Home / MAQOLALAR / INSON MAʼNAVIYATINI SHAKLLANISHIDA SHARQ MUTAFAKKIRLARINING BUYUK XIZMATLARI

INSON MAʼNAVIYATINI SHAKLLANISHIDA SHARQ MUTAFAKKIRLARINING BUYUK XIZMATLARI

Inson qalbini goʻzal qiladigan, insoniylik his-tuygʻularini uygʻotadigan narsa bu – maʼnaviyat. Maʼnaviyat, garchi u barcha odamlarga xos boʻlsa-da, hech oʻzgarmaydigan, doimiy oʻlcham deb boʻlmaydi. Yuksak maʼnaviylik Oʻzbekiston xalqi intilayotgan ustuvor maqsadlardan biridir.

Yurtimizda jamiyatni tubdan yangi asosda qurish va uni har tomonlama rivojlantirish, xalqning dunyoqarashi va shu bilan birgalikda maʼnaviyati bilan bevosita bogʻliqdir. Oʻzbekistonni yangilash va rivojlantirishning oʻz yoʻli toʻrtta asosiy negizga asoslanadi. Bu negizlar:

-umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik;
-xalqimizning maʼnaviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish;
-insonning oʻz imkoniyatlarini erkin namoyon qilishi;
-vatanparvarlik.

Maʼlumki, maʼnaviy-axloqiy negizlar zamirida umuminsoniy va milliy qadriyatlar mushtarakligi, kishilarning maʼnaviy madaniyatini shakllantirishga erishish maqsadi yotadi. Zero, shaxs tafakkurini oʻstirmay, uning maʼnaviy dunyosini boyitmay  turib, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy jabhalardagi vazifalarni bajarish, mustaqillik mafkurasini shakllantirish mumkin emas. Ayni chogʻda, jamiyatimiz va davlatimiz oʻzligini anglagan, vatanparvarlik tuygʻusi bilan millat, xalq manfaatlari, ijtimoiy, mehnat va kasb-kor koʻnikmalari, ishbilarmonlik asoslarini egallagan, ruhan sogʻlom, jismonan yetuk, umuminsoniy va milliy xulq-atvor normalarini oʻz ongi va faoliyatida mujassam etgan maʼnaviy yetuk insonni tarbiyalab voyaga yetkazishdan gʻoyat manfaatdordir.

Binobarin, u yoki  bu millatning maʼnaviy boyligi milliy va umuminsoniy qadriyatlarning birligidan tashkil topadi. Maʼnaviy meros oʻtmishning yutugʻi. Uni toʻla, oqilona egallash va rivojlantirish esa, hozirgi avlodning vazifasidir.

Shuning uchun ham “maʼnaviyat insonga havodek, suvdek zarur. Sahrodagi sayyoh har doim buloqdan chanqogʻini bosadi. Xuddi shuningdek inson ham necha-necha azoblar va qiyinchiliklar bilan maʼnaviyat chashmasini izlaydi. Yer, oila, ota-ona, bolalar, qarindosh-urugʻlar, qoʻni-qoʻshnilar, xalq, mustaqil davlatimizga sadoqat, insonlarga hurmat, ishonch, xotira, vijdon, erkinlik-maʼnaviyatning maʼnosi ana shunday keng. Inson uni inson darajasiga koʻtaradigan asoslarning asosini oʻz aqli bilan tom maʼnoda qamray olmaydi. Inson oʻzini xalqning bir zarrasi deb sezgandagina, u haqda oʻylab, mehnat qilib yashagandagina maʼnaviyat bilan tutashadi”[2: 36].

Birinchi Prezidentimiz aytganlaridek, “Maʼnaviyat ishlarini yoʻlga qoʻymay turib, iqtisodiy yuksalishlarga erishish qiyin. Maʼnaviyatda insonning iymoni, eʼtiqodi, axloqi, hayotning maʼnosini qanday tushunishi, ichki dunyosi namoyon boʻladi. Vatan, xalq oldidagi burchni anglash ham yuksak maʼnaviyat belgisidir. Maʼnaviy barkamol inson oʻzining savobli ishlari bilan kechirgan hayotidan rozi ketadi”[2: 35].

Maʼnaviyatimiz oldida turgan asosiy vazifa mustaqilligimizni mustahkamlaydigan  komil  insonlarni, har tomonlama yetuk va barkamol yoshlarni tarbiyalashdan iborat. Xalqimizning maʼnaviy olamini  shakllantirishda  yuqorida taʼkidlangan negizlarga asoslangan holda  oʻtmish ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanish tuygʻularini uygʻotish, yoshlarni tarbiyalashda islom dinining ilgʻor gʻoyalaridan samarali foydalanish zarur boʻladi.

Oʻtmish madaniy merosini oʻrganish jamiyat taraqqiyoti uchun zarur boʻlgan dolzarb masalalardan biridir. Chunki ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy merosda barcha davrlar uchun kerak boʻladigan ajoyib, ilgʻor fikrlar borki, bular bugungi taraqqiyot uchun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas. Oʻtmishdagi ilgʻor mutafakkirlarimizning hayotning maʼnosi, jamiyatda insonning tutgan oʻrni, tarbiyasi haqidagi purhikmat, dono fikrlari gʻoyat totli tafakkur mevalaridir. Ular xalqimizning maʼnaviy dunyosini yanada boyitishda, tarbiyalashda amaliy yordam berib kelmoqda. Shu jihatdan olganda, oʻtmish madaniy merosining yangi madaniyatni shakllantirishdagi rolini hamda uning jamiyat maʼnaviy hayotidagi ahamiyatini oʻrganish va koʻrsatib berish muhim, yangicha nazariy-metodologik va amaliy ahamiyatga molik ishlardandir.

Ajdodlarimizdan  bizga Gʻarb sivilizatsiyasi, taraqqiyoti va Sharq maʼnaviyati deb ataluvchi bir-biridan tubdan farq qiluvchi madaniy-maʼnaviy anʼanalar meros qolgan. Gʻarb va Sharqning oʻziga xos madaniy va maʼnaviy qiyofalari borligini koʻp mutafakkirlar xolisona eʼtirof etganlar. Ulugʻ alloma Abu Ali ibn Sino bu mavzuga oid boʻlgan 20 jildli “Insof” kitobini yaratgan. Ulugʻ hind mutafakkiri Svali Vivekanda Gʻarb va Sharq oʻrtasidagi tafovutlarga toʻxtalar ekan: “Ovroʻpa ovozi – siyosat ovozidir va bu borada uning ustozi qadimiy Yunonistondir”, deydi. “Sharq ovozi – ruhiyat va maʼnaviyat ovozidir, – barcha paygʻambarlarning hayot faoliyatlari ruhni targʻib qilishga qaratilganligi va ularning hammasi istisnosiz Sharq vakili ekanligi bejiz emas, albatta. Sharq odamining sevgisi ichki mohiyat va abadiyatga, ruhiyat va maʼnaviyatga qaratilgan”.

Bizning tomirimizda Maʼmun akademiyasi – “Baytul hikmat”ning peshqadam olimi Ahmad  Fargʻoniyning, Al-Jabr ijodkori Muhammad Xorazmiyning, hakimlar hakimi Abu Ali ibn Sinoning, tafakkur koʻzi bilan yangi dunyo – Amerika qitʼasini kashf etgan Abu Rayhon Beruniyning, eng mukammal yulduzlar jadvalini tuzgan Mirzo Ulugʻbekning, turon piri Ahmad Yassaviyning, benazir Muhaddis imom Ismoil Buxoriyning, sohibi shijoat Amir Temurning – jahonni hayratga solgan yana qanchadan-qancha ulugʻ zotlarning qoni borligini atroflicha tushuntirishimiz zarur[1: 42-43].

Mustaqillik tufayli musulmonchilikning ulugʻ madaniy qadriyatlari qayta tiklandi. Bu bebaho xazinani qalbdan chuqurroq idrok qila borganimiz sayin, hayotimiz maʼnaviy jihatdan pokizaroq boʻla boradi. Shu oʻrinda ota-bobolarimiz eʼtiqod qilib kelgan islom dinining inson va uning oilasi, hayotidagi, odob-axloq va xayr-saxovat ishidagi ahamiyatini hamda vijdon erkinligi bilan uygʻun tarzda qoʻshilib ketayotganligini alohida uqtirib oʻtish darkor.

Muqaddas Islom dini ham butun borligʻi bilan insonlarni ilmga, hidoyatga yetaklovchi dindir. Zeroki, Qurʼoni karimning birinchi nozil boʻlgan surasi ham “Iqraʼ” yaʼni, “oʻqi” deb boshlanadi. Qurʼonning  96-“Alaq” surasida esa: “Oʻqi, Parvardigoring behad karamli, uning oʻzi qalamga oʻrgatgan, insonga uning bilmaganlarini oʻrgatgan”, soʻzlari bitilgan. Muborak hadislarda ham ilm, maʼrifatlilik ulugʻlanadi. Masalan, “Ilm oʻrganish har bir moʻmin uchun farzdir”, soʻzlari muborak hadisi sharifda bitilgan. Ilm tufayli odamlar nodonlik, jaholat botqogʻidan chiqib, imonlarini kamolotga yetkazadilar. Ilm tufayli kishilar haq va nohaqni, halol va haromni farqlaydilar va adolat qiladilar. Bas, shunday ekan, jamiyatning har bir aʼzosi maʼrifatli, maʼnaviyatli boʻlmogʻi lozimdir[4: 227].

Ulugʻ bobomiz Abdulla Avloniy ham “…Maʼrifatli xalq shijoatli boʻlur. Shijoat qalbning matonatidan, ruhning salomatligidan iboratdir. Maorifdan, fandan va madaniyatdan mahrum qolgan xalq jaholat panjaralarining orasida eziladi. Zeroki, jaholat, eng qoʻrqinch, faqir va muhtojlikdan ziyoda dahshatliroq bir musibatdir”, – degan edi[1: 80].

Har bir xalq oʻzining madaniy-maʼnaviy merosi, anʼanalari, tarixiy xotirasi bilan mavjuddir. Tarixiy xotirasini yoʻqotgan xalq qalbini, oʻzligini yoʻqotadi, oddiy aholi toʻdasiga aylanadi va natijada xalq sifatida tarix sahnasidan tushadi. Xalq oʻz tarixiy xotirasi tufayli madaniy merosini, qadriyatlarini, oʻzligini asraydi, oʻz tarixining ijodkor va merosxoʻri ekanligini his qiladi.

1917 yilda Abdirauf Fitrat aytgan edi: “Turkiston nomusi, eʼtibori, iymoni, eʼtiqodi, vijdoni oyoq ostida qoldi; Turkning yurti, oʻchogʻi yot qoʻllarga tushdi”.

Madaniyatni, maʼnaviyatni barbod etish, milliy til, milliy ong rivojlanishiga yoʻl bermaslik, ommani siyosiy qaramlik, manqurtlik holatida ushlab turish mazlum xalqlarni jilovda tutishning eng nozik yoʻllaridan biri ekanligini zoʻravonlik yoʻli bilan bosib olgan chor amaldorlari juda yaxshi bilardilar. Shuning uchun ham ular bu masalaga jiddiy eʼtibor berishgan.

Darhaqiqat, rus istilosining eng oʻtkir tigʻlari xalqimizning tarixiy xotirasini oʻchirishga, uning tarixi va maʼnaviyatini yoʻqotishga qaratilgan edi. Asrlar davomida xalqimiz tomonidan yaratilgan maʼnaviy qadriyatlarimiz yoʻq qilindi, yoqib yuborildi, maktab va madrasalar berkitildi, lekin madrasalar asl maʼnaviyat oʻchogʻi ekanligini ular tan olgisi kelmadi. Chunki odamlari ruhan qashshoq boʻlsa, bunday jamiyat hech qachon dunyo miqyosida tanilmaydi. Shu oʻrinda chor Rossiyasi generali M.D. Skobelevni gaplarini esga olaylik: “Millatni yoʻq qilish uchun uni qirish shart emas – madaniyatini, sanʼatini, tilini yoʻq qilsang, bas, tez orada oʻzi adoyi tamom boʻladi”. Demak, ularning niyati butun bir millatni yer yuzidan butunlay qirib tashlash ekan.

Mustaqillik esa bularning hammasiga chek qoʻydi va maʼnaviyat bulogʻini ochib berdi. Birinchi Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Xalqning teran maʼnaviyatisiz, gʻururisiz, yuksak madaniyatisiz buyuk davlat qurib boʻlmaydi”.

Ajdodlarimizning asrlar davomida yigʻib kelgan maʼnaviy boyligi bugun hayotimizda namoyon boʻlib kelmoqda. Yer yuzidagi butun mavjudot quyoshdan bahra olganidek, yosh avlod maʼnaviyat bulogʻidan bahramand  boʻlmoqda. Bu esa milliy gʻururni va oʻzlikni anglash uchun maʼnaviy ozuqa boʻladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Karimov I.A. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. –T., Maʼnaviyat, 2008.
  2. Inson baxt uchun tugʻiladi. –T., Sharq, 1998.
  3. Imomnazarov I. Milliy maʼnaviyatimizning takomil bosqichlari. –T., Sharq, 1996.
  4. Istoriya religiy narodov Sentralnoy Azii. Otv.redaktor: Sh.A. Yovkochyov. –T.: TGIV, 2006.                          
Sanobar TOʻRAYEVA,
Qarshi muhandislik iqtisodiyoti instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi oʻqituvchisi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …