Home / MAQOLALAR / SAHOBALAR DAVRIDA HADISLARNING YOZILISHI

SAHOBALAR DAVRIDA HADISLARNING YOZILISHI

Barchamizga yaxshi maʼlumki, sahobalar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlik davrida yaqin koʻmakdosh boʻlgan. Vafotlaridan keyin yoʻllarini mahkam tutib, himoya qilgan. Bu muborak avlodning saʼy-harakatlari sunnatni yozib, asrab-avaylash va ummatga yetkazishda birinchi asos boʻlgan. Ular dinni yoyish, eʼtiqodni mustahkamlash va sunnatni barcha nopok narsalardan himoya qilishda bayroqdorlik vazifasini oʻtagan.

Quyida sahobalarning sunnatni himoya qilishi va saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlaridan misollar manbalarga asoslangan holda qisqacha bayon etiladi.

Dastlabki tamoyil shuki, hadis yodlashga undash va yod olingan hadisga qatʼiy rioya qilish. Sahobalarning aksari shogirdlariga yod olish chogʻida hadislarni yozib olishni buyurar, soʻng sahifaga ishonib qolmasligi uchun yozganlarini oʻchirtirar va yodda saqlashni amr etardi.  

Xatib Bagʻdodiy: “Salaflar hadisni yod olishda avval uni yozib olib, kitobatidan oʻrganib, foydalanar, oʻzlashtirib boʻlgach, sahifaga tayanib qolishdan xavfsirab, yozganlarini oʻchirib tashlar edi. Chunki bu yodlash darajasining pasayishiga, yod olinganlarga nisbatan kam diqqat-eʼtibor berilishiga olib keladi”, degan.

Ikkinchi tamoyil sunnatni bir-biriga yozishish.

Xususan, Usayd ibn Huzayr Ansoriy Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir qancha hadislarini yozgan. Vaqti kelib, Abu Bakr, Umar va Usmon shular bilan hukm chiqargan va uni Marvon ibn Hakamga yuborgan (Ahmad rivoyati).

Jobir ibn Samura Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning baʼzi hadislarini kitobat qilib, talabiga koʻra, Omir ibn Saʼd ibn Abu Vaqqosga joʻnatgan (Muslim va Ahmad rivoyati).

Zayd ibn Arqam Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir qancha hadislarini yozib olib, Anas ibn Molikka yuborgan (Ahmad rivoyati).

Zayd ibn Sobit Umar ibn Xattobning talabiga binoan unga merosda boboning hukmi toʻgʻrisida, (hadis) yozib bergan (Doroqutniy rivoyati).

Samura ibn Jundab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzi toʻplagan hadislarini jamlab, oqqa tushirib, oʻgʻli Sulaymonga joʻnatgan. Imom Muhammad ibn Sirin bu toʻplamni olqishlab: “Samuraning oʻgʻliga yuborgan risolasida koʻp ilm mavjuddir”, degan (Abu Dovud rivoyati).

Abdulloh ibn Abu Avfo Umar ibn Ubaydullohga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yozib bergan (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Keyingi tamoyilga keladigan boʻlsak, sahobalar shogirdlarini hadislarni yozma ravishda qayd etib borishga undagan. Shu orqali kelajak avlodlar uchun muhim manbalar hosil boʻlishiga xizmat qilgan.

Bu xususda Anas ibn Molik Ansoriyni misol keltirish mumkin. U farzandlarini ilmni yozib borishga undab: “Ey oʻgʻillarim, ilmni yozish bilan bogʻlab qoʻying”, der edi. Anas ibn Molikning: “Biz ilmini yozib bormagan kishining ilmini ilm deb hisoblamas edik”, degan gapi mashhurdir (“Taqyidul ilm” va “Tabaqot ibn Saʼd” asarlaridan).

Xatib Bagʻdodiy sanadi bilan ummat olimi Abdulloh ibn Abbos shogirdlaridan bir qanchasi rivoyat qiladi: “U (Abdulloh): “Ilmni yozish bilan bogʻlab qoʻying. Ilmni bogʻlaydigan eng yaxshi narsa kitobatdir”, deb aytar edi” (“Taqyidul ilm” va “Jomiʼ bayonil ilm” asarlaridan).

Umar ibn Xattobning ham: “Ilmni yozish bilan bogʻlab qoʻying”, degani rivoyat qilingan.

Hadisni sahifalarga yozish va ustoz-shogird orasida naql qilish, sahobalar orasida hukm surgan yana bir tamoyildir.

Ular qoldirgan sahifalar hijriy II-III asrlarda yozilgan “Jomiʼ”, “Musnad”, “Sunan” va boshqa tasnifdagi asarlar uchun oʻta muhim va aniq manba boʻlib xizmat qilgan. Quyida shunday sahifalarning ayrimlariga toʻxtalib oʻtamiz.

Abu Bakr Siddiqning sahifasi. Unda zakotning farzlari haqida hujjatlar kelgan.

Anas ibn Molikdan bunday rivoyat bor: “Abu Bakr Siddiq uni zakot yigʻuvchi qilib yuborganida, zakotning farzlari haqida maktub yozib bergan. Maktubda, jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uzuk (muhr)lari va: “Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning musulmonlarga farz qilgan va Alloh Oʻz Rasuliga amr qilgan farz zakotdir…” deyilgan” (Buxoriy rivoyati).  

Ali ibn Abu Tolibning sahifasi.

Ali ibn Abu Tolib toʻgʻrisida bunday rivoyat qilinadi. U odamlarga xitob qilib bunday degan: “Kim biz oʻqiyotgan narsalar va mana bu sahifa Alloh taoloning Kitobida yoʻq, deb daʼvo qilsa, yolgʻonchi boʻlibdi”.

Roviy u haqda: “Sahifa qilichida osigʻliq turardi. Unda zakot tuyalarining yoshi, jarohatlar (borasidagi hukmlar) va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Madina Ayrdan (Madina janubidagi qizgʻish-qora togʻning nomi) Savrgacha haramdir Kim unda bir bidʼat paydo qilsa, unga Allohning, farishtalarning, odamlarning – barcha-barchaning laʼnati boʻlsin!” degan soʻzlari bor edi (Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Amr ibn Osning sahifasi.

Mujohiddan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Amrning huzuriga keldim va toʻshagi ostidan bir sahifani oldim. U meni bundan qaytardi. “Meni hech narsadan toʻsmas edingiz-ku?” dedim. “Bu eng haqqoniy (sahifa)dir. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan men bilan u zot oʻrtasida hech kim boʻlmagan vaqtda eshitganlarimdir”, dedi (“Taqyidul ilm” asaridan).

Abdulloh ibn Abu Avfoning sahifasi. Buni Imom Buxoriy oʻzining “Sahih”ida, “Jihod kitobi”ning “Jang vaqtida sabr qilish” bobida keltirgan.

Abu Muso Ashʼariyning sahifasi. Bu qoʻlyozma Turkiyadagi Shahid Ali kutubxonasida saqlanadi.

Jobir ibn Abdullohning sahifasi. Bu haqda Hofiz ibn Hibbon “Mashohir ulamoil amsor”da va Imom Zahabiy “Tazkiratul huffoz”da aytib oʻtgan.

Hammom ibn Munabbihning Abu Hurayradan rivoyat qilgan sahifasi. Unda jami 138 hadis keltirilgan. Imom Ahmad ibn Hanbal oʻz “Musnad”ida Hammomning mana shu hadislaridan ham rivoyat qilgan.

Manbalarda sahobalarning hadis yozgani yoki shogirdlariga yozdirgani haqida koʻplab maʼlumotlar mavjud. Bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin mutlaqo yangi ish edi. Ammo sahobalar bunda ham Paygʻambar alayhissalomning amrlariga asoslangan. Yaʼni,  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik chogʻlarida hadislarni yozib borishga buyurganlar. Bunga misol Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilingan hadisda oʻz aksini topgan: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlash uchun yozib yurardim. Qurayshliklar: “Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan  har bir narsani yozib yurasan. Rasululloh ham inson, gʻazablanganlarida ham, xursand boʻlganlarida ham gapiradilar” dedi. Yozishdan toʻxtadim. Buni Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamga eslatganimda, “Jonim  qoʻlimda boʻlgan Zot nomi bilan  qasam ichamanki, mendan haqdan boshqasi chiqmaydi”, dedilar” (Ahmad rivoyati).

Shunday qilib, sahobalar keyingi ummatga oʻz hifz va qaydlari orqali oʻta muhim xabarlar, dinimiz tayanchi boʻlgan hadisi shariflarni meros qoldirgan. Ulardan toʻgʻri va oqilona foydalanib, hayotga tatbiq qilish bugungi kunning ham dolzarb vazifalaridandir.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …