Home / MAQOLALAR / ZAMONAVIY OʻZBЕK SANʼATIDA TASAVVUF MAVZUSI

ZAMONAVIY OʻZBЕK SANʼATIDA TASAVVUF MAVZUSI

Hozirgi kunda, ilm-fanda “Tasavvuf mavzusi” doirasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar xususida koʻplab bahs-munozaralar boʻlib oʻtmoqda. Bu munozaralar bir tomondan, tasavvufning toʻliq oʻrganilgani va uni qayta-qayta tadqiq etishning zarur emasligi toʻgʻrisida boʻlsa, ikkinchi tomondan, tasavvufni nafaqat tarixiy nuqtai nazardan oʻrganish kerakligi, balki uning immanent jihatlarini ham oʻrganishning zarurligi toʻgʻrisidadir. Tasavvuf taʼlimoti qanchalik murakkab va uzoq vaqt davom etgan boʻlsa, uning mohiyatini oʻrganish, tadqiq etish ham shunchalik fanlararo izlanishlar olib borishni taqozo etadi. Prezident Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim” [1:225]. Darhaqiqat, tasavvufiy meros maʼnaviy qadriyat sifatida, milliy oʻzlikni anglashda, farovon turmush tarzini yaratishda, yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkurini, dunyoqarashini yuksaltirishda, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi maʼnaviy fazilatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tasavvuf mavzusining zamonaviy oʻzbek sanʼatida namoyon boʻlishi dolzarb mavzulardan biri boʻldi. Tasavvuf yoʻgʻrilgan zamonaviy oʻzbek sanʼati ijodkor tomoshabinni, oʻquvchini ota-bobolarimizning yashash tarzi, xarakteri, mentaliteti, oʻy-hayollari, orzu umidlari, hayotiy tajribasi bilan tanishtiradi. Ularning hayot falsafasini ichki botiniy jihatlarini badiiy usulda tasvirlaydi, olam, borliq, inson toʻgʻrisidagi goʻzal gʻoyalarni tushuntirib beradi. Hozirgi kunda oʻzbek sanʼatida tasavvuf mavzusining ifodalanishi meʼmorchilikda, haykaltaroshlikda, badiiy adabiyotda, rassomchilikda va koʻplab sanʼat namunalarida koʻrinmoqda. Bunga tasavvufiy gʻoya va qarashlarni oʻzida ifodalovchi badiiy asarlarni, shuningdek, uni oʻrganuvchi ijodkorlarning ijod namunalarini kiritish mumkin.

Masalan, ilohiyotchi faylasuf Imom Gʻazzoliyning (1058-1111) “Ihyo ulum ad-din” asarida shaxsda nafis did, estetik hissiyotning shakllanishi, shaxsning goʻzallikka munosabati, uning komil insonga aylanishida din va sanʼatning oʻrni muammolari aks etgan. Gʻazzoliy sanʼatni sheʼr bilan taqqoslab tushuntiradi. U: “Oddiy soʻz sanʼat emas qofiya, vaznga solingan bayt, hijolari tartiblashgan nutq, qisqa boʻgʻinlarni choʻzib uzun boʻgʻinlarni kesib talaffuz etish, soʻzlarning ruknlarga boʻysundirilishi va unga musiqaning joʻr boʻlishi sanʼatdir”, deydi. “Estetik tuygʻular esa insonda tugʻma mavjud sanʼat vositalari, nafosatning taʼsiri orqali ular faqatgina anglab yetiladi”, deb taʼkidlaydi [2:117]. Imom Gʻazzoliyning qarashlaridan maʼlumki, tasavvufiy maʼlumotlar, qonun-qoidalar tizimining badiiy usulda yetkazib berilishi oʻsha nazariyalarning taʼsir doirasini oshirgan. Bir tomondan tasavvufiy alloma va mutafakkirlarning taʼlimotning asosiy gʻoyalarini badiiy usulda ifodalashi bu sanʼat, ikkinchi tomondan oʻsha davrda ishlab chiqilgan bu tasavvufiy gʻoya va nazariyalar taʼlimot, ilm-maʼrifat hamdir. Shu bilan birga, “tasavvuf taʼlimotining yirik namoyandalari ijodini chuqur oʻrgangan Gʻazzoliy soʻfiylarning haqiqat, goʻzallik va ezgulik haqidagi fikrlari muntazam oʻqish va fikr yuritish orqali emas, balki sinovlar, boshdan kechgan voqealar va qalb sifatlarining oʻzgarishi bilan bogʻliq ekanini anglagan” [3].

Sanʼat, badiiy asar va ijodiy faoliyat nochiziqli jarayon boʻlib, bu holatda muallifning bilimi, gʻoyalari, tasavvuri, badiiy imkoniyatlari muhim ahamiyatga ega. Sanʼat asarining obyekti olam, tabiat, jamiyatdagi narsa va hodisalar, insonning hayoti va ichki ruhiy kechinmalari boʻlishi mumkin. Ijodkorning faoliyatida sanʼat asarining obyekti badiiylik va majoziylik nuqtai nazaridan tasvirlanadi va ifoda etiladi. Bu ifoda va tasvirlash jarayoni aynan amalga oshirilmasligi bilan nochiziqli xarakterga ega. Sanʼat, badiiy asar va ijodiy faoliyat jarayoni nochiziqli jarayon sifatida kutilmagan mavzularni obyekt darajasiga olib chiqadi.

Hozirgi kunda “tasavvuf mavzusi” ilm-fanda va badiiy ijodiyotda maʼnaviy meros, milliy qadriyat sifatida takomillashmoqda va buning ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. “Tasavvuf mavzusi” deganda nima nazarda tutilmoqda? Maʼlumki, sanʼatning turlari, yoʻnalishlari juda ham koʻp, ammo har bir sanʼat turi yoki shaklining alohida predmeti, usullari mavjud. Masalan, tasavvuf namoyandalarining asarlari, ularning qarashlari badiiy adabiyotda dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi. Masalan, Ibrohim Haqqul “Tasavvuf va sheʼriyat”, Hamidjon Islomiy “Tasavvuf allomalari” nomli asarida tasavvufning badiiy asoslarini tahlil qiladi.

Tasavvufiy mazmundagi sanʼat va badiiy asarlarni yaratishda ijodkorning tasavvufiy tafakkur tarzi, bilimi va qarashlari muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ijodkorda tasavvufiy bilim va qarashlarni goʻzallik va badiiylik nuqtai nazaridan talqin etish ham kuzatiladi. Chunki, “estetik tuygʻu, goʻzallik haqida odamlardagi tushuncha, tasavvur bilan ularni oʻragan muhit oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri munosabat boʻlmasligi mumkin. Lekin badiiy goʻzallik ijodkorni hayotga boshqacha qarash va eʼtibor yuritish salohiyatini, insondagi yangi-yangi maʼnaviy his-hayajon toʻlqinlarini kuchaytiradi” [4:21]. Badiiy asardagi estetik kechinmalarni, goʻzallikni his qilish orqaligina uning tub mohiyatini anglash mumkin boʻladi. Shundagina asarda berilgan estetik mazmun maʼnaviy ehtiyoj sifatida odamlarda goʻzal odatlarni, koʻnikmalarni keltirib chiqaradi.

Xorijiy mamlakatlarning zamonaviy sanʼatida tasavvuf mavzusi juda dolzarb, ayniqsa Turkiya, Pokiston, Hindistonda soʻfiylarning sheʼr, musiqa va raqs koʻrinishidagi amaliyotlari mavjud. Ularda har yili soʻfiylik madaniyati va anʼanalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi festivallar oʻtkaziladi. L.Lukoyanovaning yozishicha, tasavvufiy ruhiy musiqa ijrochilarining soni ham yildan yilga ortib bormoqda. Nusrat Foteh Alixonning yorqin ijrolaridan millionlab muxlislar ruhiy ekstaz holatiga tushadi. Nusrat Foteh Alixon soʻfiy emas, lekin bolaligida soʻfiylarning safida koʻp vaqtini oʻtkazgan va ularni, ayniqsa namozga oʻxshash soʻfiy musiqasini yaxshi oʻrgangan [5]. Tasavvufiy sanʼat asarlarining asosiy maqsadi: Birinchidan, tomoshabinga, oʻquvchiga tasavvufiy madaniyat va anʼanalar, urf-odatlar toʻgʻrisida badiiy axborotlarni yetkazish boʻlsa, ikkinchidan, tasavvufning falsafiy gʻoya va nazariyalarini tub mohiyatini anglashga qaratilgan boʻladi.

Zamonaviy oʻzbek sanʼatida ham tasavvufiy gʻoya va nazariyalar juda koʻplab sanʼat turlarida oʻzini namoyon qiladi. Masalan, Rassom B.Mahkamov oʻz kartinalarida tasavvufiy anʼana va madaniyatlarni tasvirlagan. Bu badiiy asarlarda ajdodlarimizning oʻziga xos hayot falsafasi aks etgan. Ijodkorning maqsadi tasavvufona hayot tarzini ifodalash orqali milliy merosimiz va milliy qadriyatlarimizni anglash, ularni avaylab asrashga daʼvat etishdir.

Tarixiy nuqtai nazardan qaraydigan boʻlsak tasavvuf mavzusi va ruhida yaratilgan sanʼat asarlari qalb goʻzalligi va nozikligining, tuygʻular teranligining, ilhomlanish madaniyatining paydo boʻlishiga asos boʻlib xizmat qilgan. Zamonaviy nuqtai nazardan, zamonaviy sanʼat asarlarida tasavvuf mavzusining obyekt darajasiga olib chiqilishi albatta bu oʻzlikni anglash, milliy qadriyatlarni his qilish, tarixda ajdodlarimizning qoʻlga kiritgan yuksak madaniy va maʼnaviy yutuqlaridan bahramand boʻlish va yana bir bor tarix sahifalariga muhrlashdir.

1-rasm. Oʻtgan kunlar. 2019.

2-rasm. Eski shaharga kirish. 2017.

Bu rasmlarda, ijodkor tasavvufona oddiy va faqirona hayot tarzini goʻzallik darajasiga olib chiqqan va asarda milliy madaniyatimiz, hayot falsafamiz, milliy anʼanalarimiz chuqur ifodalangan. Kartinalarni kuzatayotgan kishining qalbida milliylik, ajdodlar ruhini his qilish holati kuzatiladi. Tasviriy sanʼatda, avliyolar, farishtalar, muqaddas ziyoratgohlar va shunga oʻxshash tasavvufiy mazmundagi asarlar juda koʻp. Alloh yaratgan dunyoning bepoyonligi, xilma-xilligi va goʻzalligi sanʼatning boshqa koʻrinishlarida, yaʼni kaligrafiya, xattotlik va arnament naqshlarda ham mujassamlashgan. Qurʼoni Karimning oyat va suralari bilan masjid va minoralar, peshtoq yoʻllari va muhtasham binolarning devorlari bezatilgan. Badiiy asarlarni yaratishda meʼmorchilik, arxitektura, musiqa, adabiyot, kino, teatr kabi koʻplab sanʼat turlarida tasavvufiy merosga alohida eʼtibor qaratiladi.

Tasavvuf taʼlimotining goʻzal gʻoyalari – tinchliksevarlik, maʼrifatparvarlik, insonparvarlik, bagʻrikenglik, mehr-muruvvat, nafsni tiyishning sanʼat asarlarida aks etishi, insonning maʼnaviyatini shakllanishiga, milliy oʻzligini anglashiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. “Maʼnaviyat – bu insonlar orasidagi oʻzaro ishonch, hurmat va eʼtibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yoʻlidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir” [6:267]. Darhaqiqat, “Azaliy milliy qadriyatlarimiz, ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan odob-axloq qoidalarining butunlay yoʻqolish xavfi yuzaga kelayotgan hozirgi globallashuv sharoitida, maʼnaviyat va maʼrifatga, axloqiy tarbiyaga, yoshlarning bilim olishiga va kamolotga yetishish uchun intilishiga eʼtibor qaratish birlamchi vazifamizdir” [7:277].

Tasavvufiy sanʼat asarlari insonga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashni oʻrgatadi va yoshlarning tafakkurini maʼnaviy merosimizning gʻoya va nazariyalari bilan boyitishga xizmat qiladi. Yana u tarixiy oʻtmishimizni, ajdodlarimizning pand-nasihatlarini, tajribalarining amaliy ahamiyatini anglashga daʼvat etadi.

Tasavvufiy gʻoya va nazariyalarning sanʼatda namoyon boʻlishi birinchidan, sanʼatning taraqqiyotiga, xalqchillik, insonparvarlik, jozibadorlik xususiyatlariga, oʻziga xos sanʼat turlarining paydo boʻlishiga keng taʼsir koʻrsatgan va tasavvuf sanʼati, islom sanʼati kabi tushunchalarning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Ikkinchidan, tasavvuf ilmining sheʼriyatda aks etishi tasavvuf adabiyotining paydo boʻlishiga olib kelgan, chunki asarlar koʻpincha Allohga duo va iltijolardan iborat boʻlib Paygʻambarimiz Muhammad (S.A.V.)ga sogʻinch va muhabbat izhori bilan toʻldirilgan ijod namunalari boʻlgan. Uchinchidan, tasavvufiy gʻoya va nazariyalarning sanʼat asarlarida va badiiy asarlarda aks etishi qadimdan to bugungi kunga qadar insonga maʼnaviy ozuqa berib kelmoqda.

Voqelik haqidagi sanʼatkorning hukmi oʻquvchi va tomoshabinning xulosasi bilan teng boʻlmasligi mumkin. Lekin eng qizigʻi shundaki, sanʼatkor oʻquvchi va tomoshabinga erkin fikr yuritish va erkin tuygʻularga burkanish imkoniyatini yaratadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Sh.M.Mirziyoyev. Yangi Oʻzbekiston strategiyasi. Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2021. -225 b.
  2. Gazali Abu Xamid. Voskresheniye nauk o vere. – Moskva: Nauka, 1980. – S.117-122.
  3. G.Mahmudova. “Madaniy sivilizatsiya kontekstida Xojagon, Naqshbandiya tasavvufiy taʼlimotlari ilmiy-maʼnaviy merosining umumbashariy ahamiyati” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi. – Navoiy: 2018. B.32.
  4. O.J.Oʻroqova. Choʻlpon ijodining badiiy-estetik mohiyati. – Toshkent: Navroʻz, 2016. – B.21.
  5. L.A.Lukoyanova. Traditsii sufiyev v sovremennom islamskom iskusstve // Sovremennыye nauchnыye issledovaniya i innovatsii. 2011. № 2 [Elektronnыy resurs]. URL: https://web.snauka.ru/issues/2011/06/943
  6. Sh.M.Mirziyoyev. Yangi Oʻzbekiston strategiyasi. Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2021. -267 b.
  7. Sh.M.Mirziyoyev. Yangi Oʻzbekiston strategiyasi. Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2021. -277 b.
Shaxnoza TURSUNKULOVA,
SamDU dotsenti

Check Also

PAYGʻAMBARLIKNING XALQ UCHUN AHAMIYATI HAQIDA KUMUSHXONAVIY GʻOYALARI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yilga “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb nom berdi [1]. …