Home / YANGILIKLAR / Saudiyalik professor 350 dan ortiq noyob kitoblarni Oʻzbekiston ilmiy muassasalariga taqdim etdi

Saudiyalik professor 350 dan ortiq noyob kitoblarni Oʻzbekiston ilmiy muassasalariga taqdim etdi

Oʻzbekiston Bosh konsulligi xodimlarining Makka shahridagi “Ummul Quro” universiteti professori, doktor Nadiya Ibrohim Buxoriy bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekistonda taʼlim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, soʻnggi 6 yil mobaynida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi kabi ilmiy muassasalar tashkil etilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar Saudiya Arabistoni vakilining eʼtiboriga havola qilindi.

Nadiya Ibrohim Buxoriy Oʻzbekiston Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk mutafakkir olimlar yurti ekanligini alohida taʼkidladi.  U, shuningdek, ota-bobolari yurti – Oʻzbekistonga qilgan sermazmun  safarini ham yodga oldi.

Uchrashuvda Nadiya Buxoriy koʻp yillar davomida toʻplagan ilm-fanning turli sohalariga oid 350 dan ortiq kitoblarni Oʻzbekistonning ilmiy muassasalariga yetkazishni soʻrab Bosh konsulxonaga taqdim etdi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida tashkil etilgan Arab tili markaziga hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabiga taqdim etiladigan ushbu noyob adabiyotlar yaqin kunlarda Oʻzbekistonga yetkaziladi.

Manba: “Dunyo” AA

Check Also

Hamkorlik istiqbollari yuqori baholandi

Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozon shahrida joylashgan Abdulla Apanayev nomidagi madrasa va …