Home / YANGILIKLAR / IFTORLIK — SAVOBI ULUGʻ AMAL, AMMO DABDABABOZLIK EMAS

IFTORLIK — SAVOBI ULUGʻ AMAL, AMMO DABDABABOZLIK EMAS

Muborak Ramazon oyi oʻzining shukuh va fayzi bilan davom etmoqda. Imon-eʼtiqodli har bir yurtdoshimiz tilu dilida shukronalik bilan ushbu tabarruk oyning savobi samarasidan bahramand boʻlishga bel bogʻlagan.

Ramazon oyini Alloh ummati muhammadiya uchun alohida barakotli, fazilatli qilib qoʻygan. Ramazonning xususiyati, fazilati, barakasi juda ham koʻp va beqiyos. Avvalo, Ramazon Qurʼon oyi deyiladi. Chunki Qurʼoni karim shu oyda nozil boʻlgan. Xatmi Qurʼon va tarovehlar ado etiladigan, jinu shaytonlarning eng yomonlari zanjirband qilinadigan, rahmat, magʻfirat, duolar qabul boʻladigan, xayr-saxovat amallari bajariladigan va koʻplab fazilatlar oyi ekanligi oyati karima hamda hadisi shariflarda bayon qilingan.

Mana shu ulugʻ ayyom kunlari oʻzini musulmonman degan kishi borki, insonparvarlik, doʻstlik, hamjihatlik kabi olijanob tuygʻularga asoslangan islom dini mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlari holidan xabar olishga, ehtiyojmandlarga muruvvat qoʻlini choʻzishga, bir-biriga oʻzaro mehr-oqibat koʻrsatishga oshiqmoqda.

Bu oy roʻza tutish bilan bir qatorda, bagʻrikenglik, birdamlik, tinchlik-osoyishtalikka sabab boʻluvchi mehr-muruvvat oyi hamdir. Imom Termiziy rivoyatida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni bu oyda mehr-muruvvat koʻrsatishga chorlab: “Ehsonlarning afzali Ramazon oyida qilinganidir”, deya marhamat etganlari keltirilgan.

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jumladan bunday dedilar: “Bu oyda moʻminning rizqi ziyoda boʻladi. Kimki u oyda birorta roʻzadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va doʻzaxdan ozod boʻladi. Shuningdek, unga ham roʻzadorning savobidan hech qancha kam boʻlmagan savob beriladi”. Shunda biz: “Ey, Rasululloh! Biz hammamiz ham roʻzadorga iftorlik qilib bera olmaymizku”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni roʻzadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki boʻlmasa bir hoʻplam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki roʻzadorning qornini toʻygʻazsa, Alloh qiyomatda unga havzi kavsaridan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Ramazon — avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat, oxiri doʻzaxdan ozod boʻlish oyidir”, dedilar”.

Demak, kimki birorta roʻzadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechirilar ekan va oʻziga ham roʻzadorniki bi­lan teng savob yozilar ekan. Bu rivoyatdan boxabar yurtdoshlarimiz muborak oyda imkon qadar roʻzadorlarga iftorlik berishga harakat qiladi.

Astoydil, xolis savob uchun qilingan bagʻrikenglik, saxovatpeshalik chindanda eʼtirofga loyiq. Atrofdagilarga koʻz-koʻzlash, oʻzini koʻrsatish, shuning ketidan qandaydir manfaatga erishish maqsadida qilingan saxovat esa kibr va manmanlik belgisidir. Afsuski, mohi Ramazonda amalga oshirilayotgan ayrim tadbirlarda ana shu illat koʻrinib qolayotir.

Yuqorida zikr etganimiz hadisi sharifda roʻzadorga iftor qilib berishning savobi aytilishi bilan bir qatorda, bunga moddiy imkoniyati boʻlmaganlarga Alloh taolo bu savobni roʻzadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki boʻlmasa bir hoʻplam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham berilishi aytib oʻtilgan.

Taassufki, iftorlik berishda ham kimoʻzarga tushmoqdamiz. Qolaversa, bugun bu ehson tadbirini uyida emas, restoranlarda katta jamoatni yigʻib, oʻta dabdabali dasturxon asosida oʻtkazish ham tobora urf boʻlib bormoqda. Oʻzi istiqomat qiladigan xonadonga yaqinlari, qoʻni-qoʻshnilar va muhtoj kishilarni taklif etib, kamtarona qilingan iftorlik har tomonlama maqbuldir. Unda silai rahm, qoʻshnilik haqqi va muhtojlarga koʻmak hosil boʻladi, riyo, manmanlik va isrofdan uzoqlashiladi. Zero, Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qilgan:

“Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (Aʼrof surasi, 31-oyat).

Yana bir mulohaza. Aslida iftorlik faqat toʻp-toʻp odam chaqirib, ziyofat berish emas, balki muhtoj insonlarga oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib berish, davolanishga imkoniyati yoʻq bemorlarga dori-darmon ulashish, ehtiyojlari uchun ularning koʻliga, ozmi-koʻpmi, mablagʻ berish ham iftorlikdir.

Bu tabarruk oyning mohiyati-qimmatini anglab, oʻtkazayotgan tadbirlarimiz, bajarayotgan amallarimizda, avvalo, Yaratgan roziligini maqsad qilsakkina, murodga yetishgan boʻlamiz. Alloh taolo ato etgan barcha neʼmatlar uchun shukrona aytib, bir-birimizga faqat va faqat yaxshilikni ilinsak, ezgu amallar yoʻlida saʼy-harakat qilsakkina, har bir kuni yillarga teng bebaho oyning savobiga erishishimiz mumkin, insha Alloh.

Zayniddin ESHONQULOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 13 aprel, № 76(8138)

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …