Home / ALLOMALAR / KOMIL MURSHID – AHMAD ZIYOUDDIN KUMUSHXONAVIY

KOMIL MURSHID – AHMAD ZIYOUDDIN KUMUSHXONAVIY

Mustaqilligimiz sharofati bilan nafaqat yurtimizda yetishib chiqqan allomalarimizning, balki ular asos solgan taʼlimotlarni davomchilarining ham hayot yoʻllari va maʼnaviy meroslari oʻrganib kelinmoqda. Ana shunday taʼlimotlardan biri naqshbandiya taʼlimotidir.

Naqshbandiya taʼlimotining namoyandalari oʻz yurtining maʼnaviy sultonidir. Chunki ular azaldan xalq tinchligi, farovonligi, maʼnaviy-madaniyati toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilgan, xalq orasida bagʻrikenglik gʻoyasini ilgari surgan va millatlararo totuvlikni amalga oshirishda yordam bergan.

Naqshbandiya taʼlimotiga Buxoroi sharifda Bahouddin Naqshband nomi bilan mashhur Muhammad ibn Muhammad Buxoriy (1318-1389) asos solgan [1:21;2:3;3:206].

Naqshbandiya taʼlimotini nafaqat Movarounnahrda, balki Xuroson, Iroq, Ozarbayjon, hattoki Rum va Misr, Xitoy va Hindistonda ham keng tarqalishiga sababchi boʻlgan mashhur shayx, orif, murabbiy, ustoz va tasavvuf taʼlimotining buyuk namoyandasi Xoja Ahror Valiydir [4:114-118].

Xoja Ahror Valiy haqida Alisher Navoiy “Nasoyimul muhabbat” asarida tavsiflab oʻtgan [5:280]. Tasavvufshunos olim professor Aleksandr Knish Eron va Turkiyaga nakshbandiylikning kirib kelishida Xoja Ahror Valiyning rolini qayd etgan [6:254].

Naqshbandiylik taʼlimoti turklarning orasida tariqatning buyuk asoschisi Bahouddin Naqshband vafotidan bir asr oʻtgach, aniqrogʻi XV asrdan yoyila boshlagan. Bu naqshbandiylikning Movarounnahr hududidan chetga chiqishida juda muhim qadam boʻlgan [4:114-118].

Turkiyada naqshbandiya soʻfiylik tariqatining birinchi targʻibotchisi Xoja Ahrorning xalifasi Mulla Abdulloh Ilohiy Samoviy (vafoti 1490 y.) edi [7:108]. Istanbulning oʻzidayoq 65ta naqshbandiya dargohlarining mavjudligi, bu tariqatning keng tarqalganiga dalil boʻla oladi.

Mavlono Xolid Ziyouddin Bagʻdodiy (r.a.) Musul viloyatining Sehrizoda qishlogʻida 1779 yilda tavallud topgan va 1826 yili Shomda vafot etgan. Xolid Bagʻdodiy asoslagan Naqshbandiya xolidiya tariqati Usmoniylar davlatida keng tarqalib eng faol maʼnaviy, ruhiy ozuqa hisoblangan. Hatto usmoniy podshohlaridan Sulton Vahdiddinning ham xolidiya tariqatiga mansub boʻlgani manbalarda keltirilgan [8:121].

XIX asrda mashhur olim va mutasavvif Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviy (1893 y. vafot etgan.) naqshbandiyaning Onadoʻlida yana ham keng tarqalishiga ulkan hissa qoʻshgan [9:28]. Maqolamizda komil murshid Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning naqshbandiya taʼlimotini rivojlantirishdagi oʻrnini koʻrib chiqamiz.

Buxoroyi sharifda yashab oʻtgan “Silsilai sharif”ning “Oltin zanjir”ida hazrat Xoja Shoh Bahouddin Muhammad Naqshband Buxoriy-Uvaysiy 16-halqada boʻlsa, Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy 32-halqada turadi. Bunday sonlar falsafasini oʻziga xos mazmun-mohiyati bor. Chunki Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy naqshbandiya taʼlimotini juda koʻp mamlakatlarga tarqalishiga sababchi boʻlgan.

Kumushxonaviy besh yoshida oʻqishni boshlab, sakkiz yoshida Qurʼoni karimni yod olgan va “Hofizi Qurʼon” boʻlgan. U “Daloili xoyrot”, “Qasidai Burda” va “Hizbul Aʼzam” kabi kitoblarni qiroat kilishga ustozlaridan ruxsat olgan [10:9].

Zohiriy ilmlar toʻgʻrisida bilimga ega boʻlsa-da, mukammal boʻlishi uchun botiniy ilmlarni ham egallashi lozimligini bilib, buning uchun komil ustoz kerakligini anglagan.

Kumushxonaviyning hayotida bunday ustoz Mavlono Xolid Bagʻdodiyning xalifalaridan biri Ahmad Sulaymon Arvodiy boʻlgan.

Mavlono Xolid Bagʻdodiy Kumushxonaviyning tasavvufda yuksak mavqe va katta taʼsirga ega boʻlishini oldindan koʻra olgan va unga rahbarlik qilish uchun oʻzining xalifasi Ahmad Sulaymon Arvodiyga “Ey doʻst Istanbulga bor va falon kishini irshod qil. Chunki u bizdan keyin sohibi zamon va rahbari tariqat boʻlgaydir. U gul hali ochilmagan gʻunchadir. Ul shaharga boshqa har qancha xalifalar joʻnatilgan boʻlsa-da, uning nasibi azaldan senga omonat topshirilgan. Borgil, hasrat olovida kuyib, piri murshid qidirayotgan oʻsha mushku anbar hidli valoyat gʻunchasining ochilmogʻiga xizmat qil. Bu xususda saodati kirom Hazratlarimizning ruhoniyatlari senga madadkor boʻlgay”, deb buyurgan [11:302].

Boshqa bir manbada quyidagicha yozilgan: “Shu orada Mavlono Xolid Bagʻdodiy hazrat Ahmad Sulaymon Arvodiyga: “Ey doʻst! Shimoliy Afrika, Buxoro, Misr, Makka, Madina, Hindiston va Uzoq Sharqni munavvar qiladigan insonni nuri koʻrinmoqda. U bilan sizning ismingiz koʻproq eshitiladi va u bilan siz koʻproq eshitilasiz, tanish boʻlasiz. Chunki u bizdan keyin zamonning sohibi va tariqatning boshlovchisi boʻladi”, degan [12:104]. Demak, Xolid Bagʻdodiy Kumushxonaviyni ruhi quvvatini koʻrib uni tarbiyalashni xalifasi Ahmad Sulaymon Arvodiyga topshirgan.

1845 yilda ustozi Xolid Bagʻdodiy tomonidan vazifa buyurilgan shayx Livan – Tripoli muftiysi Ahmad Sulaymon Arvodiy Istanbulga kelgan. Kumushxonaviy piri murshidining kelishidan ilohiy ilhom va tush orqali xabardor boʻlgan. Ular shayx Abdulfattoh hazratning kulbasida koʻrishgan. Kumushxonaviyni hech qachon koʻrmagan bu ulugʻ inson Kumushxonaviyga dedi: “Ey Ahmad! Sizning qaysarligingizni tuzatish va sizga rahbar boʻlish azaldan menga ishonib topshirilgan va faqat siz uchun Damashqdan Onadoʻliga sayohat qilishga keldim” [13:37]. Kumushxonaviy bu sirli notanish odamdan nomini eshitgan zahoti yuragi qizib ketdi, juda hayratda qoldi. Uning huzurida qoʻl qovushtirib turdi. Abdulfattoh Kumushxonaviyga yuzlanib, bu kishi sizning shayxingiz. Buni darhol hal qiling. Oramizda begona yoʻq, biz bir shayxdan ilhomlangan bir daraxtning ikki atirgulimiz. Kumushxonaviy shayxga intisob qildi.

Kumushxonaviy shayxini Mahmud posho madrasasidagi hujrasiga olib borib u yerda qirq kunlik rahmat va magʻfirat davrini boshlagan. Shayx Kumushxonaviyga bir qancha tariqat, zikr va sayru suluk yoʻllaridan taʼlim bergan. Shayx va shogird Mavlono va uning orasidagi irshod faoliyatida ham favqulodda hodisalar boʻlgan. Shams Tabriziy misolida boʻlgani kabi tasavvufiy va favqulodda muhit sodir boʻlgan. Shayx Arvodiy ham xuddi Shams Mavlononi tark etganidek Kumushxonaviyni birdan tark etgan.

Uch yildan keyin 1848 yilda ustoz Arvodiy ikkinchi marta Kumushxonaviy bilan yolgʻizlikda uchrashgan. Uning maʼnaviy jihatdan kamolga yetganini koʻrib, Kumushxonaviyga naqshbandiya, qodiriya, suhravardiya, kubraviya, shoziliya, chishtiya, mavlaviya tariqatlariga ijozat bergan.

Kumushxonaviy Istanbuldagi xolidiylarning eng buyuk shayxi Abdulfattoh hazratning borligi uchun u kishini hurmatini joyiga qoʻyib, “Eng katta xalifaga qattiq sodiqlik bilan mustaqil harakatlardan oʻzini tiyish” tufayli tariqat ishlariga oʻzini toʻliq bagʻishlamagan.

1875 yilgacha Kumushxonaviy mualliflik huquqi va asarlarini nashr qilish bilan shugʻullangan. “Levamiʼul-ʼukul” nomli asarida oʻzini naqshbandiy va shoziliy tariqatida deb tanishtirgan. Abdulfattohning (1864)  vafotidan soʻng Kumushxonaviy naqshbandiya taʼlimotining xolidiya tarmogʻining bir novdasi boʻlgan kumushxonaviya tariqatini rivojlantirgan. Abdulfattohning  Xolidiyaga aʼzo boʻlgan shogirdlari kumushxonaviya tarmogʻiga qoʻshilgani natijasida bu tarmoq juda kengaygan.

Kumushxonaviy 1859 yilda oʻz tariqatining aʼzolari bilan zikr va suhbatlar uchun maxsus joy tanlagan edi. Kumushxonaviya tariqati aʼzolari koʻpayganidan keyin u joy kichiklik qilgan. Kumushxonaviy 1875 yili Fotma Sulton masjidida qoʻshimcha hujralar va binolarning orasidan oʻn olti xonali uy va darvozaxona qurdirgan. Kengaytirilgan bu joy Kumushxonaviy darveshlar uyi nomini olgan.

Kumushxonaviyning suhbatlariga Sulton Abdulmajid, Sulton Abdulaziz va Sulton II Abduhamid qatnashib turgan. Manbalarda Kumushxonaviyning Sulton Abdulhamidxon bilan yaqin munosabatda boʻlgani koʻrsatilgan.

Kumushxonaviy bir yuz oʻn olti kishiga irshod bergan va uning milliondan ortiq muridlari boʻlgan. U Kavkaz, Qozon, Shom, Bagʻdod, Hijoz, Misr, Xitoydan tortib Komor oroligacha boʻlgan dunyoning turli tomonlariga shogirdlarini yuborib, islom madaniyatini va Naqshbandiya Xolidiya tariqatining tarmogʻi boʻlgan kumushxonaviyani keng tarqalishiga hissa qoʻshgan [14].

Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning shogirdlaridan toʻrttasi “Silsilai sharif”ning “Oltin zanjir”iga kirgan. Shogirdlaridan: Xasan Xilmi Kastamoniy (1893-1911) 33-halqada, Ismoil Najotiy Zagʻfaronboliy (1911-1919) 34-halqada, Umar Ziyovuddin Dogʻistoniy (1919-1920) 35-halqada va Mustafo Fayzi ibn Amrulloh Takfurtogʻiy (1920-1925) 36-halqada turadi [14].

Yuqoridagi fikrlarni xulosa qilib aytganda qoʻyidagilarni taʼkidlash mumkin:

  1. Naqshbandiya taʼlimotini Buxoroi sharifda Bahouddin Naqshband nomi bilan mashhur Muhammad ibn Muhammad Buxoriy (1318-1389) asoslagan.
  2. Naqshbandiyaning jahon boʻylab tarqalishiga sababchi boʻlgan Xoja Ahrori Valiyning ahroriya tarmogʻi orqali Xolid Bogʻdodiy Turkiyada xolidiya tarmogʻiga asos solgan.
  3. 1864 yildan boshlab Xolid Bogʻdodiyning naqshanbdiya-xolidiya tarmogʻini Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy takomillashtirib, yangi kumushxonaviya (ziyoiya) tarmogʻiga asos solgan.
  4. “Silsilai sharif”ning “Oltin zanjirida” Kumushxonaviy va shogirdlari 32-36-halqalarda turadi.

Umumiy xulosa qilib aytganda, naqshbandiya taʼlimotini mukammal oʻrganish uchun uning Kumushxonaviya tarmogʻini va uning asoschisi Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviyning hayot yoʻllari va maʼnaviy merosini har tomonlama tahlil etish Yangi Oʻzbekistonimizda Uchinchi Renessans poydevorini qurishga asos boʻla oladi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. G.N.Navroʻzova. Xoja Bahouddin Naqshband hayoti va maʼnaviy merosi –T.: Fan,
  2. G.N.Navroʻzova.Naqshbandiya – kamolot yoʻli. –T.: Fan, 2007.
  3. G.N.Navroʻzova. Naqshband nomi ila arjumand. NamDU ilmiy axborotnomasi. 4-son, 2022 y.
  4. X.Raxmatova. Naqshbandiylikning jahoniy taʼlimotga aylanishida Xoja Ahror Valiyning oʻrni. Sino. № 31, 2008 y.
  5. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”, –T., Fan 2001y. 17 tom.
  6. A.D.Knыsh. Musulmanskiy mistitsizm, –Moskva-Sankt-Peterburg. Dilya, 2004.
  7. Usmon Turar. Tasavvuf tarixi. –T.: Istiqlol, 1999.
  8. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tasavvuf haqida tasavvur. –T.: Movarounnahr, 2004.
  9. M.T.Gulamova. Mushku anbar hidli valoyat gʻunchasi Ziyouddin Ahmad Kumushxonaviy // Imom Buxoriy saboqlari jurnali. – 2020. — № 2.
  10. M.T.Gulamova. “Silsilai sharifdagi piri komil – Ziyouddin Ahmad Kumushxonaviy” “Jahon madaniy sivilizatsiyasi kontekstida xojagon, naqshbandiya tasavvufiy taʼlimotlari ilmiy maʼnaviy merosining umumbashariy ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya materiallari. 2 — kitob, Navoiy: 2019 y.
  11. Ziyovuddin Axmad Kumushxonaviy,tarjimon Mirzo Kenjabek, Jomeʼ ul-mutun. –T.: Movarounnahr; 2000 y.
  12. Kılıç, Rüya, “Osmanlı Devletinde Yönetim-Nakşibendî ilişkilerine Farklı Bakış Halidi Sürgünleri”, Tasavvuf Tasavvuf: İlmi ve Akademik Araştırma Dergisi, Sayı: 17, Sayfa: 103-119, –Ankara, 2006.
  13. Gündüz, Gümüşhânevî Ahmed Ziyâüddîn, s. 65; Süleyman Zeki Bağlan, “Gümüşhaneli Zinciri”, Keşkül Dergisi, 2011, sy. 20.
Mavjuda GULAMOVA,
kimyo fanlari nomzodi, dotsent,
Buxoro davlat tibbiyot instituti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …