Home / MAQOLALAR / BOBOXONOVLARNING OʻLMAS MAʼNAVIY XAZINASI

BOBOXONOVLARNING OʻLMAS MAʼNAVIY XAZINASI

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi (OʻzMI) mamlakatimizdagi imon ahlini birlashtirib turuvchi, ularga maʼnaviy rahbarlik va homiylik qiluvchi katta nufuzga ega boʻlgan rasmiy diniy, mustaqil nodavlat tashkilotdir. OʻzMI 1943 yilda tashkil etilgan. U kezlari Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi deb yuritilgan. OʻzMI XV-XVI – asrlarda qurilgan imoratlardan tarkib topgan tarixiy meʼmoriy yodgorlik – “Baroqxon” madrasasi binosida faoliyat yuritib kelgan.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasi “Baroqxon” madrasasi roʻparasidagi “Tilla Shayx” jomeʼ masjidi hovlisida bunyod etilgan “Moʻyi Muborak” (XVI asr) madrasasida joylashgan edi. U 1943 yilda diniy idora asoschisi, marhum muftiy Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon (1860-1957 y.) tomonidan tashkil etilgan. Kutubxona ochilgach, “Moʻyi Muborak” madrasasi qayta taʼmirlangan (XX asr), yangi xonalar qoʻshilgan. Unga dastlab idora raisi, muftiy, shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon shaxsiy kutubxonasidan mingdan ortiq qoʻlyozma taqdim etgan.

Kutubxona mudiri etib navoiyshunos, bedilshunos olim Nodirxon domla Alauddinov (1899-1975) tayinlangan[1]. U dastlabki kitoblarni tartiblash, sohalarga ajratish va roʻyxatga olish ishlarini amalga oshirgan. Nodirxon domla 1943 yildan 1970 yilgacha kutubxonani aholidan sotib olingan va hadya qilingan qoʻlyozma va toshbosma yodgorliklar bilan boyitgan.

Xorijiy davlatlardan keltirilgan kitob va davriy jurnallar kutubxonaning alohida katta majmuini tashkil etadi. Hozir u yerda 20 mingga yaqin diniy va ilmiy kitob saqlanadi. Shundan 3 mingga yaqini nodir qoʻlyozmalardir. Diniy idora ularni tasniflash uchun Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti xodimlari H.Hikmatullayev va A.Kaziberdiyevni jalb etgan, biroq turli sabablarga koʻra bu ish chala qolgan.

Soʻnggi yillarda kutubxonada ancha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Kitoblarning saqlanishini nazorat qilish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Juda eskirib ketgan kitoblar taʼmirlanmoqda. Kutubxona xazinasini boyitish ishlariga ham keng ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda kutubxonada turli tillarga tarjima va sharhlari bilan nashr qilingan Qurʼoni karim nusxalari toʻplanmoqda.

Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tuzilmasi (ISESCO) tomonidan 2007 yilda Toshkent shahrining Islom madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinishida bu yerda Usmon Musʼhafi saqlanishining oʻrni katta boʻldi[2]. Zero, bu manba oʻn besh asrlik tarixni oʻzida mujassam etgan.

Toshkentdagi Usmon Musʼhafi qanchalik koʻp vaqt oʻtsa, shunchalik koʻp tadqiqotchilar – sharqshunoslar, paleograflar, tilshunoslar, sanʼatshunoslar va boshqa soha vakillarining diqqatini oʻziga jalb etib kelmoqda. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib, eng qadimiy Qurʼon nusxalari boʻyicha koʻplab tadqiqotlar amalga oshirildi.

Qurʼoni karimning mazkur kutubxona fondidagi “Katta Langar” nomi bilan mashhur qadimiy qoʻlyozmasi va Sankt-Peterburg nusxasi bir kitobning ikki boʻlagi ekanini aniqlandi. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Katta Langar qishlogʻidagi “Langar ota” masjidida 2003 yilning 11 dekabriga qadar saqlanib, shu kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga keltirilgan 12 varaqdan iborat bu noyob qoʻlyozma hijoziy xatda teriga yozilgan[3].

Langarlik nuroniy otaxonlarning soʻzlariga koʻra, 1941 yili ushbu qoʻlyozmaning 143 varagʻi mavjud boʻlgan. Ammo dahriylik mafkurasi hukm surgan shoʻro tuzumi davrida muqaddas qadamjolar va ulardagi osori atiqalarni yoʻqotishga qaratilgan xatti-harakatlar ushbu noyob nusxa anchagina qismining yoʻqolishiga sabab boʻlgan. 1983 yilga kelib, undan 63 varaq qolgan. Xuddi oʻsha yillari boshlangan diniy qadriyatlar, masjidu maqbaralardagi osori atiqalarga qarshi kurashning yangi toʻlqini bu nodir qoʻlyozma taqdirini yana ham salbiy tomonga oʻzgartirdi. Ana shu mashʼum davrda Qurʼonning musodara qilinishidan qoʻrqqan qishloq oqsoqollari uni oʻz uylariga yashirgan. Ammo, faqat 12 varagʻinigina saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan.

Bundan tashqari, “Katta Langar” qadimiy nusxalarining baʼzi varaqlari Buxoro (2 ta) va Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida (1 ta) saqlanib kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 24 mayda qabul qilingan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida musulmonlar idorasi tomonidan qadimiy yozma asarlarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ilgʻor xorijiy tajriba oʻrganildi, sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokida oʻquvlar tashkil etildi va chet ellik mohir ekspertlar yurtimizga taklif etildi.

Diniy idoraning konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Madaniyat vazirligi hamkorligida “Moʻyi muborak” muzeyida saqlanayotgan “Katta Langar Qurʼoni” sahifalari mahalliy va Luvr muzeyi restavratorlari ishtirokida restavratsiya qilindi. Bu ishlarning birinchi bosqichi 2019 yil 7-11 noyabr va ikkinchi bosqichi 2020 yil 4-11 fevral kunlari yakunlandi. Taʼmirlash ishlarining yakuniy bosqichini 2021 yil 25-29 may kunlari Luvr  muzeyi mutaxassislari Aksel Delo va Aureliya Streri Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi “Restavratsiya va konservatsiya” boʻlimi bosh mutaxassisi Shuhratulloh Poʻlatov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillari Kamoliddin Mahkamov va Saidrahmat Ikramov koʻmagida amalga oshirdi.

Kutubxona fondida saqlanayotgan qadimiy Sharq qoʻlyozma asarlari toʻplami dunyodagi boy va beqiyos ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan jamgʻarmalardan biri hisoblanadi. Xazinadagi eng qadimiy asarlardan biri boʻlgan, ming yildan koʻproq tarixga ega, kufiy xati bilan koʻchirilgan Usmon Musʼhafi bunga tasdiq boʻla oladi. Umuman Qurʼon nusxalari koʻpligi boʻyicha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondidan keyingi oʻrinda turadigan ushbu kutubxonada VIII-XX asrlarga mansub nodir nusxalar saqlab kelinadi. Shuningdek, jamgʻarmada turkiy, arabiy va forsiy asarlar yigʻilgan boʻlib, ular fanning turli sohalariga oiddir.

Kutubxonada fiqh, kalom, hadis, tafsir, adabiyot, arab grammatikasi kabi fan sohalariga oid asarlar jamlangan. 711 kitob fiqh ilmiga oid boʻlib, ulardan biri Burhonuddin Margʻinoniy (vaf. 1187 y.) qalamiga mansub “Hidoya” asarining qoʻlyozma nusxasidir. Hanafiy fiqhiga oid eng moʻtabar manba sanaluvchi bu kitobdan asrlar mobaynida butun islom olami madrasalarida qoʻllanma sifatida foydalanilgan. Shu bilan birga, u yerda Ubaydulloh ibn Masʼud Buxoriyning (vaf. 1346 y.) “Muxtasarul viqoya”, Lutfulloh Nasafiy Fozil Kaydoniyning (vaf. 750/1349 y.). “Fiqh Kaydoniy”, “Usulush Shoshiy”, “Jung” (qozilik hujjatlari toʻplami), “Hayratul fuqaho” (“Faqihlar hayrati”) asarlarining nusxalari saqlanadi.

Hadis ilmiga oid 80 ga yaqin asarlar toʻplangan. Ular orasida Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning (810-870) “Sahihul Buxoriy”, Hakim Termiziyning (820-932) “Navodirul usul fi maʼrifat axbor Rasul” (“Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar”), Valiyuddin Muhammad Xatib Tabriziyning “Mishkotul masobeh” asarlari bor.

Aqoid ilmi boʻyicha Abu Hanifaning “Fiqhul akbar”, Abu Hafs Umar Nasafiyning “Aqoidun nasafiyya”, Saʼduddin Taftazoniyning “Sharh Aqoidin nasafiyya” asarlari saqlanadi.

Tafsir ilmiga oid kitoblar ham talaygina. Jumladan, Jaloliddin Suyutiyning “Tafsirun Jalolayn”, Abu Barakot Nasafiyning “Madorikut tanzil”,  Mahmud Zamaxshariyning “Tafsirul kashshof”, Abdulloh ibn Abul Qosim Bayzoviyning “Anvorut tanzil va asrorut taʼvil”, Yaqub Charxiyning “Tafsir Yaqub Charxiy” asarlari toʻplangan.

Tasavvuf va adabiyotga taalluqli asarlar orasida Alisher Navoiyning “Devoni Navoiy”, “Lisonut tayr”, Boborahim Mashrabning “Qissai Devonai Mashrab”, Hofiz Sheroziyning “Devoni Xoja Hofiz”, Abdulqodir Bedilning “Devoni Bedil”,  Muhammad Fuzuliyning “Devoni Fuzuliy”, Fariduddin Attorning “Mantiqut tayr”, Soʻfi Allohyorning “Sabotul ojizin”, “Maslakul muttaqin” asarlari ham mavjud.

Tasavvufga oid  asarlar sirasiga “Naqshbandiya tariqatiga oid risola”, “Anis tolibin”, “Silsilai Naqishbandiya”, “Sharhut taʼarruf li mazhabit tasavvuf”, “Manoqibul gʻovsiya”, “Nurul muridin”, “Minhojul orifin” kabi asarlar nusxalarini qoʻshish mumkin.

 XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Markaziy Osiyo hududida maktab va madrasalar, kutubxonalar koʻpaygani xattot va kitoblar soni ortishiga sabab boʻldi. Markaziy Osiyoda hukmronlik qilgan xonliklardagi saroy, madrasa va xususiy kutubxonalar va ularning sohiblari faoliyatini oʻrganish Oʻzbekiston ilm-fani va madaniyati tarixini yanada boy maʼlumotlar bilan taʼminlashga yoʻl ochadi.  Shu maʼnoda Boboxonovlar asos solgan mazkur fondning tarixi va undagi asarlarni tadqiq etish ham gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi.

[1] Mirmaxmudov N. Nodirxon-domla // Islam na territorii bыvshey Rossiyskoy imperii, Ensiklopedicheskiy slovar. Vыp. №3 , M., 2001. – C.75
[2] Toshkent islom madaniyati poytaxti / Z.Islomov tahriri ostida. – T., Toshkent islom universiteti, 2007. – B. 14.
[3] Deroche F. “Note sur les fragments coraniques anciens de Katta Langar(Ouzbekistan)” // Patrimoine manuscrit et vie intellectuelle de lʻ Asia sentrale islamique. Cahies dʻAsie centrale, VII (Tashkent–Aix-en-Provence, 1999). – P. 65–73; Rezvan E.A. Yet another “ ʻUthmanic Qurʻan” // Manuscripta Orientalia. Vol. 6, No.1 March 2000. – P. 49-69.
Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktori, tarix fanlari doktori

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …