Home / YANGILIKLAR / Muftiy hazratlari Azhari sharif majmuasida yuzlab vatandoshlar bilan muloqot oʻtkazdi

Muftiy hazratlari Azhari sharif majmuasida yuzlab vatandoshlar bilan muloqot oʻtkazdi

10 iyun kuni Muftiy hazratlari “Azhar” masjidida juma namozini ado etgandan soʻng, ushbu majmua xonaqohida jamlangan bir necha yuzlab vatandoshlar bilan dildan suhbat qildilar.

Muftiy hazratlari hadisi shariflarda ilm olishning fazilati va tolibi ilmlarga beriladigan ajr-mukofotlar haqida soʻzlab, yurtimizdan chiqqan Imom Buxoriy kabi ulugʻ zotlar maʼrifat izlab dunyoning turli oʻlkalarida boʻlganlari va oxiri yana oʻz vatanlariga kelib, xalqqa xizmatda sobitqadam turganlarini bayon qildilar.

Inson qayerda va qaysi maqomda boʻlmasin, doimo Vatanga boʻlgan muhabbati joʻsh urishi, tugʻilgan qishlogʻi, ota-onasi va farzandu arjumandlari koʻz oldidan oʻtishini bildirdilar.
Muftiy hazratlari mamlakatimizda soʻnggi yillarda masjid-madrasalar ochilishi, mavjudlari obod qilinishi, oʻlkamizning har bir hududida Qurʼoni karim va tajvid kurslari faoliyat olib borilayotgani, madrasalar faoliyati hamda taʼlim sifati tubdan yaxshilayotgani haqida soʻzlab, mana shunday ishlarda al-Azhar kabi dorulfununlarni tamomlagan ahli ilmlar kamarbasta boʻlishlari zarurligini soʻzladilar.

Oʻzga yurtda yashash, ishlash va oʻqish oson emasligini Muftiy hazratlari taʼkidlab, vatandoshlarga oʻzlari yashab turgan davlat qonunlari va tartiblariga jiddiy amal qilish lozimligi, Imom Buxoriy avlodiga munosib boʻlishga vatandoshlarni daʼvat etdilar.
Muftiy hazratlari uchrashuv yakunida Haq taolodan, barcha vatandoshlarga sihat-salomatlik tilab, Alloh taolo Oʻz panohida asrashini soʻradilar.
Shu bilan Muftiy hazratlari boshchiliklaridagi delegatsiyaning Misr diyori safari oʻz nihoyasiga yetdi.

Manba: muslim.uz

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …