Home / YANGILIKLAR / Diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash: Oʻzbekiston tajribasi

Diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash: Oʻzbekiston tajribasi

Oʻzbekiston ming yillar davomida turli-tuman din, madaniyat va turmush tarziga ega boʻlgan xalqlarning birgalikda yashashi va hamkorligi markazi boʻlib kelmoqda. Oʻzbek xalqi oʻzining butun tarixi davomida, hamma vaqt boshqa xalqlar, millatlar va dinlar vakillariga nisbatan oʻzining xayrixohligini va hurmat bilan yondashuvini namoyon etib kelgan.

Mamlakatda dinlararo sogʻlom muloqotdan koʻzlangan maqsad – oʻzaro dushmanlik kayfiyatiga yoʻl qoʻymaslik, konfessional birliklar oʻrtasida oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlarni yuzaga keltirish va diniy uyushmalarning birgalikda tinch-totuv yashashlarini taʼminlash hamda eng muhimi tinchlik madaniyatini shakllantirishdan iborat. 

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan olamshumul tashabbuslar yangilanayotgan Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini jahon hamjamiyatiga yorqin namoyon etmoqda va oʻz navbatida, xalqaro hamjamiyatning yuksak eʼtiroflariga sazovor boʻlmoqda.

Sir emas, soʻnggi yillarda barcha soha va tarmoqlar qatori diniy-maʼrifiy jabhada, xususan, turli diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini mustahkam qaror toptirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yangilanayotgan Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini jadal taraqqiy ettirish, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshish sari katta tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ushbu maqsadda 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi dasturi qabul qilingan. Unda millatlaro totuvlik va diniy bagʻrikenglik, maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik borasidagi ilgʻor tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham bir ovozdan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Misol uchun, 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan taklif etilgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyaning qabul qilingani fikrimizning yaqqol isbotidir. Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan ushbu muhim rezolyutsiyada sayyoramizda tinchlikni mustahkamlash yoʻlidagi oʻzaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, dinlararo murosa va oʻzaro anglashuvning nechogʻli zarurligi qayd etilgan. Ushbu tarixiy hujjatda dinlar va madaniyatlararo munosabatlardagi uygʻunlikni ragʻbatlantirish hamda din va eʼtiqodlar zamiridagi kamsitishlarga yoʻl qoʻyilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha tashabbuslar qoʻllab-quvvatlangan.

“Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” toʻgʻrisidagi rezolyutsiya jahonda turli din va eʼtiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ilgari surilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Shuningdek, Oʻzbekiston tashabbusi dunyoda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, diniy bagʻrikenglikni taʼminlashda naqadar katta ahamiyatga ega ekani bugungi murakkab davrda yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Yangilanayotgan Oʻzbekistonda vijdon va din erkinligi fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy huquqlaridan biri hisoblanishi, inson manfaatlari va erkinliklarining qadrlanishi yanada ustuvorlik kasb etgan.

Hozirgi paytda, respublikada davlat va din munosabatlari quyidagi tamoyillar asosida olib borilmoqda:

– dindorlarning diniy tuygʻularini hurmat qilish;

-diniy eʼtiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;

– diniy eʼtiqodga ega fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni taʼqib qilishga yoʻl qoʻymaslik;

– maʼnaviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yoʻllarini izlash;

– dindan buzgʻunchilik maqsadlarida foydalanishga yoʻl qoʻymaslik.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni muvofiqlashtirishda davlat va diniy tashkilotlarni bogʻlab turuvchi tashkiliy tuzilma – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita hisoblanadi. Qoʻmita turli diniy tashkilotlarning oʻzaro tinch va hamjihat faoliyat yuritishi hamda huquq va majburiyatlariga amal qilishlariga koʻmaklashib kelmoqda.

Bugungi kunda, Oʻzbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2333 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shundan, 2 142 tasi islomiy, 174 ta xristian diniy tashkiloti, 8 ta yahudiy, 6 ta bahoiy jamoalari, 1 ta krishnani anglash jamiyati, 1 ta buddaviylar ibodatxonasi va 1 ta Oʻzbekiston Bibliya jamiyati.

Amaldagi qonunchilikda diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatlari yoki boʻlmasa ularning miqdorlari belgilanmagan.

Shunga koʻra, soʻnggi besh yilni oladigan boʻlsak, respublika boʻyicha jami 94 ta diniy tashkilot, shu jumladan, 2 ta oliy va bitta oʻrta maxsus islom bilim yurti, 74 ta masjid hamda 17 ta toʻrt xil turli konfessiyaga taalluqli boʻlgan noislomiy diniy tashkilotlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Diniy bayramlar keng nishonlanmoqda, xususan, musulmonlar tomonidan Ramazon va Qurbon hayitlari, xristianlar tomonidan Pasxa va Rojdestvo bayramlari, yahudiylarning Peysax, Purim va Xanuka bayramlari, bahoiylar, krishnachilar va buddaviylar dinlari vakillari uchun diniy aqidalarida qayd etilgan bayramlarning markazlashgan holda tashkil etilishi va oʻtkazilishi taʼminlanib, ularda ishtirok etayotgan fuqarolarning miqdori yil sayin ortib bormoqda. Konfessiya yetakchilari bir-birlarini tabriklab, bayram tadbirlarida ishtirok etishlari yaxshi anʼanaga aylangan.

Har bir din vakili uchun muqaddas boʻlgan diniy ziyorat amallarini bajarishda ham tegishli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, 2020 va 2021 yillar davomida koronavirus kasalligi tufayli toʻxtab qolgan Umra ziyorati 2022 yilning 22 yanvar kunidan qayta tiklanib, bugungi kunga qadar jami 35 mingdan ziyod yurtdoshlarimizning Saudiya Arabistoniga ziyoratlarini tashkil etish imkoni yaratildi.

Umuman olganda, 2017-2019 yillarda Haj safariga jami 21 mingdan ziyod fuqaro va 2017-2022 yillarda jami 140 mingdan ortiq fuqaro Umra ziyoratini amalga oshirdi. Xuddi shuningdek, boshqa din vakillarining Isroil, Gretsiya va Rossiyada joylashgan diniy qadamjolarga ziyoratlari amalga oshirilib kelinmoqda.

2017-2022 yillarda diniy taʼlim tizimi ham tubdan takomillashtirildi, yangidan-yangi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Hozirgi kunda respublikamizda dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurti hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, hududlarda maxsus ilmiy maktablar ham tashkil etilgan boʻlib, ularda islom dini taʼlimotlari oʻrganiladi, jumladan, Fargʻonada “Fiqh”, Samarqandda “Kalom” va “Hadis”, Qashqadaryoda “Aqida” va Buxoroda “Tasavvuf” maktablari oʻz tinglovchilariga egadir.

Shuningdek, yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning hayoti va ijodini oʻrganishga moʻljallangan ilmiy tadqiqot markazlari ham faoliyat olib bormoqda.

Fuqarolarning maishiy diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida “Qurʼoni karim va tajvid” kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur oʻquv kurslarini 25 ming nafardan ziyod fuqarolarimiz muvaffaqiyatli tamomladi. Hozirda 3 464 nafar fuqarolar navbatdagi bosqichda tahsil olmoqda.

Bugun yangilanayotgan Oʻzbekistonda diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlariga qarshi kurash “Jaholatga qarshi maʼrifat” ulugʻvor gʻoyasi ostida amalga oshirilmoqda va bu jahon hamjamiyatining eʼtiborini oʻziga tortmoqda.

Maʼrifatli kishi jaholat, nodonlik va yovuzlikka qoʻl urmaydi. Bu jaholatga qarshi – maʼrifat tamoyilining mazmunidir. Afsuski, bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida jaholatga qarshi – jaholat bilan kurashish oqibatida nizoli vaziyatlar avj olib bormoqda. Ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy, milliy va boshqa ijtimoiy-siyosiy omillar negizida yuzaga kelgan qurolli toʻqnashuvlar oqibatida yuzlab odamlarning qurbon boʻlayotgani, minglab kishilarning oʻz boshpanalaridan ayrilib, tugʻilib oʻsgan yurtlarini tashlab ketishga majbur boʻlayotgani kabi ayanchli jarayonlarning guvohi boʻlmoqdamiz. Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qatʼiy nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz neʼmat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.

Bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari Oʻzbekiston zaminini umumiy uyimiz, deb oʻz orzu-niyatlarining roʻyobini shu zaminda koʻrishmoqda.

Shundan kelib chiqib, bugun barchamiz ahil va inoq, oʻzaro hamjihat boʻlib, ilgʻor tashabbus va takliflar bilan olgʻa odimlab borayotgan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyoti va rivojiga munosib hissa qoʻshsak, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni saqlash yoʻlida bir tanu bir jon boʻlsak, albatta, oldimizga qoʻyilgan ulugʻvor maqsadlarga erishamiz.

Davronbek MAXSUDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining 
birinchi oʻrinbosari
Manba:OʻzA

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …