Home / MAQOLALAR / Oʻzini oʻzi oʻldirish shahidlik emas, ogʻir gunoh hisoblanadi

Oʻzini oʻzi oʻldirish shahidlik emas, ogʻir gunoh hisoblanadi

Bugungi kunda «shahidlik maqomiga erishaman» deb, oʻzini-oʻzi portlatib, oʻzi va boshqalar hayotiga zamin boʻlayotganlar uchramoqda. Ular soxta “shayxlari” chiqarayotgan “fatvolar” ga amal qilgan holda, bunday razil ishlarga qoʻl urayotgani hammaning nafratini qoʻzgʻamoqda. Ana shunday bir xudkushlik natijasida, Allohning uyi, yaʼni jomeʼ masjidida musulmon dunyosining zabardast olimi Ramazon Butiy hamda 40 nafardan ortiq inson hayotdan koʻz yumdi. Vaholanki, Qurʼoni karim oyatlari, Paygʻambar alayhissalom hadisi shariflari, mujtahid ulamolar asarlari va fatvolarida hayot Alloh taolo tomonidan insonga berilgan imkoniyat va ayni damda omonat ekanligi, unga xiyonat qilmaslik lozimligi taʼkidlanib, oʻz joniga qasd etish katta gunoh sifatida qatʼiy qoralangan. Qurʼoni karimda: «Shuningdek, oʻzlaringizni (bir-biringizni nohaq) oʻldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shavqatlidir» (Niso,29), deb aytilgan.

Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Kim oʻzini togʻ tepasidan tashlab oʻldirsa, oʻlganidan keyin jahannamda shu xil azobga giriftor boʻladi. Oʻzini suvga tashlab yo osib yoki kuydirib oʻldirgan kishilarning hukmi xam uning hukmi bilan barobardir». Yana bir hadisda bunday deyiladi: «Alloh taolo hadisi qudusiyda bayon qiladi: «Bandam oʻzini-oʻzi oʻldirib, men unga bergan umrga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim» (Imom Buxoriy). Oʻzini-oʻzi oʻldirish bu oʻz hayotini qasddan toʻxtatishdir. Shariat nuqtayi nazaridan bu harakat qattiq qoralanadi.

ISHID “oʻzini oʻldirish” tushunchasini shahidlik deb talqin qilyapti. Oʻzini-oʻzi oʻldirishni «shahidlik» deb baholash ayni adashish, jinoyatning oʻzginasidir. Hozirgi kunda ISHID oʻz-oʻzini portlatish bilan shahidlik maqomini olish mumkin ekani isbotlashga urinmoqda. Oʻz-oʻzini portlatishga misol tarzida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlaridagi gʻazotlardagi holatlarda misol keltirishadi. Ammo ushbu rivoyatlarda dushman bilan yuzma-yuz turgan paytda jangga kirgandan keyin halok boʻlishini rivoyatlarining zohiri koʻrsatib turibdi. Yaʼni rivoyatlardan birortasi tinch aholining ustiga portlovchi modda bilan kirib borishga qiyosiy dalil boʻlolmaydi. Chunki u yerdagi holat bu yerda jang holati kabi emas. Dushman bilan boʻlayotgan jangda oʻlsa shahid tirik qolsa gʻoziy boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda shahid boʻlish ham, gʻoziy boʻlishi ham mumkin. Yaʼni shahid boʻladimi yoki tirik qolib gʻoziy boʻladimi oʻzi bilmaydi. Lekin oʻzini-oʻzi portlatayotganlar aniq biladiki, portlatganidan keyin oʻladi. Bu holat shahidlik darajasi emas, balki oʻz joniga begunohlarning joniga qasd qilishdir. Bunday shaxs shahidlik martabasiga emas, balki gunohkor doʻzahiy bandalar qatoriga qoʻshilishi aniq va muqarrardir. Inson pichoq, zahar yoki boshqa narsa bilan begunoh bir insonni oʻldirsa, bu ishi bilan u barcha odamlarni oʻldirgan hisoblanadi. Aksincha, bir insonga yordam berib, uning joni, molini saqlab qolgan odam esa barcha odamlarni saqlab qolgan sanaladi.

Manbalar asosida Uchqoʻrgʻon tuman “Buzrukxoʻja eshon” jome masjidi
imom xatibi Toʻlakboyev Jaxongir tayyorladi.

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …