Home / YANGILIKLAR / NAVOIY TABIATGA XIYONATNI NIMAGA QIYOSLAGAN EDI?

NAVOIY TABIATGA XIYONATNI NIMAGA QIYOSLAGAN EDI?

Yurtimizdagi ulkan tarixiy islohotlar xalqimiz farovonligini oshirish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi oʻrnini yuksaltirishda muhim omil boʻlmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2022 yil — “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb eʼlon qilinishi ushbu bunyodkorlik, obodlik va xalq farovonligi yoʻlidagi islohotlarga yanada chuqur mazmun kasb etdi.

“Inson qadri” va “faol mahalla” tushunchalari bir-biriga juda hamohang. Inson qadri qayerda yuksak boʻladi? Albatta, obod va farovon mahallada. Donishmand ota-bobolarimiz bejiz “Obod mahalla — obod yurt” iborasini ishlatmagan. Qachonki, mahallalarimiz koʻrkam va orasta, koʻchalarimiz yashil makonga aylanib, fuqarolarimiz tinch, farovon ekan, yurtimiz obod boʻladi va inson qadri ham yuksaladi.

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilyapti. Joriy yil bahor mavsumida umummilliy loyiha doirasida 125 million tup daraxt koʻchatini ekish rejalashtirilgan. Aholiga kamida 10 million tup mevali va manzarali daraxt koʻchati bepul tarqatilishi ham nazarda tutilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur loyiha ning ahamiyati haqida toʻxtalib: “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasi da kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt koʻchati ekishni maqsad qilgan miz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada koʻrinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak”, degan edi.

Joriy yil 2 fevralda Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan video selektor yigʻilishida mazkur loyiha doirasida 1 martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi eʼlon qilindi. Unga muvofiq, har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun koʻchatxonalarni koʻpay tirish, xalqaro va respublika ahamiyatiga ega yoʻllar chetida 1,5 million tup daraxtdan iborat ihota daraxtzorlar barpo etish vazifasi belgilab berildi. Mutasaddi idoralarga barcha tuman va

shaharlarni qamrab oladigan “mobil ekopatrullar” faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Uyimiz, ariqlar, koʻchalar, qabriston larni, ularning atrofini hashar yoʻli bilan tozalash qadimdan xalqimizda urf boʻlgan. Mana, necha asrlarki, bu urf-odat xalqimiz qadriyatlarida oʻz ifodasini topmoqda.

Ammo soʻnggi paytlarda yurtdoshlarimiz bu qadriyatlardan uzoqlashgandek goʻyo. Shu bois, davlatimiz rahbari bu masalaga mahalla faollari, nuroniy lar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikni eʼtibor qaratishga chaqirib, barchaning zimmasidagi muhim vazifani quyidagicha bayon etdi: “Albatta, bunday muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiat ga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, koʻchalarda chiqindi tashlagan kishini koʻrganda “bu ishingiz notoʻgʻri boʻldi”, deydigan muhitni shakllantirishi miz, odamlarni bunga oʻrgatishimiz kerak. Bu — hammamizning ishimiz va insoniy burchimiz”.

Muqaddas islom dinimiz koʻkalamzorlashtirish ishlarini keng targʻib qiladi. Bunga Paygʻambarimizning hatto urush paytida ham daraxtni sababsiz kesmas likni, oʻrmonni yoqmaslikni buyurganlari atrof-muhit muhofazasiga eʼtibor ning yuksak koʻrinishidir.

Anas ibn Molik Paygʻambarimizdan rivoyat qilgan hadisda bunday deyila di: “Agar bir musulmon banda koʻchat oʻtqazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yo hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa (qilgan savobi) boʻladi”.

Daraxt ekish insonga nafaqat tirik ligida, balki vafotidan soʻng ham manfaat yetkazib turadi, qiyomat kunigacha sadaqai joriya sifatida banda foyda siga xizmat qiladi. Boshqa bir rivoyat da: “Agar musulmon banda biror koʻchat ekadigan boʻlsa, undan inson, hayvon yoki qush yesa, bu oʻsha bandaga qiyomat kunigacha sadaqai joriya boʻladi”, deyilgan.

Bundan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ummatlarini koʻchat oʻtqazish va ekin ekishga targʻib qilgan lari maʼlum boʻladi. Hatto Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) “Agar qiyomat qoim boʻlib qolsayu va shu vaqtda birortangizning qoʻlida xurmo koʻchati boʻlsa, uni ekish ga ulgursa, ekib qoʻysin dedilar”, deyiladi.

Qurʼoni karimdagi 750 ga yaqin oyat tabiat hodisalari haqida mulohaza yuritishga va butun yaratilgan mavjudotlar oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrganishga undaydi.

Ulugʻ allomalar asarlarida ham atrof-muhitga oid qator masalalar bayon etilgan. Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida atrof-muhitning inson salomatligi va ruhiyatiga taʼsirini ochib bergan. Amir Temur boʻz yerlarni oʻzlashtirgan kishilar yoki bogʻ tashkil etganlarni ragʻbatlantirgan. Alisher Navoiy esa tabiatga xiyonatni doʻstga xiyonatga qiyos qilgan.

Har birimiz oʻzimiz yashab turgan shaharu qishlogʻimizni, mahallamizni obod qilib, joriy yilning 1 martidan boshlangan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri doirasida koʻkalamzorlashtirish ishlarida faol boʻlib, masjidlarimiz atrofiga, mahallalarimizga, koʻchalarimizga bir tupdan koʻchat oʻtqazsak, butun mamlakatimiz obod boʻlib, bogʻu boʻstonga aylanadi.

Shoazim MINOVAROV,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 5-aprel, 67(589)-son

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …