Home / MAQOLALAR / MUMLIYNING ODOBLARI (Abdulkarim Samʼoniyning “Adabul imlo val istimlo” asari asosida)

MUMLIYNING ODOBLARI (Abdulkarim Samʼoniyning “Adabul imlo val istimlo” asari asosida)

“Adabul imlo val istimlo” asarida asosan ustoz-shogirdga tegishli odoblar, taʼlim berish va olish uslublari haqida maʼlumotlar keltirilgan.

Ushbu maqola mumliy – hadis rivoyat qiluvchi shayxning odoblarini yoritishga bagʻishlangan. Asarning ahamiyatli jihati shundaki, hadis rivoyat qiluvchi shayxning amal qilishi lozim boʻlgan har bir odobi haqida oyat, hadis yoki biror rivoyat keltirilgan.

Mumliy eʼtibor berishi lozim boʻlgan odoblar:

  1. Goʻzal axloqda namuna boʻlish.

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Men goʻzal axloqlarni kamolga yetkazish uchun yuborildim”, dedilar”.

  1. Majlisda baland soʻzlashdan qaytarish.

Maʼn ibn Iso Quzoz dedi: “Agar Molik ibn Anas hadis aytish uchun oʻtirishni xohlasa, avval gʻusul qilar, xushboʻy narsalarni tutatar va oʻziga atir separ edi. Majlisda biror kishi ovozini balandlatsa, unga qattiq tanbeh berib: “Alloh azza va jalla: “Ey imon keltirganlar! Amallaringiz oʻzingiz sezmagan holingizda zoye boʻlib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Paygʻambarning ovozidan yuqori koʻtarmangiz”[1], deb marhamat qilgan. Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari aytilayotgan paytda ovozini koʻtarsa, ovozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ovozlaridan baland qilgan boʻladi”, deb aytar edi”.

  1. Misvok ishlatish.

Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, ogʻizlaringiz Qurʼonning yoʻllaridir. Ularni misvok bilan tozalang!”, dedilar”.

  1. Moʻylabni qisqartirish.

Zayd ibn Arqamdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim. U zot: “Kim moʻylabini qisqartirmasa, bizdan emas”, dedilar”.

  1. Oq libos kiyish.

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Siz uchun liboslar orasida oq kiyim yaxshidir. Sizdan kim hayot boʻlsa, uni kiysin, orangizdan vafot etganlarni u bilan kafanlang. Albatta, u kiyimlaringizning eng yaxshisidir”, dedilar”.

  1. Salla oʻrash.
  2. Soqol tarash.

Hakamdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soqollarini taroq bilan tarar edilar”.

  1. Xushboʻylikdan foydalanish.

Oishadan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kishining oʻz birodarlari oldiga badboʻy hid bilan chiqishini yoqtirmas edilar. U zot tun nihoyasida (tongga yaqin) xushboʻylik surar, soʻng sahobalari oldiga chiqar edilar”.

  1. Oynaga qarash.

Ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehromdalik vaqtlarida ham oynaga qarar edilar”.

  1. Majlisga borishda ohista yurish.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Rahmonning (suyukli) bandalari yerda ohista yuradigan kishilardir”[2].

  1. Yoʻlida musulmonlardan oʻziga uchragan kishiga salom berish.

Abu Amoma Bohiliydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarning Alloh va Rasuli uchun avlorogʻi, kishilarga salom beradiganlaridir”, dedilar”.

  1. Majlisga kirganda ikki rakat namoz oʻqish.

Abu Qatoda Ansoriy dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biringiz (masjidda boʻladigan) majlisga kiradigan boʻlsa, ikki rakat namoz oʻqimay oʻtirmasin”, dedilar”.

  1. Asʼhoblarga nisbatan xushmuomala boʻlish.

Ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Umar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan umraga izn soʻradi. U zot unga izn berib: “Ey birodarim! Duolaringda bizni unutma”, dedilar”.

  1. Asʼhoblari bilan bir qatorda oʻz xulqini ham yaxshilash.

Abu Zarrdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey Abu Zarr! Qayerda boʻlsang ham Allohga taqvo qil. Odamlarga husni xulq ila muomala qil”, dedilar”.

[1] Hujurot surasi, 2-oyat.
[2] Furqon surasi, 63-oyat.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …