Home / MAQOLALAR / OʻZBЕKISTONDA TASAVVUF ALLOMALARI ILMIY MЕROSINING TADQIQ ETILISHI

OʻZBЕKISTONDA TASAVVUF ALLOMALARI ILMIY MЕROSINING TADQIQ ETILISHI

Istiqlolning dastlabki yillaridan yurtimizda tasavvuf sohasiga doir bir qator yangiliklar va islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq tasavvuf allomalari va ularning merosiga yuksak hurmat va ehtirom koʻrsatildi. 1993 yilda Xoja Bahouddin Naqshbandning 675 yillik yubileyi nishonlangan boʻlsa, Uvaysiy[1] ustozi hisoblangan Xoja Abduholiq Gʻijduvoniyning 910 yilligi 2003 yilda, Xoja Ahror Valiyning 600 yillik yubileylari 2004 yilda keng nishonlandi[2].

2008 yildan  buyon “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-maʼrifiy jurnali har uch oyda nashr etib kelinmoqda[3].  Allomalarimizning hayoti va ilmiy-maʼrifiy merosiga oid asarlar tarjima qilinib nashr etildi. Jumladan, 1993 yilda Xoja Bahouddin Naqshband hayot yoʻli va maʼrifiy merosini yoritishga bagʻishlangan Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining “Maqomati Xoja  Bahouddin Naqshband” asari, 2004 yilda Xoja Ahror Valiyning toʻrt asari jamlanib “Tabarruk risolalar” toʻplami nomida nashr etildi. 1991 yil Xoja Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar” toʻplami, 2003 yilda Hakim Termiziyning “Manozil ul-ibod min al-iboda” asarlari ham nashr etilib, xalqimizga taqdim etildi. Bugungi kunda ham tasavvuf taʼlimoti olimlar, ziyolilar, tadqiqotchilar tomonidan oʻrganilmoqda va yangi maʼlumotlar xalqimizga taqdim etilmoqda[4].  Shu oʻrinda mustaqillik yillarida tasavvuf tarixi va ijtimoiy-diniy mazmun-mohiyatini oʻrganishga oid ishlarni tasniflashda guruhlarga ajratib olishimiz maqsadga muvofiqdir. Jumladan:

Birinchi guruhda olimlar va ziyolilar tomonidan olib borilgan ishlar boʻlib, bunda turli ilmiy loyihalar va davlat dasturlari ijrosi nuqtai nazaridan bajarilgan tadqiqot ishlarini kiritishimiz mumkin;

Ikkinchi guruhda ixtisoslashgan kengashlarda himoya qilingan ilmiy-tadqiqot ishlari boʻlib, bunda tadqiqotchilar aniq mavzu va obyekt doirasida ilmiy ishlarini himoya qilishgan;

Uchinchi guruh tadqiqot ishlariga diniy soha vakillarining olib borgan amaliy ishlarini koʻrsatishimiz mumkin. Bunda asosan diniy-maʼrifiy va ommabop jihatdan yondashuv ustuvorlik kasb etgan;

Toʻrtinchi guruhga tasavvuf taʼlimotiga qiziquvchi insonlar tomonidan mustaqil ravishda olib borilgan ishlarni kiritishimiz mumkin;

Beshinchi guruhga taʼlim-tarbiya muassasalari uchun pedagogik-didaktik nuqtai-nazaridan yozilgan ishlarni taʼkidlab oʻtishimiz zarur;

Oltinchi guruhga jurnalistik talqinda oʻrganilgan va ommaviy axborot vositalarida yoritilgan ilmiy-maʼrifiy, ijtimoiy-ahloqiy yoʻnalishdagi materiallarni koʻrsatishimiz mumkin.

Shuni ham alohida taʼkidlashimiz zarurki tasavvuf taʼlimoti boʻyicha ilmiy izlanishlar asosan ijtimoiy-gumanitar fanlar kesimida himoya qilingan tadqiqotlarda aks etadi.

Tasavvuf sohasi boʻyicha ijtimoiy-gumanitar fanlar ixtisosligi kesimi boʻyicha himoya qilingan dissertatsiyalar tasnifi quyidagi yoʻnalishlarda:

  • 00.01 – Oʻzbekiston tarixi
  • 00.03 – Falsafa tarixi
  • 01.03 – Milliy adabiyot tarixi (oʻzbek adabiyoti)
  • 01.10 – Jurnalistika
  • 00.01 – Umumiy pedagogika, pedagogika va taʼlim tarixi
  • 00.05 – Ijtimoiy psixologiya va etnopsixologiya
  • 00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari boʻyicha)

Ushbu ixtisosliklarda himoya qilingan ishlarda quyidagi xususiyatlar ustuvorligi aniqlandi. Jumladan, 07.00.01 – Oʻzbekiston tarixi ixtisosligida N.Xidirovaning (2006 y.) “Xoja Muhammad Porsoning xojagon-naqshbandiya tariqatining  rivojlanishida tutgan oʻrni va roli (XIV asr oxiri – XV asr boshlari)” nomzodlik dissertatsiyasi. 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari ixtisosligida  M.Ismoilovning (2006 y.) “Shayx Xudoydodning “Baxr al-ulum” asari Markaziy Osiyoda tasavvuf tarixiga oid muhim manba ( XVIII asrning ikkinchi yarmi)”, K.Rahimovning (2018 y.) “Mustamliy Buxoriyning “Sharh at-Taʼarruf” asari hamda uning XI-XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga taʼsiri” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyalari Vatanimiz tarixi, tarixshunoslik, manbashunoslik nuqtai-nazaridan oʻrganilgan boʻlib, bu tadqiqotlarda koʻplab yangi maʼlumotlar ilmiy jamoatchilikka taqdim etilgan.

09.00.03 – Falsafa tarixi ixtisosligida  M.Jakbarovning (2000)  “IX-XII asr Movarounnahr falsafiy fikrida ijtimoiy ideal va komil inson muammosi”, G.Navruzovaning (2002) “Naqshbandiya tasavvufiy taʼlimoti va barkamol inson tarbiyasi”, M.Mamatovning (2018) “Tasavvuf taʼlimotining tarixiy-falsafiy mohiyati” mavzularida falsafa fanlari doktorligi boʻyicha himoya qilingan dissertatsiyalar boʻlib, ushbu tadqiqot ishlarida mavzuni konseptual jihatdan ochib berishga eʼtibor qaratilgan.

Shuningdek,  O.Tursunovaning  (2002) “Xoʻja Abduxoliq Gʻijduvoniy tasavvuf taʼlimotida axloqiy qadriyatlar”, N.Safarovaning (2002) “Xojagon tasavvufiy taʼlimotida maʼnaviy – axloqiy qadriyatlar masalasi”, J.Xolmoʻminovning (2003) “Mavlono Abdurahmon Jomiyning tasavvufiy-irfoniy qarashlari (“Sharhi ruboiyot” asari asosida), Z.Isaqovaning (2007) “Tasavvuf taʼlimotida valiylik tushunchasining diniy-falsafiy talqini (Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asari asosida), S.Ismoilovning (2008) “Naqshbandiya tariqatining tasavvuf taraqqiyotidagi oʻrni”, B.Namozovning (2011) “Abu Bakr Kalobodiy tasavvufiy qarashlarining falsafiy asoslari”, O.Safarboyevning (2011) “Najmiddin Kubroning tasavvufiy taʼlimotida insonparvarlik va vatanparvarlik gʻoyalari” falsafa fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyalarida tasavvuf taʼlimotini falsafiy tahlil etish orqali ochib berilgan.

10.01.03 – Milliy adabiyot tarixi (oʻzbek adabiyoti) ixtisosligida  I.Haqqulovning (1995) “Oʻzbek tasavvuf sheʼriyatining shakllanishi va taraqqiyoti (gʻoyaviylik, izdoshlik, obrazlar olami)”, A.Abduqodirovning (1998) “Tasavvuf va Alisher Navoiy ijodiyoti (Vahdat ul-vujud promlemasi boʻyicha)”, K.Mullaxoʻjayevaning (2005) “Alisher Navoiy gʻazaliyotida tasavvufiy timsol va badiiy sanʼatlar uygʻunligi (“Badoeʼ ul-bidoya” asosida)” doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarida tasavvuf taʼlimotidagi badiiy nafosat, sheʼriy sanʼat, ramz va ishoralar xalqimiz uchun ilmiy asosda sharhlanib, soddalashtirilgan tarzda taqdim etilgan.

10.01.10 – Jurnalistika ixtisosligida G.Togʻayevaning (2007) “Oʻzbek matbuotida tasavvuf taʼlimotining yoritilishi: muammolari, tamoyillari va shakllari” nomzodlik dissertatsiyasida yurtimiz ommaviy axborot vositalarida tasavvuf taʼlimotiga doir maqolalar va ularning mazmun mohiyatini yoritishga qaratilgan koʻplab masalalar ilmiy jihatdan tahlil etilgan.

13.00.01 – Umumiy pedagogika, pedagogika va taʼlim tarixi ixtisosligida K.Qilichevaning (2009) “Oliy taʼlim tizimida tasavvuf taʼlimoti vositasida talabalar maʼnaviyatini shakllantirish” mavzusidagi  pedagogika fanlari boʻyicha doktorlik ishida yoshlar tarbiyasida komil insonni tarbiyalashdagi yangi uslublar tasavvuf gʻoyalari asosida tadqiq etilib, tegishli taklif va tavsiyalar taqdim etilgan.

19.00.05 – Ijtimoiy psixologiya va etnopsixologiya ixtisosligida U.Qosimovning (2004)  “Komil inson ijtimoiy psixologik – xususiyatlari (A.Gʻijduvoniy taʼlimoti asosida)” mavzusidagi himoya qilingan nomzodlik dissertatsiyasida barkamol insonni tarbiyalashdagi psixologik xususiyatlarga asosiy eʼtibor qaratilgan.

24.00.01 –  Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari boʻyicha) I.Usmonovning “Al-Hakim at-Termiziyning “Navodir al-usul” asari hadis va tasavvuf ilmiga oid muhim manba” (2005) tarix fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasi ushbu ixtisoslikdagi tasavvuf taʼlimoti va manbashunosligi boʻyicha bajarilgan dastlabki tadqiqotlardan biri hisoblanadi[5].

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash zarurki, yurtimizda tasavvuf tarixi va ilmiy-maʼrifiy merosiga doir koʻplab tadqiqotlar olib borilmoqda va bugungi kunga kelib bu tadqiqotlar oʻzining yangi bosqichiga koʻtarildi.  Xususan, yaqin tariximizda amalga oshirilgan tadqiqot ishlari tahlilida ham bu holatni kuzatishimiz mumkin. Jumladan,  

  • Mustaqillikning dastlabki yillaridagi tadqiqot ishlari bilan bugungi kundagi ilmiy tadqiqot ishlari qiyosiy tahliliga eʼtibor qaratsak ijobiy maʼnoda takomillashuvni kuzatamiz;
  • ilmiy isteʼmolga yangi tarixiy maʼlumotlar va ilmiy gʻoyalarning kirib kelganini ham koʻrishimiz mumkin;
  • ilmiy yoʻnalishda olib borilgan tadqiqotlar tahlil qilinganda shu narsa maʼlum boʻldiki, tadqiqot ishlarida asosan Naqshbandiylik tariqatini oʻrganish ustuvorlik qilmoqda.

Vatanimiz tarixida koʻplab buyuk allomalarimiz va ulkan ilmiy merosimiz borligi bizga faxr tuygʻusini beradi, ammo shu bilan bilan birgalikda bu faxr tuygʻusi bizga katta masʼuliyatni ham yuklaydi. Ushbu masʼuliyat yuki oʻz navbatida bizga ajdodlarimizga munosib ravishda yashash, rivojlanish, bir necha ming yillik tarixiy merosni oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish orqali “Uchinchi renessans” poydevoriga oʻzimizning munosib hissamizni  ham qoʻshishni taqozo etadi.

 [1] Uvaysiy – tasavvufda murid vafot etib ketgan shayxdan taʼlim-tarbiya olishiga aytiladi.
[2] N.Joʻrayev, T.Fayzullayev. Mustaqil Oʻzbekiston tarixi. – Toshkent: Sharq, 2000. 410 b.
[3] Gʻ.Razzoqov, K.Rahimov. Xojagon – Naqshbandiya tariqati va yetti pir. – Toshkent: Oʻzbekiston. 2020. 5 b.
[4] K.Rahimov. Movarounahr tasavvufi tarixi: Taʼlimotning shakllanishi va tizimlashtirilishi ( VII-XI asrlar). – Toshkent: Akademnashr, 2020. 400 b.
[5] www.diss.natlib.uz – Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasining ilmiy ishlar boʻyicha rasmiy sayti.
Toxir XATAMOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
tarix fanlari nomzodi, dotsenti

Check Also

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

Tavfiqning tavsifi haqida soʻzimizni davom ettirar ekanmiz, gunoh va yomon ishlardan saqlanish ham Alloh tavfiq …