Home / MAQOLALAR / RIVOYATDAGI HAQIQAT IZLARI

RIVOYATDAGI HAQIQAT IZLARI

Tarixiy haqiqatlar hech qachon izsiz yoʻqolib ketmaydi. Ular avlodlar ongida rivoyatlar shaklida davom etadi. Ana shunday tarixiy haqiqatlardan biri qadimgi Xorazm davlatchiligining tarixi va aholisining etnik tarkibi bilan bogʻliq boʻlib, ular bizgacha Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari orqali yetib kelgan. Olimning yozishicha, qadimgi Xorazmning oʻzlashtirilishi makedoniyalik Iskandargacha, mil. avv. 980 yilda yuz bergan. “Oʻsha kezlarda, deydi Beruniy, Xorazmda turk podshohligi tashkil topdi, 92 yil oʻtgach, Xorazmga Eron podshohi Kaykovusning oʻgʻli Siyovush kirib kelib, siyovushiylar sulolasiga asos soldi” [5:71]. S.P.Tolstov Beruniyning soʻzlariga asoslanib, qadimgi Xorazm davlatining tashkil topish vaqtini mil. avv. XIII asr, deb belgilaydi va bu xabarni qadimgi Xorazm etnogenezi bilan bogʻlaydi.

S.P.Tolstov ushbu masala boʻyicha oʻz qarashlarini arxeologik materiallar bilan qiyoslab, qadimgi Xorazmning bronza davrigi Suvyorgan madaniyati janubiy etnik guruhlari taʼsirida shakllanganini asoslaydi [20:83]. Shimoli-sharqiy hududlardan kirib kelgan etnik guruhlar esa oʻzga etnosga aloqador ekanini qayd etadi. Bu etnosning sopol parchalari Tozabogʻyob kanali atroflaridan topilgani bois uni Tozabogʻyob madaniyati deb ataydi. Bu xulosalar arxeologik materiallarda toʻlaligicha oʻz aksini topgan. Ammo uning shimoli-sharqdan kelgan Tozabogʻyob jamoalarining tilini eroniy etnoslar bilan bogʻlashi va qadimgi Xorazm davlatining tashkil topish sanasini mil. avv. XIII asr bilan bogʻlashga urinishlari bahsli edi.

Shuningdek, oʻzbek xalqining kelib chiqishi, ayniqsa, uning etnogenez masalalari ham juda murakkab va bahslidir. Shu bois boʻlsa kerak, keyingi yillarda turkiy xalqlar tarixiga bagʻishlangan baʼzi adabiyotlarda oʻzbek xalqining Oʻrta Osiyoga soʻnggi Oʻrta asrlarda Qipchoq choʻlidan kirib kelgan chorvador koʻchmanchi turkiy qabilalar oʻrdasi sifatida baholash tendensiyasi yana koʻtarilib qoldi [13:26, 10:270-274].

1941 yilda sharqshunos olim A.Yu.Yakubovskiyning “Oʻzbek xalqining vujudga kelishi masalasi haqida” asari eʼlon qilindi. Unda milliy avtoxtonizm nazariyasining tub mohiyati oʻzbek xalqining shakllanishi misolida oʻz aksini topdi. A.Yu.Yakubovskiy oʻzbek xalqining etnik tarkibi ikki etnosga, yaʼni mahalliy eronzabon sugʻdiylar va Yevroosiyo dashtlaridan kirib kelgan turkiy tilli qabilalarga borib taqalishini yozma manbalar asosida isbotladi. Albatta, ungacha ham Movarounnahrda turkiy guruhlar boʻlgan, ammo ularning ommaviy ravishda Oʻrta Osiyoning ichki viloyatlariga kirib kelishi turk xoqonligi davridan boshlandi, deydi. Shundan soʻng fanda oʻzbek etnogenezining boshlangʻich nuqtasi sifatida turk xoqonligi davri qabul qilindi.

1950-60-yillarda Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston hududlarida, ayniqsa qadimgi Xorazm vohasida olib borilgan keng koʻlamli arxeologik va antropologik izlanishlar, shuningdek, ularni yunon va qadimgi Xitoy yozma manbalari bilan qiyosiy oʻrganish tufayli 1960 yilga kelib, oʻzbek xalqi etnogenezining boshlangʻich nuqtasini antik davrgacha qadimiylashtirish imkoniyati paydo boʻldi. S.P.Tolstov ilmiy jasorat koʻrsatib, oʻzbek xalqi etnogenezining boshlangʻich nuqtasi antik davrdan boshlanadi, degan xulosaga keldi. Oʻzbekiston tarixining fundamental akademik nashrlari shu nazariy qarashlar asosida chop etildi.

Akademik A.Asqarov 1990-yillar oʻrtalarida oʻzbek etnogenezining boshlangʻich nuqtasi soʻnggi bronza davriga borib taqalishini yoqlab chiqdi [2:71]. Uning taʼkidlashicha, bronza davridagi Oʻrta Osiyo va Yevroosiyo dashtlari chorvador qabilalarining madaniyati va antropologik tuzilishida, kundalik turmush tarzida, xoʻjalik hayoti va udumlarida, hattoki dafn marosimlarining qator jihatlarida oʻxshashlik yaqqol koʻzga tashlansa-da, tarixiy tilshunoslik va arxeologik ilmiy adabiyotlarda ularning Togʻli Oltoyda istiqomat qilgan qabiladoshlaridan boshqasi, yaʼni Yevroosiyo dasht qabilalarining barchasi qadimgi eroniy tilda soʻzlashgan, degan tezis hukmron edi [14:68-74], [15:25]. Ajablanarlisi shuki, Yevroosiyo dasht va choʻllari chorvador qabilalarining eronzabon ekani haqidagi faraz Yevroosiyoning Togʻli Oltoy hududlaridan boshqa joylarida turk etnosiga oʻrin qoldirmaydi. Darhaqiqat, gap bundan 3,5 ming yil avval, bronza davrida Yevroosiyo choʻllarida yuz bergan etnolingvistik jarayon haqida, dasht chorvadorlarining tili haqida ketyapti. Shoʻro tarixshunosligida ham qadimgi Xitoy manbalarining maʼlumotlariga shubha bilan qarash kuchli edi. Garchi, Shimoliy Xitoy podshohliklarining yilnomalarida miloddan avvalgi davrlarda yashagan turkiyzabon hunnlar haqidagi maʼlumotlar boʻlsa-da [7: 23], u eʼtiborga olinmay keldi.

Bu mintaqalarda qadimda va Oʻrta asrlarda turkiyzabon aholi yashagani fanda maʼlum. Til, albatta, etnoslarning yozuv madaniyati bilan bogʻliq. Chunki, fan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy uyushuv, etnik konsolidatsiyaning yetakchi omillaridan biri sifatida yozuvni tan oladi. Yozuv esa qabila tillarini elat tillariga birlashtirishda muhim rol oʻynaydi. Ushbu qarash negizida, albatta, turkiy xalqlarning etnogenezi va etnik jarayonlari yotadi. Turkiy etnik birliklarning tarqalish geografiyasini esa, qadimgi turkiy yozuv yodgorliklarining tarqalish geografiyasi orqali bilib olish mumkin. Buni kuzatgan M.Isʼhoqovning xulosasiga koʻra, turkiy yozuv Yevroosiyo choʻllari, voha va vodiylari boʻylab, minglab kilometr masofalar osha variantlashib boradi. Bu esa, maʼlum maʼnoda turkiy etnik jarayonlar maydoni faqat Togʻli Oltoy, Sharqiy Turkiston, Janubiy Sibir oʻlkalari bilan bogʻliq deb tushunish va qadimda turkiy xalqlar tarqalgan keng hududlarni ayrim mintaqalar bilan cheklab qoʻyishga olib keladi. Vaholanki, turkiy xalqlar Markaziy Osiyoning ichki va eng sharqiy chekkalaridan (Yoqutiston) Dunaygacha, Dashti Qipchoqning shimolidan Janubiy Turon mintaqalarigacha qadimdan yashab kelgan tub aholi boʻlgan [11: 7-12]. Bu tarixiy haqiqat, bronza davriga tegishli arxeologik yodgorliklarda kuzatiladi.

Shoʻro tarixshunosligida oriylarning kelib chiqishi va ular Srub va Andronovo madaniyati qabilalari negizida tarkib topgani haqidagi fikr-mulohazalarga qoʻshilsa boʻladi. Haqiqatan, oriylar Yevroosiyo choʻl va dashtlarida koʻchmanchi chorvador jamoalarda shakllangan va bronza davrining ijtimoiy mahsulidir. Ularning miloddan avvalgi II ming yillik oʻrtalarida janub tomon yurishi haqidagi farazlar ham tarixiy haqiqatni aks ettiradi. Ammo lingvistlarning ular eronzabon boʻlgani toʻgʻrisidagi mulohazalari aniq ilmiy dalillarni talab etadi, deb hisoblaymiz.

Maʼlumki, shoʻro tarixshunosligida hunnlar turkiyzabon qabilalar ekani tan olingan. Taniqli tarixchi L.N.Gumilyov “Xunnu” asarida hunnlar Xitoy tarixida birinchi bor milloddan avvalgi 1764 yilda, soʻng miloddan avvalgi 822 va 304 yillarda tilga olinganini yodga oladi [7:63].

Professor A.Xoʻjayevning yozishicha, keyingi yillarda xitoy va yapon olimlari hamkorlikda Xitoyning 24 jildlik tarixi (“Ershi si shi”) ustida jiddiy tadqiqotlar olib borib, shu jarayonda turk atamasi xitoy manbalariga bundan kamida 4 ming yil avval kirib kelganini taʼkidlaydi [21:178]. Masalan, miloddan avvalgi III mingyillikning oxirgi choragida Xitoyning shimoliy oʻlkalarida tashkil topgan “Shiya” kichik podshohligi (miloddan avvalgi 2205-1766 y.) gʻarbiy va shimoli-gʻarbiy chegaralarda yashovchi tufang, guyfang, kuyung qabilalariga yurish qiladi [8:124].

Xitoy tarixchisi Lyuy Simyanning aytishicha, ilgari dinlin yoki dingling deb nomlanganlar keyinchalik chile, tele deb atalgan. Hozir biz ularni umumlashtirib uygʻur deymiz, Gʻarbda ularni turk deb atashadi. Aslini olganda, turk (qabilasi) va uygʻur (qabilalar ittifoqi) dinglinglar tarkibidadir. Chilelarni xitoyliklar gavche (qangʻli) deb atagan. Mazkur nomlar bir-biriga oʻxshamasa ham, ularning kelib chiqishi bir.

Xitoy yozma manbalariga koʻra, Shiya hokimligi davrida (miloddan avvalgi 2205-1766 y.) telelar va hunnlar “shyungnu” yoki “hu” (hun) deb nomlangan qabilalar ittifoqi tarkibida boʻlgan. Tufang va di atamalari ham xitoy bitiklarida paydo boʻlgan eng qadimgi etnik nomlar hisoblanadi [21:179]. Qadimgi Xitoy yilnomachilari (shilar)ning miloddan avvalgi 2205 yildan boshlab toshga, suyakka va xitoy qamishiga yozib borgan bitiklari asosida yaratilgan Sima Syanning “Tarixiy xotiralar”ida yozilishicha, Shimoliy Xitoyning “Shiya” kichik xonligining gʻarbiy va shimoli-gʻarbiy chegaralarida “Xu” yoki “Xulu” deb atalgan xalqlar yashagan [4:64]. Xan sulolasi tarixiga oid “Hunnlar tazkirasi”ning ikkinchi qismida “Janubda buyuk Xan mavjud, shimolda kuchli «Xu” mavjud», yaʼni hunnlar mavjud, deyiladi. Sharqiy Xan tarixchisi Chjeng Shyuan “hu – hozirgi syunnu”, yaʼni hunndir, deb yozgan [22:257].

Shunday qilib, miloddan avvalgi III mingyillikning ikkinchi yarmi va II mingyillik davomida “hu”, “di”, “hunn” va “tiyek” nomlari ostida birlashgan chorvador turkiygoʻy qabila jamoalari yashagan. Xitoy iyerogliflarida davriga qarab turlicha talaffuz etilgan boʻlsa-da, ularning turkiy etnosga oid ekani maʼlum boʻldi.

Ana shu etnoslarning bir guruhi miloddan avvalgi II mingyillikning ikkinchi yarmida Qadimgi Xorazm yerlariga kelib oʻrnashadi [17:47, 18:90-91, 19:112-116]. Ular qoldirib ketgan moddiy madaniyat izlari – sopol materiallar madaniy qatlamlari buzilib ketgan mavsumiy manzilgohlardan terib oʻrganilganda, parchalari aynan bronza davriga taalluqliligi, ammo ular qadimgi Xorazmning mahalliy Suvyorgan madaniyati jamoalaridan farq qilib, oʻzga etnoslarga, yaʼni Tozabogʻyob madaniyati qabilalariga tegishli ekani aniqlangan [12:139-146, 19:90-91]. M.A.Itina arxeologik komplekslarning qiyosiy tahliliga asoslanib, ularning qadimgi Xorazmga kirib kelish davriy sanasi haqida aniq xulosaga kelgan va Tozabogʻyob madaniyati yodgorliklarining davriy sanasini miloddan avvalgi II mingyillikning uchinchi choragi, deb belgilagan [12:120-123]. Bu sanalar qadimgi Xorazm davlati va uning turkiyzabon aholisi haqida Abu Rayhon Beruniy keltirgan maʼlumotlar zamirida qandaydir tarixiy haqiqat borligidan dalolat beradi.

Mana shu xulosadan kelib chiqib, Beruniy keltirgan rivoyat real arxeologik materiallar bilan qiyosiy solishtirilsa, rivoyatga burkangan tarixiy haqiqat izlari oydinlashadi. Birinchidan, Beruniyning tasavvuriga koʻra, Xorazmning ilk bor oʻzlashtirilishi shimoli-sharqdan kelgan chorvador oriylar bilan bogʻliq boʻlib, ular mahalliy aholi ustidan siyosiy boshqaruv oʻrnatgan. Rivoyat matnining tahliliga qaraganda, ular turkiy etnos jamoalari boʻlgan. Shuning uchun Beruniy “turklar podshohligi” iborasini ishlatgan. Ikkinchidan, rivoyat matniga koʻra, “turk podshohligi”ning 92-yilida Xorazmga Eron podshohi Kaykovusning oʻgʻli Siyovush kirib keladi va siyovushiylar sulolasiga asos soladi. Buni Xorazmning Suvyorgan madaniyati shakllanishi bilan bogʻlash mumkin. Taʼkidlaganidek, S.P.Tolstov Suvyorgan madaniyatining tarkib topishida janub qabilalarining madaniy-xoʻjalik taʼsiri katta boʻlganini toʻgʻri qayd qilgan. Demak, rivoyatga burkangan tarixiy haqiqat shuki, miloddan avvalgi II mingyillikning uchinchi choragida Amudaryoning quyi havzalari va Janubiy Orol boʻylari oʻzbek xalqi etnogenezining boshlangʻich nuqtasi boʻlgani yozma manbalarda ham oʻz aksini topgan. Endilikda bu xulosalar, yaʼni oʻzbek xalqining etnogenezi bronza davriga borib taqalishi, rivoyat xabarlari bilan ham tasdiqlanmoqda. Bu oʻzbek etnogenezi muammosining yechimi yoʻlidagi yana bir yangilikdir. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. N.A.Avanesova. Kultura pastusheskix plemen epoxi bronzы Aziatskoy chasti SSSR. –T., 1991.
  2. A.Asqarov. Mustaqillik yillarida tarix, arxeologiya va etnologiya. Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. № 6, –T., 1996.
  3. A.Asqarov. Oʻzbek xalqi etnogenezi va etnik tarixining baʼzi bir nazariy va ilmiy metodologik asoslari. Oʻzbekiston tarixi, N4, –T., 2002.
  4. N.Ya.Bichurin. Sobraniye svedeniy o narodax, obitavshix v Sredney Azii v drevniye vremena. Tom, 1, M. –L., 1950.
  5. Abu Rayhon Beruniy. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. Fors tilidan A.Rasulov tarjimasi. Tanlangan asarlar, 1-jild. –T., 1968.
  6. L.N.Gumilyov. Xunnu. Seredinnaya Aziya v drevniye vremena. –M., 1969.
  7. Duan Lyanchin. Dinglinglar, qankilar va turolar. –Urumchi., 1996. 1-jild.
  8. G.B.Zdanovich. Bronzovыy vek Uralo-Kazaxstanskix stepey. –Chelyabinsk., 1988.
  9. A.Ilxamov. Arxeologiya uzbekskoy identichnosti. V kn. “Etnicheskiy atlas Uzbekistana”. R. Elinina, 2002.
  10. M.Isxakov. Geografiya rasprostraneniya drevnetyurkskix pismennыx istochnikov i voprosы etnogeneza tyurkskix narodov. Tyurkologiya, № 1. Turkistan, 2003.
  11. M.A.Itina. Istoriya stepnыx plemen Yujnogo Priaralya. – M., 1977.
  12. Sh.Kudayberdыulы. Rodoslovnaya tyurkov, kirgizov, kazaxov i xanskix dinastiy. Alma-Ata, 1990.
  13. Ye.Е.Kuzmina. Otkuda prishli indoarii? Materialnaya kultura plemen andronovskoy obщnosti i proisxojdeniye indoiransev. – M., 1994.
  14. Ye.Е.Kuzmina. O yujnыx predelax rasprostraneniya stepnыx plemen kultur epoxi bronzы v Sredney Azii. “Pamyatniki kamennogo i bronzovogo vekov Yevrazii”. –M., 1963.
  15. Lyuy Simyan. Chjungtuo minzu shi (XXR xalqlari tarixi). – Shanxay, 1987.
  16. S.P.Tolstov. Po drevnim deltam Oksa i Yaksarta. –M., 1962.
  17. S.P.Tolstov. Rabotы Xorezmskoy arxeolog-etnograficheskoy ekspeditsii AN SSSR v 1949-53 gg. “Trudы XE”, tom II, –M., 1958.
  18. S.P.Tolstov. Xorezmskaya arxeologo-etnograficheskaya ekspeditsiya1955-1956 gg. SA, № 1. –M., 1958.
  19. S.P.Tolstov. Po sledam drevnexorezmiyskoy sivilizatsii. M. –L., 1948.
  20. A.Xoʻjayev. Qadimgi xitoy manbalaridagi turkiy xalqlarga oid ayrim etnonimlar. “Oʻzbekiston Oʻrta asrlarda: tarix va madaniyat”. –T., 2003.
  21. Chjeng Shyuan. Xitoy tili katta iyerogliflar lugʻati. 3-jild. 1987.
 
Ikrom DJURAYEV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Guliston davlat universiteti katta oʻqituvchisi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …