Home / YANGILIKLAR / IMOM BUXORIY MAJMUASI DINIY, MAʼRIFIY, MADANIY MARKAZ BOʻLADI

IMOM BUXORIY MAJMUASI DINIY, MAʼRIFIY, MADANIY MARKAZ BOʻLADI

Imom Buxoriy maqbarasi islom olami uchun tabarruk ziyoratgohlardan biri boʻlib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugungi kunda majmua qayta qurilmoqda. Qariyb 10 ming namozxonga moʻljallangan masjid, toʻrtta minora, ayvonlar barpo etilyapti. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxonalar quriladi.

Bu jarayon Prezidentimizning doimiy eʼtiborida va har gal Samarqandga kelganida qurilish ishlari bilan tanishib oʻz tavsiyalarini bermoqda. 15 iyul kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi davomida Imom Buxoriy qabrini ham ziyorat qildi. Majmuada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.

Oʻtgan galgi tashrifida berilgan topshiriqlari qay darajada bajarilayotganini kuzatdi. Ziyoratchilarga barcha qulayliklarni, jumladan, Qurʼon va hadis kabi muqaddas kitoblarni erkin oʻqib oʻtirishlari uchun sharoitlar yaratish, majmuaga kiraverishdagilaridan tashqari, ichkariroqda ham zamonaviy tahoratxona qurish, maqbaraga koʻtarilishda nogironlik aravachasida keladigan ziyoratchilar uchun pandusli yoʻlaklar barpo etish va boshqa masalalar boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

– Inshoolloh, bu majmua ochilganidan keyin ziyoratchilar yanada koʻpayadi. Ayniqsa, nuroniylar koʻp keladi. Ular uchun barcha qulayliklarni inobatga olish kerak. Bu joy nafaqat diniy va maʼrifiy, balki ulkan madaniy markaz ham boʻlishi zarur. Shu bois eng yaxshi gulchilarni olib kelib, majmuani qishin-yozin gulzor qilib qoʻyish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangilanayotgan majmua ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ulardan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Mahmud IBODULLAYEV,
Imom Buxoriy masjidi faxriy imomi

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …