat bilan ragʻbatlantirish orqali xudojoʻy qilishga urinish bora-bora Alloh soʻzlarini aqlga sigʻmas afsonaga, rivoyatga aylantirib, odamlar shu afsonalarning ogʻushida afsunlanib, asl mohiyatni anglay olmaydigan boʻlib qoladi. Bedil bir baytida masjiddagi imom va shayxlarning maʼruza va xutbalariga qarata, shunday ishora qiladi:

To ҷunbishi tori nafas afsonatiroz ast,

Bedil, ba kamandi ragi xob ast dili mo.

Mazmuni: Nafas tori qimirlab, aytarkan afsona, Bedil, jon tomiriga asirdir dilimiz. Bu yerdagi “ragi xob” (lugʻaviy maʼnosi lugʻatda “sonnaya arteriya” – jon tomiri) uqalansa yoki unga qattiq tegilsa inson behushlik holatiga tushadi (Ismoil Bekjon. Navoiydan ulgu olgan Bedil, 2007:4).

Shomi hajrim sharhi elni bexud etsa ne ajab,

Uyqu keltirmakdurur xosiyati afsonaning.

Baytning falsafiy-ijtimoiy maʼnosi quyidagicha: To tirik ekanmiz, atrofimizdagi tabiat va biz hayot kechirayotgan jamiyat har xil hodisa-voqealarni yuzaga chiqarib turarkan, shularga alahsib, ularni aqlga sigʻdira olmay boshimiz karaxtligicha turaveramiz.

Baytning ikkinchi maʼnosi bu yolgʻonchi dunyoda hech bir narsaga tayanib, ishonib boʻlmaydi, chunki hayot ham, goʻzallik ham, yeyish-ichish ham barchasi bu dunyoda vaqtincha. Asl makonimizga ketgunimizcha ular bizni aldab turish uchun yaratilgan.

Bedilning hikoyasiga koʻra, Bixar tomonda (shoir tugʻilib oʻsgan muzofotda) oʻziga toʻq bir badavlat savdogar yashardi. Uning Rajivanti ismli yetti yashar qizi boʻlib hindlarning urf-odatiga binoan uni bir oʻgʻil bolaga unashtirib qoʻyadi. Ammo kutilmagan hodisa yuz berib yigit halok boʻladi. Bu mudhish xabarni qizning urugʻ-aymogʻiga bildirmasdan, Rajivantiga yetkazishadi. Kuyovni dafn qilish marosimi uyushtirilgan bir vaqtda Rajivanti tokchadagi shamni olib oʻziga oʻt qoʻyadi. Hamma oʻtni oʻchirish va qizni saqlab qolish payida boʻladi. Biroq fursat qoʻldan ketgan Rajivanti brahmanlarning urf-odatiga koʻra satti (qurbon) qilingandi.

Bedil satti qilinadigan ayollarning qismatiga achinuvchi va bu odatning ashaddiy dushmani, taqlidchilikka qarshi kurashuvchi bir mutafakkir sifatida fikr yuritadi.

Insonning taqdiriga befarq boʻlmagan shoir koʻngil soʻzini zikr etishni oʻz burchi deb biladi. Chunki inson bu – koʻngil. Iloh nuri koʻngilda aks etadi. Bedil oʻz navbatida koʻngilning sir-asrorini anglab yetmaganlarga qarata shunday deydi:

Yor quchoqda boʻlsa hamki, kimdir u, bilmaymiz hech,

Oynadek oydin agarchi, bagʻrimiz – boʻstonimiz. (Matnazar Abdulhakim. Tabarruk tashrif. 1991:28)

Bedil insonlarning qalbida Haqni izlar ekan, tavofni ham oʻshandan boshlash kerak deydi: “Kaʼba zavqi bilan Majnunlar kulbasini tavof etmoqni tark qilma. Qayerda va qayerni ziyorat qilsang-da, koʻngil suhbati joʻsh uraveradi” (Mirzo Abdulqodir Bedil. Gʻazal va qasidalar, hijriy 1333:3).

Bu borada Malono Rumiyning mashhur baytlaridan keltiramiz:

هم مسجد و هم کعبه و هم قبله بهانه است
دقت بکنی نور خدا داخل خانه است
Masjidu, kaʼbayu qibla bir bahonadir
Diqqat qiling Xudo nuri uy ichindadir
در مسجد و در کعبه به دنبال چه هستی؟
اول تو ببین قلب کسی را نشکستی؟
Masjidu Kaʼbada nimani izlaysan sen?
Avval koʻr, biron qalbni sindirma sen?
اینگونه چرا در پی اثبات خداییم؟
همسایه ی ما گشنه و ما سیر بخوابیم
Muncha Xudoni isboti ketidamiz?
Qoʻshni och holdayu biz toʻq yotamiz
در خلقت ما راز و معمای خدا چیست؟
انسان خودش آیینه یک کعبه مگر نیست؟
Bizning vujudda Xudoning siri nimada?
Inson oʻzi Kaʼbaning oynasi emasmi shunda?
برخیز و کمی کعبه ی آمال خودت باش
چنگی به نقابت بزن و مال خودت باش
Turgin bir oz oʻz Kaʼbangni amoli boʻl!
Niqobingni yechginda, oʻzingniki boʻl!
تصویر خدا پشت همین کهنه نقاب است
تصویر خدا واضح و چشمان تو خواب است
Xudo tasviri shu eski niqob ortidadir
Xudo tasviri aniq, koʻzlaring uyqudadir
شاید که بتی در وسط ذهن من و توست
باید بت خود ، با نم باران خدا شست
Balkim senu men zehnimiz oʻrtasida bir but
Yuvmoq kerak Xudoni namli yomgʻirida bu but
گویی که خدا در بدن و در تنمان هست
نزدیکتر از خون و رگ گردنمان هست..
Xudo bizning tanu vujudimizda mavjud
Jon tomirimizdan ham yaqinroqda mavjud

Bedil ham Rumiyga oʻxshab, insonning mohiyatida soflik, muhabbat, Allohga intilish gʻoyasini ilgari surgan mutafakkirdir. Uning fikricha Xudo – nur manbai, ammo unga olib boradigan nur ham insonning botiniy nuridir, deydi.

Muddao dil bud agar nayrangi imkon rextand,
Bahri in yak qatra xun sad rangu tfon rextand.

Maʼnosi: Imkon olami moddiy olamni xilmaxil surʼat va harakatda yaratgan ekan, maqsad koʻngil edi. Shu bir qatra qon uchun ming rangu toʻfon yaratdi (Najmiddin Komilov. Tasavvuf, 1996. – B.128).

Inson – ilohiy xilqat. U shunga yarasha umr oʻtkazishi lozim, yaʼni ezgulik ishlari bilan shugʻullanib, dunyo tashvishlaridan ozod boʻlib, har xil rasm-rusumlar, behuda zohiriy timsollar quliga aylanmaslik kerak. Shunda u eʼtiqod, mazhab va dinlarning mohiyati bir ekanini anglaydi.

Mutafakkir insonlarga munosabatda ularni baholashda mazhab, millat, din kabilarga qarab ajratishni qoralaydi. Hammani insonlarni sevishga chaqiradi.

Yuz shukurki, turli dinu, turlicha millat
Odamlari uchraganda koʻrsatdim hurmat.
Soya kabi har tarafga boʻlsam-da, ravon,
Yoʻl ozigʻim kishilarga boʻldi muhabbat. (Mirzo Abduldqodir Bedil. Ruboiylar. 1974:80)

Bedil ilgari surgan taʼlimotda insoniylik darajasi ruhning taraqqiyot darajasi bilan belgilanar ekan, ruhiy-maʼnaviy yuksaklik zulmu shafqatsizlik, nodonlik ustidan gʻalaba qilishi muqarrar.

Bedilning moʻjaz hikoyasidagi bu hikmatli soʻzlar va pand-nasihatlar bugungi kunimizda ham tarbiyaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalarning yechimida qoʻl kelishi hech shubhasizdir.

Adabiyotlar:
  1. Boltaboyev Hamidulla. Fitrat – bedilshunos. / “Bedil va oʻzbek maʼnaviyati” mavzuidagi xalqaro anjuman materiallari. – T.: “Movarounnahr”, Tehron: “Al-Hudo” xalqaro nashriyoti, 2005. – B.34-53.
  2. N.Komilov. Tasavvuf. – T.: “Yozuvchi”, 1996. – 270 b.
  3. N.Komilov. Tasavvuf. 2-kitob. – T.: “Adabiyot va sanʼat”, “Oʻzbekiston”, 1999. – 207 b.
  4. Ismoil Bekjon. Navoiydan ulgu olgan Bedil. // “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, 2007. № 27. – B.4.
  5. Matnazar Abdulhakim. Takallum. / Bedil ruboiylari tarjimasi. – Nukus: Qoraqalpogʻiston, 1995. – B. 62.
  6. Matnazar Abdulhakim. Tabarruk tashrif / Bedil ruboiylarining tarjimasi. – Urganch: Xorazm, 1991. – 39 b.
  7. Mirzo Abdulqodir Bedil. Ruboiylar. / Fors-tojik tilidan Sh.Shomuxamedov tarjimasi. – T.: “Adabiyot va sanʼat”, 1974. – 106 b.
  8. Mirzo Abdulkodir Bedil. Gʻazal va qasidalar. – Hijriy 1333. – 118 b.
  9. Mirzo Abdulqodir Bedil. Shavqingni yod etib. – T.: Nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2005. – 144 b.
  10. Mirzo Abdulqodir Bedil. Chor unsur. 127
  11. I.Moʻminov. Mirza Bedil. – T.: “Fan”, 1964. – 76 b.
  12. Sh.Shukurov. Mirza Bedilning poetik merosi. – T.: “Fan”, 1979. – 132 b.
  13. Farididdin Attor. Ilohiynoma / Fors tilidan N.Komilov tarjimasi. – T.: “Yozuvchi”, 1994. – 94 b.
Nargiza SHOALIYEVA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi

Check Also

MIYONQOL ROVIYLARI

Zarafshon daryosi oʻrta oqimida Oqdaryo va Qoradaryoga ajralib, quyi oqimida yana birlashgan. Oʻrta asrga oid …