Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ FAOLIYATI TURKIYADA KЕNG YORITILADI

MARKAZ FAOLIYATI TURKIYADA KЕNG YORITILADI

Turkiyaning nufuzli “Albayrak – Yenı şafak” media-xoldingi tarkibidagi TVNET telekanali ijodkorlari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Ramazon oyi munosabati bilan yurtimizda tayyorlanayotgan iftorlik dasturlarining bir kunlik sonini tasvirga oldi. Yurtimizda oʻtgan oy oxiridan buyon ish olib borayotgan ijodiy guruh loyihasi Oʻzbekiston turizm va madaniy meros vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizning madaniy va maʼnaviy merosi hamda turizm salohiyatini keng targʻib qilish maqsadlarini koʻzlaydi.

Ayni kungacha teleijodkorlar tomonidan TVNET telekanalining kechki dasturlarida Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva va Termiz kabi tarixiy shaharlaridan turib, ikki davlatning peshqadam ulamolari, yozuvchi, sanʼatkor, arbob va ekspertlari ishtirokida jonli efir orqali ham muloqotlar tashkil etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan 2 soatlik dasturning tasvir ishlari davomida markaz direktori Shovosil Ziyodov intervyu berdi. Shuningdek, dastur sonida “Yenı şafak” nashrining publitsisti, “Tamaddun tasavvuri” onlayn maktabi asoschisi, jamoat arbobi va bloger Dr. Yusuf Kaplan hamda akademik va ilmiy tadqiqotlari bilan tanilgan, Islom dini haqidagi xalqaro veb-portal loyihasi rahbari, Merıdyen assotsiatsiyasi Prezidenti Dr. Malika Koch ham ishtirok etdi.

Dastur telekanal efirlaridan tashqari Turkiyaning uchta eng yirik nashlaridan biri – “Yenı şafak” nashri hamda mediaxoldingning barcha elektron platformalari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali yoritilishi koʻzda tutilgan.

Maʼlumot oʻrnida: 1995 yilda “Albayrak” nomi bilan tashkil topgan media shirkat 1998 yilda “Yenı şafak” nashri bilan birlashib, tarix, madaniyat va maʼnaviyatga oid dasturlar tayyorlay boshlagan. 2007 yilda oʻz tarkibida 24 soat davomida efirga chiqadigan TVNET telekanalini tashkil etgan mediaxolding bugungi kunda “Teran tarix”, “Haqiqiy hayot” va “Dono bola” kabi keng ommalashgan jurnallarning ham taʼsischisi hisoblanadi. Ayni paytda xolding barcha mediaresurslarida jami 20 milliondan ortiq kuzatuvchi va obunachiga ega.

Tasvir ishlari doirasida Markaz rahbariyati, mediaxolding, Oʻzbekiston turizm va madaniy meros vazirligi vakillari hamda Merıdyen assotsiatsiyasi mutasaddilari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid muloqot oʻtkazildi. Unda muassasalarda ayni vaqtda amalga oshirilayotgan loyihalar xususida maʼlumotlar berilib, ulardagi umumiy jihatlar asosida hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, hadislarni “Hadis va siyrat” turkumida rus, ingliz, nemis, turk va arab tillarida keng targʻib qilish va ular asosida animatsion kontentlar yaratish, joriy yilning noyabr oyida oʻtkaziladigan “Imom Buxoriy asarlari misolida Islom sanʼati koʻrgazmasi”ni oʻzaro hamkorlikda tashkil etishga kelishib olindi.

Markazda tasvir ishlari olib borilgan dastur oʻtayotgan hafta oxirigacha efirga uzatilishi rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator xalqaro nufuzli tashkilot va ilmiy …