Home / MAQOLALAR / ALISHЕR NAVOIYNING ESTЕTIK MЕROSIDA MILLIY GʻOYA MASALALARINING FALSAFIY TAHLILI

ALISHЕR NAVOIYNING ESTЕTIK MЕROSIDA MILLIY GʻOYA MASALALARINING FALSAFIY TAHLILI

Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan mutafakkirlar ichida oʻzining boy badiiy-estetik merosi bilan kelajak avlodlarga noyob asarlar qoldirgan davlat arbobi, shoir Alisher Navoiyni butun dunyo ahli yaxshi biladi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda shoir badiiy ijodidan bahra olmagan inson topilmasa kerak. Uning boy estetik merosini milliy gʻoya va qadriyatlar bilan uygʻun ravishda oʻrganish borasida juda katta ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Chunki yoshlarimiz oʻz xalqi tarixini bilishi, shiorlarning badiiy-estetik merosini chuqur oʻzlashtirishi va bugungi kunda amalga oshirilayotgan ijtimoiy taraqqiyotga befarq boʻlmasliklari lozim. Shu tariqa xalqimiz Navoiyning faoliyatini, uning Vatan taraqqiyoti yoʻlida qilgan xizmatlarini, butun hayotini mamlakat va millat tarixi hayotidan tashqarida tasavvur etolmaganligini anglab yetadi. Shu asosda Navoiy jamiyatda har tomonlama yetuk komil insonni shakllantirish har bir davrning dolzarb masalasi ekanligini kun tartibiga qoʻyadi.

Uning asarlarida komil insonni kamol toptirishda falsafiy dunyoqarashga alohida eʼtibor qaratadi. Shoirning yaratgan asarlari, jamiyatda milliy gʻoyani rivojlantirishga oid fikrlari barcha insonlarni qiziqtirib kelmoqda. Jamiyatda komil insonni shakllantirish, mamlakat kishilarining sogʻ-salomatligi, jismoniy baquvvatliligiga, mustaqillikka munosabatini yuksaltirish borasida Navoiy yuksak maʼnaviy-axloqiy sifatlarga alohida eʼtibor qaratgan. Bu borada “mutafakkir shoir bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, oʻz oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir”[1: 370].

Mutafakkirning “Xamsa”si yoshlarda maʼnaviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga alohida oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Komil inson haqida fikr yuritganda, eng avvalo, biz Alisher Navoiyni yaratgan asarlari va “Xamsa”sidagi qarashlarini yodga olamiz. “Xamsa”ning dostonlarida Navoiyni badiiy-estetik qarashlari yoshlarning bir-birlariga yetishish yoʻlidagi ogʻir zahmatlari orqali yoritib beriladi. Masalan, “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” kabi dostonlaridagi qiyofalar keyingi davrlarda yaratilgan sharq rivoyatlari bilan uygʻunlashib ketgan boʻlib, koʻproq dostonlarning mazmunida fojiaviylikning namoyon boʻlishini koʻrishimiz mumkin. Navoiy yaratgan qahramonlarning ichki his-tuygʻulari va kechinmalari badiiy-estetik qiyofalar jamiyatdagi ijtimoiy tuzum va xalqning ogʻir hayoti bilan bogʻlab yoritilgan. Dostonlarda muhabbat va ezgulik, doʻstlik va hamjihatlikning birlashib yovuzlikka qarshi chiqishi, jamiyatda adolat va donolikning tantana qilishi masalalari aks etgan. Bu majoziy qiyofalarda dunyolar goʻzallikka, kamolotga olib boruvchi milliylik gʻoyalari, maʼnaviy olamning serqirra jihatlari falsafiy tadqiq etilgan. Ushbu goʻzal qiyofalar, yuksak axloqiy gʻoyalar dunyosidagi ijtimoiy hayotning nozik qirralari, badiiy-estetik omillar kishiga zavq bagʻishlaydi. Navoiyning “inson va maʼnaviy hayot, olamning yaratilishi va maqsadi, insonning taqdiri va baxt-saodati haqidagi chuqur oʻy-fikrlari, mushohadalari ikki buyuk tuygʻuda Muhabbat va Goʻzallikda oʻz ifodasini topgan. Oʻrta asr falsafiy sheʼriyatida goʻzallik oʻzining hissiy moddiy shaklida atrofimizdagi tabiiy muhit, borliq sifatida sharhlanadi, muhabbat esa hayotning oʻzidir. Muhabbat kishilar dilida atrof olamga nisbatan samimiy his-tuygʻular uygʻotuvchi maʼnaviy kuch sifatida ifodalanadi. Goʻzallikka erishish vositasi ham mana shu kuch – muhabbatdir”[2: 169].

 Alisher Navoiy yetuk shaxs, oʻzida butun insoniy fazilatlarni mujassamlashtirgan komil inson sifatida tasvirlanadi. Alisher Navoiyning bagʻrikengligi, kamtar va yuksak aql egasi ekanligi, mehr-muruvvatliligi, mamlakat obodligi yoʻlidagi saʼy-harakatlari, shoiru davlat arbobi va adolatparvarligi, insonparvarlik xususiyatlari shakllanganligini koʻrishimiz mumkin boʻladi.

Biz buyuk mutafakkir Alisher Navoiy asarlariga nazar soladigan boʻlsak, komil insonni voyaga yetkazishda milliy gʻoyaga boʻlgan qarashlarini koʻramiz. Bundan tashqari, asrlar mobaynida xalqimizning orzusi, istagi, ideali boʻlib kelgan milliy gʻoya albatta komil insonni voyaga yetkazishda dolzarb hisoblanadi. U toʻgʻrisidagi tushuncha, qarashlar va tasavvurlar turli davrlarda turlicha talqin qilingan. Komil inson toʻgʻrisidagi gʻoyalarning, takomillashuvi, uning qanday boʻlishi, xarakteri, ilm-fan, madaniyat, maʼnaviy-axloqiy muhit, ijtimoiy taraqqiyot rivojiga bogʻliq boʻlgan.

Bugungi kunda Alisher Navoiyning asarlarini har tomonlama oʻrganish, unga yangicha yondashish boshlandi. Bu yondashishlar orasida Alisher Navoiy asarlaridagi komil inson gʻoyasini bugungi kundagi ahamiyatini tahlil qilish va uni qaysi uslubni qoʻllab yoritish masalasi muhim oʻrin egallaydi. Ushbu mavzu toʻgʻrisida oxirgi yillarda turkum maqolalar nashr qilindi, bu esa komil inson gʻoyasini tadqiq qilish hozirgi vaqtda gʻoyat dolzarbligini koʻrsatadi.

Alisher Navoiy badiiy-estetik merosida maʼnaviy-axloqiy qarashlar, komil insonning xulq-odob qoidalari, insonning mehnatsevarlik, insonparvarlik va odamiylik kabi xislatlari, adolat, tabiat va insonni sevish toʻgʻrisidagi gʻoyalarini yoshlar ongiga singdirish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etgan. Tabiat haqidagi qarashlarida tabiat va ekologiya qanchalik toza va ozoda boʻlsa insonlarga quvonch, shodlik, ayniqsa, sogʻlik ato etishi haqidagi fikrlari goʻyoki bugungi kundagi muammolarga nisbatan aytilgandek boʻladi. Bu gʻoyalar Alisher Navoiyning “Xamsa”si, sheʼriyati, gʻazal va  dostonlari, nasriy asarlarida oʻz aksini topgan.

Bundan koʻrinib turibdiki, bugungi kundagi yosh avlodni milliy gʻoya ruhida tarbiyalashda albatta Alisher Navoiy asarlaridan foydalangan holda faoliyatimizni olib borishimiz muhim hisoblanadi.

Bundan tashqari, qadimgi va ilk oʻrta asrlarda yashab ijod etgan buyuk donishmandlarning komil inson toʻgʻrisidagi falsafiy qarashlari, bu boradagi qimmatli fikrlari keyingi mutafakkirlar, xususan hazrat Alisher Navoiyning komil inson gʻoyasiga ham katta taʼsir koʻrsatdi va maʼnaviy-axloqiy qarashlari yoshlarni komil inson boʻlib voyaga yetishiga muhim gʻoyaviy manba boʻlib xizmat qildi.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, yoshlar tarbiyasiga sharq mutafakkirlari har bir davrda ijobiy fikrlarini bildirib kelishgan. Jamiyat va davlatda millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik gʻoyasining ahamiyati anglab yetilmasa, jamiyat va davlat  hayotida turli ziddiyatlar, muammolar vujudga keladi, ular tinchlik va barqarorlikka xavf soladi. Bugungi kunda ham mamlakatimizda yashaydigan turli millat vakillari uchun teng imkoniyatlarni yaratilishi, ayniqsa, falsafiy masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilib qonuniy asoslarda mustahkamlanganligini koʻrishimiz mumkin. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev nutqlari va maʼruzalarida yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, millatlar va dinlararo tinchlikni taʼminlash, bagʻrikenglik muhitini qoʻllab-quvvatlash asosiy tamoyil sifatida ilgari surib kelinmoqda. “Maʼlumki, bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda koʻp asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondoʻstlik, ezgulik, qalb saxovati va tom maʼnodagi bagʻrikenglik bizning xalqimizga doimo xos boʻlgan va uning mentaliteti asosini tashkil qiladi”[3: 296]. Bundan kelib chiqqan holda, yoshlarda badiiy-estetik merosni shakllantirishimiz, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalash davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligini koʻrishimiz mumkin.

  Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy sohadagi islohotlardan koʻzlangan maqsad Navoiy va boshqa faylasuflarning har tomonlama yetuk komil insonni tarbiyalash borasidagi axloqiy sifatlarga alohida eʼtibor berilmoqda. Jamiyatda yoshlarning maʼnaviy ongini oʻstirish va axloqiy kamolot darajasini yuksaltirish uchun keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratildi. Bu borada Alisher Navoiy oʻzining “Xamsa”sida yoshlardagi mehnatga zavqiy munosabat tabiiy ehtiyoj ekanligini taʼkidlaydi. Uning “Farhod va Shirin” dostonidagi kanal qazuvchilarga Farhodning yordam berishi haqidagi  mehnat goʻzalligi bilan bogʻliq jarayon yoshlarni estetik ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Farhod kanal qazuvchilarning ogʻir ahvolda ishlayotganini koʻrib:

         Hunarni asrabon netkumdir oxir,
         Olib tufroqqamu ketkumdir oxir?!

deb kanal qazuvchilarga yordam berishi va tez orada kanalni bitkazib, qaqrab yotgan choʻllarni gulzorga, bogʻu rogʻlarga aylantirishi mehnatning evaziga kelgan rohatdir.

Alisher Navoiy Farhod obrazi orqali yoshlarning jismoniy-aqliy qobiliyatlarini mehnat bilan uygʻunlashtirish lozimligi hamda mehnat barcha boyliklarning negizi ekanligini badiiy shaklda tasvirlab bergan”[4: 94]. Shu boisdan farzandlarimizni sogʻlom va axloqiy yetuk sifatlarga ega qilib tarbiyalash bizning bosh maqsadimizdir.

Davlatimiz rahbari oʻzining maʼruzalarida doimiy ravishda yoshlarning ertangi kunini Navoiy ijodi bilan uygʻunligi borasida soʻz yuritadilar. Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “bugungi kunda shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hayot oldimizga qoʻyayotgan bir-biridan murakkab va muhim masalalarni hal qilish haqida oʻylar ekanmiz, ularning yechimi aynan taʼlim-tarbiya bilan, yoshlarning dunyoqarashini zamonaviy bilim, yuksak maʼnaviyat va maʼrifat asosida shakllantirish bilan bogʻliq ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz”[5: 448].  Yoshlarning maʼnaviy-axloqiy sifatlarini oshirishga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishda Navoiy asarlarining oʻrni kattadir.

Yoshlar kamolotida muhim oʻrin tutgan Navoiyning axloqiy va badiiy-estetik gʻoyalari inson qalbidagi eng nozik va goʻzal tuygʻularni ifodalab, ezgu amallar qilishga barchani chorlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov shoirning milliy adabiyotimiz tarixida tutgan oʻrni haqida taʼkidlaganidek, “Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning gʻururi, shaʼnu sharafini dunyoga tarannum qilgan oʻlmas soʻz sanʼatkoridir. Taʼbir joiz boʻlsa, olamda turkiy va forsiy tilda soʻzlovchi biron-bir inson yoʻqki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va eʼtiqod bilan qaramasa. Agar bu ulugʻ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”[6: 47].

Alisher Navoiy falsafasining estetik jihatdan jozibadorligi sirini, uning estetik ong evolyutsiyasining qanday bosqichiga tegishli ekanini tasavvur qilish imkoniyatiga ega boʻlamiz. Chunki ayni shu falsafa oliy aqlning emas, hatto nurlangan aqlning ham emas, balki estetik merosning mahsuli ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Nizomiy Ganjaviy, Husrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Sanoiy, Hofiz, Saʼdiy va boshqa buyuk zotlarning poetik-falsafiy ijodi esa ayni shu estetik ilhom pogʻonasiga tegishlidir. Ularning asarlari oddiy poeziya emas,  balki “An al-Haq”likka erishgan zotlarning falsafiy-estetik poeziyasidir. Zero, bu poeziya estetik meros mahsulidir.

 “Alisher Navoiyiing badiiy-estetik qarashlari koʻplab olimlar tomonidan tadqiq qilingan. Biroq shoirning estetik olami badiiy ijodi kabi cheksiz va bepoyondir. Biz uning goʻzallik, ijod jarayoni, ilhom va nafosat haqidagi qarashlari, fikrlarini koʻzdan kechirganimizda hali qator masalalar yoritilmaganligi, ulugʻ mutafakkirning salohiyati va tafakkuriy qudratini belgilovchi xizmatlari yetarli bahosini olmaganini koʻramiz. Uning asarlaridagi estetik qarashlarida ayrim mulohaza va fikrlar ham yangi davr, yangicha fikrlash talabi bilan oʻzgarishga uchradi”[7: 11].

Navoiy badiiy-estetik merosi yosh avlod uchun zarurligini uning yaratgan asarlaridagi falsafiy mushohadalar orqali ham anglab yetish mumkin. Uning fikricha, insonning goʻzalligi uning tili orqali namoyon boʻladi. Ana insonda til boʻlmaganda edi u oʻlik odamdan farqlanmas edi. Ana shu tilgina insonga tiriklik baxsh etdi, shu orqali ezgulik, adolat yoʻliga kirdi.

Navoiy asarlarida yorga vafo, sevgi, muhabbat mazmunidagi gʻoyalar koʻp  uchraydi. Bu, bir tomondan, axloqiy xarakterdagi fikrlarning bayoni sifatida ifodalansa, ikkinchi tomondan, odamning psixologik xususiyatlari ichki kechinmalari, ruhiy holati, xatti-harakatining bayonida oʻz ifodasini topgan. Navoiy kishining vaʼdasiga vafo qilishini, aytgan soʻzining ustidan chiqishi kerakligini asosi deb biladi.

Navoiyning badiiy-estetik qarashlari yoshlarni milliy gʻoya ruhida tarbiyalashga qaratilgan falsafiy dunyoqarash bilan uygʻunlashgan. Uning asarlarida aks etgan qahramonlarning obrazlari yoshlarni Vatanga muhabbat, yorga sadoqat, yurtga sodiq, oʻz tanlagan kasbiga fidoyi qilib tarbiyalashni koʻzda tutadi. Navoiy nazdida badiiy-ilmiy meros Allohdan inson qalbiga nuzul etadigan juda nafislik nur irmogʻi boʻlib, u tafakkurdan behad yuksakdir. Ayni paytda u inson qalbiga ortiqcha zoʻriqishsiz, sodda va ravon oqib kiradi. Shunday ekan, shoirning yaratgan asarlari va boy adabiy-estetik merosidan insoniyatning bahramand boʻlishi, xalq dardini ochib berishi barchamizni ogohlikka, ezgulik yoʻlida adolat bilan mehnat qilishga chorlab qoladi.  

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Mirziyoyev Sh.M. Niyati ulugʻ xalqning ishi ham ulugʻ, hayoti yorugʻ va kelajagi farovon boʻladi. 3-jild, –T.: Oʻzbekiston, 2019.
  2. Oʻzbekistonda ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixidan. –T.: Oʻzbekiston, 1995.
  3. Mirziyoyev Sh.M. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz. 1-jild. –T.: Oʻzbekiston NMIU, 2018.
  4. Gʻaybullaev O. Shaxs maʼnaviy kamoloti va estetik madaniyat. –T.: Chashma print, 2008.
  5. Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. –T.: Oʻzbekiston, 2-jild, 2018.
  6. Karimov I.A. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. –T.: Maʼnaviyat, 2008.
  7. Qudratullayev H. Navoiyning adabiy-estetik olami. –T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi Nashriyot-matbaa birlashmasi, 1991.
Nafisa EGAMBЕRDIYEVA,
Navoiy davlat pedagogika instituti oʻqituvchisi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …