Home / ALLOMALAR / MUHAMMAD IBN UMAR FAHRIDDIN ROZIY ASARLARINING QISQACHA SHARHI

MUHAMMAD IBN UMAR FAHRIDDIN ROZIY ASARLARINING QISQACHA SHARHI

Vatanimiz azaldan ilm-maʼrifat oʻchogʻi boʻlib kelgan. Bu yurtdan koʻplab qomusiy olimlar yetishib chiqqan. Ular qoldirgan ulkan ilmiy meros garchi turli bosqinlar davrida yoʻq qilingan, olib ketilgan boʻlsada, bizning davrimizgacha yetib kelganlarining adadi, hisobga olinganlari ham kishini hayratga soladi. Ana shunday maʼnaviy merosimiz saqlanayotgan ilmiy dargoh – OʻzFA Sharqshunoslik instituti hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi oʻzining boyligi, turli fan sohalarining xilma-xilligi boʻyicha dunyodagi eng boy qoʻlyozma fondidan biridir. Qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan asarlarning ichida eng qadimiysi IX asrga (Qurʼoni karimning kufiy xati bilan kitobat qilingan nusxasi), eng yangilari esa XX asrning oʻrtalariga oid [1].

Qoʻlyozmalar majmuasidagi asarlar oʻzbek, arab, fors, tojik, urdu, pushtu, ozarbayjon, turk, tatar, turkman, uygʻur va boshqa sharq xalqlarining tillarida yozilgan. Bu asarlar oʻrta asr va undan keyingi davr fanining turli tarmogʻiga, yaʼni tarix, adabiyot, falsafa, huquq, falakiyot, kimyo, tabobat, jugʻrofiya, dorishunoslik, til, musiqa, matematika, maʼdanshunoslik va boshqa sohalarga oid.

Bu xazinada saqlanayotgan asarlarni birinchi navbatda ikkita katta guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruh – qoʻlyozma asarlar, ikkinchi guruh esa, toshbosma va nashr etilgan kitoblar hisoblanadi. Hozirgi vaqtda qoʻlyozmalar xazinasida (asosiy fond – 13559ta, dublet fond – 5237ta, Hamid Sulaymon fondi – 7586ta) jami 26382 jild kitob saqlanayotgan boʻlsa, toshbosma va nashr etilgan kitoblarning (asosiy fond – 23569ta, dublet fond – 3243ta, maxsus fond – 6389ta, Hamid Sulaymon fondi – 6875ta) umumiy soni 40076 jildan ortiqni tashkil etadi [1]. Ular Oʻrta Osiyo, shuningdek, Sharq mamlakatlari – arab davlatlari, Afgʻoniston, Pokiston, Turkiya, Xitoy, Eron, Hindiston tarixini oʻrganishda oʻta muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, Institutning qoʻlyozmalar xazinasida 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlar ham saqlanadi.

Biz bu kichik hajmli tadqiqotimizda institutning fondida saqlanayotgan Muhammad ibn Umar Fahriddin Roziyning qalamiga mansub qoʻlyozmalarga toʻxtalib oʻtmoqchimiz. Institutning asosiy fondida Roziyning 14 nomdagi asarlarining 39ta qoʻlyozma nusxalari saqlanmoqda. Ularning ichida eng koʻp – 21 nusxadagisi “Al -Tafsir al-kabir” yoki “Mafatih ul-gʻayb” asari hisoblanadi. Quyida Fahriddin Roziyning qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan asarlarining roʻyxatini va ular toʻgʻrisida qisqacha malumot berib oʻtamiz.

  1. Al-Tafsir al-kabir yoki Mafatih ul-gʻayb tafsir ilmiga oid asar hisoblanadi. Bu ulkan Qurʼon sharhini taxminan 595/1199 yilda yozish boshlangan. Ammo asarni Roziy yozib tugata olmagan. Keyinchalik uning shogirdlari tugatgan [2:10]. Qoʻlyozmalar instituti asosiy fondida 9237, 9238, 6834, 5109, 9236, 5108, 5106, 5110, 4719, 5107, 9473, 7295, 4776, 2157, 5986, 5326, 2062, 4754, 4755, 3248, 4736 sonli inventar raqamlar ostida saqlanadi. Ushbu qoʻlyozmalar arabcha, nastaliq, nasx, suls yozuvlarida koʻchirilgan.
  2. Jami ul-ulum asarining 10583, 415, 5514 inventar raqamli 3ta qoʻlyozma nusxalari mavjudligini aniqladik. Arab tilida, nastaliq yozuvida koʻchirilgan. Bu asar xorazmshox Takashning iltimosiga binoan yozilgan. Asar XII-XIII asrlar musulmon sharqidagi oltmishga yaqin fan va ularning tasnifi haqida maʼlumot beradi.
  3. Asrar al-tanzil va anvar al-tavil asari Roziyning ilohiy mavzularni Qurʼon oyatlari asosida tadqiq etuvchi tugallanmagan asari hisoblanadi. U “Al-Tafsir al-kabir” asaridan keyin yozilgan koʻrinadi va keying manbalarda baʼzan Qurʼonning kichik sharhi (Al-Tafsir al-sagʻir) deb ham yuritiladi [2:10]. Arab tilida, nastaliq yozuvida koʻchirilgan. Inventar raqami 10691 hisoblanadi.
  4. Latoif ul-gʻiyosiyot qoʻlyozmasining asosiy fondda 2ta nusxasi mavjudligini aniqladik. Bular 10873 va 2355 inventar raqamli qoʻlyozma nusxalaridir. Avvalgi ilmiy tadqiqotlarimizda 10873 raqamli qoʻlyozma nusxasi doirasida tadqiqot olib borgan edik [3]. Birinchi qoʻlyozma nusxa 1265/1848 yilda koʻchirilgan. Kotib ismi berilmagan. Kotib bu asarni oʻqigan insonlar koʻchiruvchi haqqiga duo qilib qoʻyishni soʻragan, yaʼni duo talab qilgan [4]. Asar uchta katta maqoladan iborat:
  5. Ilmning fazilati haqida
  6. Borliqning va olamning yaratuvchisi borligining dalillari toʻgʻrisida
  7. Inson ahvolining sifatlari haqida [5:1060].

Fors tilida, nastaliq yozuvida koʻchirilgan. 120 varaqdan iborat. Roziyning bu asarining nomi “Kashf al-zunun”da berilmagan. 2355 raqamli nusxasi tojik tilida, nastaliq yozuvida Utman ibn Mir Muhammad 1060/1650 yilda koʻchirgan. 100 varaqdan iborat (154-55). Eʼtiborli jihati shundaki, bu asar ilmiy jamoatchilikka maʼlum emas edi. Bu asar Roziyning tadqiqotchilar oʻrganmagan asari hisoblanadi.

  1. Hadoiq ul-anvar fi-haqoiq ul-asrar qoʻlyozmaning 2ta nusxasi mavjud. 2671 va 10287 inventar raqamlari ostida asosiy fondda saqlanadi. 2671 inventar raqamli nusxasi 1113/1701 yilda fors tili, nastaliq yozuvida koʻchirilgan.
  2. Risalat taxqiq kalimatu-la ilaha illallah qoʻlyozmasi, inventar raqami: 562.
  3. Risalat al-kamaliya fi haqaiq al-ilahiyya 2536 inventar raqamli qoʻlyozma nusxasi Hindistonda 1076/1665 yilda fors tilida, nastaliq xatida koʻchirilgan. Misril Maktum xuddi shu asarning 2687 raqamli qoʻlyozmasining tojikcha tarjimasini nastaliq yozuvida koʻchirgan.
  4. Risalat fittavhid qoʻlyozma inventar raqami 5600, arab tilida, nastaliq yozuvida koʻchirilgan. Hajmi 4 varaq hisoblanadi.
  5. 9. Sharx al-Isharat va-l-tanbihat asari asosiy fondning 4957 I va 4957 III inventar raqamlari ostida saqlanadi. Tahminan 580/1184 yilda yozilgan. Bu asar Ibn Sinoning “Al-Isharat va-l-tanbihat” asariga Roziyning mashhur tanqidiy sharhidir [6:1]. Mantiq boʻlimi haligacha nashr qilinmagan [2:9]. Arab tilida, nastaliq yozuvida koʻchirilgan.
  6. Al-Mabahis al-mashriqiyya. Bu qoʻlyozmani hijriy 665 yilda Ali ibn Muhammad arab tilida, nastaliq yozuvida koʻchirgan. Asosiy fond, Inventar raqami 2432. Asar Roziyning dastlabki ilmiy merosi hisoblanadi va unga Ibn Sino (v.429/1037), Abul Barakot Bagʻdodiy (v.560/1164-5), Abu Bakr Roziy (v.313/925)larning falsafiy asarlari taʼsir koʻrsatgan. Bu asar Roziy falsafasining yetukligini anglatmaydi, lekin uning keyingi va oldingi qarashlaridan keskin farq qiluvchi fikrlarni oʻz ichiga oladi. Roziy bu asarida falsafadagi hamkasblarini qadimgi va islomiy kuchlar asoslab bergan dalillar va usullarga boʻysunishda ayblaydi [7:21].
  7. Masail fittib. 3125 raqamli arab tili, nastaliq yozuvida koʻchirilgan qoʻlyozma hisoblanadi. Bu qoʻlyozma asar Abu Bakr Roziyning qalamiga mansub boʻlishi ham mumkin.
  8. Nihayat al-uqul qoʻlyozmasi asosiy fondning 10129 raqamli nusxasi hisoblanadi. Nasx xatida, arab yozuvida 680/1281 yilda Ali ibn Muhammad ibn Ali an-nasafiy koʻchirgan, 200 varaqdan iborat. Haligacha nashr qilinmagan. Bu Kalom ilmi haqidagi asar islom ilohiyoti tarixiga juda katta tasʼir koʻrsatgan. Bu Roziyning oldingi Ashʼariy tafakkuri bilan keyingi falsafiy ilohiyot oʻrtasidagi hal qiluvchi qisqa bosqichni ifodalaydi [2:8].
  9. Risalat fi-tanbih alal baadal asrar al-muvadaat fi baadal asvar qoʻlyozmasi 2820 raqamli qoʻlyozma hisoblanadi. 1099/1688 yilda Muhammad Sadiq ibn Habibulloh nastaliq xatida, tojik tilida koʻchirgan. 3 varaq (276-274)ni tashkil etadi.
  10. Vasiyatnomai Raziy. 2213 raqamli qoʻlyozma, tojik tilida koʻchirilgan. 4 varaq (28-25)ni tashkil etadi.

Umuman olganda Roziyning qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan asarlarini oʻrganish natijasida diyorimizda oʻsha davrda ham ilm-fanning rivojlanganini koʻrishimiz va qimmatli maʼlumotlar olishimiz mumkin.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. https://beruni.uz/en-ca/tuzilma/institut-tarixi2.html
  2. 2. Ayman Shihadeh, The Teleological ethics of Fahr al-Din al-Razi. Brill Leiden-Boston, 2006.
  3. 3. Umarjonov S, Fahriddin Muhammad ar-Roziyning (1149-1209) “Latoif ul-gʻiyosiyot” asarining falsafiy-germenevtik tahlili. Magistr akademik darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. –: 2020.
  4. فخر الدين رازي. لتف ال غيسيت. (Fahr Addin Raziy “Latoif ul-Giyosiyot” arab va fors tillarida) Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv №10873)
  5. S.S.Umarjonov, M.K.Safarov. Fahriddin Roziyning “Latoif ul-gʻiyosiyot” qoʻlyozma asarida aql va eʻtiqod masalasining qoʻyilishi va uning diniy-falsafiy germenevtik tahlili”. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences (elektron jurnal). 2021-yil iyun.
  6. 6. Ayman Shihadeh, Fahr al-Din al-Raziʻs Response to Sharaf al-Din al Masʻudiʻs critical commentary on Avicennaʻs Isharat. The Muslim World, volume 104, January/april 2014.
  7. 7. Tariq Jaffer, Razi Master of Qurʻanic Interpretation and Theological Reasoning. Oxford University Press, 2015.
Sohibjon UMARJONOV,
TDIU tayanch doktoranti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …