Home / MAQOLALAR / BADIIY TAFAKKUR YOGʻDUSINI IZLAB: QADIM ARAB NOTIGʻI XITOBASI MISOLIDA

BADIIY TAFAKKUR YOGʻDUSINI IZLAB: QADIM ARAB NOTIGʻI XITOBASI MISOLIDA

Insoniyat tamadduni bu yer yuzidagi turli xalqlar, millatlar, elatlarning milliy madaniy merosidan iborat yaxlit bir-butunlikdir. Bunda har bir milliylik oʻz ranglari, jozibasi bilan butunlikni bezaydi, oʻzining benazir oʻrnini koʻz oʻngimizda toʻldirib turadi. Bugungi kunning ehtiyoji esa insoniyat taraqqiyotining yangi va yuksak bosqichiga yoʻqotishsiz, xatolarsiz koʻtarilish ekan, bu jarayon aynan mana shu oʻziga xoslikni tabiiy holda anglash, tushunishga ham bogʻliq. Bu esa madaniyatlararo yaqin aloqani mustahkamlash, tildan faqat aloqa vositasi sifatida emas, ulkan ahamiyatga ega almashinuv, oʻzaro idrok va maʼrifatning muhim omili deb qarashni talab qiladi.

“Biron muayyan tilda soʻzlashuvchi xalqning tilini u yashaydigan shart-sharoitlar, milliy oʻzlik tamoyillarisiz tushunib boʻlmaydi” [1].

A.E.Sepirning fikricha esa, tilshunoslar til sohasiga daxldor antropologik, ijtimoiy va psixolingvistik masalalarni yanada koʻproq va chuqurroq oʻrganishi talab etiladi [2].

Tilshunoslik tilning standart tomonlarini yoki inson nutqining shakliy jihatini tadqiq qilsa, adabiyotshunoslik esa bu tilda sanʼatkorona aytilgan, yozilgan nutqni, asarlarni mohiyatan va mazmunan oʻrganadi. Bugungi kun filologiyasida lingvopoetik xususiyatlar, elementlar degan tushuncha paydo boʻldiki, bu insonning ruhiyati, ijtimoiy-siyosiy muammolar va koʻplab boshqa murakkab insoniy his va sezgilar fonida asarni tushunishni taʼminlab bermoqda.

Arab madaniyatining dunyo sivilizatsiyasi va tarixidagi oʻrni haqida juda koʻp gapirilgan, ilmiy sharhlar berilgan, tadqiqotlar amalga oshirilgan. Biroq bugun, kundan-kunga shiddat bilan rivojlanib borayotgan axborotlar almashinuvi, yangi-yangi qulayliklarni taqdim etayotgan texnologiyalar asrida har qanday adabiy merosga bundan 20-30 yillar avval qaralgan nigoh bilan qarash ham eskirgandek tuyuladi.

Boshqa tilda yozilgan meros bilan tanishar ekanmiz, bir-biriga oʻxshamagan milliy madaniyat, tarix, sivilizatsiya va til tafovutining tor va nozik koʻprigidan oʻtishga, bunda muayyan xalqning anʼanasi, diniy madaniyati, tarixiy va maʼnaviy merosi va milliy mentaliteti kabi maxsus qirralarining tildagi aksini anglashga toʻgʻri keladi. Adabiy merosga aynan bu nazar bilan qarash bugungi globallashayotgan dunyo adabiyotshunosligining dolzarb masalasi hisoblanadi.

Arab xalqi islomgacha ham oʻzining tilga, xususan, soʻz sanʼatiga mehri bilan ajralib turgan. Buning isboti bu xalq tilning imkoniyatidan taraqqiyotning ilk davridayoq keng foydalana olganidan dalolat beruvchi koʻplab manbalarning mavjud boʻlgani haqidagi maʼlumotlar aks etgan tarixiy qaydnomalardir. Arab xalq ogʻzaki ijodi namunalari, xususan, arab xalqining tugʻma mental – genetik xususiyatlari asosida ming yillar davomida shakllangan va yuksalgan soʻz sanʼatining anʼanalari ham bu qadim madaniyatni chuqur anglash uchun alohida tadqiqotni talab etadi.

Arab adabiyotida xitoba qadimiy nasriy janr hisoblanadi va u tarixning maʼlum davrida arab adabiyotida yetakchi maqomga ega boʻlgan. Xitoba atamasi turli manbalarda turlicha tushunchalarni ifodalash uchun qoʻllanilgan.

Arablarning islomdan avvalgi va keyingi turmushida ham xitobaning nufuzi baland boʻlib, uning muayyan siyosiy, ijtimoiy va diniy vazifalari bor edi. Xitoba alohida nutqiy janr sifatida jangchilarni jangga ruhlantirar, fuqarolik va jinoiy ishlarda qonunni ustuvor qilar, oʻlim yaqinlashuvidan ogohlantirar va taqvo bilan hayot kechirishning muhimligini uqtirar, islom deb atalgan yangi dinga daʼvat etar edi.

Bundan tashqari ilk xitobalarning keyingi davr adabiyoti, xususan, nasr rivojiga ulkan taʼsir koʻrsatganini ham inkor etib boʻlmaydi: “Bir asrdan oshiqroq vaqt davomida xitoba oʻzining maʼnaviy va dunyoviy taʼsiri bilan arab adabiyotining yuksak nasriy janri sifatida Qurʼon va uning moʻjizaviy nufuzi bilan yonma-yon holda arab adabiyotida yetakchilik qildi” [3].

Maʼlumki, xitobalar arablarning qadim adabiyotidan darak beruvchi ilk ikki adabiy tur – sheʼriyat va nasrga nisbatan koʻproq hajmda hozirgi kungacha yetib kelgan. Ehtimol, xuddi shu omil qadim arab sheʼriyatining ayni davr arab adabiy nasridan koʻra koʻproq, har tomonlama puxta tadqiq qilinishiga sabab boʻlgandir. Ammo “bizda xitobaning johiliyat davri arablarining turli majlis-yigʻinlarida sheʼr kabi keng qoʻllangani, uning sheʼrdan baland maqomda boʻlgani haqida maʼlumot yoʻq” [4].

Bu maqoladan maqsadimiz xitoba janri arablarning ijtimoiy, siyosiy, maishiy yoki maʼnaviy hayotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etganini, uning tarixiga oid faktlarni keltirish emas. Maqsadimiz qadimgi arablarning hayotida islomgacha ham mavjud boʻlgan, dunyo tarixida oʻziga xos oʻrin tutgan arab madaniyati, arab adabiyotiga yaqindan taʼsir koʻrsatgan arab xalq ogʻzaki ijodining eng mashhur koʻrinishi – arab notiqlarining nutqlarini bugungi kitobxonning koʻz oʻngida aynan oʻsha qadimiy voqelik, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar asosida talqin qilish va sharhlashdir.

Aksam bin Sayfi at-Tamimiy ”hakim ul-arab” yoki “arablarning donishmandi” laqabi bilan mashhur fasohatli, buyuk arab notigʻi, tarixiy shaxs. Unga nisbat qilinadigan koʻplab hikmatlar, maqollar va xitobalar juda koʻp qadimiy arab manbalarida keltiriladi. Aksam bin Sayfi hatto islom paygʻambarining kelishini oldindan bashorat qilganlardan biri boʻlgani, qavmini birinchilardan boʻlib islom diniga daʼvat etgani va Rasululloh (S.A.V) bilan uchrashish uchun ketayotganida yoʻlda vafot etgani ham aytiladi [5]. Aksam bin Sayfi arablarning eng obroʻli va nufuzli kishisi boʻlgani sabab, u islomgacha boʻlgan davrda yashagan podshoh Amr bin Hindning ukasi vafot etganda, uning saroyiga borib hamdardlik bildirgan va quyidagi xitobani aytgan [6]:

“إن أهل هذه الدار سفر لا يحولون عقد الرحال إلا في غيرهاʼ و قد أتاك ما ليس بمردود عنكʼ وارتحل عنك ما ليس براجع إليكʼ وأقام معك من سيظعن عنك ويدعكʼ و اعلم أن الدنيا ثلاثة أيامʼ فأمس عظة و شاهد عدلʼ فجعك بنفسهʼ و أبقي لك و عليك حكمتهʼو اليوم غنيمةʼ و صديق أتاك و لم تأتهʼ طالت عليك غيبتهʼ و ستسرع عنك رحلتهʼ و غد لا تدري من أهلهʼ سيأتيك إن وجدكʼفما أحسن الشكر للمنعمʼ و التسليم للقادرʼ و قد مضت لنا أصول نحن فروعهاʼ فما بقاء الفروع بعد أصولهاʼ و اعلم أن أظم من المصيبة سوء  الخلف منهاʼ و خير من الخير معطيهʼ و شر من الشر فاعله”

“Darhaqiqat, bu uy ahli musofirlardir, ular faqat ketish bitiminigina oʻzlari istagandek tuza olmaslar, u(bitim) sendan soʻramay keldi va sendan olganini qaytarmaydigan boʻlib olib ketdi, sening yoningda hademay sendan ketadiganlar va seni qoldirib ketadiganlar qoldi. Bilgilki, bu dunyo uch kundir: Kechagi kun saboqdir, haqiqatni koʻrgan shohiddir, u senga fojia olib keldi. Sen uchun oʻz hikmatini qoldirdi. Bugun gʻanimatdir, u senga doʻst boʻlib keldi,sen uchun u hali uzoq ketmagandi. (Biroq) u (ham) sendan ketishga shoshiladi. Ertangi kun: Sen  uning ahli kim boʻlishini bilolmaysan, u faqat seni topa olsagina keladi. Eng yaxshi narsa esa Neʼmatlar beruvchiga shukr qilish va Qodirga taslim boʻlishdir. Qancha ajdodlar oʻtdi, biz ularning davomchilarimiz, ulardan keyingilarga avlod boʻlib, bizdan keyingilar uchun ajdodmiz. Bilgilki, eng ulkan musibat (ulardan) keyin yomonlik qolishidir, eng aʼlo yaxshilik (esa) uni ulashishdir, eng yomon yovuzlik (esa) uni amalga oshirishdir .”

Bu qisqagina xitoba buyuk daholarni ham oʻylantirgan va hamisha javobi birday boʻlgan – judolik. Aksam bin Sayfi ukasidan ajralgan shohga hamdardlik bildirar ekan, bu dunyoning oʻtkinchi ekanini, hatto shohlar ham oʻlim oldida ojiz ekanini, insonning oʻlimdan boshqa barcha narsani oʻzi xohlaganidek qila olishi mumkinligini juda chuqur falsafiy mushohada bilan tasvirlaydi. Insonning bu dunyoda omonat ekani, hatto ayni paytda shohning oldida qolganlar, birga istiqomat qilganlar ham kelajakda albatta ketishlariga, dunyoni tark etishlariga ishora qiladi. Donishmand dunyoning uch kunligini shu qadar aniq, qisqa va teran mulohaza bilan taʼriflaydiki, beixtiyor uning daholigiga yana tahsin oʻqiymiz:

“Kechagi kun saboqdir, haqiqatni koʻrgan shohiddir, u senga fojia olib keldi. Sen uchun oʻz hikmatini qoldirdi”. Kecha bu – oʻtmish, yaʼni, unda nima sodir boʻlgan boʻlsa haqiqat. Haqiqat shuki, u sen (shoh) uchun ogʻir kulfat keltirdi, eng aziz kishingni yoʻqotding. Ammo bilginki, oʻtmish, yaʼni, “kecha” sen uchun  saboq olishing uchun  oʻz hikmatini qoldirdi.

“Bugun gʻanimatdir, sen emas uning oldiga borgan – balki “bugun”ning oʻzi senga “doʻst” boʻlib keldi, sen uchun u hali uzoq ketmagandi. (Biroq) u (ham) sendan ketishga shoshiladi”.

 Bugun sen erishishing, qoʻlga kiritishing mumkin boʻlgan eng haqqoniy oʻlja, boylik va uning oʻzi doʻst sifatida oldingga keldi. Biroq sen (ey shoh!) bugun (yoningdaligida) tez orada oʻtmishga aylanishini anglamay, uning qadriga yetmading, holbuki,“bugun” – “doʻst” ham sendan tezlik bilan shoshilib-shoshilib ketadi.

“Ertangi kun, sen uning ahli kim boʻlishini bilolmaysan, u faqat seni topa olsagina, senga keladi.”

Ertangi kun hali kelmagan, qanday suratda, kim bilan, sen buni idrok eta olmaysan, uning senga yetishi ham nomaʼlum. Agar sen unga yetsang (holbuki ketish va kelish sen shoh boʻlsang-da, sening qoʻlingda emas) yoki ertangi kun seni topa olsagina  “erta” sen bilan uchrashadi.

Dunyoning qonuniyati shudir, endi uning izmiga koʻnmay iloj yoʻq va qalbingni ogʻir qaygʻu va alam parchalaganida eng yaxshi narsa – bu “Neʼmatlar beruvchiga shukr qilish va Qodirga taslim boʻlishdir”. Bu islom dini hali kelmay turib, islomiy fikrlaydigan donishmandning soʻzlari. Johiliyat zamonida bu buyuk alloma: “Tiriklikni, tirik boʻlish uchun zarur barcha narsalarni Munʼim – neʼmatlar ato etuvchi berishini va eng yaxshi yoʻl Unga shukr qilmoq, Uning – Qoʻlidan barcha ish keluvchi Qodirning Oʻziga oʻzni topshirmoq, Unga qarshiliksiz boʻyinsunmoq, taslim boʻlmoq” ekanini eʼtirof etadi. Chunki bu dunyo qonuniyati Munʼim, Qodirning xohishidir. Bizgacha ham shunday boʻlgan va bizdan soʻng ham shunday boʻladi, deydi.

Tiriklik halqasining davomiyligini oʻsha qadim zamonlarda ham xuddi hozirgi ilm-fan natijalaridagi kabi izohlaydi: “Qancha ajdodlar oʻtdi, biz ularning davomchilarimiz, ulardan keyingilarning avlodimiz, bizdan keyingilar uchun ajdodmiz.”

Donishmand Aksam bin Sayfi shu bilan shohga hamdardligini izhor etishni toʻxtatishi ham mumkin edi, biroq u ana shunday foniy dunyoda boqiy qolish sirini ham shohga ochadi:  “Bilgilki, eng ulkan musibat (ulardan) keyin yomonlik qolishidir, eng aʼlo yaxshilik (esa) uni ulashishdir, eng yomon yovuzlik (esa) uni amalga oshirishdir”.

Yaʼni, biz ana shunday uzluksiz davom etadigan ajdodlar va avlodlar zanjirining birgina halqasimiz, bizdan avvalgilar uchun avlod boʻldik, bizdan keyingilar uchun ajdodga aylanamiz. Dunyodagi eng yomon musibat – inson oʻtib ketgach, uning orqasida yomonlik qolishidir. Va undan ham yomonroq ish esa – oʻsha yomonlikni amalga oshiruvchilardan boʻlishlikdir; ammo dunyoda “baqo ul-furuʼ” – “boqiy avlod” boʻlish ham mumkin. Bu oʻzidan keyin yaxshilik qoldirishdir.

Endi bu xitobaning poetik yoki badiiy jihatlarini tahlil qilamiz.  Shu oʻrinda yana mashhur adabiyotshunoslardan birining fikriga tayanamiz: “Har qanday adabiy asar oʻzi mavjud boʻlgan voqelik taʼsiri ostida yaratiladi va bu voqelik muallifning shaxsi, uning biografik tarixiy vaziyatlari, oʻz davrining adabiyoti va uning taraqqiyoti bilan belgilanadi” [7].

Aytish joizki, olim aytganidek muallifning asariga u yashagan ijtimoiy voqelikdan kelib chiqib baho beradigan boʻlsak, Aksam bin Sayfining chuqur maʼnoli xitobasini eshituvchilar ham qay maʼnoda uning bu fikrini ifoda etish uchun tanlagan soʻzlarining maʼnosini yaxshi tushuna olgan, ayni xutba aytilgan shoh saroyi va uning amaldorlari ham, ehtimolki, bunday xutbani eshitishga loyiq insonlar boʻlgan. Xutbada Aksam bin Sayfi tanlagan badiiy sanʼat oʻsha davrning odamlari uchun anʼanaga aylangan chunki uni eshitish yoqimli va xotirada tez qoladigan boʻlgan.

Al-Iskandariy yozadi: “Arablar johiliyatda soʻzni koʻproq oʻzining asl maʼnosida, vaziyatga mos tarzda ishlatar edi. Keyinchalik soʻzning maʼnosini koʻchirib ishlata boshladi va u yangi ifoda – majozga aylandi. Biroq, majoz bilan  asl maʼno oʻrtasida albatta kuchli aloqadorlik saqlanishi kerak. Johiliyatda arablar juda koʻp maʼnodosh-sinonim soʻzlar ishlatar edi” [4].

Mazmun va shakl uygʻunligi, bu azaldan adabiyotshunoslikning eng asosiy va bosh mavzusi boʻlib kelgan. Biroq “Oʻrta asr adabiyoti nazariyasiga koʻra koʻplab hozirgi zamon olimlarining arab mumtoz sheʼriyatida shakl mazmundan koʻra koʻproq va muhimroq oʻrinda turgan. Shu sababli ham Oʻrta asr olimlari shaklning nufuzini orttirib mazmunning ahamiyatini pasaytirgan” [8]. Arabshunos olimning bu fikri butun arab adabiyotiga, xususan, biz tahlil qilayotgan johiliyat xutbasiga ham aloqador desak, u holda olim tilga olgan  hozirgi zamon olimlarining fikrida yanglishish borligini his qilamiz, negaki bu xitoba shakl va mazmunning buyuk uygʻunligini namoyon etadi.

Aksam bin Sayfi bu xitobasida bu dunyoni “دار” – uy, butun insoniyatni “ أهل هذه الدار” –  “bu uyda yashovchilar” deyishi bilan mubolagʻani kichraytirish shakli tafritni ishlatadi [9]. Aksam bin Sayfi xitoba aytilayotgan vaziyatga mos ravishda mubolagʻaning bu turini tanlaydi, bunga sabab esa: Dunyoni cheksiz, chegarasiz, unda yashovchilarni har xil deb tasavvur qilishdan koʻra, odamlar bir uyning ichida birga yashovchilardir deb tushuntirish, qolaversa, ularning barchasi “سفر” – musofirdir, degan tasavvur uygʻotish insonga ancha taskin berishi va butun dunyo aholisini bir uy aʼzolari, bir xil qonunlarga koʻra yashaydi deb bilishi qaygʻusini bir oz unutishiga yordam berishidir.

“لا يحولون عقد الرحال إلا في غيرها” –  “ketish bitiminigina oʻzlari istagandek tuza olmaslar” degan jumlada xatib ajoyib metaforani ishlatadi. Shu oʻrinda metaforaga berilgan taʼrifni esga olamiz. Metafora (yun. metaphora – koʻchirish) – maʼno koʻchishining keng tarqalgan turlaridan, narsa va hodisalarning orasidagi oʻxshashlikka asoslanuvchi koʻchim turi, trop. Mohiyatan yashirin oʻxshatish boʻlib, unda oʻxshatilayotgan narsa tilga olinmagani holda, uning maʼnosini oʻxshayotgan narsa (yaʼni uni ifodalayotgan soʻz) bildiradi [9:169].

“ عقد” arab tilida bitim kelishuv, shartnoma maʼnolarini anglatadi. Yaʼni, inson oʻzi bilmagan holda Xoliq bilan ketish bitimini tuzib, bu dunyoga keladi. Shu sabab “oʻlim” soʻzi oʻrniga donishmand izhori yoʻllanayotgan shaxs oddiy odam emas, balki oʻz mamlakati va hududida oʻzi istagan har qanday “kelishuvga” erishishga qodir shoh ekanini hisobga olgan holda, “ketish bitimi” shohlar uchun ham birdek ekaniga urgʻu bermoqchi boʻladi. Qolaversa, uni oʻzining keyingi fikrlarini eshitishga tayyorlash maqsadida bunday metaforani qoʻllaydi. Keyingi fikrlarini ifodalar ekan, endi hakim yana ham kuchliroq mubolagʻani ishlatadi “ الدنيا ثلاثة ايام” – “dunyo-uch kundir”. Bu mubolagʻadan maqsad umrning juda ham tez oʻtib ketishini taʼkidlashdir. Keyingi jumlalarda Aksam bin Sayfi kecha – oʻtgan vaqt taʼrifiga nisbatan juda yuksak jonlantirish sanʼatini qoʻllaydi:” شاهد عدلʼ فجعك بنفسهʼ و أبقى لك و عليك حكمته ” –  “Haqiqat shohiddir, seni ogʻir kulfatga giriftor qildi. Sen uchun oʻz hikmatini qoldirdi”. Bunday harakatlar yuksak aql va tafakkur sohibiga xos taʼrifdir.

“Bugunni” tasvirlar ekan notiq uni “kechagi” kunning taʼrifidan iliqroq jonlantirish: ” صديق أتاك و لم تأتهʼ طالت عليك غيبتهʼ و ستسرع عنك رحلته” – yaʼni, sen(shoh)ning oldiga oʻzi kelgan doʻst” qiyofasida gavdalantiradi. Biroq doʻstning yoningda boʻlishi uzoq davom etadi deb oʻylading, ammo u ham tez ketishini anglamaysan”, deydi notiq. Bugun uchun berilgan bunday taʼrif, darhaqiqat, teranlik, daholik. Goʻyoki insoniyat bugunning qadriga yetmaganidan, uning oʻzi doʻst boʻlib kelganida, kechagi kun oʻtmishga aylanib bergan sabogʻidan toʻgʻri xulosa chiqarmaydi, bugunning tez ketishini payqamaydi, bundan esa “bugun” – “doʻst”ning qalbi ogʻriydi va u ham tez ketishga shoshadi.

“Ertangi kun”ga berilgan taʼrif insonni bir oz oʻylantiradi, qoʻrquvga soladi – ”و غد لا تدري من أهلهʼ سيأتيك إن وجدك “ – ertangi kun seni topsagina senga keladi, topmasligi ham mumkin. Erta sen uchun mavhumlik: Kim bilan bir uyda qolasan? Sen bilan qoladiganlar kim? – bular javobsiz savollar. Bu jonlantirish  insoniyatning muqarrar xavotiri va ana shunday qoʻrquv oldini olish uchun tayyorgarlik koʻrishi kerakligi uchun daʼvat boʻlib yangraydi.

Xitobada yana parallelizm ham samarali ishlatiladi:  “ فما أحسن الشكر للمنعمʼ و التسليم للقادر – Eng yaxshi narsa Munʼimga shukr qilish va Qodirga taslim boʻlishdir.

” و قد مضت لنا أصول نحن فروعهاʼ فما بقاء الفروع بعد أصولهاʼ و اعلم أن أظم من المصيبة سوء  الخلف منهاʼ و خير من الخير معطيهʼ و شر من الشر فاعله”. Yaʼni, inson uchun foniy dunyodagi eng yaxshi narsa – bu Neʼmatlar beruvchiga shukrdir. Va (bu shukr) Qodirga, uning taqdiriga boʻyinsunishdir…”

Xuddi shunday arab notigʻi tanosub (ar. daxldorlik, aloqadorlik) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, fikrni bir-biriga aloqador, maʼno jihatidan yaqin va oʻzaro mutanosib tushunchalarni bildiruvchi soʻzlar orqali ifodalash [9:310.] sanʼatini ishlatadi: “Bu uy ahli, musofir, ketish bitimi, keldi, u (bitim) sendan olganini qaytarmaydigan boʻlib olib ketdi, yaqin kelajakda ketadiganlar va seni tark etadiganlar qoldi, sendan ketishga shoshadi”, bu jumla va soʻzlarning barchasi eshituvchining shuuriga dunyoning safar ekani va unda ketish muqarrar ekanini singdiradi.

Aksam bin Sayfining bu xitobasi keltirilgan manbada uning arab shohi Amr bin Hindga taʼziya izhor qilib aytgani keltirilsa-da, Aksam bin Sayfi bunday fikrlari bilan goʻyoki butun insoniyatga murojaat qilgandek, uni ming yillardan keyin eshituvchilar uchun ham pand-nasihat qilgandek tuyuladi.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, bu xitobada oradan 1500 yil oʻtganiga qaramasdan bugungi kun adabiyotshunosligining eng yirik ikki tushunchasi shakl va mazmun bir-biriga xalal bermay, aksincha bir-birini toʻldirgan holda asl insoniy, yuksak maʼnaviy va ruhiy hislarni ifoda etganiga guvoh boʻlamiz. Shubha yoʻqki, donishmand Aksam bin Sayfi bu nutqi bilan tinglovchilariga oʻz davrining kishisi sifatida, nutq aytilgan vaziyat doirasida yetarlicha taʼsir oʻtkaza olgan. Zero, badiiy asarda mazmun va shakl bir-biridan qolishmay uygʻunlikni aks ettirar ekan, bunday adabiyot hamisha oʻz maqsadiga yetishi shubhasizdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. A.Meye. Sravnitelnыy metod v istoricheskom yazыkoznanii, Yeditorial URSS,2004.
  2. A.E.Sepir.”Izbrannыye trudы po yazыkoznaniyu i kulturologii”. –M., Izdatelskaya gruppa “Progress”, “Univers”,1993.
  3. Gibb H.A.R. Studies on the Civilization of Islam. – London-Boston, 1962.
  4. الوسيط في الأدب العربي و تأريخهʼ تأليف الشيخ أحمد الإسكندري و الشيخ مصطفى عنانيʼ(1919)ʼط1ʼ مطبعة المعارف بشارع فجالةʼ مصرʼص19..
  5. صفوت ʼأحمد زكي (1933) ʼجمهرة خطب العرب في العصور العربية الزاهرةʼ الجزء 1ʼ ص.37 ʼالمكتبة العلمية ʼ القاهرة
  6. D.S.Lixachev. Izbrannыye rabotы v 3-x tomax (tom 1. O sebe. Razvitiye russkoy literaturы 10 – 17 vekov. Poetika drevnerusskoy literaturы. Monografii) (L., “Xudojestvennaya literatura” Leningradskoye otdeleniye, 1987 – 656 s.).
  7. A.B.Kudelin. “O ponyatii esteticheskogo kanona v srednevekovoy literature” v sb.: Yazыkovaya norma i esteticheskiy kanon/ Pod red. V.Ya.Porxomovskogo i N.N.Semenyuk. –M.: Yazыki slavayanskix kultur, 2006.
  8. D.Kuronov, Z.Mamadjonov, M.Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati. –B.186. Toshkent “Akademnashr”, 2010. See also:Available at:www.literarydevices.com › hyperbole.
Feruza DJURAYEVA,
Al-Buxoriy universiteti Filologiya fakulteti
“Sharq tillari” kafedrasi dotsent v.b.,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …