Home / MAQOLALAR / SAʼDUDDIN TAFTAZONIY “SHARH AL-AQOID” ASARINING YOZILISH TARIXI VA IJTIMOIY ZARURATI

SAʼDUDDIN TAFTAZONIY “SHARH AL-AQOID” ASARINING YOZILISH TARIXI VA IJTIMOIY ZARURATI

Bugungi dunyo ilmiy jamoatchiligi eʼtirof etayotgan asosiy ijtimoiy voqeliklardan biri ilm-fan va islom dini tamadduniga oʻzlarining betakror hissasini qoʻshgan Markaziy Osiyolik olimu mutafakkirlarning maʼnaviy merosidir. “Maʼlumki, qadimiy madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlgan yurtimiz zaminidan oʻrta asrlarda minglab olimu ulamolar, buyuk mutafakkir va shoirlar, aziz avliyolar yetishib chiqqan”[1]. Markaziy Osiyolik olimlar oʻz asarlarida insonlar oʻrtasida mehr-muhabbat, rahm-shafqat, oʻzaro yordam koʻrsatish, millatlar, xalqlar va dinlar oʻrtasida sabr-toqat, hurmat va umumiy birdamlik hamda hamkorlik ruhidagi aloqalarni mustahkamlashni obyektiv zaruriyat deb bilganlar. Bunday chuqur ilmiy va nazariy mulohazalarga asoslangan qoidalar va mezonlar maʼrifiy islomni tushunish va oʻrganishning muhim sharti hisoblanadi.

Insoniyat tarixining soʻnggi choragida jahon miqyosida diniy ixtiloflar murakkablashib, yakdil eʼtiqod sifatida shakllangan islom dinida mutaassib oqimlar faoliyati kuchayib borayotganligi hammamizga ayon. Bunday oʻziga xos mafkuraviy kurash jarayonida sof aqida va kalom ilmlari xulosalariga tayanish har bir kishiga toʻgʻri yoʻlni tanlash imkoniyatini beradi.

Globallashuv sharoitida buzgʻunchi gʻoyalar taʼsirida murakkablashib, asl mazmun-mohiyatini yoʻqotayotgan imon, tavhid, fiqh, kalom va shu kabi mavzulardagi tushunchalarni vatandoshimiz Abu Xafs Nasafiy (1069-1142yy.)ning “Aqoid an-Nasafiy” asari orqali yoritib berish oʻziga xos ahamiyatga ega. Musulmon olamida alohida ahamiyatga ega boʻlgan hanafiy-moturidiylik taʼlimotining asosiy manbasi hisoblangan ushbu asar sof islom aqidasi amallari va maʼrifiy islomni oʻrganishda muhim qoʻllanma boʻlib kelmoqda.

  Nasafiyning “Aqoid” asari garchi hajm jihatidan kichik, yaʼni atiga 12 sahifadan iborat boʻlsada, kalom ilmidagi qimmatbaho manba hisoblanadi. Shu jihatni eʼtiborga olib, asrlar davomida mazkur asarga juda koʻp din ulamolari tomonidan sharhlar yozilgan. Ular orasida eng mashhur boʻlgani Saʼduddin Taftazoniy sharhidir.

Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid” asari islom diniy adabiyotlarining aqoid yoʻnalishiga mansub boʻlib, bu yoʻnalish islom falsafiy ilohiyoti va huquq tizimining tartibga solinishi davri, yaʼni VIII asrda vujudga kelgan. Bu turdagi asarlarda kalom yoʻnalishining vujudga kelishi va shakllanish holati hamda diniy-aqidaviy masalalar ixcham, lunda tarzda yoritilgan. Islom dini arkonlarining boshlangʻich va asosiy atributi hisoblangan “iymon” tushunchasiga ham qisqa taʼrif berilgan. Taniqli islomshunos olim, Xalqaro islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʻrinbosari Shayx Abdulaliz Mansur Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan[2: 55].

Diniy manbalarni tadqiq qilishda aqida yoki aqoid soʻzlariga bir necha bor duch kelindi. Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” kitobidagi maʼlumotlarni yoritishdan oldin “aqida”, “aqoid” soʻzlarini lugʻat va istilohdagi maʼnolari bilan tanishtirishni lozim topdik. Aqida fors tilidan olingan “tugib qoʻyish” maʼnosidagi “aqd” oʻzagidan yasalgan soʻz, aqoid esa uning koʻplik shaklidir. Istilohda Muhammad (s.a.v.) tomonidan yetkazilgan barcha maʼlumotlarning rostligini tasdiqlab, qalb va koʻngil bogʻlab ishonilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarga aqoid deyiladi[3]. Aqoidga doir bilimlarni qamrab olgan ilmlar majmuasi aqoid ilmi deyiladi. Aqidaviy amallar haqida mutafakkir bobomiz Soʻfi Ollohyor shunday deydi:

Aqida bilmagan shaytona eldir,
Agar ming yil amal deb qilsa, yeldir[4: 8].

Bu bilan bobomiz Soʻfi Ollohyor har bir kishini toʻgʻri yoʻlga, manfaat keltiradigan ilmga va maʼrifatga chorlab qoladi.

“Aqoid an-Nasafiy” toʻgʻrisidagi fikrlarni davom ettirib aytish mumkinki, mazkur asar 1843 yildan boshlab yevropalik islomshunos olimlarning tadqiqot obyektiga aylangan[5: 60]. Islomshunos N.F. Katanovning taʼkidlashicha, “Mazkur asar musulmon dogmatikasining qisqa va loʻnda, ayni vaqtda eng ishonarli manbalardan biridir”[6: 83].  Bu asar oʻz davrida Qozon diniy akademiyasi jamoasining ham eʼtiboridan chetda qolmagan. Asar katta qiziqish bilan oʻrganilgan. Masalan, oʻsha vaqtda akademiyada chop etiladigan gʻayriislomiy missionerlik maqolalar toʻplamida ham familiyasi Aleksandr Leopoldov boʻlgan tadqiqotchi oʻzining tadqiqot ishida bir necha bor “Aqoid an-Nasafiy”ga murojaat qilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar keladi[7]. Tadqiqotchi talabalarning ishlaridagi ajablanarli jihat shundaki, gʻayriislomiy missionerlik maqolalar toʻplamida “Aqoid an-Nasafiy”dan keltirilgan maʼlumotlar tadqiqot ishining juda-juda koʻplab sahifalarida mavjudligidadir. Vaholanki, ular akademiyaning gʻayriislomiy fanlar fakulteti talabalari edi.

Turk tadqiqotchilarning fikriga koʻra, Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari Taftazoniyning “Sharh al-aqoid” kitobi bilan islom olamida shuhrat qozongan[8: 14]. “Aqoid an-Nasafiy” sunniylik eʼtiqodidagi aniq, qisqa va loʻnda hamda ayni vaqtda yod olish oson shaklda yozilgan edi. Yana bir nasaflik mutafakkir Abul Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” asari mazkur asar yozilishiga asosiy manba vazifasini bajargan. Shu jihatdan olganda, nemis islomshunos tadqiqotchisi Ulrix Rudolf Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari moturidiya taʼlimotiga, shaklan esa Abul Muin Nasafiyning  “Tabsirat ul-adilla” asariga asoslangan”, – deya taʼkidlagan[9: 250].

Tatar islomshunoslaridan Jamol Validiyning taʼkidlashicha, tatar-musulmon madrasalarida eng ommabop asar Taftazoniyning sharhi bilan keltirilgan “Sharh al-aqoid an-Nasafiy” asaridir[1: 19]. Inqilobga qadar qozonlik tatar talabalar madrasalarda bu asarni Taftazoniyning sharhi bilan birga yod olishgan va Qozonda chop etilgan qoʻshimcha izohlarini ham oʻrganishgan. 

Yuqorida aytib oʻtilganidek, Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid” asariga yozilgan sharhlardan eng mashhuri va ommabopi Taftazoniyning “Sharh al-aqoid” asaridir. Hoji Halifaning “Kashf az-zunnun” asarida aytilishicha, “Aqoid an-Nasafiy” asariga Taftazoniy bilan bir vaqtda 50ga yaqin muallif tomonidan sharhlar yozilgan. Ularning ichida Saʼduddin Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharh al-aqoid” asari har tomonlama eng mukammal sharh sifatida eʼtirof etiladi.

Mazkur sharhni yaratgan Saʼduddin Taftazoniy hayoti va ijodiga toʻxtalganimizda aytish mumkinki, mutafakkir Movarounnahrning bir necha shaharlarida taʼlim oldi va taʼlim berdi. U oʻzining “Sharh al-aqoid” asarini hijriy 768 yil shaʼbon oyida, milodiy 1367 yil aprel oyida Xorazmda yozib tugatdi. Biror-bir islom diyoridagi bilim dargohlarini misol qilib olmaylik, ularning barchasida aqoid ilmini oʻrganish borasida Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharh al-aqoid”ga murojaat qilganliklarini guvohi boʻlamiz.

Amerikalik islomshunos olim Erl Edgar Elder (1882-1968) Saʼduddin Taftazoniyning “Sharh al-aqoid” asarini 1950 yilda ingliz tiliga tarjima qildi[11]. Bu jarayon amerikalik musulmon jamoalarining islom dini aqidaviy masalalari yuzasidan ilmiy bilimlarini yana bir pogʻona koʻtarilishiga sabab boʻldi.

Usmoniylar davlatida ham “Sharh al-aqoid” asari madrasalarda rasman dastur asosida oʻqitilgan va bir necha marta usmoniylar davlati tiliga tarjima qilingan. Bularning barchasi, mazkur asarga nisbatan diniy-ijtimoiy tus berilganligidan dalolat beradi. Shundan aytish mumkinki, koʻpchilik usmoniylar davlatidagi kalom ilmi vakillari oʻzlarining ilmiy ishlari va tadqiqotlarida “Sharh al-aqoid”ga yaqindan yondoshganligi maʼlum boʻladi.

Hozirda ham Taftazoniyning sharhi sunniylik taʼlimotini oʻrgatuvchi asar sifatida taʼlim dargohlarining oʻquv dasturlariga kiritilgan. Ajablanarlisi shundaki, bu asar islomdagi “reformator”larni ham eʼtiboridan chetda qolmagan. Jumladan, Jamoliddin Afgʻoniy kabi reformator ham  Misrga borganida oʻziga xayrixoh talabalar bilan boʻlgan birinchi darsini Taftazoniyning “Sharh al-aqoid” asaridan boshlagan[12: 17]. Bundan maʼlum boʻladiki, ayrim islomiy arkonlarini tan olmaydigan, radikal ruhdagi gʻoyalar taʼsiri ostida boʻlgan Afgʻoniy ham, “Sharh al-aqoid” asarini inkor eta olmagan.

Taftazoniyning mazkur asari ilmiy jamoatchilikni asrlar davomida eʼtirofini qozonib kelmoqda. Zamonaviy istilohda qoʻllanilayotgan “bestseller” darajadagi asar sifatida eng koʻp chop etilgan kitoblar qatoridan oʻrin olgan. Bu kitob qoʻlyozma nusxalari koʻpgina Yevropa kutubxonalarida va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda. Ushbu asar asosan, Istanbul, Qohira va Hindistonda nashr etilgan. Qozon tatar musulmonlari jamoasida ham ushbu asarga qiziqish yuqori boʻlgan va bir necha marta chop etilgan. Rezeda Sayfulinaning taʼkidlashicha, “Sharh al-aqoid” tatar musulmonlari tomonidan taxminan 15 marotaba nashr etilgan[13: 13].

Respublikamiz miqyosida “Sharh al-aqoid”ning eng qadimiy qoʻlyozma nusxalari Toshkent Islom Universiteti Manbalar fondida №175 inventar raqam ostida saqlanadi, bu qoʻlyozma Ahmad ibn Muso Xayoliy (vaf. 1456 y.) tomonidan yozilgan.

Asarning yozilishi tarixi va sabablari  toʻgʻrisida aytish mumkinki, Taftazoniy “Sharh al-aqoid”ning avval boshida aqida ilmi tarixi va unga boʻlgan jamiyatdagi ijtimoiy zarurat toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtadi. Islom dini paydo boʻlgan davrda kishilik jamiyatidagi muhit musaffo va shaffof boʻlganligi, ixtilofli va bahs-munozarali voqea-hodisalarning kamligi, aqidaviy masalalarga paygʻambar (s.a.v.)ning bevosita oʻzlari tomonidan yechim topilganligi taʼkidlab oʻtiladi.

Keyinchalik davrlar oʻtishi bilan musulmonlar jamoasi orasida kelishmovchiliklarning paydo boʻlishi, dinda yangiliklarni yuzaga kelishi, fitnalar, dindorlarga qarshi tajovuzlar koʻpayishi, diniy ulamolarga muayyan masalalar yuzasidan savol-murojaatlarning soni ortib borishi va bu murojaatlar boʻyicha javob-fatvolar koʻpayishi, xullas, dindagi umumiy fikrlar toʻqnashuvi natijasida asarning yozilishiga ijtimoiy zarurat paydo boʻldi.

Taftazoniy oʻz sharhining boshida moturidiy aqidaviy mazhabidagi boshqa olimlar kabi maʼrifat hosil qilish vositalarini bayon qilish jarayonida aqlning tutgan oʻrni va ahamiyatini tushuntiradi[14: 39]. Asar davomida mutafakkir islomdan ajralib chiqqan muʼtaziliylar, jabariylar, qadariylar va karromiylar kabi botil firqalarning fikrlaridan iqtibos keltirib ularni tahlil qiladi. Ularga nisbatan sunniylik (ahli sunna va val jamoa) raddiyalarini berib borgan.

Asarda bahs-munozaraga sabab boʻlgan aqidaviy masalalardan biri Yaratuvchi-ilohni koʻrish masalasiga eʼtiborni qaratib quyidagilarni aytib oʻtadi.

“Alloh taoloning koʻrish aqlda joiz va naqlda vojibdur. Oxirat maskanida moʻminlarning Alloh taoloni koʻrishlari zaruriyatiga samʼiy dalillar vorid boʻlgandir. Demak, Alloh taolo koʻriladi, bu koʻrish makonda emas, yuzma-yuz turiladigan tarafda emas. Yoki yorugʻlikning tushuvi, koʻruvchi bilan Alloh taolo orasida masofa qaror topishi ham boʻlmaydi[15].

Yuqoridagi aqliy dalillarni mantiqiy mushohadali fikrlar asosida hamda aqidaviy masalalar asosida tushuntirishga harakat qilinadi. Keltirib oʻtilgan fikrlarni isbotlash uchun naqliy dalillarga, yaʼni muayyan bir manbaga murojaat qilingan, yanaham aniqroq aytadigan boʻlsak, islomning asosiy  manbalari boʻlmish Qurʼoni karim va hadisi sharifdan fakt keltiradi.

Qurʼondan: “U kunda yashnar yuzlar bor – Robbiga nazar soluvchilar”[16].

Hadisdan: “Albatta sizlar Robbingizni xuddi toʻlin oy kechasi oyni koʻrgandek koʻrasizlar”. Taʼkidlash joizki, islom dini taraqqiyotga yuz tutayotgan oʻsha makon va zamonda Yaratuvchining zohir boʻlishi haqidagi taʼlimotlar turli yoʻnalish va oqimlar tomonidan turlicha talqin qilindi. Jumladan, IX-XIII asrlar Bagʻdod halifaligining markaziy va sharqiy viloyatlarida tarqalgan karromiylik deb nomlanuvchi aqidaviy oqim. Asoschisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Karrom. Karromiy[17: 377] larning fikricha, xudo butun borliqning birlamchi asosi. U muayyan jismga ega. Xudo barcha narsalarning yaratuvchisi. Ammo inson oʻz faoliyatining natijalariga taʼsir koʻrsata oladi. Muʼtaziliylar kabi karromiylar ham inson ongi mustaqil ravishda, yaʼni hech qanday ilhom yoki  vahiy yordamisiz yaxshilik va yomonlikni farqlashga qodir, deb uqtiradilar. Ibn Karrom “Xudo jismga ega” degan botil qarashlari uchun islom ulamolarining keskin tanqidi va taʼqibiga uchragan.

Shuningdek, Saʼduddin Taftazoniy yashagan davrda faoliyat yuritgan va “Aqoid an-Nasafiy” asarida keltirilgan “soʻfastoiylik” kabi qarashlari bilan islom aqidasiga aralashishga harakat qilgan turli oqimlar fikrlariga aqliy hamda falsafiy dalil asosida raddiyalar bildirgan. Asarda aytilishicha “soʻfastoiyya” soʻzi yunon tilidan olingan boʻlib, undagi “soʻfo” ilm maʼnosida, “isto” gʻalati, notoʻgʻri maʼnosidagi soʻzlardir. Soʻfastoiyya sofistika terminining sharqdagi nomlanishidir. “Safsata” soʻzi ham mana shu soʻzdan olingan. Mazkur toifa vakillari qarashlarida narsa va jismlarning haqiqatini inkor qilish gʻoyasi bilan xarakterlanadi. Narsa-jismlar xayol va tasavvurdan iborat deb fikr yuritadilar. Toifaning baʼzi vakillari hattoki, narsalar eʼtiqodga bogʻliq, agar narsani “javhar” deb eʼtiqod qilsak, javhardir. (Zamonaviy falsafada “javhar” soʻzini “materiya” soʻziga qiyoslasak boʻladi.)  Agar qadimiy, deb eʼtiqod qilsak, qadimiydir. Agar yangi paydo boʻlgan deb eʼtiqod qilsak, yangi paydo boʻlgandir kabi mantiqsiz fikrlarni aytib oʻtadilar.

Bunda oʻz-oʻzidan maʼlumki, ashyolarning real holatlaridan uzoqlashish jarayoni paydo boʻladi. Ashyolardagi suvrat va siyrat birligi yuqoladi.  Mantiqning tafakkur qonuniyatlari buziladi.

“Batahqiq, ahli haq koʻrish mumkinligiga ikki yoʻl aql va naqldan dalil keltirgan. Birinchi yul quyidagicha ayon (jism), aʼroz (sifat)larini koʻrish zarurat ekaniga qatʼiyan ishonamiz. Biz koʻrish ila jism bilan jism va sifat bilan sifat orasini ajratamiz. Bas, mushtarak hukmga mushtarak illat zarur. Oʻsha illat mavjudlik paydo boʻlishi yoki mumkinlikdir. Toʻrtinchisi boʻlishi mumkin emas. Paydo boʻlish ham yoʻqlikdan soʻnggi mavjudlikdan iboratdir. Mumkinlik esa, mavjudlik va yoʻqlikning zarurati yoʻqligidan iboratdir. Illat boʻlishiga yoʻqlikning daxli yoʻqdir. Bas, shunday boʻlgandan keyin faqat vujud qolishi ayon boʻldi. U esa Yaratuvchi va undan boshqa orasida mushtarakdir. Shuning uchun toʻgʻri illat mavjudlik boʻlganidan keyin uning koʻrinishi ham sahih boʻladi”…[18].

Taftazoniy asarda borliq toʻgʻrisidagi fikrlarini quyidagicha bayon qiladi. Olam jami boʻlaklari bilan paydo boʻlgandir. Chunki olam ayon va aʼrozlardan iboratdir. Bas, ayon oʻz zoti ila (yaʼni, oʻzicha) tura oladigan narsalardir. U har xil narsalardan tarkib topadigan yoki tarkib topmaydigan boʻladi. U boʻlaklarga boʻlinmaydigan (eng kichik zarrasimon) boʻlakdir. U “javhar”dir. Aʼrozlar esa oʻz zotida tura olmaydigan narsadir va ranglar, borliqlar, taʼmlar, hidlar kabi jismlarda va javharlarda paydo boʻladi. (Bu fikrlar bir necha asr oʻtganidan soʻng Yevropa klassik falsafasida oʻz ifodasini topgan. Immanuil Kant agnostitsizmining qisqacha mazmuni quyidagicha: biz biladigan narsa (fenomen) va oʻz holicha mavjud boʻlgan narsa (noumen) mutlaqo har xildir. Biz hodisalar mohiyatini qay  darajada  teran anglamaylik,  bizning  bilimimiz  baribir  oʻzicha mavjud boʻlgan narsalardan farq qiladi. Faylasuf ushbu tushunchalarni “narsa  oʻzida” talqini orqali obyektiv olamni  taʼriflaydi.)[19: 10].

Zamonaviy falsafa aʼroz va ayon soʻzlarini istilohiga shunday taʼrif beradi. Aʼroz – bu aksidensiya, jism va narsalarning oʻtkinchi yoki takrorlanuvchi xususiyatlaridir. Javhar esa modda, materiya termini bilan ifodalanadi. Javhar aksidensiyaning aksi boʻlgan substansiya, yaʼni narsa va jismlarning asl mohiyatini ochib beruvchi tushuncha sifatida eʼtirof etiladi.

Taftazoniy asarda “borliq” strukturasi va holati toʻgʻrisida toʻxtalib, u jamlanish, ajralish, harakat va sukunat holatlarida mavjud boʻlishini aytib oʻtadi[15]. 

Shuningdek, muallif islom dinidagi turli oqimlar oʻrtasida bahs-munozaraga sabab boʻlgan iroda-ixtiyor erkinligi masalasi yuzasidan oʻzining qimmatli fikrlarini bildiradi. “Bandalar uchun ixtiyoriy feʼllar bor. Oʻshalar sabab yaxshi amallar bilan band boʻlsa, savob olurlar. Gunoh ishlar bilan shugʻullansalar, azoblanurlar. Yaxshi ishlar Yaratuvchining rizosi bilan boʻlgay, yomoni boʻlsa Xoliqning rizosi bilan emas”[15]. Tabiiyki, har qanday olijanoblik, xayrli ishlar oʻz tabiatiga koʻra Xudoning mohiyatidan kelib chiqadi. Xoliq hamma narsaning yaratuvchisi sifatida insonlarni yomon xulq-atvordan tiyib turishga chorlaydi, bunday xulq-atvor insonga xos ijtimoiy hodisa boʻlmasdan, faqatgina kishilarni, maʼlum bir maʼnoda aytadigan boʻlsak, imtihon dunyoda sinov uchun yaratilganligi diniy qarashlarimizda taʼkidlanadi. Taftazoniyning ixtiyor erkinligi borasidagi umumiy xulosasi shundaki, Yaratuvchi oʻz bandalariga ikki yoʻlni taklif etadi, ulardan birinchisi sharafli va xayrli ishlar bilan shugʻullanib savobga erishish yoki ikkinchisi, nomaʼqul mashgʻulotlar bilan band boʻlib, gunohga botishni, oxiri oqibatda jazolanishga sababchi boʻladigan amallarni sodir etishida ayblanadi.  Mutafakkirni taʼkidlashicha, inson xudo tomonidan koʻproq xayrli ishlar qilishga buyurilgan. Nomaqbul ishlar esa, insonning xohish-irodasiga bogʻliq holda sodir boʻlishi aytib oʻtiladi. 

Alloma Taftazoniy “Sharh al-aqoid” asarida yana bir dolzarb mavzuga toʻxtalib oʻtadi, yaʼni, tasavvuf ilmi va valiylik karomatlari haqiqat ekanligi. Mazkur mavzu oʻsha davrda ham bugungi kunda ham dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Chunki hozir kunda islom dini kontekstida paydo boʻlgan baʼzi oqimlar valiylarning karomatlarini va tasavvuf ilmini inkor etmoqdalar. Oʻzlarining shu kabi notoʻgʻri qarashlar va taʼlimotlarini himoya qilish va tashqi yod taʼsirlarga nisbatan immunitet shakllanmagan ijtimoiy qatlamlar (koʻproq yoshlar)ga singdirish yoʻllaridan foydalanmoqdalar. “Sharh al-aqoid an-nasafiy”da keltirilgan baʼzi aqidaviy masalalarni toʻgʻri tushunish, anglash, toʻgʻri talqin qilish va toʻgʻri xulosalar chiqarish, dindagi turli xil ijtimoiy nizolarning yuzaga kelishini oldini oladi.

Taftazoniy asarini tadqiq qilish asnosida maʼlum boʻldiki,  “Sharh al-aqoid” asari 60 yaqin ilmiy mavzular bilan boyitilgan. Islom dini kontekstidagi firqalar tarixi, islom falsafasi, kalom ilmi mavzusida beqiyos ahamiyatga ega. Bu bilan asar hozirgi kunda ham aktualligini yuqotmaganligiga sabab boʻladi. Ushbu asar yetuk islom olimlarining mushohadalari, dinda paydo boʻlgan har qanday oqimlarga qarshi asosli raddiyalar mavjudligi bilan zamon va makon tanlamaydigan ibrat maktabidir. Tadqiqot natijasida asarning yaratilish tarixi va ijtimoiy zarurati muayyan muhit nuqtai nazaridan mavjudligini falsafiy tahlil qilishga harakat qildik. 

Zero, Markaziy Osiyo mutafakkirlari xalqlar va mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchsizlik, adovat, his-tuygʻularining kuchayishiga sabab boʻluvchi diniy mutaassiblik va gʻarazni qattiq qoralab, diniy bagʻrikenglik hamda murosasozlik gʻoyalarini ilgari surganlar[20: 66]. Islom dinida bunday yondashuv gʻoyaviy jihatdan muvaffaqiyatli kurash olib borilganidan guvohlik beradi.

Saʼduddin Taftazoniy “Sharh al-aqoid” asaridagi umuminsoniy qarashlarni oʻrganishda, asarda ilgari surilgan ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-tarbiyaviy,  maʼrifiy va boshqa mushohadatalab gʻoyalarni tarixiy-mantiqiy jihatdan tahlil qilib, bugungi barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini keng miqyosda tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. Xalq soʻzi. 2017 yil 23 dekabr.
  2. Abdulaziz Mansur. Aqoid matnlari. –T.: T.I.U., 2006 y.
  3. Islom. Ziyouz com.
  4. Soʻfi Olloyor. Sabot ul-ojizin.
  5. Suleyman Uludag. Kelam ilmi va islam akaidi. Istanbul Dergoh yayinlari. 1999.
  6. Katanov N.F. Vostochnaya bibliografiya Kazan. Iman. 2004. pereizdaniye. 1898 goda.
  7. Leopoldov A.Ya. Opыt izlojeniye Muxammedanstvo po ucheniyu Xanafitov. Sochineniye studenta Kazanskoy duxovnoy akademiya 3-go uchebnogo kursa. (1846-1850).  
  8. Predisloviye k knige Taftazane: Vыpusk 2. Izdaniye vtoroye. –Kazan. 1897.
  9. Rudolf U. Al-matrudi.
  10. Validi Dj. Ocherk istorii obrazovannosti i literaturы tatar do revolyutsii 1917 g. (fragment knigi) Bibiloteka jurnala –Kazan. №6 Kazan. 1992.
  11. Commentary on the Creed of Islam. Saʼd al-Din al-Taftazani on the Creed of Najm al-din al-Nasafi. Translated with introduction and notes by Earl Edgar Elder. Copyright 1950 by Columbia University Press, –New York.
  12. Al-Afgʻoniy, Jamoliddin Abdul Muxammad. At-taʼlikat ʼala sharh al-akoid al-aduditta. Taxqiq Sayid Xadi Xosrushaxi. – Kair: Maktabat ash-shuruk ad-davliyya, predisloviye doktor Muxammad Imarы.
  13. Arabskaya kniga v duxovnoy kulture tatarskogo naroda. –Kazan. 2003.
  14. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Samarqandning sara ulamolari. –T.,
  15. Ahlisunna.uz. Sharh al Aqoid asarining Xamidullox Beruniy tarjimasi. 2016.23.05.
  16. Qurʼoni karim. Qiyomat surasi 22-23 oyatlar.
  17. Falsafadagi sofistika oqimi. Falsafa qomusiy lugʻati. –T.: Sharq. 2004.
  18. Ahlisunna.uz. “Sharh al-Aqoid” asarining Hamidullox Beruniy tarjimasi. 2016.23.05., Saʼdduddin Taftazoniy. Sharh al-aqoid an-Nasafiya. 2009 yil 1-nashr Maktabat ul-Bushro, Karachi, Pokiston.
  19. Shermuxammedova N.A. Gnoseologiya-bilish nazariyasi. Darslik. –T.: 2008.
  20. Safarova N.O. Global oliy taʼlim tizimida ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy uslublari xalqaro ilmiy konferensiya materiallari. 9 aprel 2015 y.
Mirzaqul NORQOBILOV,
Navoiy davlat pedagogika instituti mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

SHUKRONALIK – INSON KAMOLOTINING ASOSI

Insonning kamolga yetishida barcha ijobiy fazilatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Ammo ular ichida shukronalikning oʻrni …