Home / YANGILIKLAR / VATANNI SЕVMOQ, IYMONDANDIR!

VATANNI SЕVMOQ, IYMONDANDIR!

Oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalari talaba-oʻquvchilari oʻrtasida shu mavzuda oʻtkazilgan insholar tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari taqdirlandi.

Mazkur tanlov Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Tantanali taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik Akmal Saidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hamda masofadan turib Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hududiy kengashlari raislari, joylardagi diniy taʼlim muassasalari rahbarlari va yoshlar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov “Vatanni sevmoq iymondandir!” mavzusida oʻtkazilgan mazkur insholar tanlovidan koʻzlangan maqsad ulkan yangilanishlar mamlakatiga aylangan va butun dunyo eʼtirof etayotgan yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulugʻ niyatdagi ishlarga zeb berish, bebaho qadriyat va anʼanalarni davom ettiradigan, Vatan taqdiri, yurt manfaatlari uchun jonkuyar yoshlarni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshishdan iborat ekanini taʼkidladi. Shuningdek, talaba-oʻquvchilarda yurtimizdagi islohotlarni teran idrok etish va ular toʻgʻrisida mulohaza yuritish, oʻz fikrini ijodkorona yetkazib berish, ijodiy, tanqidiy, kreativ fikrlash, yozma nutq, notiqlik koʻnikmalari, Vatanimiz taqdiri, ertangi kuni va istiqboliga daxldorlik tuygʻusini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Ikki bosqichda tashkil etilgan insholar tanlovining birinchi bosqichida oʻrta maxsus islom bilim yurtlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi akademik litsey va Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining 3 mingdan ortiq talabasi ishtirok etdi. Ular orasidan saralab olingan 45 yigit-qiz tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Shu paytgacha umumtaʼlim, Temurbeklar maktablari oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida tashkil etib kelingan bunday tanlov diniy taʼlim oʻquv muassasalari talabalari oʻrtasida birinchi bor oʻtkazilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Buyuk allomalar eʼtirof etganidek, Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi, najot faqat va faqat bilimdadir! Ayni shu mezonlardan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilgan “Vatanni sevmoq iymondandir!” ijodiy ishlar tanlovi bugungi yoshlar Vatanimiz ravnaqi, istiqboli uchun oʻzini daxldor deb bilayotgani, ular har sohada ilgʻor ekani, iqtidorli yigit-qizlarimiz timsolida Uchinchi Renessans poydevorini qurishga qodir avlod voyaga yetayotganini koʻrsatdi. Bu jihatlar diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi oliy va oʻrta maxsus bilim yurtlarining talaba va oʻquvchilari yozgan ijodiy ishlarda ham oʻz aksini topdi.

Tanlovning respublika bosqichi doirasida talaba-oʻquvchilarning deputatlar va ziyolilar, siyosatshunoslar, olimlar, yozuvchilar, ilm-fan arboblari bilan uchrashuvlari, shuningdek, zamonaviy bunyodkorlik maskanlari hamda poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishuvlari tashkil etildi.

Insholar imloviy savodxonlik, soʻz boyligi va uslubiy mahorat, mavzuning toʻlaqonli ochib berilgani, mavzuga oid muammolar va ularning yechimi boʻyicha takliflar, tarix, bugun va istiqbol haqidagi tasavvur kengligi, kechayotgan islohotlarga nisbatan shaxsiy munosabat va ular boʻyicha xulosaviy fikrlar mavjudligi hamda ularni ifoda etish mahorati kabi mezonlar asosida xolis baholandi.

Respublika bosqichiga yetib kelgan barcha talaba va oʻquvchilarga Prezident sovgʻasi — noutbuk topshirildi.

Baholash natijalariga koʻra, tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari orasidan gʻoliblar va qator nominatsiyalar boʻyicha sovrindorlar aniqlandi. Xususan, 3-oʻringa Toshkent islom instituti 1-kurs talabasi Eʼzozxon Yigitaliyeva, Qoraqalpogʻistondagi Muhammad al-Beruniy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi talabasi Azizbek Atamuratov, Andijon viloyatidagi Sayyid Muhyiddin maxdum oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi 1-kurs talabasi Ravshanbek Abdurahimov munosib topildi. Ularga 3-darajali diplom va 10 mil­lion soʻmdan pul mukofoti topshirildi.

Ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 3-kurs talabasi Muhammadamin Mamanov va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi 1-kurs talabasi Asrorbek Teshaboyev 2-darajali diplom va 20 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tanlovda birinchi oʻringa munosib koʻrilgan Qashqadaryo viloyatidagi Xoja Buxoriy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi 2-kurs talabasi Murtazo Musayorov 1-darajali diplom va 30 million soʻm pul mukofoti egasi boʻldi. Shuningdek, tanlov gʻolibi va uning ota-onasiga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Umra ziyoratiga yoʻllanma berildi.

Tanlovda “Yosh vatanparvar”, “Eng samimiy dil izhori”, “Istiqbolga sobit ishonch”, “Fidoyilik ruhi”, “Maʼrifat ruhi”, “Chet tilda ravon yozilgan insho”, “Eng yaxshi ijodiy yondashuv”, “Teran talqinlar”, “Eng yaxshi vatanparvarlik gʻoyasi”, “Milliy ruh”, “Begʻubor tuygʻular”, “Bezovta qalb” nominatsiyalari boʻyicha sovrindorlar ham aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur insholar tanlovi yangi Oʻzbekiston yoshlarining oʻz Vatanini chin yurakdan sevishini namoyon etishi bilan birga, bugun olayotgan bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlab, kelgusida mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona xizmat qilish ularning ezgu maqsadi ekanini koʻrsatdi.

Muhabbat OʻRMONBЕKOVA,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 21 iyun, 122(644) son

Check Also

Markaz olimi – yirik anjumanda

Bugun, 24-aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi …