Home / MAQOLALAR / Tarovih namozi qanday oʻqiladi?

Tarovih namozi qanday oʻqiladi?

Xabaringiz bor, 1 apreldan boshlab tarovih namozi oʻqilmoqda. Tarovih namozi qanday namoz va uning oʻqilish tartibi qanday?

Tarovih – istirohat maʼnosidagi “tarviha” soʻzining koʻpligidir. Toʻrt rakat oʻqib, ortidan dam olingani uchun bu namoz shunday nomlangan.

Ramazon oyi fazilatlarga boydir. Uning fazilatlaridan biri oy davomida xufton namozidan keyin tarovih namozi oʻqishdir. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam tarovih namozi haqida shunday deganlar:

“Alloh taolo Ramazon roʻzasini farz qildi va men uning qiyomini sizlar uchun sunnat qildim. Kimki iymon va ishonch bilan, savob umidida roʻza tutsa va kechalari qoim tursa, onadan tugʻilgan kunidagidek gunohlardan pok boʻladi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Ramazonning kechalarida qoim boʻlish, deganda tarovih namozini ado etish tushuniladi. Demak, ixlos bilan savob umidida Ramazon roʻzasini tutib, tarovih namozlarini oʻqisak, Ramazon oyi tugashi bilan onadan tugʻilgan boladek gunohlardan forigʻ boʻlamiz, inshaalloh.

Tarovih namozini oʻqish erkaklarga ham, ayollarga ham taʼkidlangan sunnatdir. Tarovihni yolgʻiz oʻqish mumkin, lekin jamoat boʻlib oʻqilsa, jamoatga vaʼda qilingan ajru savobga erishiladi. Ikki kishi ham jamoat hisoblanadi. Qancha jamoat koʻp boʻlsa, shuncha savobi ham koʻp boʻladi.

Tarovih namoziga azon va takbir aytilmaydi.

Tarovih namozi yigirma rakatdir. Har ikki rakatdan soʻng salom beriladi. Toʻrt rakatdan oʻqish ham joiz. Har toʻrt rakat oʻqilgandan soʻng toʻrt rakat namoz oʻqiladigan muddatcha dam olish mustahab. Ushbu istirohat paytida tasbih, tahlil aytish afzal. Bizning yurtimizda quyidagicha tasbihni uch marta aytish odat boʻlgan: Subhaana zil mulki val malakut. Subhaana zil ʼizzati val ʼazomati val qudroti val kibriyayayai val jabarut. Subhaanal malikil hayyillazi laa yanaamu valaa yamuut. Subbuhun quddusun robbunaa va robbul malaaikati varruh. Laa ilaaha illallohu nastagʻfirulloh, nasalukal jannata va naʼuzu bika minan-naar.

Ushbu tasbihni bir kishi oʻqiydi, qolganlar quloq soladi. Tasbihni yod olgunga qadar kitobdan oʻqisa ham boʻladi. Yuqoridagi tasbehning oʻrniga kishi oʻzi bilgan duolarini oʻqishi yoki jim turishi ham mumkin.

Tarovihning vaqti – Xufton va uning sunnatidan keyin boshlanib tong otgungachadir. Tarovihni vitrdan oldin oʻqish afzal. Vitrdan keyin oʻqisa ham joiz. Yolgʻiz namoz oʻquvchi kishi ham tarovihni yolgʻiz oʻqishi mumkin.

Tarovihning niyati – “Ikki rakat taroveh namozini oʻqishni niyat qildim, yuzimni qiblaga qaratdim, xolisan lillahi taolo Allohu akbar”. Agar imomga iqtido qiladigan boʻlsa, niyatga “ushbu imomga iqtido qildim” degan jumlani qoʻshadi.

Tarovihda qiroat – Ramazon oyida tarovih namozi oʻqish davomida Qurʼoni karimni bir marta xatm qilish sunnatdir. Qurʼoni karimni toʻla yod olmagan kishi har rakatda “Fotiha” surasidan soʻng oʻzi yaxshi bilgan surani oʻqishi mumkin, hatto “Fotiha” surasidan boshqa faqat bitta surani bilgan kishi tarovihning har rakatida shu surani zam sura qilishi mumkin.

Tarovih namozini jamoat boʻlib oʻqilsa, imom ovoz chiqarib qiroat qiladi. Unga iqtido qilganlar qiroat qilmasdan tinglab turadi. Tarovihni yolgʻiz oʻquvchi erkak kishilar esa ixtiyorli, xohlasa ovoz chiqarib, xohlasa ovozsiz qiroat qiladi.

Vitr namozini faqat Ramazon oyida jamoat boʻlib oʻqiladi. Bunda imom vitrning har uch rakatida jahriy qiroat qiladi. Qunut duosini imom ham, muqtadiylar ham ichlarida oʻqiydilar (“Al-Fatovoi hindiyya” va “Fathu bobil inoya” kitoblari). Vallohu aʼlam.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …