Home / YANGILIKLAR / BUYUK MЕROSIMIZ MUSAVVIR NIGOHIDA

BUYUK MЕROSIMIZ MUSAVVIR NIGOHIDA

Yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan ulugʻ alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani, dinu diyonat va sivilizatsiya rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilgan. Oʻrta asrlarda yurtimizda Qurʼon va hadislarga asoslangan ilm-maʼrifat gʻoyalari taʼsirida xalqimiz orasidan koʻplab olimlar dunyo sahniga chiqdi. Muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, hadis ilmining sultoni, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning ulkan merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish va yosh avlodning ruhiy va maʼnaviy olamini boyitish maqsadida Samarqand   shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan edi.

Albatta, ushbu markazda muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk muhaddis vatandoshimizning asarlarini ilmiy asosda tadqiq qilish va targʻib etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Yana bir eʼtiborli jihati, markaz qoshidagi muzeyda Imom Buxoriy hazratlarining sharafli hayo­­ti va faoliyatiga bagʻishlangan ekspozitsiyada boy maʼlumotlar jamlangan.

Bu yerda Oʻzbekiston sanʼat arbobi, professor Alisher Aliqulov tomonidan ishlangan “Imom Buxoriyning hayot yoʻllari va merosi” deb nomlangan mahobatli devoriy surat oʻzining badiiy-ilmiy yechimi, tugal kompozitsiyasi, hadisshunos alloma yashagan davr muhitini toʻlaqonli ifoda etib berganligi bilan koʻpchilikning nazariga tushdi.

Umumiy oʻlchami 280×42 metr­dan iborat ushbu mahobatli sanʼat asarida buyuk muhaddisning ilm oʻrganish maqsadida qirq yildan ortiq davom etgan safarlari tafsiloti ajoyib tarzda oʻz ifodasini topgan. Muzeyga kiraverishda oʻng tomondagi devorning yuqori qismiga ishlangan suratda Imom Buxoriyning 16 yoshida boshlangan birinchi ilmiy safari, tuya ustida oʻtirgan onasi, ot mingan akasi Ahmad bilan birgalikda Haj ibodatini ado etish maqsadida Buxorodan joʻnab ketishi manzaralari mahorat bilan aks ettirilgan.

Tasviriy sanʼat asarida Imom Buxoriyning tahsil olish jarayonlari, uning oʻtkir zehn va kuchli xotiraga ega boʻlganidan dalolat beruvchi lavhalar bilan tanishish mumkin. Imom Buxoriyning ustozlari bilan hadis ilmi toʻgʻrisidagi suhbatlari, islom oʻlkalarida eng sahih – ishonchli hadislarni saralash borasida chekkan zahmatlari jonli va tabiiy yoʻsinda aks ettirilgan. Shuningdek, mazkur suratning ikki tomonida allomaning nafaqat hadisshunoslik, balki falakiyot ilmi va meʼmorchilik sanʼatiga boʻlgan qiziqishlari ham ramziy detallar yordamida koʻrsatib berilgan.

Yana bir suratda Bagʻdodda oʻtkazilgan imtihon jarayoni tasvirlangan. Tarixdan maʼlumki, koʻplab Sharq mamlakatlarining muhaddis olimlari ham hadislarni toʻplash bilan mashgʻul boʻlishgan. Asarda turli-tuman liboslardagi olimlar tasvirlangani ham shundan dalolat beradi. Oʻz davrining peshqadam allomalari hisob­langan 10 nafar muhaddis ishtirokida oʻtkazilgan sinov chogʻida Imom Buxoriy oʻzining oʻtkir zehni va ilmiga ishongan holda, magʻrur qiyofada tasvir etilgan. Musavvirning mahorati bois navqiron muhaddis bobomiz taniqli olimlarning har qanday murakkab savollariga ham aniq va puxta javob berayotganini his qilish mumkin.   Kompozitsiyada tasvirlangan barcha olim va ulamolarning kiygan liboslari va hatto asardan oʻrin olgan interyer koʻrinishi ham kishida oʻsha davr muhiti haqida boy tasavvur uygʻotadi. Bunga erishish uchun rassomdan qanchalik katta bilim va mahorat talab etilishini ang­lash qiyin emas.

Mahobatli rangtasvir asarining yana bir qismida Imom Buxoriyning Bagʻdodda oʻz ilmi bilan muhaddislar orasida katta eʼtirofga sazovor boʻlib, Vatan sogʻinchi ila ona yurtiga yorugʻ yuz bilan qaytishi, Buxoro xalqi tomonidan juda katta shodiyonalar bilan kutib olinishi manzaralari tasvirlangan. El-ulus qurshovida kelayotgan Imom Buxoriy va u kishiga peshvoz chiqqan vatandoshlarining yuz-koʻzi quvonchdan yorishib turibdi. Bu oʻrinda   lavh ustida tasvirlangan Qurʼoni karim xalqimizning hamisha islom arkonlarini mukammal bilgani va unga qatʼiy amal qilib yashagani, maʼrifat va ezgulik hamma davrlarda bosh gʻoyamiz boʻlganidan dalolat beradi.

Keyingi suratda ulugʻ allomaning Buxoroda talabalarga hadis ilmidan saboq berishi manzarasi aks ettirilgan. Shu orqali Imom Buxoriy hazratlari qirq ikki yillik sharafli ilmiy-maʼrifiy faoliyati davomida koʻplab shogirdlar yetishtirgani, oʻsha davrlardan meros boʻlgan ustoz-shogird anʼanalari bugungi kunda ham izchil davom etayotgani musavvir tomonidan katta mahorat bilan badiiy talqinda devorga darj etilgan.

Yana bir suratda Imom Buxoriyning oʻz vatani Buxoroni tark etib, Samarqandga kirib kelishi manzarasi tasvirlanadi. Deyarli butun umrini sahih hadislarni toʻplash maqsadida olis va mashaqqatli safarlarda oʻtkazgan alloma ayrim sabablarga koʻra hayotining soʻnggi yillarini Samarqand yaqinidagi qishloqlardan birida kechirgani koʻpchilikka maʼlum… Asarning fon qismlariga esa Imom Buxoriy toʻplagan hadislarning oʻzbek, ingliz, rus, arab, turk, ispan, fors va xitoy tillaridagi tarjimalaridan namunalar berilgani ham ul zot qoldirgan ulkan maʼrifiy meros bugun butun bashariyatning maʼnaviy xazinasiga aylanganidan dalolatdir.

Shu bilan birga, tajribali rassom ushbu keng qamrovli ijodiy ishida Markaziy Osiyo kitobat sanʼatining oʻziga xos rivojlanish jarayonlarini gavdalantirish maqsadida qadimiy qoʻlyozmalar sahifalari va arab yozuvining turli koʻrinishlariga oid tasvirlardan unumli foydalanganini taʼkid­lash lozim.

Alohida taʼkidlash joizki, Alisher Aliqulov moʻyqalamiga mansub “Imom Buxoriyning hayot yoʻllari va merosi” deb nomlangan mahobatli rangtasvir asari ulugʻ muhaddis alloma Imom Buxoriyning sharafli hayoti va faoliyati haqida boy tasavvur uygʻotish bilan birga, bugungi yoshlarni ularga har tomonlama munosib avlod boʻlib yetishish hamda olamshumul ishlarni davom ettirishga undashi bilan ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bir soʻz bilan aytganda, yuksak saviyada ishlangan mazkur ijodiy ishni sanʼat va meʼmorchilik sohasida davlat mukofotiga har tomonlama munosib asar desak xato boʻlmaydi.

Dilafroʻz QURBONOVA,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn instituti
ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha
prorektori, tarix fanlari doktori

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …