Home / MAQOLALAR / BORLIQ HAQIDAGI KONSЕPSIYANING OʻZIGA XOS TALQINI

BORLIQ HAQIDAGI KONSЕPSIYANING OʻZIGA XOS TALQINI

Maʼlumki, falsafa ijtimoiy ong shakllaridan biridir. Bu shakl borliq toʻgʻrisida, unda insonning oʻrni qanday ekani, tabiat va jamiyatning rivojlanish qonuniyatlari haqida maʼlumot beradi. U insonlarning dunyoqarashini aniqlashga imkoniyat yaratadi. Shunday ekan, falsafaning borliq haqidagi taʼlimoti oʻta muhim va dolzarbdir. Faylasuflarning hech biri borliq tushunchasini chetlab oʻtmagan. Har biri oʻzining borliq haqidagi shaxsiy fikrlarini bildirib, mavzuning turli qirralarini ochishga harakat qilgan.

Demak, borliq mavzui qadimiy, lekin navqirondir. Fikrimizning dalili sifatida taniqli faylasuf Baxtiyor Toʻrayevning “Borliq (falsafiy tahlil)” monografiyasini olish mumkin. Bizning nazarimizda bu monografiyada “borliq” tushunchasi har tomonlama, yaʼni dialektik nuqtai nazardan ilmiy, yaxlit holda tahlil qilingan. Oʻquvchiga borliq haqida toʻliq tasavvur beradi, desak, xato boʻlmaydi.

Borliq muammosini tushuntirishda yakdil fikr shakllangan boʻlmasa-da, (chunki u munozarali) Baxtiyor Toʻrayev oʻzining koʻp yillik izlanishlari, hayotiy tajribasi, jahon falsafasining borliq haqidagi fikrlarini xulosa qilishi natijasida oʻquvchiga mukammal tushuncha beradi. “Borliq, – deb yozadi B.Toʻrayev, – bu mavjudlikning barcha (moddiy va maʼnaviy) shakllarini, (real va noreal) turlarini va (oʻtmishdagi, hozirgi va kelajakdagi) koʻrinishlarini oʻziga qamrab oluvchi eng umumiy va universal falsafiy kategoriyadir”. Muallif borliqni tushuntirishda koʻproq tabiiy fanlar boʻyicha qilingan kashfiyotlarga murojaat qiladi va ularga tayanib, shaxsiy fikrlarini mustahkamlaydi. Shuni ham taʼkidlash lozimki, B.Toʻrayev fundamental matematika, fizika, biologiya, ximiya, genetika fanlarining kashfiyotlari bilan yaqindan tanish va bu fanlarning muammolarini mukammal oʻrgangan.

74 paragrafdan iborat bu monografiyada borliqning sxemasi shunday tasvirlab berilganki, muallif oʻz fikrlarini bu sohalarni mukammal oʻrgangan holda muomalaga kiritgani bilinib turadi.

Biz yuqorida qayd etilgan paragraflarning baʼzilari haqida toʻxtalamiz. Jumladan, muallif monografiyaning birinchi bobida borliqning umumiy mohiyati va mazmunini ochib berishda substansiya, aksidensiya va substrat, borliq va yoʻqlik, mavjudlik va reallik tushunchalariga eʼtibor qaratgan. Bu sohalar borliq falsafasining keng qirralarini tushunishga yordam beradi. Muallif borliq haqidagi taʼriflarni tahlil qilgan holda, unga oʻz taʼrifini beradiki, bu mening nazarimda boshqalaridan oʻzining qisqaligi, lekin keng qamrovli ekani bilan farq qiladi: “Borliq – bu mavjudlikning barcha (moddiy va maʼnaviy) shakllarini, (real va noreal) turlarini va (oʻtmishdagi, hozirgi va kelajakdagi) koʻrinishlarini oʻziga qamrab oluvchi eng umumiy va universal falsafiy kategoriyadir”. Bu taʼrifda borliqqa nisbatan birorta soha nazardan chetda qolmagan.

Monografiyaning ikkinchi bobi birinchisining mantiqiy davomi boʻlib, unda borliqning shakllari tahlil qilinadi. Bu bob borliqning aktual va potensial, real va virtual jihatlariga yangicha yondashilgan holda maʼlumotlar berilganki, ular har qanday oʻquvchini mulohazaga chorlaydi. Jumladan, muallif (namoyon boʻlib turgan) aktual borliq bilan potensial borliqning oʻzaro munosabatlarini quyidagicha taʼriflaydi: “Borliqning hali voqelikka aylanmagan va kelgusida aktual voqelikka aylanadigan murtak holidagi qismi potensial borliq deyiladi. Potensial borliq hali voqelikka aylanishga ulgurmagan aktual borliqdir”.

Maʼlumki, borliqda harakat mavjud, oʻzgarish mavjud. Bu – borliq ichidagi xususiyat. Borliq bilan harakat ajralmas, bir butundir. Borliq harakatsiz, harakatsiz borliq boʻlishi mumkin emas. Tadqiqotda bu jarayon chuqur ilmiy tahlil qilingani yaqqol koʻzga tashlanadi. B.Toʻrayev mavzuni kashfiyotlarga asoslangan holda tasvirlaydi va borliqning shakllarini dalillar yordamida koʻrsatib beradi.

Monografiyaning uchinchi bobidagi maʼlumotlar oʻquvchini borliq kategoriyasiga yanada jiddiyroq yondashishga undaydi. Chunki unda koʻpgina adabiyotlarda yoritilmagan maʼlumotlar aks etgan. Muallif fazo va vaqtni, vaqtning mukammal taʼrifidan u haqdagi nazariya va qarashlar, substansional va relyatsion konsepsiyalar, vaqtning turli modellari, koʻlam tushunchasi, davomiylik xususiyatlari, izotroplik va anizotroplik, egilganlik xususiyatlari va topologik unsurlarigacha batafsil tahlil qilgan. Uning bu sohalarni mukammal bilib xulosalar chiqargani, falsafadagi borliq kategoriyasi toʻgʻrisidagi tasavvurlarni kengaytiradi va boyitadi.

Tadqiqotning dolzarbligi shundaki, mavzu hozirgi zamon fan yutuqlari asosida tahlil qilinib, xulosalar chiqariladi. Olim predmetni tushuntirishga oʻta masʼuliyat bilan yondashadi. Shubhali xulosalarga oʻrin qoldirmaydi. Fanlarga tayanib ish koʻrar ekan, ular nafaqat tabiat sirlarini ochib beruvchi va taraqqiyotni siljituvchi vosita, balki inson dunyoqarashini shakllantirishda muhim omil ekanini ham koʻrsatib beradi. Muallif borliqdagi tabiiy va ijtimoiy sohalarning oʻzaro dialektik munosabatlarini ochib beradi. Bunga dalil sifatida kitobdagi “tartiblanganlik”, “moʻljallanganlik”, “fazo va vaqt modellari”, “bogʻlanganlik”, “oʻlchamlilik” paragraflarini keltirish mumkin. Ulardagi tahlillar borliqdagi turli xususiyatlar inson faoliyati bilan bogʻlanganini, ularni bilish olamni yaxlit tushunishga yordam berishini anglatadi. Borliq kategoriyasini toʻliq tasavvur qilishga yordam beruvchi tushunchalar ilk bor muomalaga olib kirilgani mavzuni yorqinroq tushunishga asos boʻladi.

Toʻrtinchi bobda mavzu yanada qiziqarli va tushunarli tarzda bayon qilingan. Oʻquvchi yoki mutaxassis uni oʻqib, yetarlicha kerakli maʼlumot olishi mumkin. Borliqning materiya shakli haqida yuzlab, minglab adabiyotlar, maqola va risolalar, qarashlar mavjud boʻlsa-da, muallif mavzuga yangicha yondashib, xulosalar chiqargan. Uning materiyaning tuzilishi, mikro, makro va mega, anorganik va organik, ijtimoiy dunyolar haqidagi fikrlari oʻquvchini yangi mulohazalarga undaydi.

Monografiyaning beshinchi bobi borliqning shakli boʻlgan kosmologiyaga qaratilgan. Uning mohiyati, kosmologik modellar, Eynshteynning silindrsimon koinot modeli, nostatsionar modellar, portlash nazariyasi, statsionar kengayuvchi koinot modellari kabi bir qancha boshqa sohalar tadqiq qilingan. Bularning barchasi insonning borliq haqidagi bilimini chuqurlashtiradi va kengaytiradi. Muallif bu sohalarni alohida-alohida tadqiq qilish bilan birga, ular orasidagi dialektik munosabat, aloqadorlik va bogʻlanishlarni ham tasvirlab beradi. Bunday yondashuv B.Toʻrayev dialektikaning barcha qirralari va mazmun-mohiyatini ilmiy jihatdan yaxshi bilgan yetuk faylasuf ekanidan dalolat beradi.

Oltinchi bobda ong borliqning maʼnaviy shakli sifatida tahlil qilingan. Unda nutq, til, tafakkur, ong va uning tarkibiy unsurlari toʻgʻrisida fikrlar bildirilgan. Ayniqsa bu bobdagi idrok, fikr, tafakkur, tushuncha, hukm kabilarga qisqa va tushunarli taʼriflar berilgan. Oʻquvchi ulardan oʻz faoliyatida qiynalmasdan bemalol foydalanadi.

Yettinchi bob olamning birligi va xilma-xilligi masalalariga bagʻishlangan. Oʻquvchi bu bobdan olamning murakkabligi va xilma-xilligining birligi haqida qiziqarli falsafiy gʻoyalar olishi mumkin.

Kichik hajmdagi (holbuki, borliq haqida bir necha jildli asar yozish mumkin), lekin mazmunan boy bu asarning asosiy paragraf va boblarini tilga olar ekanmiz, quyidagi xulosalarga kelamiz. Bu asar tinmay olib borilgan izlanishlar va mashaqqatli mehnat natijasidir. Faylasuf olim oʻzining bilimiga amal qilsa, oʻz fikr va mulohazalarini bemalol oshkor eta oladi. Natijada tadqiq etilayotgan soha yoki jarayonga nisbatan zaruriy yoki tasodifiy omillarni mukammal tahlil qilib, xulosa chiqaradi. Predmet yoki hodisaning oʻtmishdagi, hozirdagi, kelajakdagi faoliyatini nisbatan aniq baholaydi. Jarayonni toʻliq his qiladi.

Monografiyani oʻqib shunga amin boʻlasizki, B.Toʻrayevda ana shu xislat va xususiyatlar mujassamlashgan. Oʻz mehnati va ilmi bilan bilish nazariyasining maʼlum bir qismini mukammallashtirgan. Monografiyaning nazariy jihatdan kuchliligi shundaki, (yuqorida taʼkidlanganidek) fikrlar fan yutuqlari bilan asoslangan. Baʼzi mualliflar oʻz asarlarining koʻp qismini iqtiboslar bilan toʻldirsa, B.Toʻrayev bu anʼanadan uzoqlashgan. Kitobda iqtiboslar ham keltirilib, ularning mazmun-mohiyatiga xolisona baho berilgan.

Monografiya sodda va ravon tilda yozilgan. Bu monografiya, falsafa fanining borliq toʻgʻrisidagi xulosalarini yanada oydinlashtiradi, mavhumlikdan aniqlikka yetaklaydi, shaxsning dunyoqarashini kengaytiradi.

Kitobning yana bir xususiyati shundaki, undagi barcha materiallar lotin grafikasida ham takrorlab berilgan. Bu yoshlarimiz uchun alohida qulaylikdir.

Xulosa shundan iboratki, B.Toʻrayev nafaqat tabiatshunoslik falsafasining yirik namoyandasi, balki ijtimoiy falsafa taraqqiyotiga ham yetarli hissa qoʻshgan yetuk ijodkordir.

Ziyodulla DAVRONOV,
Toshkent davlat moliya instituti
Falsafa fanlari doktori, professor

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …