Home / YANGILIKLAR / MUNOSIBLAR SARALANIB, RAGʻBATLANTIRILDI

MUNOSIBLAR SARALANIB, RAGʻBATLANTIRILDI

Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarining talaba-oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Vatanni sevmoq iymondandir!” mavzuidagi insholar tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilib, mamlakatimizning barcha hududini qamrab olgan mazkur tadbirda markaziy studiyadan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik Akmal Saidov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov, tanlovning respublika bosqichida qatnashish imkoniyatini qoʻlga kiritgan 45 nafar talaba-oʻquvchi ishtirok etdi.

Hududiy studiyalardan esa Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari raislari, joylardagi diniy taʼlim muassasalari rahbarlari, tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarining ustozlari hamda ota-onalari qatnashdi.

Tadbirni Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov olib bordi. “Vatanni sevmoq iymondandir!” ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichi shu yilning 14 — 17 iyun kunlari Toshkent shahrida tashkil qilindi. Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan 45 nafar talaba va oʻquvchi hamda ularning ustozlari poytaxtimizda tantanali ravishda kutib olinib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi “Chinobod Plaza” sanatoriysiga joylashtirildi. Ushbu maskanda ishtirokchilar uchun barcha shart-sharoit yaratib berildi.

Tanlovning respublika bosqichi doirasida talaba va oʻquvchilarning deputatlar va ziyolilar, siyosatshunoslar, olimlar, yozuvchilar, ilm-fan arboblari bilan uchrashuvlari, shuningdek, zamonaviy bunyodkorlik maskanlari hamda poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlari uyushtirildi. Shu bilan birga, tanlov ishtirokchilari poytaxtimizda bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jarayonlari va Hazrati Imom majmuasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan tanishdi.

Shu yilning 16 iyun kuni tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “Vatanni sevmoq iymondandir!” mavzuida insho yozdilar. Alohida qayd etish joiz, tanlov ishtirokchilari orasida oʻz ijodiy ishlarini oʻzbek, qoraqalpoq, ingliz, fransuz va arab tilida yozgan yoshlar ham borligi quvonarlidir.

Talabalarning insholari ekspert mutaxassislar va hakamlar tomonidan imloviy savodxonlik, soʻz boyligi va uslubiy mahorat, mavzuning toʻlaqonli ochib berilganligi, mavzuga oid mavjud muammolar va ularning yechimi boʻyicha takliflar, tarix, bugun va istiqbol haqidagi tasavvurning kengligi, amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan shaxsiy munosabatning va ular boʻyicha xulosaviy fikrlarning mavjudligi hamda ifoda etish mahorati kabi mezonlar asosida xolisona baholandi.

Taʼkidlash oʻrinliki, yoshlarning ijodiy ishlarini baholash oson boʻlmadi. Chunki har bir insho mazmunli va oʻziga xos samimiylik bilan yozilgan boʻlib, oʻquvchilarning yuksak iqtidor va salohiyatini koʻrsatib berdi. Talaba va oʻquvchilar yozgan insholar ular qalbida Vatanning ravnaqi yoʻlida fidokorona xizmat qilish istagi joʻsh urayotganini, ularning chuqur bilimga, teran tafakkurga ega ekanliklarini koʻrsatishi bilan birga, mamlakatimizning ertangi kuni ishonchli qoʻllarda ekanligini ham namoyon etdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Yoshlarga oʻz salohiyatini namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib bergan mazkur tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarini tantanali taqdirlash tadbirida respublika bosqichiga yetib kelgan barcha talaba va oʻquvchilarga Prezident sovgʻasi sifatida noutbuklar topshirildi.

Baholash natijalariga koʻra, tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari orasidan 1, 2, va 3-oʻrin gʻoliblari hamda qator nominatsiyalar boʻyicha sovrindorlar aniqlanib ragʻbatlantirildi.

Xususan, 3-oʻringa loyiq deb topilgan uch nafar ishtirokchi 3-darajali diplom va 10 million soʻmdan pul mukofotlari, 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan 2 nafar talaba 2-darajali diplom va 20 million soʻmdan pul mukofotlari, mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritib 1-oʻrinni zabt etgan ishtirokchiga 1-darajali diplom va 30 million soʻm pul mukofoti topshirildi.

1-oʻrin egasi va ota-onasiga Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi tomonidan Umra safariga yoʻllanma ham berildi.

Shuningdek, tanlovda qator nominatsiyalar boʻyicha ham sovrindorlar aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovgʻalar ulashildi. Tanlov gʻoliblarining ustozlari ham munosib ragʻbatlantirildi.

Muhabbat OʻRMONBЕKOVA,
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 21 iyun, №128(8190)

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …