Home / YANGILIKLAR / OʻZBЕKISTON VA MISR MUFTIYLARI UCHRASHUV OʻTKAZDILAR

OʻZBЕKISTON VA MISR MUFTIYLARI UCHRASHUV OʻTKAZDILAR

Bugun, 9 iyun kuni Qohirada oʻtkazilayotgan xalqaro anjuman doirasida Muftiy Nuriddin domla hazratlari Misr Arab Respublikasi muftiysi Shavqiy Ibrohim Allom bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Unda Oʻzbekistonning Misrdagi elchisi Mansur Qilichev, Misr Arab Respublikasi muftiyligi vakillari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Samimiy muloqot chogʻida Shavqiy Allom hazratlari Muftiy Nuriddin domla hazratlariga nufuzli anjumandagi faol ishtiroklari uchun minnatdorchilik bildirib, u kishi tomonidan xalqaro anjumanda bildirilgan muhim takliflar tahsinga loyiq ekani va ularni amaliyotga joriy etishda qoʻllab-quvvatlashini izhor qildi.

Oʻz navbatida Muftiy Nuriddin domla hazratlari ham Misr muftiysi Shavqiy Allom hazratlariga xalqaro anjumanga taklif etgani va uning yuqori darajada tashkil qilgani uchun tashakkur aytdilar.
Sermazmun uchrashuv chogʻida ikki davlat muftiylari Misr va Oʻzbekiston qadimdan Islom dini markazlari boʻlgani, bu diyorlardan yetishib chiqqan allomalar, xususan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Buxoriy va “Sohibi Hidoya” Burhoniddin Margʻiloniy kabi mutafakkirlarning butun dunyoda Islomning yoyilishi va rivojiga munosib hissa qoʻshganlari, bu qadim anʼana bugungi kunda ham davom etayotganini taʼkidladilar.

Xususan, Oʻzbekiston va Misr davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari, diniy-maʼrifiy sohaga qaratayotgan alohida eʼtiborlari natijasida ikki davlat diniy idoralari butun dunyo Islom olami mamlakatlari uchun bugungi kunning dolzarb mavzulariga bagʻishlangan mana shunday xalqaro anjumanlar oʻtkazayotganlarini qayd etdilar.

Uchrashuvda Misrdagi Dorul Ifto va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik qilish, xususan mutaxassislar kasb-mahoratini oshirish, oʻzaro tajriba almashish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish kabi muhim masalalarga alohida diqqat qilindi.
Misr muftiysi al-Azharda juda koʻplab oʻzbekistonlik talabalar tahsil oliy yaxshi koʻrsatkich ekanini taʼkidlab, ushbu oliygohda toʻrt mazhab taʼlimoti qatorida Hanafiy mazhabi puxta oʻrganilishini alohida qayd etdi.

Mazmunli suhbat davomida Muftiylar Oʻzbekiston va Misr musulmonlari idoralari faoliyati, sohadagi oʻzgarish va yangiliklar, faoliyatda qoʻllanayotgan yangi ish uslublari haqida ham oʻzaro fikr almashdilar.

Manba: muslim.uz

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …