Home / MAQOLALAR / Tasavvur qiling: Bugungi ilmsiz tarafkashlar Imom Abu Hanifa davrida yashaganlarida nima boʻlardi?!

Tasavvur qiling: Bugungi ilmsiz tarafkashlar Imom Abu Hanifa davrida yashaganlarida nima boʻlardi?!

Misrda yashab oʻtgan va juda barakali ijod qilgan 19-20 asrning buyuk allomalaridan boʻlmish shayx Muhammad Abu Zahra (rahimahulloh) “Abu Hanifa – uning hayoti – davri – qarashlari va fiqhi” nomli asarida keltirishicha, imom Abu Hanifa rahimahullohning vafotlaridan soʻng U zotning eng yaqin shogirdlari boʻlmish Abu Yusuf va Muhammad Shayboniylar ustozlarining faqatgina fiqhiy qarashlarini naql qiladilar, ularni kitobga tushirib tadvin qiladilar. Biroq, u kishining siyosiy pozitsiyalari, siyosiy qarashlariga aslo toʻxtalmaydilar. Bu masalalarni yoritmaydilar. Balki, tarixga koʻmib yuboradilar.

Nega?!.. Axir, ular Abu Hanifa (r.h.)ning shogirdlari emasmidilar?!.. Buyuk ustozlari yoqtirmagan va bor kuchi bilan rad etgan qozilik hatto, qozilar qozisi degan oliy mansabni qabul qilishlari ustozlariga nisbatan jafo va xiyonat emasmidi?!.. Hurmatsizlik emasmidi?!..

Javob: Aslo!.. Ularning bu ishi Ustozga nisbatan hurmatsizlik yoki jafo emas balki, narsalarga oʻz hajmiga koʻra muomala qilish mahoratini egallaganliklaridan hamda oʻz mustaqil fikrlari borligidan dalolat edi.

Bu bilan ular ustozlariga xiyonat qilmadilar, u kishiga nisbatan hurmatsizlik sodir etmadilar. Balki, oqilona yoʻl tutdilar. Ilm davom etishi uchun shunday qildilar.

Agar bugungi kunda oʻzida tayinli ilm boʻlmagan holda tarafkashlik bilan oʻzga ahli ilmlarni yomon otliq qilib, tahqirlab, hurmatsizlik qilayotgan kimsalar Imom Abu Hanifa (rahimahulloh) davrida yashaganlarida nima boʻlardi, bir tasavvur qiling. Kimning etagini tutib, kimga qarshi urush ochgan boʻlardilar?..

Vaholanki, u vaqtda fiqhiy va aqidaviy mazhablar nihoyatda koʻpayib, hamma bir-birini tanqid qilgan, bir-biriga raddiya bergan va bir-birini bidʼatda ayblash odat tusiga kirgan bir zamon boʻlgan.

Ijtimoiy tarmoqni oʻziga jang maydoni qilib olgan atboʼlar oʻsha zamonga tushib qolsalar aniqki, boshlari aylanib qolgan boʻlardi.

U davrlarda bir tolibi ilmning ikki ustozi bir-biriga nisbatan qarama-qarshi mavqifda boʻlgan holatlar juda koʻp boʻlgan. Shunday vaziyatda, ular har ikkisining hurmatini joyiga qoʻyib, har biridan kerakli bilimni olib ketaverganlar.

Mabodo ustozida qaysidir olimga nisbatan shiddatli yondashuv koʻrsa, u ham darrov mazkur olimga qarshi boʻlib olmagan balki, unga hurmat saqlagan holda soʻzlaridan toʻgʻrisini olib, notoʻgʻri deb oʻylaganini tashlab ketavergan. Yaʼni, oʻz mustaqil fikriga ega boʻlgan.

Abdulloh ibn Muborak imom Abu Hanifaning yaqin asʼhoblaridan boʻlish bilan birga imom Avzoiyga ham shogird edilar. Vaholanki, imom Avzoiy Abu Hanifa rahimahullohning ayrim fiqhiy qarashlariga nisbatan sovuqroq bir pozitsiyani tutgan edilar. Biroq, Abdulloh ibn Muborak ularning birortasiga hurmatsizlik qilmadilar, bir tomonga taassub qilib, ikkinchisiga hurmatsiz muomala qilmadilar. Avzoiyni tashlab ketmadilar balki, u kishiga Abu Hanifa (r.h) haqlaridagi xato fikrini oʻzgartiradigan narsalarni hikmat bilan taqdim etdilar.

Oʻsha davrda ahli hadislar va faqihlar oʻrtasida turli gap-soʻzlar aylanardi. Ayrim hadis maktabi vakillari hanafiy mazhabi vakillarini baʼzi masalalarda qattiq tanqid qilishardi. Ammo, bu narsa ularning shogirdlari bir-birlaridan kerakli bilimni olishlariga toʻsqinchilik qilmasdi.

Imom Abu Yusuf dastlab Ibn Abu Laylo huzurida fiqhdan taʼlim oladilar keyin Abu Hanifa (r.h.)ga shogird tushadilar. Vaholanki, Ibn Abu Laylo va imom Abu Hanifa (r.h) oʻrtalarida ayrim fiqhiy ixtiloflar bor edi.

Shuningdek, imom Abu Yusuf faqih boʻlish birga muhaddis ham edilar. Ahli hadisdan ham dars olganlar.

Muhammad ibn Bishr aytadi: “Ilm olish uchun ham Abu Hanifa, ham Sufyon (Savriy) huzuriga qatnar edim. Abu Hanifaning huzuriga kelganimda “qayerdan kelyapsan?”, desa, “Sufyonning oldidan”, der edim. Shunda u “sen shunday odamning huzuridan kelyapsan-ki, hatto Alqama* va Asvad*lar tirik boʻlganlarida ham unga oʻxshagan inson(ning ilmi)ga muhtoj boʻlardilar”, der edi. Keyin, Sufyonning huzuriga borardim va u ham “qayerdan kelyapsan?”, deb soʻrar va men “Abu Hanifaning huzuridan”, desam, “sen Yer ahlining eng kuchli faqihi huzuridan kelyapsan”, derdi” (“Tarixu bagʻdod”. 15-jild, 471-bet;).

Qadimda, shogirdlar hech qachon oʻzlaridan rutbasi yuqori boʻlgan ahli ilmlarga qarshi urush ochib, oʻzlarini sharmanda qilmaganlar. Vaholanki, oʻsha shogirdlarning ilmi magʻribu mashriqqa yoyib yuborilsa, bemalol yetadigan darajada buyuk edi.

Bugun esa Qurʼoni karimni tajvid bilan oʻqiy olmaydigan, ilm yoʻliga hali bir qadam ham qoʻymagan kishilar katta-katta olimlarni kamsitib, masxaralab, ustidan kulmoqdalar.

Xatoni gapirishning oʻz odobi bor. Uning uchun avvalo insonda ilm boʻlishi kerak. Undan tashqari, mazkur gapirish uning shaxsidan nafratlantirmagan, hurmat saqlagan va uning soʻzlarini boʻrttirmagan hamda ilmiy omonatdorlikka rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak.

——————————————————-
* Alqama ibn Qays Naxaiy tobeinlardan boʻlib, Koʻfadagi eng katta faqih, hadis roviysi, olim va muqriylaridan biri hisoblanadi.
* Asvad ibn Yazid Naxaiy Koʻfalik mashhur tobeinlardan va hadis roviysi, muqriy, olim va faqih kishilardan.
Alisher Sultonxoʻjayev

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …