Home / MAQOLALAR / ISLOMDA DOʻSTLAR OʻRTASIDAGI BAGʻRIKЕNGLIK

ISLOMDA DOʻSTLAR OʻRTASIDAGI BAGʻRIKЕNGLIK

Parvardigori olam bir-birini tushunsin, bir-biriga yordami tegsin va ahil yashasin deb, insonlarni bir-biriga doʻst-birodar qilib qoʻydi. Inson hayotida chin doʻstlarning koʻp boʻlishi uning baxtidir. Bunda insonning goʻzal odobi va komil axloqi muhim oʻrin tutadi.

Paygʻambar alayhissalom Abu Hurayra roziyallohu anhuga: “Ey Abu Hurayra! Goʻzal axloqli, chiroyli odobli boʻlgin”, dedilar. Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Yo Rasullulloh! Goʻzal odob, yuksak axloqning meʼyori, uning qoidasi, qanday?” dedi. U zot: “Goʻzal odob va yuksak axloq uch narsada mujassam boʻladi. Bu sen bilan aloqani uzgan kishini ziyorat qilishing, senga zulm qilganni kechirishing, senga yaxshilik qilmagan kishiga yaxshilik qilishingdir. Ana shunda goʻzal odob va yuksak axloqli boʻlasan”, deb javob berdilar.

Darhaqiqat, chin musulmon hammaga foydasi tegadigan, oʻziga ravo koʻrganini boshqaga ravo koʻradigan odamdir. Muqaddas dinimizda Alloh yoʻlida doʻstlashish va bir-biriga mehr-muhabbatli boʻlish savobi ulugʻ ibodatlardan hisoblanadi.

Hadisi qudsiyda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Mening rizoligim uchun bir-birini yaxshi koʻrganlar, aka-uka tutingan va oʻtirib suhbat qurganlar, bir-biriga yordam berganlar va bir-birlarini ziyorat qilganlar Mening muhabbatimni qozongay”.

Alloh yoʻlidagi sadoqatli doʻstlik hamisha, har yerda va har sharoitda ishonchli boʻladi. Musulmonchilikda doʻstlik qanday boʻlishi haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida: “Musulmon musulmon uchun aka-ukadir. Unga zulm qilmaydi, molini nohaq tortib olmaydi, xaqqini ham kamaytirmay beradi”, deb taʼkidlaganlar.

Islom dini insonlarni hamjihat va bir-birlariga bagʻrikeng boʻlib yashashga buyuradi. Zero, inson hayoti doʻstlar bilan birgaturmush quvonchlari va tashvishlarini baham koʻrish ila goʻzal va mazmunli boʻladi.

Haqiqiy doʻst birodaridan yordamini ayamaydi. Uning mushkulotlarini oson qilishga, unga yetadigan jabr-zulmni qaytarishga harakat qiladi. Oʻziga suyanilganda, ishonchni oqlaydi. Birodarini tahqirlamaydi, ustidan kulmaydi, masxara qilmaydi. Zero, har qanday inson bir jihatdan zaifroq yoki faqirroq boʻlishi mumkin. Islom dinida insonni qashshoq, miskin, kuchsiz boʻlgani uchun haqoratlash juda katta gunoh hisoblanadi. Chunki hamma ham Allohning bandasi. Birini qudratliroq, farovonroq, ikkinchisini kuchsizroq, kambagʻalroq yaratgan. Ammo faqir moʻminlar oʻz taqdiriga rozi boʻlgani tufayli Alloh taolo nazdida ularning qadr-qiymati baland, duolari ham mustajobdir. Shu bois moʻmin-musulmonning vazifasi birodarini tahqirlash emas, balki unga yordam qoʻlini choʻzib, duosini olishdir.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo kimga yaxshilikni istasa, unga yaxshi insonlarni doʻstlashtirib qoʻyadi, yaxshilarni yondosh qiladi. Yaxshi doʻst esa Allohni, ibodatni, yaxshilikni u esdan chiqarganingda esga soladi. Esingda boʻlganida yaxshilikda koʻproq bardavom boʻlishingga yordam beradi”, deganlar.

Albatta, vaqtini koʻpincha birga oʻtkazgan kishilar bir-biridan taʼsirlanadi. Taʼsir esa yaxshi ham, yomon ham boʻlishi mumkin. Shuning uchun doʻst tanlashda juda ehtiyot boʻlish kerak. Olimlar va fozillar bilan doʻst boʻlganlar ilm va fozillikka yuz tutishi aniq. Qozonga yaqinlar esa faqat qorasini yuqtiradi. Shu sababli, doimo faqat yaxshilar bilan doʻst boʻlishga harakat qilish lozim.

Baxriyev Otabek
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …