Home / YANGILIKLAR / “SAMARQAND – YER YUZINING SAYQALI”

“SAMARQAND – YER YUZINING SAYQALI”

Shanxay hamkorlik tashkilotining yigirma ikkinchi sammiti arafasida Samarqand viloyat hokimligi tomonidan “Maʼnaviyat” nashriyotida shu nomdagi kitob-albom chop etildi.

“Samarqandga bejiz “Yer yuzining sayqali”, deya taʼrif berilmagan. Negaki, bu zamin insoniyat sivilizatsiyasida muhim rol oʻynagan, tarix sahifalarida nomi zarhal harflar bilan yozilgan va oʻchmas iz qoldirgan. Samarqand- ilm-fan, madaniyat va sanʼat beshigi, ulugʻvorlik, taraqqiyot va yuksalish timsoli…”

Kitob shunday satrlar bilan boshlanadi va unda Samarqandning paydo boʻlish tarixidan boshlab dunyo tamadduniga yuz tutishi va bugungi kunigacha boʻlgan davr maʼlumot va fotosuratlar asosida yoritib berilgan. 

Shuningdek, unda Samarqand viloyati hududidagi noyob moddiy-madaniy meros obyektlari, osori-atiqalar, xalqimizning oʻziga xos madaniyati, anʼana va qadriyatlari, milliy hunarmandchiligi, bayram va festivallari haqida maʼlumotlar keltirilgan.


Viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari, turistik salohiyati, sanoat, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, taʼlim va boshqa sohalarga oid qimmatli maʼlumotlar va suratlar kitobxonni befarq qoldirmaydi.

– Samarqand haqidagi bunday kitob-albom bundan 15 yil avval – 2007 yilda Samarqand shahrining 2750 yilligi munosabati bilan tayyorlangan edi, – deydi ushbu kitob-albom ishchi guruhi aʼzosi M.Ibodullayev. – Lekin unda ham koʻproq shahar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Mazkur kitob-albomda esa viloyatning tarixi, madaniyati, iqtisodiyoti va boshqa sohalariga oid eng soʻnggi maʼlumotlar kiritilgan. Albatta, keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari tufayli yaratilgan yangi obyektlar, sanoat korxonalari toʻgʻrisidagi maʼlumot va suratlar oʻrin olgan. Shuningdek, viloyatning oʻziga xos goʻzal tabiati aks etgan betakror suratlar borki, ularga kishiga oʻzgacha zavq berib, hayrat va havas uygʻotadi.

Kitob-albom matni oʻzbek, rus va ingliz tillarida yozilgan.

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …