Home / YANGILIKLAR / Oʻzbekiston Respublikasining QONUNI “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasining QONUNI “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 12 avgustda qabul qilingan

Senat tomonidan 2022 yil 13 avgustda maʼqullangan

1-modda. “Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etilsin.

2-modda. “Imom Buxoriy” ordeni toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).

3-modda. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordenining tavsiflari tasdiqlansin (ilova qilinadi).

4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1995 yil 22 dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi 176-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yil 11 aprelda qabul qilingan OʻRQ-473-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018 yil, № 4, 221-modda; 2019 yil, № 9, 589-modda; 2020 yil, № 3, 200-modda, № 5, 299, 300-moddalar, № 6, 334-modda; 2021 yil, 4-songa ilova) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:

1)      8-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari tarkibiga «Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni ham kiradi»;

2)      15-moddaning:

sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin: “Oliy Darajali Doʻstlik” va “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordenlari koʻkrakning oʻng tomoniga yoki orden zanjirida taqiladi»;

oʻn ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin: “Plankalardagi lentalarni taqib yurish qoidalari oliy mukofot belgisi – «Oltin Yulduz” medaliga, “Mustaqillik”, “Amir Temur”, “Oliy Darajali Imom Buxoriy”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Oliy Darajali Doʻstlik” ordenlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir koʻkrak nishonlariga nisbatan qoʻllanilmaydi».

5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti         Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2022 yil 15 avgust № OʻRQ-789
 
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasining 2022 yil 15 avgustdagi OʻRQ-789-sonli Qonuni bilan
“Imom Buxoriy” ordeni toʻgʻrisida
NIZOM
  1. “Imom Buxoriy” ordeni ikki darajadan iborat boʻladi:

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni;

“Imom Buxoriy” ordeni.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni “Imom Buxoriy” ordenidan yuqori darajada hisoblanadi.

  1. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro maydonda keng targʻib qilishda katta yutuqlarga erishganligi uchun:

xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;

xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;

xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari, shuningdek xorijiy arboblar va olimlar;

mamlakatimizning atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, atoqli olimlar, adiblar, pedagoglar va ilmiy tadqiqotchilar mukofotlanadi.

  1. “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan:

buyuk allomalarimizning ilmiy-maʼrifiy merosini chuqur oʻrganib, ularning islom maʼnaviyati va falsafasi hamda jahon ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasini xalqaro hamjamiyatga yetkazishdagi faol ishtiroki;

hadisshunoslikning rivojlanishi, uning ilmiy-maʼnaviy asoslarini har tomonlama oʻrganish asosida hadislardagi ezgu umuminsoniy gʻoyalarni xalqaro hamjamiyatga yetkazishdagi ulkan xizmatlari;

ajdodlarimiz qoldirgan asarlarni tarjima, tadqiq va tahlil qilish orqali ulardagi insonparvarlik, Vatanga muhabbat gʻoyalarini targʻib etish hamda jamiyat maʼnaviy hayotining bugungi kundagi dolzarb muammolarini hal etishning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqishga qoʻshgan munosib hissasi;

islom sivilizatsiyasi va madaniyatiga beqiyos hissa qoʻshgan allomalarimizning yaratgan asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini jahon jamoatchiligiga yetkazish va xalqaro miqyosda keng targʻib qilishdagi alohida xizmatlari;

mamlakatimizda hamda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan buyuk allomalarimizning qoʻlyozma va toshbosma asarlari, islom dini va madaniyatiga oid boy va tarixiy merosini toʻplash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishdagi faol ishtiroki;

Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan insonparvarlik siyosatini amalga oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini himoya qilish, aholi oʻrtasida dinlararo va konfessiyalararo totuvlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash, diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib etishdagi koʻp yillik va fidokorona mehnati;

milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, millatlararo doʻstlik, oʻzaro mehr-oqibat, bagʻrikenglik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlashdagi koʻp yillik samarali xizmatlari uchun mukofotlanadi.

  1. “Imom Buxoriy” ordeni bilan buyuk allomalarimizning ilmiy va diniy merosini tadqiq etish hamda targʻib qilish, islom dinining umuminsoniy qadriyatlari va asl mohiyatini mamlakat aholisi, ayniqsa yoshlarga yetkazishdagi xizmatlari uchun:

ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohasi xodimlari;

davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari;

diniy ulamolar;

olimlar va tadqiqotchilar mukofotlanadi.

  1. “Imom Buxoriy” ordeni bilan: ulugʻ allomalarimiz ilmiy merosini chuqur oʻrganib, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari;

yuksak insoniy gʻoyalar va muqaddas qadriyatlarimizni oʻzida ifoda etgan tarixiy merosimizni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darslik va oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashdagi samarali mehnati;

mamlakatimizdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalalarini oʻrganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, targʻibot va tashviqot tadbirlarini oʻtkazishdagi faoliyati;

“Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan gʻarazli tahdid va harakatlarning oldini olish, bunday xatarlarga qarshi kurashishning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qoʻllash borasidagi xizmatlari;

islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan, xalqimiz maʼnaviyati va madaniyati rivojida tutgan oʻrni hamda ahamiyatini oʻrganib, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etishdagi katta xizmatlari uchun mukofotlanadi.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan boshqa shaxslar ham ilm-maʼrifatni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash, shuningdek uni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.

“Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni tegishli ketma-ketlikka rioya etgan holda koʻkrakning oʻng tomoniga yoki orden zanjirida taqiladi.

“Imom Buxoriy” ordeni koʻkrakning chap tomoniga yoki boʻyinga osiladigan shoyi lentada taqiladi.

 

TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasining 2022 yil 15 avgustdagi OʻRQ-789-sonli Qonuni bilan
“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordenining
TAVSIFI

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni 750 probali oltindan tayyorlanadi va ikkita qoplamali medalondan iborat boʻladi.

Birinchi medalon diametri 87 millimetrli sakkiz qirrali yulduzni ifodalaydi. Yulduz burchaklari orasida qarama-qarshi uchlari oraligʻi 84 millimetr boʻlgan uchlari yumaloqlangan nur tutamlari joylashgan. Sakkiz qirrali yulduzning ichki qismida yashil emal bilan qoplangan naqshinkor bargsimon shakllar joylashgan. Sakkiz qirrali yulduz 56 ta 2,5 millimetrli, 8 ta 2,6 millimetrli va 8 ta 1,5 millimetrli brilliantlar bilan bezatilgan.

Ordenning markazida joylashgan ikkinchi medalon diametri 45 millimetrli arqonsimon naqsh bilan hoshiyalangan doira shaklida boʻladi. Doiraning markazida koʻk emal fonida ochiq holdagi kitob va uning ustida nur taratayotgan quyosh shakli tasvirlangan. Uning quyi qismida harflari balandligi 3,1 millimetrli “ILM – NUR” soʻzlari yozilgan.

Ikkinchi medalonning aylanasi boʻylab oq emal fonida “MUHAMMAD IBN ISMOIL IMOM BUXORIY” yozuvi bitilgan boʻlib, yozuvlar 2,5 millimetrli ikkita brilliant bilan ajratilgan. Harflarning balandligi -3,5 millimetr.

Orden ikkita mahkamlagichga ega:

gaykaga burab qotiriladigan burama mahkamlagich;

orden zanjiriga mustahkamlanadigan yechiladigan qisqich.

Ordenning orqa tomoniga 2 millimetr oʻlchamdagi botiq shrift bilan mukofot raqami tushiriladi.

Uzunligi 900 millimetrli orden zanjiri 750 probali oltindan tayyorlanadi. Zanjir ikki turdagi halqalarga boʻlinadi. Diametri 32 millimetr boʻlgan halqalar ordenning ikkinchi medaloni tasvirini ifodalaydi, diametri 30 mil­limetr boʻlgan halqalar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi shaklida boʻlib, atroflari 468 ta 1,2 millimetrli brilliantlar bilan bezatilgan.

Orden zanjirining pastki qismida rang-barang emal bilan qoplangan sakkiz qirrali yulduz hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi shaklidagi halqalar joylashgan.

Zanjir 27 ta halqalar, shu jumladan ilgakdan iborat.

Ordenning umumiy ogʻirligi 850 grammdan iborat.

 

TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasining 2022 yil 15 avgustdagi OʻRQ-789-sonli Qonuni bilan
“Imom Buxoriy” ordenining
TAVSIFI

“Imom Buxoriy” ordeni 0,15 mikron qalinlikdagi 750 probali oltin bilan qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi va ikkita qoplamali medalondan iborat boʻladi.

Birinchi medalon diametri 42 millimetrli sakkiz qirrali yulduzni ifodalaydi. Yulduz burchaklari orasida qarama-qarshi uchlari oraligʻi 47 millimetr boʻlgan uchlari yumaloqlangan nur tutamlari joylashgan. Sakkiz qirrali yulduzning ichki qismida yashil emal bilan qoplangan naqshinkor bargsimon shakllar joylashgan. Sakkiz qirrali yulduz 72 ta 2,5 millimetrli fianit toshlari bilan bezatilgan.

Ordenning markazida joylashgan ikkinchi medalon diametri 28 millimetrli arqonsimon naqsh bilan hoshiyalangan doira shaklida boʻladi. Doiraning markazida koʻk emal fonida ochiq holdagi kitob va uning ustida nur taratayotgan quyosh shakli tasvirlangan. Uning quyi qismida harflari balandligi 2 millimetrli “ILM – NUR” soʻzlari yozilgan.

Ikkinchi medalonning aylanasi boʻylab oq emal fonida “MUHAMMAD IBN ISMOIL IMOM BUXORIY” yozuvi bitilgan. Harflarning balandligi – 2,5 millimetr.

Orden orqa tomonining quyi qismiga 2 millimetr oʻlchamdagi botiq shrift bilan orden raqami tushirilgan.

Tasvir va yozuvlar – boʻrtma.

Ordenning umumiy ogʻirligi 55 grammdan iborat.

Orden eni 24 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan besh qirrali qadagʻichga ilmoqcha va halqacha yordamida tutashtirilgan.

Shoyi lentaning oʻrtasidan oʻtgan eni 10 millimetrli yashil rangli yoʻlning ikki cheti eni 2 millimetrli ikkita oq rangli chiziqlar bilan hoshiyalangan, uning chekka qismlari boʻylab eni 5 millimetr boʻlgan koʻk rangli yoʻl oʻtgan.

Qadagʻichning orqa tomonida ordenni kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama mavjud.

Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 16 avgust, №175(8237)

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …