Home / MAQOLALAR / Omonat turlari va foydalari

Omonat turlari va foydalari

Omonat – kishi bajarishi va muhofaza qilishi kerak boʻlgan barcha haqlar.

Kishi imkoni boʻla turib oʻziga ishonib topshirilgan pul, buyum va boshqa narsalarni ishlatishdan tiyilishi va omonatchiga uni qaytarib berishi, omonatdorlik deyiladi.

Kafaviy omonat taʼrifida bunday degan: “Bandalarga farz qilingan har bir narsa – namoz, zakot, roʻza va qarzni toʻlash kabilar omonatdir. Eng muhim omonat esa sirlarni saqlashdir”.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Darhaqiqat, Alloh omonatni oʻz egalariga topshirishingiz va odamlar oʻrtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyuradi” (Niso, 58).

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Omonatni saqlay olmaydigan kishining imoni, ahdiga vafosizning esa dini yoʻqdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Omonat haqlarni ado qilish va ularni saqlashdir. Musulmon kishi har qanday sharoitda omonatga rioyaa qiladi, ibodatda Allohning haqini ado etadi, aʼzolarini haromdan saqlaydi, omonatni qaytaradi va hokazo. Bu islom odob-axloqining oliyjanob xislati va asosiy jihatlaridandir. Omonatdorlik osmonlar, yer va togʻlar zalvori tufayli koʻtarishdan bosh tortgan paytda odamzod zimmasiga olgan ulugʻ burchdir. Alloh taolo aytadi: “Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va togʻlarga taklif etdik, ular uni koʻtarishdan bosh tortdilar va undan qoʻrqdilar. Inson esa uni oʻz zimmasiga oldi…” (Ahzob, 72).

Omonatning turlari koʻp.

Xususan, ibodatdagi omonat musulmonning farzlarga amal qilishidir. Shunga koʻra u dinning farzlarini lozim boʻlgan darajada ado etadi, namoz oʻqiydi va roʻza tutadi, ota-onani hurmat qiladi va boshqa farzlarni olamlarning Rabbi Allohga sodiqlik bilan bajaradi.

Aʼzolar muhofazasidagi omonat deganda, avvalo aʼzolarning hammasi omonat ekanini aytib oʻtish zarur. Ularni asrab-avaylash, Allohni gʻazablantirgan narsaga ishlatmaslik kerak. Koʻz haromdan tiyilishi, quloq esa haromni tinglashdan saqlanmogʻi kerak boʻlgan omonatdir, qoʻl omonatdir, oyoq omonatdir va hokazo.

Ishdagi omonatga kelsak, inson oʻz burchini eng yaxshi tarzda bajarishi ham omonatdorlik hisoblanadi. Ishchi oʻz ishini puxta egallab, tirishqoqlik va halollik bilan bajaradi. Taʼlimda ham omonat bor: talaba esa oʻz burchini ado etmoqchi boʻlsa, ilm va dars tahsili uchun intiladi, ota-onaning ogʻirini yengil qiladi.

Savdodagi omonat shuki, musulmon hech kimni aldamaydi, firib bermaydi va xiyonat qilmaydi. Molining aybini yashirmay, boricha sotadi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam taom (bugʻdoy, arpa) sotayotgan bir kishining yonidan oʻtayotib, qoʻllarini uyum ichiga kirgizganda, namlikni sezdilar. Shunda u zot: Ey taom egasi, bu nima-si?” dedilar. U kishi: “Ey Rasululloh, osmondan yomgʻir yogʻdi”, dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Unday boʻlsa, odamlar uni koʻrishi uchun ustiga qoʻymaysanmi? Kim bizni aldasa, bizdan emas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Soʻzdagi omonat. Kishining soʻz masʼuliyatini his qilishi, uning qadri va ahamiyatini bilishi omonatning bir qismidir.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shirin soʻz sadaqadir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa tomondan, kishi birodarining gapini, ishongan sirini ichida saqlashi kerak. Paygʻambarimiz alayhissalom: “Kishi bir gapni aytayotib yon atrofga qarab qoʻysa, oʻsha gap omonatdir”, dedilar (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati).

Omonatdorlikning ahamiyati

Kimda omonatdorlik fazilati boʻlsa, u Alloh taoloning roziligi va odamlarning mehri va hurmatini qozonadi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hamisha omonatdor boʻlganlar. Ilohiy risolat yuborilishidan oldin ham, oʻz qarindoshlari va butun makkaliklar tarafidan amin – omonatdor, ishonchli va rostgoʻy deb tavsiflanganlar.

Omonatdorlik shaxsning goʻzal feʼl-atvori va axloqining juda muhim dalilidir. U dunyo va oxiratda buyuk muvaffaqiyatga yetaklaydi.

Omonatdorlik butun jamiyat hayotida muhim rol oʻynaydi, unga amal qilish mehr va ishonchni, odamlar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, ular oʻrtasida nafrat va gina-kudurat tarqalishining oldini oladi.

Bahodir MIRZAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …