Home / ALLOMALAR / “SAHIHUL BUXORIY”NING ZAMONLAR OSHA SAQLANISHI VA TARQALISHIDA FIRABRIYNING XIZMATLARI

“SAHIHUL BUXORIY”NING ZAMONLAR OSHA SAQLANISHI VA TARQALISHIDA FIRABRIYNING XIZMATLARI

“Sahihul Buxoriy”ni muallifdan eshitgan roviylarning orasida Abu Abdulloh Firabriy (231-320/846-932) alohida oʻrin tutadi. Alloh taolo unga Imom Buxoriy bilan uchrashish va undan hadis eshitish uchun bir nechta sabablarni taqdir qilgan va koʻp xayrli ishlarga muyassarlik bilan xoslagan. Shu sabab uning rivoyati rivoyatlarning eng yaxshisi, eng toʻligʻi va sanadi oliysiga aylangan.

Imom Buxoriydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan birinchi tabaqadagi roviylarning eng mashhuri Abu Abdulloh Firabriydir. Toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator ibn Solih ibn Bishr Firabriy boʻlib, 231/846 yili Buxoro qishloqlaridan biri Firabrda tugʻilgan. Imom Samʼoniy “Ansob” asarida: “Firabr Amudaryo bilan Buxoroning oʻrtasidagi shahardir. Firabr shahri bilan Amudaryoning oʻrtasidagi masofa bir farsax atrofidadir. Men Movarounnahrdan qaytayotganimda Firabrda bir necha kun turganman”, deb aytgan [5:4/359].

Imom Zahabiy esa oʻzining “Siyaru aʼlomin nubalo” asarida: “Firabr Buxoro qishloqlaridan biridir”, degan.

Bugungi kunda Firabr – hozirgi Turkmanistonning Lebob viloyatidagi Firabr mintaqasining maʼmuriy markazi. Firabr qadimda Tohir ibn Alining musofirxonasi (karvonsaroyi) sifatida tanilgan. U yerdan koʻplab ulamolar yetishib chiqqan. Imom Buxoriy hazratlari ham shu yerda bir muddat yashagan va dars bergan.

Firabriy Qutayba ibn Said va Ali ibn Xashram Marvaziydan ham hadis eshitgan. Abu Bakr Samʼoniy (vaf. 510/1116) “Amoliy” asarida bunday degan: “Abu Abdulloh Firabriy Qutayba ibn Said va Ali ibn Xashram Marvaziydan hadis eshitgan. U “Sahihul Buxoriy” va “Sahihi Muslim” kitoblarini Qutayba ibn Said va Ali ibn Xashram Marvaziydan rivoyat qilgan roviylarning orasida bordir” [2:1/175-176].

Ibn Nuqta (vaf. 629/1232) Firabriyga bogʻlangan sanad bilan rivoyat qiladi. Abu Abdulloh Firabriy: “Men 258/872 yili Firabrda boʻlganimda Ali ibn Xashram Marvaziydan hadis eshitgan edim”, degan.

Imom Zahabiy (vaf. 748/1347): “Abu Abdulloh Firabriy Qutayba ibn Saiddan hadis eshitgan deb hisoblagan kishi xato qilibdi. Chunki, u Qutayba ibn Saidni koʻrmagan. Abu Abdulloh Firabriy 231/846 yilda tugʻilgan. Qutayba ibn Said esa 240/855 yili boshqa shaharda vafot etgan”, deb yozadi [9:15/11].

Yuqorida oʻtgan gaplarning xulosasi shuki, Abu Abdulloh Firabriy uch kishidan hadis rivoyat qilgan.

Birinchisi: Imom Buxoriy (810-870 y.);

ikkinchisi: Qutayba ibn Said (150-240/767-854);

uchinchisi: Ali ibn Xashram Marvaziydir (160-257/776-871).

Abu Bakr Samʼoniy (vaf. 510/1116) “Amoliy” asarida Abu Abdulloh Firabriy Qutayba ibn Saiddan hadis eshitganiga dalil keltirgan. Buni Imom Navaviy (631-676/1233-1277) ham “Sahihul Buxoriy”ning sharhida zikr qilgan.

Abu Abdulloh Firabriyning Ali ibn Xashram Marvaziydan hadis eshitgani sobitdir. Firabriyning tarjimai holini yozgan koʻplab ulamolar bunga dalil keltirgan. Asosiy hadis kitoblarida Abu Abdulloh Firabriyning Ali ibn Xashram Marvaziydan rivoyat qilgan hadislari bor.

Imom Bayhaqiy (384-458/994-1066) “As-Sunanul kubro” va “Shoʻbul iymon” kitobida Hofiz Abu Ahmad ibn Adiyning Abu Abdulloh Firabriydan, uning Ali ibn Xashram Marvaziy va boshqalardan rivoyat qilgan hadislarini keltirgan.

Abu Abdulloh Firabriyning Ali ibn Xashram Marvaziydan hadis eshitgani “Sahihul Buxoriy”ning baʼzi nusxalarida sobitdir.

Imom Abu Valid Bojiy (vaf. 474/1082): “Abu Abdulloh Firabriy siqa (ishonchli) va mashhur kishidir”, degan [4:1/173].

Abu Muhammad Rishotiy (vaf. 547/1179): “Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy”ning rivoyatida asosiy tayanchdir”, degan [1:15-16].

Abu Bakr Samʼoniy (vaf. 510/1116) “Amoliy” asarida: “Abu Abdulloh Firabriy siqa (ishonchli) va parhezkor kishidir”, degan [3:1/126].

Abu Isʼhoq Mustamliy Muhammad ibn Yusuf Firabriydan rivoyat qilib bunday deydi: “Muhammad ibn Ismoilning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi eshitgan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi” [7:11/28]. Firabriyning bu gapini hamma ulamolar birdek eʼtirof etmasa ham, Imom Buxoriydan rivoyat qilgan roviylarning koʻpligiga dalil boʻla oladi. Chunki, oʻsha paytda Firabriydan uzoqroq umr koʻrgan boshqa roviylar ham boʻlgan.

Imom Firabriy rivoyatining mashhur boʻlishi va boshqalaridan ajralib turishi bejiz emas, albatta. Bu variantda “Sahihul Buxoriy”ning boshqa rivoyatlarida uchramagan jihatlar bor.

Ulamolar Firabriyning rivoyatini “Sahihul Buxoriy” kitobi borasida musulmonlarning asosiy tayanchi va mustahkam arqoni deb hisoblagan. Xususan, Ibn Rushayd Fihriy (vaf. 721/1321): “Abu Abdulloh Firabriy siqa (ishonchli), amiyn (ishonarli), “Sahihul Buxoriy” kitobida musulmonlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha boʻlgan vositasi va ularning mustahkam arqonidir”, degan [1:10].

Rivoyatlar va nusxalar orasidagi tafovutning sabablari juda koʻp. Ularni birma-bir sanab oʻtish bir maqola doirasiga sigʻadigan ish emas. Bu sabablar roviylarning shaxsiyatidagi va kitob nusxalarini diqqat bilan tekshirishdagi tafovutlarga borib taqaladi.

Firabriyning rivoyati haqidagi maʼlumotlar toʻplanganida, uni boshqalardan ajratib turadigan bir nechta omil ayon boʻladi.

Birinchisi. Firabriydagi odillik, maʼlumotlarni diqqat bilan tekshirishi va ulamolarning u haqida aytgan yaxshi soʻzlari.

Shak-shubhasiz, bir odamning xabari qabul qilinishi uchun u adolatli va ishonchli inson sifatida nom qozongan boʻlishi kerak. Firabriy haqida ulamolar juda yaxshi gaplarni aytgan. Bu oʻrinda Ibn Rushayd Fihriyning (vaf. 721/1321): “Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy” kitobida musulmonlarning asosiy tayanchidir”, degan [1:14] soʻzini keltirishning oʻzi kifoya.

Ikkinchisi. Firabriyning qoʻlidagi nusxa toʻliq boʻlgan va kamchiligi yoʻqdir. Rivoyatning toʻliqligi va kamchiliklardan xoli ekani afzallik belgisidir. Chunki, keyin kelgan har qanday roviy imkon qadar toʻliq va mukammal nusxaga murojaat qilishi tabiiy.

Abu Ali Jayyoniy “Taqyidul muhmal”da bunday deydi: “Abu Fazl Solih ibn Muhammad ibn Shazon Isbahoniy Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan: “Imom Buxoriy toʻplamning oxirida menga “Hukmlar kitobi”ning avvalidan kitobning oxirigacha ijozat bergan edi”, deb rivoyat qiladi”. Lekin Nasafiyning rivoyatida toʻplamning oxiridagi varaqlari Firabriynikiga qaraganda kamroqdir.

Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy”ga yozgan “Aʼlomul hadis” nomli sharhida: “Biz bu kitobning koʻp qismini Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning Imom Buxoriydan rivoyat qilgan yoʻliga koʻra eshitdik. Faqat oxiridagi hadislarnigina Muhammad ibn Yusuf Firabriyning yoʻli orqali eshitdik”, degan [6:1/105-106]. Demak, Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy”ni Nasafiy yoʻli orqali rivoyat qilgan roviylardan biri hisoblanadi. Lekin kitobning oxiridagi hadislarni Firabriydan rivoyat qilgan.

Burhonuddin Abnosiy (vaf. 802/1400) oʻzining “Ash-Shazol fiyah min ulumi Ibn Saloh” kitobida Ibn Salohning “Sahihul Buxoriy”dagi hadislarning soni haqidagi “Unda toʻrt mingta hadis bor” degan soʻzlarini sharhlab bunday deydi: “Bu Firabriyning rivoyati. Ammo Hammod ibn Shokirning rivoyati Firabriyning rivoyatidan ikki yuzta hadisga kam. Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning rivoyati Hammod ibn Shokirning rivoyatidan yuzta hadisga kam”. Bu gapni Iroqiy, Abnosiy, Saxoviy va Shayxulislom Zakariyo Ansoriy zikr qilgan. Bu va boshqa dalillar Firabriyning rivoyati rivoyatlarning eng toʻligʻi ekanini koʻrsatadi.

Uchinchisi. Firabriyning rivoyatini boshqalardan ajratib turadigan yana bir jihati qoʻlidagi asl nusxaning sahih boʻlganidir.

“Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi Imom Buxoriyning vafotidan keyin mashhur shogirdi Abu Abdulloh Firabriyning qoʻlida qolgan. Firabriyning shogirdlari “Sahihul Buxoriy”ning matnini ustozidagi asl nusxadan koʻchirib olgan. Ular Abu Isʼhoq Mustamliy, Abu Muhammad Hammuviy, Abu Haysam Kushmihaniy, Abu Zayd Marvaziy va boshqalar. Birorta tahqiqchi va ilm ahli ular yozgan nusxalarga shak-shubha qilmagan va eʼtiroz bildirmagan.

Abu Valid Bojiy (vaf. 474/1082) “At-Taʼdil vat tajrih” kitobida Firabriyning qoʻlida “Sahihul Buxoriy”ning Imom Buxoriy oʻz qoʻli bilan yozgan asl nusxasi borligiga dalil boʻladigan gapni keltirib, bunday deydi: Hofiz Abu Zarr Abdurahmon ibn Ahmad Haraviy bizga Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliydan rivoyat qiladi. Abu Isʼhoq Mustamliy: “Men “Sahihul Buxoriy” kitobini Muhammad ibn Yusuf Firabriyning qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirib oldim. Shunda uning hali toʻliq emasligini koʻrdim. Kitobda koʻplab yozilmagan boʻsh joylar bor edi. Ketidan biror narsa yozilmagan roviylar silsilasi va sanadi yozilmagan hadislar bor edi. Shunda baʼzisini baʼzisiga qoʻshib qoʻydik”, degan [4:1/287].

Ibn Hajar ham “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhlaridan biriga “Hadyus soriy” deb nomlangan muqaddimasida bu gapni Abu Valid Bojiydan naql qilgan.

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy (vaf. 852/1448): “Bu asrda va undan oldingi asrlarda “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitishda sanadi uzluksiz bogʻlangan rivoyat Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator ibn Solih ibn Bishr Firabriyning rivoyatidir”, degan [8:1/491-492].

Ibn Rushayd Fihriy bunday deydi: “Bugun mashriq va magʻribda “Sahihul Buxoriy”ni eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan yoʻl Abu Abdulloh Firabriyning yoʻlidir. Rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun insonlar unga koʻproq suyanadi. Abu Abdulloh Firabriyning qoʻlida “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi boʻlgan va undan shogirdlari nusxa koʻchirgan. Bu esa Firabriyni qoʻllab-quvvatlaydigan hujjat va uning toʻgʻriligiga guvohdir. Shu tariqa “Sahihul Buxoriy” Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yoʻl bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmo bogʻlangan. Natijada aniq hujjat boʻlgan” [1:18-19].

Bu rivoyatlar Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni uning asl nusxasidan oʻrganganiga yetarli dalildir. Shak-shubhasiz, bu kabi asl nusxaga boshqa nusxalar tenglasha olmaydi. Firabriy ham Imom Buxoriyning bevosita oʻzidan tinglagan “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasidan yozib olgan.

Toʻrtinchisi. Firabriyning rivoyatini boshqalardan ajratib turadigan yana bir jihati Imom Buxoriydan keyin uzoq umr koʻrgani uchun sanadi oliy boʻlganidir. Imom Buxoriy 256/870 yil shavvol oyining boshida vafot etgan. Firabriy esa 320/932 yil shavvol oyining oʻninchi kuni toʻqson yoshida Firabrda vafot etgan. Ibn Rushayd Fihriy “Ifodatun nosih” kitobida bunday deydi: “Biz Abu Abdulloh Firabriyning vafot etgan kunini Abu Zar Haraviyga bogʻlangan oliy sanad bilan rivoyat qildik. Abu Zar Haraviy (355-434/966-1042) bunday deydi: “Men Abu Isʼhoq Mustamliy (vaf. 376/986)dan eshitgan edim. U: “Menga yetib kelgan maʼlumotlarga koʻra Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator Firabriy 320/932 yil shavvol oyining oʻninchi kuni vafot etgan”, dedi” [1:23]. Demak, Firabriy Imom Buxoriyning vafotidan keyin hijriy hisob bilan 64 yil yashagan. Oʻsha davrda yashagan muhaddis va talabalarning aksariyati “Sahihul Buxoriy”ni Firabriydan eshitishga intilgan. Zero, oliy sanadni talab qilish muhaddislar odobidandir.

Shu sababli boʻlsa kerak, Firabriy: “Muhammad ibn Ismoilning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi eshitgan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi”, degan. U oʻzini Imom Buxoriydan hadis oʻrganganlarning eng oxirgisi deb hisoblagan.

Beshinchisi. Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan bir necha marta eshitgan. Uning oʻzi muallifdan ikki marta eshitganini zikr qilgan. Bir marta – 248/862 yili Firabrda, ikkinchi marta – 252/866 yili Buxoroda. 253/867 yili ham Imom Buxoriydan eshitganiga dalil boʻladigan baʼzi rivoyatlar bor. Abu Ali Jayyoniy oʻz asarida Abu Zayd Marvaziyning Imom Firabriydan: “Oʻsha yili ham eshitganman”, degan rivoyatini keltirgan.

253/867, 254/868 yilda va Imom Buxoriyning vafotidan bir yil oldin – 255/869 yilda ham eshitganidan dalolat beradigan maʼlumotlar bor. Demak, Firabriy Imom Buxoriydan umrining oxirida “Sahihul Buxoriy”ni eshitgan boʻlsa, bundan undagi nusxa eng toʻliq ekanini, Imom Buxoriy oʻz qoʻli bilan yozgan “Sahihul Buxoriy”ning eng oxirgi asl nusxasi Firabriyning qoʻlida qolganini bilib olamiz. Keyinchalik aynan Firabriydan juda koʻp shogirdlari taʼlim olgan va asar matnini ustozining qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirgan.

“Sahihul Buxoriy”ning versiyalari orasida Firabriyning rivoyati juda mashhur boʻlib ketgani ana shundan. Insonlar hozirgacha “Sahihul Buxoriy”ni Firabriyning rivoyatidagi sanad bilan oʻrganib kelayotgani esa oltinchi omil boʻladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifodatun nosih fit taʼrif bi sanadi al-Jomeʼ as-sahih. – Tunis: Dorut tunisiya, 2019.
  2. Doktor Juma Fathiy Abdulhalim. Rivoyatu al-Jomeʼ as-sahih: 2 jildli. – Qatar: Dorul faloh, 1434/2013.
  3. Ibn Nuqta Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻani Bagʻdodiy. At-Taqyid li maʼrifatir ruvoti vas sunani val masonid: 2 jildli. – Haydarobod: Doiratul maʼorifil Usmoniya, 1403/1983.
  4. Imom Abu Valid Sulaymon ibn Xolaf ibn Saʼd ibn Ayyub Bojiy. At-Taʼdil vat tarjih: 3 jildli. 1550 sahifali. – Magʻrib: Vizarotul avqof vash shuʼunil islomiya, 2010.
  5. Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Doiratul maʼorifil Usmoniya, 2016.
  6. Imom Abu Sulaymon Hamd ibn Muhammad Xattobiy. Aʼlomul hadis fi sharhi Sahihul Buxoriy: 2 juzli. Doktor Muhammad ibn Said ibn Abdurahmon tahqiqi. – Makka: Jomiʼatu ummil quro, 1409/1988.
  7. Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Al-Bidoya van nihoya: 15 jildli. Ustozlar jamoasining tahqiqi. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1407/1986.
  8. Hofiz Ahmad ibn Ali ibn Hajar Asqaloniy. Hadyus soriy muqaddimatu Fathil Boriy: 2 jildli. – Riyoz: Doru toyba, 2001.
  9. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlomin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasatir risola, 1992.
Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …